Deraza raxida turgan qo‘l telefoni egasining beparvoligidan noligandek hazin kuy taratdi. Derazadan bir qadamcha beridagi stolda kompyuterda allanimalarni yozib o‘tirgan juvon cho‘chib, o‘girildi. Jim bo‘larmikin, degandek birpas norizo nigoh bilan qarab turgach, istamaygina o‘rnidan turdi-da, telefonni oldi.
– Allo! – dedi matohni qulog‘iga tutarkan, og‘rinibgina.
– Allo, assalomu alaykum! – degan ovoz eshitildi. – Kechirasiz, bezovta qilganim uchun, bu Zumradxon Alievaning telefonlarimi?
Bu qadar xushtavozelik bilan berilgan savoldan juvonning biroz chehrasi yorishdi va javob berdi:
– Ha, menman, eshitaman sizni.
– Men – O‘ktambek G‘anievman, – ovoz egasi so‘ramaslaridanoq o‘zini tanishtirdi. – Siz bilan tanishmoqchi edim, mumkin bo‘lsa agar...
“Ruhshunosning yangi mijozi...”, deb o‘yladi juvon, keyin odati bo‘yicha, anchayin beparvo ohangda dedi:
– Mayli, roziman! Har kuni ertalab to‘qqizdan keyin ishda bo‘laman. Aytgancha, nima uchun tanishmoqchisiz, sir bo‘lmasa? – u doim suhbatdoshining gaplashish uslubiga tez moslashardi, hozir ham shunday qildi, xushtavoze kishiga takalluf bilan javob qaytara boshladi va buni o‘zi sezib, ichida kulib qo‘ydi.
Ovoz egasi endi biroz taraddudlangandek tuyuldi:
– Haligi, o‘zim, shunchaki, tanishmoqchiman. Siz haqingizda radio orqali bilgandim, bunga uch-to‘rt oycha bo‘lib qoldi. Siz bilan bo‘lgan suhbatni eshittirishgandi, she’rlaringizni, mulohazalaringizni tinglab, ko‘nglimga yaqin odamni topgandek bo‘ldim. Shu sababli, bir ko‘rib, gaplashsam, degandim, ba’zi bir savollarim bor edi sizga beradigan.
– Ha, shunaqa deng, – dedi juvon, – nimayam derdim, unda ishxonamni ham bilarsiz, istagan vaqtingizda kelavering, suhbatlashamiz...
– Rahmat sizga! Ko‘rishguncha xayr!
Juvon telefonni joyiga qo‘ydi-da, yana o‘tirib, yozishga tushib ketdi...
* * *
– Turmush qurish haqida shu paytgacha hech o‘ylab ko‘rmadingizmi?
Qiziq, odatda mijozlariga savolni u berardi. Ro‘parasidagi yigitga hayron bo‘lib qaradi. “Mijoz” bo‘lsa, ochiqdan-ochiq bergan savolidan biroz xijolat tortgandek, unga aybdorona termulib turardi.
– Keling, yaxshisi, siz haqingizda gaplashamiz, - dedi ruhshunos. – Nima bezovta qilyapti sizni?
Yigit endi o‘zi haqida gapira boshladi. Uning gaplarini diqqat bilan tinglagan Zumrad qarshisida o‘z muammolariga zamonaviy yechim qidirib, ruhshunos huzuriga kelgan shunchaki oddiygina mijoz o‘tirmaganini tushundi.
– Telefon raqamingizni topish juda qiyin bo‘ldi, aslida bundan uch-to‘rt oy ilgari yoningizga kelmoqchi edim. Radiodan so‘rasam, biz bilmaymiz, deyishdi. Qayta-qayta qo‘ng‘iroq qilaverganimdan so‘nggina iltimosimga ko‘ra, topib berishdi. Siz bilan, nazarimda, avvaldan tanishdayman, eshittirishda aytgan gaplaringiz, ayniqsa, she’rlaringiz juda ko‘nglimga yaqin. Shundan beri tanishish istagida edim. Iltimos, Zumrad, menga o‘zingiz haqingizda so‘zlab bersangiz.
– Agar boshida bergan savolingizga kelsak, – dedi Zumrad hamon hayratini yashira olmay, – men turmush qurganman, lekin... muvaffaqiyatsiz nikoh edi bu.., qisqasi, ishimdan boshqa yutug‘im yo‘q hayotda. Shuni bilmoqchimidingiz?
Yigit biroz jim qoldi, keyin yana dadillandi:
– Yana oila qurarmidingiz? Masalan, men bilan?
Bunisi endi oshib tushdi. Zumrad, kasbi nuqtai nazaridan hamma bilan ochiq gaplashishga o‘rgangan bo‘lsa-da, bunday qovushmagan, boz ustiga mutlaqo kutilmagan taklifga nima deyishni bilmay taraddudlanib qoldi.
– G‘alati ekansiz-ku, – dedi keyin, – qanday qilib bunday osongina aytyapsiz bu gapni? Meni hozirgina tanidingiz-ku!
Yigit unga qarab, muloyim jilmaydi. “Tabassumi chiroyli ekan!” – beixtiyor xayolidan o‘tkazdi ruhshunos.
– Bilasizmi, odamni bilish uchun ko‘p vaqt kerak emas. Men sizni bilaman va qarorim qat’iy, – dedi O‘ktam, – yaxshilab o‘ylab ko‘ring, men yana kelaman. Bir hafta yetadimi o‘ylashingiz uchun?
Zumrad hamon nima deyishini bilolmay bu g‘alati odamga qarab turardi. O‘ktam gapini davom ettirdi:
– Demak, bir haftadan keyin, xuddi mana shu kuni kelaman...
* * *
Juvon ishdan chiqib, go‘zallik saloniga burildi. Anchadan beri kirmagan edi bu yerga. Sochlarini chiroyli qilib tarattirdi, qosh terdirdi. Negadir, o‘ziga e’tibor bilan qaragisi kelib qolganiga hayron bo‘libgina uyiga jo‘nadi. Ko‘cha, uning iborasi bilan aytganda, bir-biridan baxtli odamlar bilan to‘la edi: kimdir farzandlari qurshovida ketyapti, yana kimdir sevgani bilan qo‘ltiqlashib, dunyo bilan ishi yo‘qday beg‘am-beparvo qadam tashlab boryapti. Ularni doimo havas bilan kuzatadigan Zumrad ko‘tarinki ruhda ekanligini birdan sezib qoldi, keyin o‘z-o‘ziga kulib qo‘ydi – sababi ma’lum...
Uyi ham ko‘ziga doimgidan ko‘ra shinam va fayzliday tuyuldi. Kiyimlarini darrov almashtirib, kompyuterda musiqani balandlatib qo‘ydi-da, uy tozalashga tutindi. Hamma yoqni yog‘ tushsa yalagudek qilib, tozaladi. O‘zi sezmagan holda dam-badam jilmayib qo‘yar, kulcha yuzlari yorishib, bir zum nimalarnidir o‘ylab xona o‘rtasida turib qolardi. Changlarni artdi, mijozlaridan biri berib ketgan bir dasta chinnigulni idishga solib, stol ustiga qo‘ydi. Ovqatlangach, o‘tirib, bafurja tirnoqlarini bo‘yadi, keyin ko‘ngli xotirjam tortib, kompyuter yoniga cho‘kdi-da, ilmiy ishini yozishga kirishdi...
* * *
Ertalab xush kayfiyatda uyg‘ondi. Yuvinib-taranib, yengilgina nonushta qilgach, ishga otlandi. Bir-ikki kun avval sotib olingan, lekin hali kiyilmagan ko‘ylagini kiydi. Taqinchoqlarini qutichadan olib, taqdi. Sochlari kecha yaxshilab oro berilgani uchun aytganiday turardi. “Tipratikan” tarog‘i bilan bir-ikki taradi-da, ko‘zgudagi aksiga diqqat bilan tikildi. O‘zidan biror kamchilik topolmagach, xotirjam uydan chiqdi. Bugun mijozlari sal ko‘proq. “Ishqilib, U kelgan vaqtda tiqilinch bo‘lmasin-da”, – o‘ylab qo‘ydi juvon...
* * *
Bugun, yaxshisi, savdoga chiqmaydi. Bemalol tayyorlanib, keyin uydan chiqqani ma’qul. Zumradning ishi ko‘p, to u borgunicha, mijozlarining aksariyatini qabul qilib bo‘lgan bo‘lsa, yaxshi bo‘ladi – bemalol gaplashib olishadi. Shu bois O‘ktam uchrashuv uchun tushga yaqin paytni tanladi. Yuragi besaranjom holda soqolini qirtishladi, kiyindi, uydan chiqayotib, shoshganidan kalitni topolmay, ancha ovora bo‘ldi. Doim stol ustiga qo‘yadigan kalitni bu safar shimining cho‘ntagidan topdi. Amallab uyni qulflab, ko‘chaga chiqdi-yu, muyulishda hamqishloq do‘stlari – Omon va Adhamga duch keldi.
– Ie, ie, ana o‘zi! Qalaysan, jo‘ra, biz senikiga borayotgan edik, – quchoq ochib kelayotgan Adham bilan ko‘rishar ekan, yigitning yuragi yana bezovta tepa boshladi. “Eh, sal avvalroq chiqsam bo‘larkan, mayli endi, biroz kechroq borarman, beshgacha ishlaydi-ku”, – dedi o‘ziga-o‘zi, so‘ng do‘stlarini uyga boshladi...
* * *
Soat 5. Ertalabdan beri dam eshikka, dam telefoniga qarab-qarab qo‘yayotgan juvon umidini uzib, ketishga chog‘landi. Xonasini qulflab, ko‘chaga chiqarkan, kechagi kayfiyatidan asar ham qolmagandi. Ma’yus xayollar og‘ushida uyiga yetib keldi. Ichkariga kirishi bilanoq, bir nima yodiga tushgandek, darrov sumkasidan telefonini oldi. Qabul qilingan qo‘ng‘iroqlar orasidan tanish - uchta uch, ikkita olti va ikkita sakkizdan iborat raqamlarni topdi. Biroz taraddudlanib, bosh barmog‘ini yashil tugmaga qo‘ydi, ammo bosishga jur’at qilolmadi. Telefonni jahl bilan yostiq ustiga irg‘itib, bitta-bitta bosganicha ko‘zgu qarshisiga keldi. Taqinchoqlarini yechib, birin-ketin pardoz stoliga qo‘ya boshladi. Ma’yus, rangi xiyol oqargan chehrasiga oynadan biroz qarab turdi-da, sochto‘g‘nog‘ichni qo‘liga oldi. Nozik yelkalar uzra sharsharaday quyilib turgan sumbullarning erkinligiga putur yetdi - bir zumda yig‘ishtirilib, turmaklandilar. Yana ko‘zguga qararkan, o‘z-o‘ziga dedi:
– O‘l-a, darrov ishona qoldingmi? Bir og‘iz gapga-ya!
Biroz turib, yana o‘yladi: “Balki u ro‘yxush bermaganimga fikridan qaytgandir, ehtimol, u tasavvur qilganidek emasdirman...”
Juvon og‘ir xo‘rsindi. Quloqlari ostida tanish ovoz yangrab ketganday bo‘ldi:
– O‘v, bilib qo‘y, mendan boshqasi bilan baxtli bo‘lib bo‘psan!
Xuddi havo yetishmayotganday, tez borib, derazani ochib yubordi. Ko‘zlarining qirg‘og‘idan toshgan bir tomchi yosh kipriklariga ilindi...
* * *
“Noshud, lapashang, landovur! Endi U nima deb o‘ylaydi? Nega bir ilojini topolmadim? Og‘aynilarimga zarur ishim bor, darrov kelaman, o‘tirib turinglar, desam, osmon uzilib, yerga tushmasdi-ku!”
Yigit xona ichida u yoqdan bu yoqqa yurganicha jig‘ibiyron bo‘lardi. Radiodan berilgan o‘sha suhbatni esladi:
“– Zumradxon, ayting-chi, atrofingizdagilarning qaysi jihatlari sizga yoqmaydi?
– Ba’zida uchrab turadigan lafzsizlikni sira hazm qilolmayman. Bilasizmi, har bir odam, u kim bo‘lishidan qat’iy nazar, avvalo, lafzida turadigan bo‘lishi kerak, deb hisoblayman. Va’da berdingmi, albatta, bajarishing shart...”
“Ha, u shunaqa, lafzsiz odamni kechira olmaydi. Meniyam...” Yigit derazani ochib, umidsiz nigohlarini qorong‘ulikka tikdi. Xotirasining olis qa’rida yana o‘sha ovozni eshitganday bo‘ldi:
– Sendaqa landovurga kim ham tegardi...
Chuqur xo‘rsinib, qo‘llari musht bo‘lib tugildi...
* * *
Dam olish kuni. Biroz kechroq uyg‘ongan Zumrad shoirning misralarini esladi: “Yakshanbani yaxshi ko‘raman...” Juvon ishini yaxshi ko‘rganidan, ham ilmiy ishini tezroq tugatish umidida shanba kunlari ham mijozlari bilan shug‘ullanardi. Yakshanba esa, o‘zining ta’biricha, uning “xos kuni”. Telefonini o‘chirib qo‘yib, o‘ziga istaganicha kitob o‘qish, televizor ko‘rish, musiqa tinglash yoki yig‘ilib qolgan ba’zi uy ishlari bilan shug‘ullanishga ruxsat berardi shu kuni. Kompyuterni ham erkin ijod qilish istagi tug‘ilsagina yoqishi mumkin. Bugun ham xuddi shu qoidaga ko‘ra ish tutmoqchi bo‘ldi. Derazalarni lang ochib, xonalarni shamollatdi. Tashqarida kezib yurgan kuzning sarin havosini to‘yib simirdi. Keyin kompyuterni yoqdi-da, o‘zini erkin qo‘yib, yoza boshladi:
“Sening sariq ranging nega suydim, Kuz?
Ne uchun za’faron bog‘laring aro,
Xayolchan kezaman o‘ychan va beso‘z?
Nechun sen qalbimga yaqin va oshno?...”
* * *
O‘ktam shoshilib, ko‘chaga chiqdi. Shu bugunoq borishi shart, bormasa bo‘lmaydi. Bir amallab, juvonning uy manzilini bilib olgan, bundan ko‘ngli to‘q. Boradi-da, Zumradni chaqirib, uning bir og‘iz javobini eshitadi, kerak bo‘lsa, yalinadi-yolvoradi, ishqilib, turmush qurishga ko‘ndirishi shart uni, aks holda...
Yigit to muyulishdan burilgunicha juda tez, xuddi birov quvayotganday yurib bordi. So‘ng yengil nafas oldi – bugun hech kim uning yo‘lini to‘smadi. Markaziy ko‘chadan g‘izillab o‘tayotgan taksilardan birini to‘xtatdi-da, manzilni aytdi. O‘tgan bir necha kun davomida Zumradga qo‘ng‘iroq qilishga ham yuragi betlamadi. Hozir bo‘lsa, hech narsani o‘ylamas, lablarini mahkam qimtiganicha, faqat juvonga aytadigan gaplarini ichida takrorlab borardi. Manzilga yetdi. Ko‘p qavatli uyning atrofida faqat “Sut, qatiq, qaymoq!” deb qichqirib yurgan bir-ikkita ayoldan boshqa zog‘ ko‘rinmasdi. Eshikni taqillatib borish noqulay, endi nima qilsin?
O‘ktam bir-bir bosib, birinchi qavatdagi ochiq derazaning tagiga keldi...
* * *
Zumrad yozishga berilib ketgan. Misralar bir-biriga qo‘l berib, ravon jumlalarga, me’yorida qaynagan qiyomdek mag‘izli fikrlarga aylanib borar, bunga sari, dilbar shoiraning chehrasi gul-gul yashnab borardi... Nihoyat, u yozib bo‘ldi, endi ovoz chiqarib o‘qishga tutinganida, derazadan nimadir uchib, xonaga kirdi-yu, shundoqqina stolga kelib qo‘ndi. Bu – qog‘ozdan yasalgan qush edi. Juvon jilmayganicha uni qo‘liga oldi. “Shumtakalar, ertalabdan sho‘xlikni boshlashibdi-ya!” Tanbeh berish maqsadida o‘rnidan turarkan, to‘satdan qog‘ozdagi katta-katta harflar bilan yozilgan yozuvni ko‘rib qoldi. Shosha-pisha o‘qidi. Qog‘oz qushning qanotlariga shunday deb yozilgan edi:
“IZLAB-IZLAB TOPGANIM...”
Zumrad derazaga yaqinlashib, tashqariga qaradi. Yigit unga qo‘l silkitib, xijolat aralash jilmaydi:
– Shu atrofda bir ruhshunos yashaydi, deb eshitgandim, mabodo siz emasmisiz? Menga uning yordami juda-juda kerak...
Juvon tashqariga otildi...