Yoqutxon Rahimova 1947 yil 1 yanvarda Toshkentda ziyoli oilasida tavallud topgan. O‘rta maktabni tugatib, u odatdagidek, filologiya yoki jurnalistika fakultetlariga emas, Toshkent Davlat Politexnika institutiga boradi. Uni muvaffaqiyatli tugatib, muhandis maqomini oladi. Biroq, unda adabiyotga uyg‘ongan havas ustun kelib, badiiy ijod sohasiga yetaklab keladi.
Yoqutxonning dastlabki «Ko‘rishguncha, xayr!» nomli qis-sasi «Sharq yulduzi» jurnalida (1979) bosilgach, u adabiy jamoatchilik va kitobxon e’tiboriga tushadi. Adibaning «G‘urur» nomli ilk hikoyalar to‘plami (1978) «Kamalak» (sobiq «Yosh gvardiya») nashriyotida chop etilgan. Shuningdek, uning yoshlar va o‘smirlar uchun yozilgan «Ko‘ngil» nomli qissa va hikoyalar to‘plami ham nashr qilingan.
Yoqutxon Rahimovaning o‘zbek va rus tillarida chop qilingan «Bu Sizga, oyijon!» (1987) nomli hikoyalar to‘plami bolalarga bag‘ishlangan. Adibaning ushbu «Bu Sizga, oyijon!» nomli to‘plamidagi jajji kichkintoylarga atalgan hikoyalari o‘zining beg‘ubor va shirin tili, sodda va aniq ifodaliligi bilan yosh kitobxonlarni o‘ziga rom qiladi.
Uning ko‘pgina hikoyalari chet va qardosh xalqlar tillariga ham tarjima qilingan.
Yoqutxon Rahimova 1980 yildan buyon Yozuvchilar uyushmasining a’zosi, O‘zbekiston xalq maorifi a’lochisi.
U hozirgi kunda "G‘uncha" jurnalida bosh muharrir bo‘lib ishlamoqda.