OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Zohidjon Xolov. Tongotar (hikoya)

I

U avval uzoq o‘ylandi. Nihoyat, nigohlarini shiftdan tortib olib, oyoqqa ko‘tarildi. Stol ustidagi bejirim tugmachani bosib, kotibasiga bosh suratkashni chaqirishni buyurdi. O‘zi oppoq qog‘ozga apil-tapil allanimalarnidir qayd etdi. So‘ng imzo chekib, gazetaning dumaloq muhrini chiroyli qilib tushirdi. Zudlik bilan undan bir nusxa ko‘chirma oldi-da, asl nusxasini yirtib, tortmasiga yashirdi. Janob bosh muharrir (yoshi elliklar atrofida, bo‘yi o‘rtacha, ko‘pincha qora kostyum-shim kiyib yuradi, qo‘l ostidagi xodimlarni o‘z farzandi, jigarbandidek yaxshi ko‘radi, baxtini jamoasi baxtida, deb hisoblaydi) ishlarini tinchitishi bilanoq bosh suratkash izn so‘rab, eshikdan kirib keldi. Uning ko‘zlari kirtaygan, qomati bug‘doyning somonidek quruq cho‘p — qattiqroq shamol tursa pirpirak bo‘lib uchib ketadigandek... Uni charchagan odam, desa bo‘ladi.
Suratkash (ko‘zlari katta-katta, yuz tuzilishi cho‘zinchoq, labi o‘rtacha qalin, tanasining rangi oqish, sochlariga bir-ikkita oq oralagan, so‘qqabosh) ixtiyorida bir lahza tinim yo‘q va aslida o‘sha ixtiyor ham o‘ziga “tegishli” emas. Hali u viloyatga, hali bu viloyatga yugurgani-yugurgan. Gazeta ham haftasiga besh marotaba chiqadi. O‘ttiz ikki sahifalik kattakon nashr uchun har holda chakana emas, asl mehnat talab etiladi. Bosh suratkashning qo‘l ostida o‘n shogirdi ishlaydi. Baribir, ulkan gazeta uchun buncha suratkash yetarli emas. Chunki ba’zan yigirmata fotodan bor-yo‘g‘i uch-to‘rttasigina Janob bosh muharrirga ma’qul kelishi ko‘p bor kuzatilgan. Ana shu o‘n bir suratkashning ba’zilari olgan suratlar, necha yildan buyon ishlashidan qat’i nazar, biror marotaba ham birinchi sahifada bosilmagani taajjublidir. Biroq bosh suratkash gazetaning suyangan tog‘laridan biri. Tahririyatda eng ko‘p gonorar oladigan to‘rtta xodim bo‘lsa, o‘shalarning ichida u ham bor. Axir har bir sonda sahifalarni jonlantirish uchun uning besh-o‘ntacha rasmlari qo‘yiladi-da.
Janob bosh muharrir chaqirilgan xodimning sumbatiga qarab ham o‘tirmay, haligi ko‘chirmani uning oldiga tashladi. To‘g‘rirog‘i, dushmani bilan muomala qilayotgandek oldiga otib yubordi. Nima bo‘layotganiga tushunmagan suratkash bir lahza qog‘ozni na olishini, na olmasligini bilolmay ming ahvolga tushdi. Qo‘llari qaltirab, xuddi o‘z o‘limi haqidagi hukmnomani o‘qiyotgandek ko‘zlarini yana ham kattaroq ochib, qog‘ozdagi matnga qaradi. Tok urgandek rangi quv oqarib ketdi. Hamon jim turgan boshliqqa savol alomati bilan tikildi. 
— Siz, o‘rtoq suratkash, bugundan, shu ondan boshlab bo‘shsiz. O‘sha eng oxirgi hayfsan qog‘oziga shundoqqina imzoingizni qo‘yingda, kirgan eshiklaringizdan sekin qayting: to‘rt tomoningiz qibla!
Hamon hech narsaga tushunmagan suratkash badanini boshliqqa bildirmay chimchilab ko‘rdi, chunonam og‘ridi, chunonam og‘ridi — dodlab yuborishiga bir bahya qoldi — tushi emas ekan.
— Ha...hali biror marotaba... hay...hayfsan ol...magandim shekilli?!
— Bo‘lishi mumkin. To‘g‘ri, hech qanday qoidabuzarlik qilmadingiz. Hamma qatori shu gazeta istiqboli uchun kurashayapsiz. Fidoyisiz. Lavhalaringiz noyob, ayrimlari bebaho. Sizdek malakali, iste’dodli xodimni istagan nashr jon-jon deb ishga oladi. Umringizni shu sevimli kas-
bingizga butun ko‘chu ko‘roni bilan bag‘ishlagansiz. Aytarli aybingiz ham yo‘q. Lekin baribir bo‘shatishga majburman. Gap — bitta. Tamom, imzo cheking-da, xayrlashing!
Janob bosh muharrirning bu xurmacha qilig‘ini anglolmay karaxt bo‘lib qolgan suratkash ko‘nglidan arzimagan soniyalar ichida sovuq-sovuq o‘ylar o‘tdi. Rahbarining chimirilgan qoshlari va tushkun kayfiyati ta’sirida qanday qilib qog‘ozga imzo qo‘yib yuborganini bilmay qoldi. Faqat eshikdan chiqib ketayotganda, sal o‘ziga kelib so‘radi:
— Nima balo! Birorta lavhada siyosiy xatoga yo‘l qo‘yibmanmi? 
— Ey, qanaqa odamsiz, aytdim-ku! Hech qanday nuqson yo‘q. Xudo haqqi, — deya stolga zarb bilan urib, sapchib o‘rnidan turdi. Suratkashni yashin urgandek battarroq qaltiroq tutdi. — Tushimda bo‘shatibman! Vassalom! 
“Nima, tushingizda meni bo‘shatganingiz uchun lotoreyadan mashina yutibsizmi?”, deb so‘ramoqchi edi-yu, labini tishladi. Hayotdan arazlagan bolaga o‘xshab xo‘mraydi va “Xayr, rahmat...” degancha chiqib ketdi. Janob bosh muharrir shu zahotiyoq barcha (suratkash ish so‘rab borishi mumkin bo‘lgan!) gazetalarning boshliqlariga sim qoqib, mabodo suratkash ish izlab borsa, turli sabablarni ro‘kach qilib, ishga olmasliklarini iltimos qildi. Hammasi bir og‘izdan uning istagini tasdiqlashdi, qat’iy va’dalar berishdi...
Suratkashning mahzun holatini ko‘rib, kotiba(yoshi o‘ttizlarda, qop-qora sochlari uzun, hali ham o‘n olti yosh qizlardek yasan-tusan qiladi, istarasi issiq, ba’zan shim, ba’zan yubka kiyib yuradi, turmushga chiqmagan) garchi allaqachon voqeadan xabar topgan bo‘lsa-da, (kotibalarning bir qulog‘i hamisha boshliq eshigida bo‘ladi!), go‘yoki xavotir aralash: “Voy... aka, tinchlikmi, ish- qilib?!” — deb so‘radi. Suratkash biroz o‘zini o‘nglab, jilmaydi: “Ketayapman! Tush ko‘rishga!”.

II

Sobiq bosh suratkash uyiga keldiyu, yuzlariga ketma-ket tarsaki tortib yubordi. O‘ziga-o‘zi so‘zladi: “Aytgandim-a, o‘sha Gulmat Alimovichni suratga olma, deb! Mana, oqibat! Ey sho‘rtumshuq, axir u bundan o‘n besh yilcha oldin sudlangandi-ku! Nega shunga aqling yetmadi? Yer ostida mitti chuvalchangning qaerga qimirlashini ikki kun oldin sezadigan boshliq shu oddiy narsani bilmaydimi?! Bilgan, shuning uchun ham bo‘shatgan. Endi nima qildim... Qamab yuborishmasa bo‘ldi. Yoshim nechada? O‘ttiz... xullas, qamashadi. Lekin ortimdan yig‘lab boruvchi bolalarim bormi?! Erta-indin o‘ttiz... yashar bo‘ydoq qamalibdi, degan gap chiqsa, ota-onam qanday bosh ko‘tarib yuradi? Yo‘g‘-ey, endi shunga ham qamashsa, tavba qildim-ey...”. 
U ertasiga, indiniga ham kuni bilan yuragini hovuchlab ish izladi. Hammasi xuddi kelishib olgandek, bir xil tarzda iymanibgina “bo‘sh o‘rin yo‘q”ligini aytdi. 
Suratkash bir necha kun davomida uyiga shumshayib qaytdi. Bir omad ketsa, o‘pirilib, “armiya”si bilan ketarkan-da. Bir tomonda ota-ona hayron... Har kuni hakka tezak cho‘qimay turib, ishga otlanuvchi o‘g‘illari kamnamo bo‘lib qoldi. Tinchlikmikan?! Ular ham bir zumda o‘g‘lining ishdan bo‘shatilganligini bilib qolishdi. Shahar sharoitida yashash oson emas, ota-ona besh farzandini uyli-joyli qilguncha ancha qarib qolishdi. Oltinchi farzandi sal o‘zgacharoq chiqdi, tantiqroq chiqdi. Bolani o‘z holiga tashlab qo‘yish kerakmasmikan...
Ishsiz suratkash ikki oy davomida duch kelgan gazetaga suratlarini sotib, uncha-muncha to‘y-hashamda xizmat qilib, tirikchilik qilgandek bo‘ldi. Biroq shuncha vaqt o‘zini aldab yasholmasligi oydinlashavergach, achchig‘i chiqib, orada bir fursat fotoapparatini “qoziqqa ilib” qo‘ydi. Unga shuncha yil o‘qib-o‘rganib, oxir-oqibat havaskorlar qatori uch-to‘rt so‘mlik choychaqa ilinjida to‘yma-to‘y sang‘ib yurishi, duch kelgan redaktsiyaga yolvorib suratini o‘tkazishi alam qila boshladi. U o‘ziga har zamonda va’da berardi: “Shoshmay turinglar! Hali men shunday bir surat olamanki, uning oldida mana-man deganlari ham ip esholmay qoladi!”. U har bir muvaffaqiyatsizlikda shu gapni so‘zma-so‘z takrorlashga o‘rganib qoldi...
...Yozning ajoyib kunlari nihoyalab, kuzak keldi. Suratkash deyarli ishlamay qo‘ygandi — taqdirga tan berib, endi biror qurilish yoki maktabda chizmachilikdan dars beraymikan, deb turganda, Janob bosh muharrir chaqirib qoldi!

III

Suratkash ertasi kuniyoq tahririyatga yelib bordi. O‘ziga qolsa-ku, bormasdi. Hatto telefonda vaqtini ketkazib gaplashib ham o‘tirmasdi. Biroq nima qilsin, yashash uchun ba’zan bosh egib turish ham kerakmi...
U tanish ko‘chalardan piyoda o‘tarkan, yo‘l-yo‘lakay turfa fikrlarga oshno tutindi. Balki ba’zi (suratkash qilmagan, lekin yana bosh muharrirning tushiga kirgan) ayblarni bo‘yniga ilib, mazax qilish uchun chaqirgandir. Axir aniq aytmadi-ku. Qisqa qilib, “Syurr-prizz bor!” deb qo‘ydi, xolos. 
Janob bosh muharrir suratkash bilan sovuqqina so‘rashdi. Xuddi ashaddiy jinoyatchining qo‘lini siqayotgandek xunukkina iljayib ham qo‘ydi. Suratkashni muzdek ter bosdi.
— Eshitishimcha, g‘irt bekorchi emishlar?
Sobiq xodim bosh silkib javob berdi. 
— Bir shart bor... Xo‘p deb, uddasidan chiqolsangiz, hammasi joy-joyiga tushishi mumkin.
Suratkashning yuzi yorishib, uch oy so‘lg‘inlikka asir bo‘lgan ko‘zlari chaqnab ketdi go‘yo. Rozi ekanligini bir amallab bildirdi.
— Uch kun muhlat beraman. Chotqol tog‘lari etagidagi qishloqlardan biriga borib, tongotar mahalidagi holatni suratga tushirib kelasiz. Borish-kelish, yeb-ichishingiz, hordiq chiqarishingizni ta’minlaymiz. Bir tiyinsiz yurganingizni yaxshi bilamiz axir... Xo‘sh, kelishdikmi?
Keyin Janob bosh muharrir suratkashga ertaga uni bir yigit tahririyat ostonasida kutib olishi va uch kunlik “tongotar missiyasi”ni munosib ado etishiga ko‘maklashishini tushuntirdi. Suratkash xursandligidan boshliqni bag‘riga bosgisi kelib ketdi, garchi o‘zi haydab, yana o‘zi chaqirayotganiga tushunmayroq turgan bo‘lsa-da, shuncha vaqt so‘kib, yozg‘irib kelgani bosh muharrirni sira yomonlagisi kelmay qoldi. 
Eshikdan chiqib ketayotganida, odatdagidek kotiba so‘z qotdi: “Tinchlikmi..., aka? Biz tomonga qadam ranjida qilibsiz?”. Suratkash bopladimmi, degandek ishshayib turgan kotibaga yaxshilab nazar tashladi. (Shodligidanmi yoki shundaymi) ko‘zlari qarshisida juda kelishgan bir mohiliqo nozlanib turgandek bo‘ldi, bir necha soniya ko‘zlarini uzolmay qoldi. Kotiba ham jim. Kutilmaganda boshliq xonasidan chiqib qolmaganida, kim biladi, kun bo‘yi bir-biriga termulib turaverisharmidi...

IV

Murodali (qoshlari siyrak, burni kattaroq, quloqlari katta, ammo shalpaymagan, peshonasi keng, yuzi qizg‘imtir tusda, bo‘yi uzun) degani navqiron yigit ekan. Yoshi ham u qadar katta emas, yigirma yettilardan sal kam yoki oshgan. O‘zi xushchaqchaq, gapga usta ekan. Bitta kamchiligi — shaharga ko‘nikolmas ekan. Ming qilsa ham qishloq bolasi-da, shaharning ko‘zni quvontirar imoratlariyu, mo‘’jizaviy bog‘larini nazarga ilmay, otamakoniga talpinaveradi. O‘sha biydek dalalarini, sayhonliklarini sog‘inaveradi. Suratkashga og‘zi-og‘ziga tegmay qishlog‘ini maqtaydi. U chinakam tog‘lik, tanti va mard deyishganicha bor. Suratkash nega avvalroq shunday qishloqlar, qishloqliklar hayoti bilan qiziqmadi?! Shuncha yil viloyatma-viloyat izg‘ib, aqalli bir marotaba yon-veriga nazar tashlasa bo‘lardi-ku. 
Suratkash gavjum shahardan olislashib, osmono‘par Chotqol tog‘lari sari borarkan ana shular haqida o‘ylab, o‘tgan umrini o‘zicha sarhisob qilardi... Bunday o‘zgarish, o‘z-o‘zini tadqiq qilish nogahon unga yoqib qoldi. 
Yo‘ldoshining qishlog‘iga odamlar asr namoziga taraddudlangan bir paytda kirib borishdi. Loyshuvoq uylardan, pastqam devor bo‘g‘otlaridan, sadarayhonlaru jambillar kulib turgan hovlilardan haqiqiy o‘zbek xonadonining bo‘yi anqiydi. 
U bir kun mobaynida qishloqni o‘zicha o‘rgandi, o‘zicha tahlil qildi.

V

Qishloq tamaddundan ming yillarcha orqada qolib ketgan dunyoni eslatardi. Odamlarining soddaligi, so‘zga bo‘shligi, fikrlash doirasining “qo‘y-qo‘ziyu, dehqonchilik” mavzusidan nariga o‘tmasligi suratkashning bir kulgisini, bir yig‘isini keltirardi. Lekin Murodalidek ongi shakllangan, dunyo ko‘rgan yigitning shunday aholi orasidan chiqishiga suratkashning ishongisi kelmasdi. 
Qishloqliklar tongdan to tungacha, erta bahordan to kech kuzakkacha daladan uzilmaydi. Dardini ham, quvonchini ham tog‘u tosh, dalalar bilan baham ko‘radi. Hosilni ko‘tarib olar-olmas qor yog‘ib beradi. Bu holatlar suratkashga kechqurun uyquga ketib, kechqurun uyg‘onuvchi odamni (u odam aslida kim ekanligini suratkash keyinroq angladi!) eslatardi. Tongdan, hayotning o‘yin-kulgularidan bebahra. Qishloqliklar quyosh “tug‘ilar” joydayu, ammo quyosh nuri tushmaydi. Faqat mehnat, mehnat, mehnat! 
Aftidan bu qishloq ahli juda ishonuvchan. Soqollari oyog‘ini o‘payozgan chollari ham allaqanday afsonlarga ishonib, so‘lim choyxonalarda bir-biri bilan tortishib o‘tiradigandek tuyuldi mehmonga. Agar ularga biron galstuk taqib, boshiga shlyapa qo‘ndirgan salobatli odam: “Bilib qo‘yinglar, quyosh sharqdan emas, g‘arbdan chiqadi”, — desa chippa-chin ishonib ketaverishadi. Aslida ularga quyoshning qaerdan chiqib, qaerga botishi qiziq emas, chiqib tursa bo‘lgani! 
Murodali yosh bo‘lishiga qaramay, shu qishloqning kattakonlaridan biri. Oshib borsa, ugina tashqari chiqqan, yurt ko‘rgan. Ba’zi ayollari haligacha chachvonona tikilgan ro‘mollarni bostirib o‘rab yurisharkan, ehtimol changdan saqlanar. Qizlari ostona hatlab uyidan bir qadam uzoqlashsa, otasidan so‘kish, onasidan qarg‘ish eshitadi. 
Qishloq ahli bag‘rikeng, mehmondo‘st xalq. Bisotidagi, bolalaridan yashiruvchi ne’matlarni mehmoniga tutar, o‘zlarining oyda-yilda etga bir og‘zi tegsa, mehmon uchun qo‘y so‘yar ekan. Suratkashni bu holat uzoq o‘ylantirib qo‘ydi, nima uchun va qanday qilib yaxshi bilmagani-tanimaganini shunday iliqlik bilan kutib oladi?! Balki u qishloqning kulini ko‘kka sovurish uchun kelgandir... Ular juda g‘ururli, past ketib o‘tirmaydi. 
Bu yerda uch ming nafarga yaqin aholi yashaydi. Har bir oilaning kamida uchtadan, o‘rtacha beshtadan, ko‘pi bilan... bir etakcha bolasi bor ekan. Buni bilib suratkashning yuragi battar ezildi. Bir tomondan qishloqning serfarzandligi, ikkinchi tomondan o‘zining qirqqa yaqinlashgan esa-da, bo‘ydoqligi so‘roq qilgandek bo‘ldi. Bolali ota-onaning ko‘zlari kulib turadi, zerikish bilmaydi, bekorga yashamaydi... O‘sha mushtdekkina Murodalining ham to‘rtta tuyog‘i bor ekan.

VI

Suratkash “qishloqshunoslik”ka chalg‘ib, asosiy topshiriqni esdan iqarayozganini o‘yladi-yu, xavotirga tushdi. Axir unga qishloqni o‘rganishmas, tongotarni suratga tushirish buyurilgan. Buni bitta suratkash yodidan chiqargan desak, Murodali ham unutganov, ish tutmayapti.
Suratkash fotoapparatini o‘qlab, havas bilan Murodalining beshikdagi ingrab yotgan o‘g‘lini suratga oldi. Polvoncha juda chiroyli yig‘lardi. Shunga mast bo‘lib, besh-oltita kadrni sarfladi. Murodalini, keyin xotini bilan, so‘ng bola-chaqalari bilan suratga tushirdi. Kechga tomon kun botishi go‘zalligini tomosha qildi-yu, o‘zini tiya olmadi. U chindan ham go‘zal manzara edi — suratga olmaslikning ilojisi yo‘q.
Suratkash qishloqqa keldi-yu, arzimas muddat ichida naq bir yuz sakson gradusga o‘zgardi. Avvallari ko‘ziga o‘lgudek hissiz va xunuk tashlangan oddiy unsurlar ham boshqacha ko‘rina boshladi. U go‘yo hayot ekanligini, tiriklar ichra tirik ekanligini his qila boshladi. Anvoyi gullar, qo‘y-qo‘zilar, daraxtlar, tog‘lar, soylar... Ularni shunchaki kuztib bo‘ladimi?! Suratkash shu oniy lahzalar ichida atrofiga oddiy odam nigohi bilan qaray boshladi. Ehtimol o‘sha qishloq, o‘sha soddagina qishloq suratkashga ko‘zgu tutayotgandir?! Qani, shu tobda imkoni bo‘lsa-yu, ichki olamini qo‘porib yuz berayotgan o‘zgarishlarni suratga tushirsa, ular shubhasiz, dunyodagi go‘zal fotolar bo‘lardi.
Safarning ikkinchi kuni ham u Murodali hamrohligida qishloq kezdi, odamlarning suhbatini oldi. Ayrimlarining xonadonida mehmon bo‘ldi. Har bir uyda hayot qadrini anglayotganini, sekin-asta uyg‘onayotganini nishonlardi. 
...Suratkash uyg‘onganda, quyosh allaqachon yotog‘idan ikki nayza bo‘y ko‘tarilib ulgurgandi, buning ustiga boshi tungi mehmonnavozlik “meva”si — chirpirak bo‘lib aylanardi. U shu tariqa peshingacha yotdi. Sal tobiga kelgach, o‘rnidan gandiraklab turdi-da, yelkasiga sochig‘ini tashlab, tashqari chiqdi. Olis-yaqindan so‘fining azon aytayotgani eshitilardi. Murodalining xotini hovlining bir burchagida kuymalanib yurgan shekilli, “Allohu akbar!”ni eshitishi hamonoq jim o‘tirib olgan. Namozning hurmati — qishloqliklar qilayotgan ishini bir lahza to‘xtatib tin oladi. Suratkash ham buni angladi va cho‘kkaladi. Murodalining xotiniga boqib o‘tirib, suratkash qalbida ismsiz tuyg‘ular jo‘sh ura boshladi. Bir necha muddat xayolidan kotiba qizning u kungi nozli tabassumi ketmay qoldi...
Azon tugagach, mehmon yuz-qo‘lini yuvdi. Murodalining xotini allaqachon nonushtani tayyorlab qo‘ygan ekan. Endi dasturxonga o‘tirganda, Murodali ikki qo‘ltig‘ida katta tarvuz va qovun quchoqlab kelib qoldi. Kechikkan nonushta tarvuzxo‘rlikka, keyin qovunxo‘rlikka ulandi. 
— Qani, aka, choyingizni xo‘plang. Endi bir tog‘larimni ko‘rsatay. Solih cho‘ponga ul-bulni tayinlab qo‘yganman, o‘sha tomonga jo‘naymiz. Bir dam olaylik.
Oradan yarim daqiqa o‘tib-o‘tmay ikkovlon eshikda turgan “UVAZ”ga o‘tirdi. Mashina ortidan quyuq chang qoldirib, ildamlab ketdi. 
Shunday qilib, uchinchi kun tong otari boy berildi. Endi to‘rtinchi kun qolishga majbur. U so‘nggi kun, so‘nggi imkoniyat bo‘ladi. 

VII

Chotqol tog‘larining ta’rifi yo‘q. Bir ko‘rishda oshiq bo‘lish hech gapmas. Shu tog‘lar bag‘rida mangu qolib ketgisi keladi odamning. Yon bag‘irlarida qo‘ng‘iroqchalarini jaranglatib o‘tlab yurgan qo‘y-qo‘zilar otari, ikki dara oralig‘ida qirg‘oqdan-qirg‘oqqa urilib oqayotgan sho‘x soyi, qishu yozda o‘z e’tiqodiga sodiq qoluvchi yam-yashil archalari tortgan ajoyib saf, o‘ydim-chuqur tuproqli yo‘llari, sutdek pok, musaffo havosi ham nihoyatda noyob, nihoyatda nafis. Bunday xushmanzara makonlarni ko‘rgan, tomosha qilganlar o‘zlarini bir umr baxtiyor sanab yurishsa, shu yerliklarni kim deb atash mumkin?!
Solih cho‘ponning chaylasi qishloqdan ancha uzoqda, yuksak cho‘qqilardan birining yelkasida ekan. Mehmonlar u yerga shom mahali yetib kelishdi. Quyuq kutib olindi. Shaharlik mehmon izzatiga bir qo‘y dumalatildi. Asl biyalardan sog‘ib olingan toza qimizdan simirish suratkashni yana bir karra karaxtlik olamidan uyg‘oqlik dunyosiga olib chiqqandek bo‘ldi. 
Gulxan atrofidagi o‘yin-kulgi, ko‘ngilochar hangomalar bilan andarmon bo‘lib, hash-pash deguncha tong yaqinlashib qoldi. Hal qiluvchi pallar tobora yaqinlashmoqda: tongotarni nima qilib bo‘lsa ham suratga mixlash kerak. Axir ertaga boshliq so‘roq qilganda, nima deydi, yegan-ichgani burnidan chiqmaydimi?! 
Suratkash tongotarni suratga tushirishdan ham oldin uni tomosha qilishga, o‘z ko‘zi bilan kuzatishga, uning ilohiy lobarligidan ilhomlanishga, bahra olishga qiziqib qoldi. U deyarli barcha tabiat ajoyibotlarini ko‘rdi, kunbotar latofati ham ajoyib, rad etib bo‘lmas darajada fusunkor. Biroq ming qilsa ham tongotar nazokati bilan belasholmasligini suratkash ich-ichidan sezib turardi. 
U tongni uxlamay kutdi. Atrofida pishillagancha uyquni urayotganlarga qarab o‘zicha qayg‘urdi. Kutganda vaqt sekin o‘tadi, sabri chidamay, fotoapparatini bo‘yniga ilib, chaylani tark etdi. Ochiq havoga chiqishi bilan muzdek tog‘ shamoli dimog‘ini chog‘ladi, etini junjuktirdi. U telba oshiqqa, tabiat go‘zalligining, hayot nafosatining devonasiga aylanib qolgandi. 
Xuv narida taxminan Solih cho‘pon, tunni bedor o‘tkazishiga qaramay, otar bilan borardi... 
Murodali sergak yotgan ekan, suratkashning ortidan chiqib keldi, yo‘ldosh bo‘ldi. 
— Aka, tabiatga mahliyo bo‘lib, sog‘liqni unutmang, uxlamadingiz axir...
— Ey Murodjon, bilasizmi, bu go‘zalliklarni ko‘rmay o‘ttiz... yil uxlaganim yetar. 
Ular shu tariqa balandparvoz ohangda suhbatlashgancha, tongotarning eng quyuq ko‘rinish joyini izlab, chayladan yiroqlashib ketdi. O‘shanday pallada, tongotar qalinlashib, eng dilbar nuqtasiga yetgandi. 
Tongotar! Oqsoch tog‘lar ortidan mo‘ralayotgan taram-taram nur-tolalarning jimirlarini ta’riflashga til ojiz. Uning bir uchi to‘ppa-to‘g‘ri yurakka tutashib ketayotgandek taassurot uyg‘otadi. Go‘yo zabonsiz va bosiqligi bilan mashhur cho‘qqilar ortidan bir nozli farishta chiqib keladi-yu, butun olamni ziyoga, ko‘rku chiroyga burkab tashlaydi. Maysalarga, toshqin soylarga, vazmin jilg‘alarga, hatto toshlarga jon kirgandek tabiat yayrab ketadi. Tun bo‘yi tongotarni intiq kutgan qushlarning mitti tomirlariga qon yuguradi. Zaminning eng kichik a’zolari — chumolilar tashqari chiqib, tirikchilik ko‘yida safarga otlanadi. Suratkash xayolida tongotar yer yuzida hayot, uyg‘onish elchisi sifatida sodir bo‘layotgandi! 
U bir necha fursat jonsiz haykaldek tikilgancha qotib turdi.
Murodali bu tobda mehmonining nima uchun qishloqqa kelganini eslatmoqchi bo‘ldi:
— Suratga olmaysizmi, hozir ulgurolmay qolasiz?!
Curatkash esa kutilmaganda shunday javob qildi:
— To‘g‘ri, mo‘’jizalar uzoq davom etmaydi, ularning qiymati ham shunda. Ozu soz. Bilasizmi, tongotarni rasmga olmaslikka qaror qildim, shunday hurlikni kichik bir qutiga joylashga qo‘lim bormaydi. Odamlarning tongotar jamolini suratlarda ko‘rib, tasavvur hosil qilib yurishlariga chek qo‘yish kerak. Tokay uni o‘z ko‘zlari, tasavvuri bilan ko‘rsin!
 
VIII

U sochilib, bir holatda yotgan xonalarini yig‘ishtirdi, o‘zi supurdi. Keyin durustroq taom tayyorladi. U juda shod edi. U uzicha shahardagi eng baxtiyor odam, eng omadli suratkash edi. Mayli, uddalanmagan vazifa tufayli Bosh muharrir ishga qayta olmasin. U endi to‘rt kun avvalgi suratkash emas, u uyg‘oq suratkash, endi nima qilishni biladi. 
Tongda dadil-dadil qadam tashlab, boshliq huzuriga kirib bordi. Janob bosh muharrir negadir bugun uni xushchaqchaqlik bilan kutib oldi. Murodali bilan obdon suhbatlashgan chog‘i, suratkashning qishloqda boshidan kechirgan sarguzashtlarni birma-bir o‘ziga qaytarib so‘zlab berdi. 
— Xo‘sh, shunday qilib, iltimosimiz bajarilmabdi-da, a?
— Nega bajarilmas ekan? Bajarildi!
— Ie, nima deganingiz bu?
— Men tongotar chog‘ini insonlar qatori yuragimga, ruhimga muhrladim. Ilojisini topolsangiz, gazetada yuragimni bosa qoling...
Janob bosh muharrir xoxolab kulib yubordi. U ham aslida shuni kutgandi. Hayotdan bezgan, go‘zalliklardan bahra olishni bilmaydigan, ishdan boshqasini o‘ylamaydigan suratkashni yaxshi ko‘rgani va uning hissiz qalbida bebaho umrga, tobora nurab borayotgan yoshlikka nisbatan muhabbat tuyg‘ularini uyg‘otish uchun atayin “xayfsan”, “tongotar missiyasi” singarilarni uyushtirgandi. Bu sayohat ehtimol suratkashning o‘sha o‘zi orzu qilgan asari bo‘ldi. Bosh muharrir yuzidan nur yog‘ilib, ko‘ksining dukurlari jaranglab turgan suratkashga hotirjam boqib dedi:
— Mayli, yuragingiz o‘zingizga siylov. Boring, bemalol ishingizni davom ettiravering. Ha, aytgancha, o‘sha kuni men sizni bo‘shatmagandim, kassirdan maoshingizni ham olishni unutmang.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.