Kampir yetmishlarga borgan, cho‘pday ozg‘in, iyagi ertaklardagi yalmog‘iz kampirning iyagiday oldga turtib chiqqan, lablari hayotning sho‘rish azoblarini tatib ko‘raverganidan tirishib-burishib qolganday so‘lg‘in va quruq, burni so‘ppaygan, kirtaygan ko‘zlari chuqur botgan – ma’yus boqar, ammo jahli chiqqanida nafaqat ko‘zlari xunukdan xunuk chaqchayar, balki butun yuzida qo‘rqinchli ifoda paydo bo‘lardi, qoqsuyak gavdasi esa xiyol egik, lekin juda serharakat, chaqqon, kiyimlari esa hamisha toza va ohorli edi.
U g‘ira-shira qorong‘ida achigan-chirigan hidlar anqigan meva-cheva bozoriga odatdagiday hammadan oldin keldi. Bir qo‘lida qo‘sh termos va boshqa qaqur-ququrlari ortilgan yap-yangi aravacha, ikkinchi qo‘lida kattagina to‘rvaxalta. Tez yurganidan harsillab nafas olardi. Kampir aravachani tortib kelarkan, qaddi yanada egilar, shuning uchun ham ko‘ylagining old etagi uzunroqday ko‘rinardi.
Kampir yetib kelganida oltmishlarga borgan, soch-soqoliga oq oralay boshlagan qorovul endigina katta jigarrang temir darvozani ochib, atrofni ko‘zdan kechirayotgan edi. U tong yorishmasdan bozorda paydo bo‘lgan kampirga ko‘zi tushib, norozilik bilan g‘o‘ldirab qo‘ydi:
– Saharlab balo bormikin bu qari qarg‘aga.
Yaxshi hamki kampirning qulog‘i sal og‘irroq, aks holda bechora qorovulning soch-soqolidan asar ham qolmasmidi? Biroq kampir qorovul bilan so‘rashmasdan o‘tmaydi.
– Yaxshi yuribsanmi, Boltavoy? Bola-chaqang omonmi?
– Ha, omon, omon. Omon bo‘lmay nima... – yoqtirmayroq javob berdi qorovul. – Faqat siz qachon mening ismim Boltavoy emasligiga ahamiyat berarkansiz?
– Mening uycham ham omonmi, Boltavoy?
– Omon, omon. Ana, qo‘qqayib turibdi. Eshik-derazalari berkitilgan bo‘lsa, kim ham teginardi?
– Ha, yaxshi...
Kampir bir oz yurgach, chapga burilib, g‘ira-shirada oqarinqirab turgan uychaga yaqin keldi.
Qishda qalin paltosining, yoz bo‘lsa ko‘ylagining ustidan mudom kiyib yuradigan yengil kamzuli cho‘ntagidan kalit chiqarib, eshikni ochdi, ichkariga kirdi.
Zum o‘tmay, xuddi kampir kelishini kutib turganday bozor birdan jonlandi. Darvozadan turli kishilar, sotuvchilar, oshxona egalari, bozor xodimlari kirib kela boshladi. Kechasi uyum-uyum qoplari ustida tunab qoladigan dehqon-sotuvchilar negadir har doim hammadan keyin, bozorda shovqin-suron qo‘pganidan so‘ng erinibgina uyg‘onishadi.
Bu vaqtda kampir biriga choy, yana biriga achchiq qahva damlangan termoslari yonida kela-kelguncha shaqir-shuqur qilgan chashkalarini chayishga ulgurib, har doimgi mijozlarini kutib olishga shay turardi.
– Roziyaxon, mana qahvangiz, – kampir qaynoq hovur ko‘tarilayotgan chashkani qirq besh-ellik yoshlardagi ayolga uzatdi. – Kecha bundan keyin sal quyuqroq damlang, degandingiz, mana, aytganingizday damladim.
Kartoshka-piyoz qoplarining ustida o‘tirgan Roziyaxon deganlari – uning ismi aslida Salimaxon, lekin kampir uni har doim Roziyaxon deb ataydi, u to‘ladan kelgan, bilaklari lorsillagan, oytovoqday yuzida ko‘zlari bir chiziqday bilinib-bilinmay turgan, shartakiroq ayol, – yoyilib iljaygancha kampirning qo‘lidan chashkani olarkan:
– O’zimning aqlli opoqimdan aylanay! – dedi go‘yo qarshisida yetmish yashar kampir emas, yetti yashar bola turganday erkalab. – Oh, oh, hidini qarang, hidini... Ertaga yana shunaqasidan bo‘lsin, xo‘pmi?
– Xo‘p.
Salima-Roziya choychaqa uzatdi.
– Endi boraqoling. Siz bilan valaqlashishga vaqtim yo‘q.
Kampir xursand bo‘lib pulni oldi, sanamasdan cho‘ntagiga solib qo‘ydi-da, aravachasini sud-rab yo‘lida davom etdi.
Ikki-ikki yarim soat ichida mijozlarini choy va qahva bilan siylab chiqqan kampir choshgohgacha – yana choy tarqatish vaqti bo‘lguncha bekor turmaslik uchun o‘ziga ish qidira boshladi. Ahvol deyarli har doim shunday: sotuvchilarni choy va qahva bilan siylab bo‘lgach, u aravachasi bilan birovlarning yukini tashiydi, kartoshka-piyoz saralaydi, juda bo‘lmasa som-sapazlarga yordamlashib, choychaqa ishlaydi. Yoki bir chekkaga o‘tib ishtiyoq va diqqat bilan aravasini tozalab, u yer-bu yerini ko‘zdan kechirgan bo‘ladi. Ishqilib bekor turmaydi-da.
Faqat choshgohdagi “chaypite”dan keyingina kampir bir oz nafas rostlash va gurunglashish uchun tanish mijozlaridan birining oldiga kelib dardlashib o‘tiradi.
– Uf, charchadim, Jamila, judayam charchadim... – deya zorlandi u odatdagiday horg‘inlik bilan. – Bolalarim qachon katta bo‘lisharkin-a?! Ishonasanmi, kechqurunlari oyoqlarim shunaqa qaqshaydiki! Ayniqsa boshim shunday og‘riydiki, xuddi qizilishton tumshug‘i bilan daraxtni to‘qillatib urganday bir shovqin quloqlarimda g‘uvillab ketadi...
Savdo tig‘iz bo‘lishiga qaramay, kampirni eshitish uchun hamisha vaqt topadigan, ko‘ngli bo‘sh, rahmdil olma sotuvchi ayol – darvoqe uning ismi Sojida, lekin kampir unga Jamila deb murojaat qiladi, – achinayotganini sezdirmasdan:
– Qizingizning bo‘yi cho‘zilib qopti, xudo xohlasa hademay yoningizga kiradi, – dedi xayrihohlik bilan. – Ko‘pam o‘zingizni urintiravermang, charchab qolasiz.
– Charchasam go‘rga, – dedi kampir. – Charchasam nima bo‘pti, bir yumalab uxlab olsam, hammasi o‘tib ketadi. Mendan ko‘ra, bolalarimga qiyin. Ular mensiz qiynalib ketishdi. Axir o‘zingizdan qiyos-da, tong saharlab bozorga kelib, qosh qorayganda uyga borasiz. Bola bechoralar nima yeb, nima ichib o‘tirishibdi... Bir yerlari og‘rib qolsa, kimga aytishadi... Kim ularning jonlariga oro kiradi?.. Kecha kenjatoyim Farruxning qorni og‘rib qopti. Bechora bolam tushgacha to‘shakda buralib yotibdi... Men bundan bexabar...
– Noila qaramabdimi ukasiga? – so‘radi Jamila-Sojida.
– Qaragan. Qizim boyoqish ukasiga mehribon. Dori beribdi, qornini jun ro‘mol bilan bog‘lab qo‘yibdi. Lekin Farrux tinchlanavermagandan keyin ukasiga qo‘shilib yig‘labdi-da bechora...
– Ha, tirikchilik-da endi... Iloj qancha...
– Tirikchilik ham o‘lsin. Ertadan kechgacha bozorda izg‘ib yurganimga yarasha, durustroq topsam edi.
– Siz yaxshi topasiz, opoqi. Hadeb o‘zingizni qiynayvermang.
– Be, qayoqda... Kecha kun bo‘yi pattachilar quvg‘inida yurdim. U yoqqa o‘tsam ham, bu yoqqa o‘tsam ham ketimdan qolishmadi. Oxiri bozordan haydab chiqarishdi. Qanaqadir tekshiruvchi kelarmishmi-ey. Siz eshitmadingizmi?
– Yo‘-o‘q... Eshitmadim...
– Sizga yaxshi, har qalay bozorda o‘z joyingiz bor. Shuning uchun ham sizga indashmaydi. Bizga o‘xshaganlarni esa kun bo‘yi ortimizdan quvishadi, yaramaslar.
– Sizziyam uychangiz bor-ku...
– Be... Bu uychani Narimon boyvachcha in’om qilgan. Savob uchun degandir-da. Lekin u yerda o‘tirgim kelmaydi.
– Sizlar ham patta olsangiz yaxshi bo‘lardi.
– Be, o‘zi arzimagan choychaqa ishlasam, bu pulga patta olamanmi, ro‘zg‘orga ishlatamanmi?
– Ha, mayli... Hali hammasi yaxshi bo‘ladi, kuyinmang.
Kampir bir lahza jim qoldi. So‘ng mahzun ohangda dedi:
– Ha, yaxshi bo‘lib ketar. Lekin ungacha yeta olarmikinmiz?.. – kampir chuqur xo‘rsindi. Mung‘ayib qoldi. Shunday kezlarda u allaqachon umrini yashab bo‘lgan, qurib-qovjiragan bo‘lsa-da, daraxt shoxida ilinib, amal-taqal jon saqlab turgan yaproqqa o‘xshardi.
– Xudo xohlasa hammasi yaxshi bo‘ladi, – dedi Sojida-Jamila.
Kampir Jamila-Sojida bilan xayrlashdi.
Vaqt tushga yaqinlab qolgandi.
Bozorda kampirning choy va qahvasiga o‘rganib qolgan sotuvchilar ancha-muncha edi. Ular kampirning o‘zidan ko‘ra, yoshini hurmat qilishar, allaqanday tushuniksiz, qachonlardir bo‘lgan-bo‘lmagani noma’lum voqealar haqidagi hikoyalarini sabr-toqat bilan eshitishar, eski-yangi pul aralash qaytim qaytarganida indamay olishar, Sojida-Jamilaga o‘xshaganlar kampir yig‘laganda qo‘shilishib yig‘lashar, boshqa odamga, ya’ni necha yillardan buyon kampirning xotirasidagina yashayotgan, hozirda bor-yo‘qliklari ma’lum bo‘lmagan odamlarga evrilganlaridan og‘rinishmas, lekin hech qachon nasiyaga choy ham, qahva ham olishmasdi. Mobodo nasiyaga choy yoki qahva so‘raguday bo‘lishsa, ular qanchalik qadrdon bo‘lib qolganlariga qaramasdan, kampir bunga aslo rozi bo‘lmasligini juda yaxshi bilishardi.
– Xafa bo‘lmang, singlim, mijozim bo‘lsangiz ham nasiyaga berolmayman. Uyda uchta bolam ochdan och o‘tirishibdi! Men ularni mana shu choychaqa bilan boqishimni bila turib, nasiyaga so‘ragani uyalmaysizmi?! – deya bobillab berardi kampir nasiya so‘rovchining ko‘ziga tik qarab.
Ba’zida u birdan bozordan g‘oyib bo‘lib qolar, oradan uch-to‘rt soatlar o‘tgach, goh mahzun tortgan, gohida yig‘lab, ko‘zlari qizargan holda yana paydo bo‘lardi.
– Xolidaning ahvolidan xabar olgani bordim, – derdi u doimiy hamsuhbati Sojida-Jamilaning oldiga kelib. – Bechora bir ahvolda yotibdi... Achinib ketdim... O’lib qolsa, bolalarining ahvoli nima bo‘ladi?..
Kunlarning birida esa...
– Xolida sho‘rlik olamdan o‘tibdi! – degan xabar bilan keldi yuragi yorilguday bo‘lib. – E Xudoyim!.. Endi nima bo‘ladi? – Keyin birdan qoni qaynab ketdi: – Hammasiga eri Shokir piyonista aybdor! Uni sud qilish kerak! Osish kerak uni!
Bozorda yangi paydo bo‘lgan kishilar dastlabki kunlar choy sotib tirikchilik qiladigan kampirning bip-binoyiday usti-boshiyu xorijiy arava va termoslariga qarab turib hayron bo‘lishadi, bu nomutanosiblikning tagiga yetganlaridan keyingina kampirga ham, uning almoyi-aljoyi gaplariga ham ortiqcha e’tibor bermay qo‘yishadi.
Ammo bu yerdagilarning hammasi ham go‘yo o‘tmishdan tushib qolganday kechgacha bozorda tentirab yuradigan, hech kim mushugini pisht demasa-da, mudom pattachilardan o‘zini olib qochishga urinadigan, bozor mutasaddilari u bilan xushmuomalada bo‘lishsa ham negadir ulardan norozi bo‘lib, bir nimalar deb qarg‘anib yuradigan, allaqanday tushuniksiz, qachonlardir bo‘lgan-bo‘lmagani noma’lum voqealar haqida gapiraverib charchamaydigan kampirni hurmat qiladi deb bo‘lmasdi. Uni yoqtirmaydiganlar – ayniqsa ovozini uzoqdan eshitishi bilan asabi bu-zilib ketadiganlar, ko‘zini shamg‘alat qilib, ustidan kuladiganlar, ortidan tosh otadiganlar ham talaygina edi.
– Zarilga zaril, anavi shumkampirga nima zaril ekan, jonini buncha qiynab?! Uyida mazza qi-lib o‘tirmaydimi?! Agar mening o‘g‘lim amaldor bo‘lganidami!
Hali aytganimizday, kampir bunday ivir-shivirlarni hadeganda eshitavermaydi, ammo eshitib qolsa bormi, hech kimni ayab o‘tirmaydi. Uning tili zahar edi:
– Ha, og‘zingdan qoning kelgur! Men bilan nima ishing bor?! Nima, bozor sening mahringga tushganmi yoki uni Narimon boyvachchadan sotib olganmisan?!
Gap otgan odam vazminroq bo‘lsa yaxshi, kampir ko‘p shang‘illamaydi, aytadiganini aytadi-da, aravachasini sudragancha yo‘lida davom etaveradi. Lekin raqib asabiyroq, janjalni pulga sotib oladiganlar toifasidan bo‘lsa bormi, bozorga o‘t ketdi deyvering.
– Nimalar deb valdirayapsiz? Narimon boyvachcha deganlari kim o‘zi? Bozorkom Sodiq boyvachcha-ku! Siz qaysi zamonda yashayotganingizni bilasizmi o‘zi?!
Janjalkashning shu uch og‘iz gapi yetarli, kampir birdan quturib ketadi:
– Hoy, manjalaqi, nima, meni esdan og‘ib qolgan deyapsanmi?! Bozorning xo‘jayini Narimon boyvachcha ekanligini bilmasang, yur, o‘zim ko‘rsatib qo‘yaman!
Kampir aravachasini uloqtirib yuboradiyu, janjalkash tomon xezlanadi.
Allakimlar hay-haylashib, ularni ajratib qo‘yishsa olam guliston, bir zumda ko‘zlari qonga to‘lgan kampir hansiray-hansiray nari ketadi. Aks holda u yiqilib qolguncha, erkak-ayol demasdan yoqasiga chang solib, ayyuhannos ko‘tarishi turgan gap. Allakimlar bozor ma’muriyatiga kampirning ustidan shikoyat ham qilishadi, lekin u yerdagilar negadir ming‘irlashdan nariga o‘tishmaydi. Kampirning tanobini tortib qo‘yish eslariga ham kelmaydi. Qay bir yili esa... he yo‘q, be yo‘q, bozor ma’muriyati kampirga bemalol o‘tirib savdo qilishi uchun barcha sharoitlari muhayyo bo‘lgan uycha sovg‘a qildi. Ammo kampir uychada bir soat ham o‘tirib savdo qilmadi.
Shuning uchun ham bozordagilarning ko‘pchiligi kampirdan bezib qolishgan. Ayrimlarning uni ko‘rgani ko‘zi yo‘q. Ba’zilar undan ochiqdan ochiq nafratlanishadi.
– Tur, yo‘qol, esi past kampir! Kim seni chaqirdi bu yerga?! – deb haydashadi ular tap tortmasdan.
Ammo kampir ham indamay ketadiganlar xilidan emas.
– Og‘zingdan qoning kelgur, nega meni haydab solyapsan?! Nima, senga xalaqit beryapmanmi? Yo oldingdagi oshni olib qo‘ydimmi?!
Shunday kezlarda qaerdan bo‘lsa ham yetib kelgan Sojida-Jamila kampirning joniga oro kirar, uni bu yerdan uzoqroqqa olib ketardi.
Bir kuni bozordagilar – aftidan ular yangi sotuvchilar edi – kampirni rosa mayna qilishdi. Chunki u bir zamonlar zolim podshoh zulmidan qochib, g‘orga berkingan hamda Tangrining amri bilan uyquga ketgan va uch yuz yildan keyin uyg‘onib, bozorga chiqqan sadoqatli va dunyobexabar yigitlarga o‘xshab, allaqachon muomaladan chiqqan eski pullar bilan savdo qilayotgandi-da.
– Daqqiyunusdan qolgan pullarni boshimizga uramizmi?! Bu kampirning tomi ketib qolgan. Uni allaqachon jinnixonaga topshirib yuborish kerak edi!
Kampirning g‘azabi qaynab ketdi. Toji yulib olingan xo‘rozday jahd bilan olishuvga shaylandi. Lekin “...jinnixona” degan so‘zni eshitib beixtiyor qaltirab ketdi va shashtidan tushdi.
– Bu odamlar aqldan ozib qopti... – deya g‘udrandi u yo‘lda ketib borarkan.
Keyin ajablangancha Sojida-Jamilaning oldiga bordi.
Sojida-Jamilagina kampirning qalbiga yo‘l topa oladi, u pul almashganini aytganidan keyin kampir bir nimalarni fahmlaganday bo‘lib:
– E-ha, gap bu yoqda ekan-da, – deb qo‘ydi. – Men dunyobexabar...
Kampir jimib qoldi.
Lekin zum o‘tmay Sojida-Jamilani savolga tutdi:
– Pul qachon almashdi o‘zi?
Bunday kezlarda nima deyishni yaxshi biladigan Sojida-Jamila shu zahoti javob berdi:
– Kuni kecha.
– Ha, shunaqa deng.
Kampir bir zum o‘ylanib turdi, so‘ng afsuslanib:
– Kecha televizor ko‘rsam bo‘larkan... – deb qo‘ydi.
Sojida-Jamila indamadi.
Kampir yana bir zum o‘ylanib turdi-da, so‘ng:
– Hozirgi odamlarning shunchalik qahri qattiq-ki, bu ahvolda yigirma yildan keyin nima bo‘larkin?.. Bilmadim... – dedi asta o‘ziga o‘zi gapirganday.
Sojida-Jamila iztirob ichida:
– Allaqachon yigirma yil o‘tib bo‘lgan-u... – deya shivirladi.
Kampir o‘rtog‘ining gapini anglamadi.
– Keling, bir pas dam olvoling, – Sojida-Jamila kampirning halidan buyon qarshisida tik turganiga ahamiyat bermaganidan xijolat tortib, unga joy beradi.
Shunda kampir birdan o‘ziga kelib deydi:
– Voy, bezovta bo‘lmang, o‘rgulay. O’zingiz bemalol o‘tiravering joyingizda. Men qarib boryapmanmi? Endi ellikning boshini tutgan odamga bu yurishlar nima!
Ba’zida, dardlashadigan mijozlari bozorda ko‘rinmay qolsa yoki tayinli bir ish topolmagan kunlari kampir zerikkanidan odamlarning asabiga tegib, kechgacha bozorda behudaga izg‘ir, hech yerda to‘xtamas, aravasini shaldiratib sudragancha go‘yo bir narsani qidirayotganday rastalar orasida aylanib yuraveradi, yuraveradi; savdo tig‘iz paytlari olomon uni u yoqdan-bu yoqqa surib tashlar, birovlar atay turtib o‘tar, lekin kampir hech narsani sezmas, ko‘zi ko‘r, qulog‘i kar, o‘z maromida davom etayotgan hayotni his qilmas, qaerdadir uzoqda, hammadan, hamma narsadan uzilib qolganday, gangiragancha kezib yuraveradi; gohida esa duch kelgan odamning ishiga bur-nini tiqar, suhbatlariga aralashar, oralarida gap qochganidan keyin xuddi bu yerdagilar uni bozordan siqib chiqarishga urinayotganday tuyulib, qattiq jahli chiqib ketar, keyin xato ustiga xato qilib qo‘yar, ongini qurshagan zulmat pardasiga tobora chuqurroq kirib borardi... oqibat shu darajaga yetadiki, hech kim kampirni eplay olmay qoladi; kampir o‘tmishda hech qachon jur’at qila olmagan ishni qilar, isyon ko‘tarar, nihoyat qidirib yurgan odamini topganday, o‘zi itdan ham battar yomon ko‘radigan birorta pattachining yuziga boplab tupurar, yillar davomida o‘zini ezib tashlagan olamjahon be’mani so‘zlar uyumini yuragidan itqitib tashlardi. Bunday kezlarda uning telbadan farqi qolmasdi.
Shunda kimdir kampirning uyiga xabar beradi shekilli, o‘n daqiqa o‘tar-o‘tmas yetib kelgan “jip”dan ikkita barvasta yigit tushadiyu jazavasi qo‘zib, ayyuhannos ko‘tarayotgan kampirni avaylab ikki qo‘ltig‘idan olishib, bozordan chiqib ketishadi...
Yo‘q, u telba emasdi. Uning xotirasi inqirozga uchragan, necha yillardan buyon ko‘rlik dunyosidan ham battarroq bir zulmat ichida, olamdagi o‘zgarishlardan bexabar, na kechaning, na bugunning farqiga bormasdan, yolg‘iz, hattoki yolg‘izdan yolg‘iz, hududsiz zulmat ichida yashardi. Ong-shuurida hayotining faqat eng og‘ir damlari – yigirma yil muqaddam, bozorda choy sotib tirikchilik o‘tkazgan davri – xuddi halokatga uchragan vaqtning bir parchasiday qotib qolgan; yoshi bir yerga borgan, ro‘zg‘orning barcha tashvishlaridan qutilgan bo‘lsa-da, hamon ilgariday, ya’ni oilaning butun tashvishlari o‘z gardanida bo‘lgan vaqtlardagiday kuyib-pishib yurar, holdan toyib yotib qolguncha bozordan beri kelmas, lekin hech qachon birovning moliga ko‘z olaytirmas, o‘zi o‘qimagan va ongiga sig‘dira olmagan sonmingta dunyoviy qonunlardan faqat bittasini – “Halol yasha”, deganini juda qattiq ushlab olgan, xuddi bitta to‘g‘ri chiziq bo‘ylab tinimsiz borib-kelayotganday yashar, kelajak esa... nazarida juda uzoqda, hech yetib bo‘lmaydiganday tuyulardi; jismi kundan kun qurib-qovjirab borar, go‘yo tiriklayin murdaga aylangandi, ammo bir kun bozorga chiqmasa farzandlari och qoladiganday mudom qo‘rqib yashardi, vaholanki o‘zi qo‘rqqan dahshatli narsa allaqachon yuz berganini, u bozorda yurganida uyi yonib ketganini, qizi bilan kichik o‘g‘li olov ichida qolib nobud bo‘lganini, faqat bir o‘g‘li omon qolganini, dugonasi Xolida piyonista erining kaltagidan keyin o‘nglana olmay, jinnixonada yotganini, qo‘shnilari uning bolalarini yetimxonaga topshirib yuborishganini eslay olmasdi...
Xullas, kampirning xotirasida na o‘tmish bor, na kelajak.... faqat bugunni – bir lahzalik umrni yashab qolish bilan cheklanardi.
Gohida esa beixtiyor eski uyiga borib qoladi.
Yonib ketgan hovli qayta ta’mirlangan, lekin endi bu yerda begonadan begona kishilar yashaydi, ular kampirga yaxshi muomala qilishadi, go‘yo muruvvat ko‘rsatayotganday unga uy ichiga kirishga ruxsat ham berishadi. Kampir nega bu yerga kelganini, nima majbur qilganini sezmagan, anglamagan holda xonalarni bir-bir aylanadi, har bir xonaning har bir burchagi kampirning xotiralarini o‘zida saqlaydi, zero xotiralar yonmaydi, ammo bu xonalar kampirning o‘zi singari qizg‘anchiq, xotiralarni unga bermaydi, biroq u ketayotganida ortidan mung‘ayib qarab qolishadi...
Kampir yana xotiralarining siniq parchalari sochilib yotgan bozorga qaytadi.
– Yerning qoq qirrasida turganga o‘xshayman, – deydi u o‘ychanlik bilan shu kuni Sojida-Jamilaga. – Yerning qoq qirrasida. Pastga enkaysam tamom... hammasi tugaydigandek... Nega bunday, bilmayman.. O’lay agar bilmayman. Senda bunaqa bo‘lmaydimi sira?
Sojida-Jamila mahzun bosh chayqaydi.
Kampir mushtini iyagiga tiragancha jim qoladi. Shu turishida u naq qari qarg‘aning o‘zginasi edi.
Allakim, bu sotuvchimi yoki xaridorlardan, noma’lum, – o‘tib ketayotib tasodifan kampirni turtib yuboradi, keyin shosha-pisha uzr so‘raydi, ammo allaqachon g‘isht qolipdan ko‘chgandi, kampirning chatnab turgan asablari o‘t tushgan quruq giyohdek birdan pov etadi...
* * *
Tinchlantiruvchi ukoldan keyin kampir odatdagiday uch-to‘rt soat dong qotib uxladi. So‘ng hech narsa bo‘lmaganday, tiniqib uyg‘ondi. Uyg‘ondiyu soatga qaradi, keyin shosha-pisha o‘rnidan turdi.
– O’lsin... Uxlab qopman...
Kampir g‘udrangancha dahlizga chiqdi.
Bu yerda unga o‘ttiz yoshlardagi juvon peshvoz chiqdi.
– Yaxshi yotib turdingizmi, oyijon?
– Rosa uxlabman-da o‘ziyam, – dedi kampir unga javoban. – Sal vaqtliroq uyg‘otsang bo‘lmasmidi?
– Yaxshilab dam olvoling dedim-da...
– Dam olmasam go‘rga, darrov termosga choy damla.
– Oyi, kech bo‘lib qoldi...
– Kechki bozorga chiqaman.
– Oyi... iltimos, buguncha chiqmay qo‘ya qoling.
– Nega chiqmayman? Oyog‘imni uzatib uyda yotsam, tirikchilik nima bo‘ladi?
– Ertaga chiqa qolasiz. Hali Roziya opoqi aytdi, bugun bozor vaqtli tugabdi. Qandaydir tekshiruvchilar kelarmishmi...
Kampir birdan hushyor tortdi.
– Tekshiruvchilar?
– Ha.
Kampir o‘ylanib qoldi.
– Roziya bejiz xabar bermagan. Yaxshisi chiqmay qo‘ya qolay. Senam uyingga keta qol, Manzura. Qaynonangdan baloga qolma tag‘in.
– Qaynonamning zug‘umidan qochib kelib siznikida yashab yuribman-ku, qayoqqa boraman?
– Ha, aytgancha... xayolimdan ko‘tarilibdi... Qaynonang o‘lmadi, sen qutulmading.
– Ovqat tayyor, suzaveraymi?
– Noila bilan Akbar qani? Farrux hali maktabdan kelmadimi?
– Ular oshxonada, sizni kutib o‘tirishibdi.
– Menam hozir boraman.
Kampir hovliga chiqdi.
Naqshinkor panjarali, marmar zinalardan bir-bir bosib tusharkan, atrofga hayrat bilan boqdi.
Hovli juda hashamatli edi.
Ammo kampir hech qachon bu yerda o‘zini o‘z uyida yashayotganday his qilmasdi. Bu uydagi yarqiroq hayot uning ko‘zlarini qamashtirar, go‘yo kelajakka sayyohat qilganday, ba’zida yoqimli tush ko‘rayotganday bo‘lardi xolos. “Qachon o‘z boshimga uy bitadiyu, bu yerdan tezroq daf bo‘larkinman?..” – deb qo‘yardi u gohida siqilib ketganidan. O’zining bunday hashamat ichida yashayotganining sababini gohida bozorkom Narimon boyvachchaning iltifoti sifatida qabul qilardi, gohida esa ijarada turibman, deb o‘ylardi.
Atrofidagi narsalarga tikilib o‘tirib kampir gohida birdan o‘zini ko‘lankalar vodiysida yurganday his qilar, g‘alati kayfiyat chulg‘ab olar, hayotining og‘ir damlarini qayta va yana qayta yashayotganday allanimalar tanish tuyular, lekin mavjud olam bilan o‘zi o‘rtasida qandaydir o‘tib bo‘lmas to‘siq borday, to‘siq osha nazar tashlashga nimadir izn bermayotganday, allaqanday sharpalar ko‘z oldidan birma-bir o‘tishga shaylanib turganday bo‘lar, yuragi sanchib ketar, o‘zini chuqurga tushib ketganday his qilar, mudom g‘uvillagan shamol esib turadigan chuqur... kampir chuqur devorlariga tirmashib, yuqoriga chiqishga urinar, ammo g‘uvillagan shamol ovoziga qo‘-shib, urinishlarini ham allaqayoqlarga olib ketar, kampir esa chuqurda tinim bilmay aylanaveradi, aylanaveradi, xuddi bozorni aylanganday, lekin ko‘p o‘tmay ertangi tirikchilik haqida o‘ylab darrov o‘zini alahsitar, ammo nima uchun bezovta bo‘lganidan sira ham tashvishlanmas, qo‘rquvga tushmas, qalbi dahshatli yong‘indan keyin qurib-qaqshab yotgan qo‘rg‘onday yana huvillab qolardi. Kim bilsin, ehtimol u ozgina bo‘lsa ham qo‘rqqanida, sergak tortganida, hayotga qaytarmidi, lekin u qo‘rqmasdi, taajjublanmasdi, hatto o‘ylab ham ko‘rmasdi, – xuddi yerga urug‘ sochib qo‘ygan-u, lekin keyin hammasini unutgan dehqonday, – aftidan shuning uchun ham tobora zulmat qo‘yniga kirib borardi...
Yarim soatlardan keyin kampir namxush yuzini silagancha oshxonaga kirib keldi.
– Ura, buvim keldilar!
Sakkiz yoshlardagi bolakay yugurib kelib kampirni quchoqlab oldi.
– Buvi, deysanmi, Farrux? Qachon aqling kiradi sening? – kampir yengilgina tanbeh berdi bolakayga.
Keyin birin-ketin salom bergan qizcha bilan yigitchaga qarab:
– Noila, bugun yopgan noning tandirdan tushib qolmadimi? – deb so‘radi.
– Yo‘q, mana, ko‘ring, bugun juda chiroyli non yopdim... o-oyijon... – qizcha ko‘zlari javdiragancha bir juft nonni uzatdi.
– Ha, yaxshi, ancha qo‘ling kep qopti. Endi bozorda shoshilmasdan, xotirjam yursam bo‘larkan. Sen-chi, Akbar, Samadning do‘konidan un olib keldingmi?
– Ha, olib keldim, – deb javob berdi Akbar chetga qaragancha.
– Durust...
Shundan keyingina kampir nabiralari, e, farzandlari bilan o‘tirib ovqatlandi. Keyin bolalar televizor ko‘rishdi. Televizorning ekrani juda katta, uydagi boshqa jihozlar kabi juda hashamatli va noyob edi.
Kampir yumshoq divanning chekkasida hashamatu boylik ichra bir siqimgina bo‘lib o‘tirarkan... yana o‘zini begona uyga kirib qolganday va qorong‘ida – bir vaqtlar orzu qilgan, lekin yetisha olmagan notanish buyumlar ichida turtinib-surtinib yurganday his qilgancha ertangi bozor va tirikchilik haqida o‘ylardi: “Manzura endi qaynonasinikiga ketmaydigan bo‘lsa, undan foydalansam nima bo‘pti? U har kuni somsa yopib beraveradi, men choy va qahvaga qo‘shib sotaveraman. Axir endi oilamiz ancha kattaydi, uniyam boqishim kerak-ku! Lekin uni bozorga yo‘latmayman!”
Tong otmasdan kampir yana bozorga otlandi.
– Oyi, endi shu ishni bas qila qoling, iltimos.
Qirqlarga borgan, bashang, uyda ham galstuk taqib yurishni unutmaydigan, basavlat yigit engashib shoshilgancha termoslarini aravaga yuklayotgan kampirning oldiga keldi.
– Meni oyi dema, deb necha marta aytganman, Davron! Baribir o‘g‘lim bo‘lolmaysan, – kampir ishidan bosh ko‘tarmay javob berdi. – Yaxshisi uy top. Qachongacha onang jiyanim bechorani xo‘rlaydi, azoblaydi!
– Yaxshisi siz dam oling, oyi! Agar xohlasangiz, shu bugunoq sanatoriyga yuboraman.
Kampir o‘z mashg‘ulotidan bir lahza ham chalg‘imagan holda to‘ng javob berdi:
– Men hali oyog‘imni uzatib, dam oladigan kunlarga yetganim yo‘q.
– Yetgansiz, oyi. Yetgansiz! – baqirib yubordi yigit iztirob ichida.
Kampir ilkis boshini ko‘tardi. Nigohlari qattiq, lekin ma’nisiz edi.
– Menga baqirma! – dedi u keskin ohangda. – Men odamlarning kaltagini yeyish, haqoratlarini eshitish uchun tug‘ilmaganman!
– Oyi!.. – Yigitning yuzi qorayib ketdi.
– Aql o‘rgataverib toza jonimga tegib ketding. Yaxshisi xotiningni olib uyimdan chiqib ket! Qachongacha senlar uchun ham ijara puli to‘layman?!
Kampir shunday dedi-da, aravasini sudragancha ko‘cha eshik tomon yo‘l oldi.
Yigit bir zum o‘ylanib turdi, so‘ng ikki hatlashda kampirni quvib yetdi va uni dast ko‘targancha xonaga olib kirdi-da, eshikni qulfladi.
– Eshikni och! Och deyapman! – eshikni mushtlagancha baqirdi kampir. – Agar hoziroq ochmasang, Narimon boyvachchaga aytib, urug‘ingni quritib yuboraman hammangning! Och! Och, deyapman!
Kampir qo‘liga ilingan narsani eshikka ura boshladi.
Yigit quloqlarini bekitgancha, eshikka suyanib turar, ko‘zlari jiqqa yosh edi.
– Qo‘ying, uni qiynamang, – dedi xotini yaqin kelib. – Oyim shu holicha yashasagina o‘zini yaxshi his qiladilar.
– O’ylab gapiryapsanmi?
– Xotirasi o‘ziga qaytsa, nima bo‘ladi, bilasizmi?
– ...
– Noila bilan Anvar qani, deb so‘rasalar, nima deb javob berasiz? Ularni topib berolasizmi?
– O’chir!
Juvon jim bo‘ldi.
– Jonimdan to‘yib ketdim! – shivirladi yigit asabiy tarzda. – Bozordagilarning shikoyatidan jonim hiqildog‘imga keldi! Qachongacha ularning oldida tilim qisiq, iltimoslariga yo‘q deyolmay yashayman?!
– Nachora... Lekin...
– Bir hafta uy qamog‘ida o‘tirsalar, bozorni eslaridan chiqarib yuboradilar. Bor, sen ishingdan qolma.
– Eslaridan chiqarmaydilar, kasal bo‘lib qoladilar!
– Nima bo‘lsa bo‘lar!
Xotin nari ketdi.
Yigit ichkariga quloq tutdi. Kampir birdan jimib qolganidan xavotirlandi.
– Oyi...
Ichkaridan javob bo‘lmadi.
Yigit bir zum ikkilanib turdi, so‘ng asta eshikni ochdi. Devorga qapishib turgan kampir shu zahoti o‘zini eshikka urdi.
Kampirning bunday shumliklariga o‘rganib qolgan yigit ham bo‘sh kelmadi, eshikni yopib, qulflashga ulgurdi.
– Meni qo‘yib yubor! Qo‘yib yubor! – jazava ichida qichqirdi kampir o‘g‘liga yopishib. – Agar hoziroq qo‘yib yubormasang, bolalarimning uvoliga qolasan!
– ...
– Agar eshikni ochmasang, o‘zimni derazadan tashlayman, – kampir deraza tomon yurdi.
– Bilganingizni qiling.
Yigit paytdan foydalanib o‘zini tashqariga oldi.
Yana eshik qulflandi.
Zum o‘tmay kampir shunday ayyuhannos ko‘tardiki, ancha-muncha odamning asablari dosh berishi qiyin edi. Ammo yigit chidadi, stol qirrasini mahkam ushlagancha, bir nuqtaga tikilib turaverdi.
– Akbar! Meni qutqar, bolajonim! Ular meni o‘ldirib qo‘yishadi! – qichqirdi kampir eshikni mushtlab. – Meni qutqar, Akbar! Noila, qaerdasan, Noila?!. Ular meni o‘ldirib qo‘yishadi... Tiriklay ko‘mib yuborishadi... Onangdan ayrilding, bolam...
Bir chekkada turgan juvon chiday olmay eshikka yaqin keldi.
– Agar eshikni ochsang... – yigitning ko‘zlari tahdidli boqdi.
– Qanaqa odamsiz... Axir bunaqada...
Yigit jahl bilan xotinining ustiga bostirib keldi. Juvon qo‘rqqanidan g‘ujanak bo‘lib oldi. Lekin zum o‘tmay qaddini tiklab, eriga lablarini qimtigancha qahr bilan qattiq tikildi.
Yigit unga qo‘l ko‘tarmadi. Ammo...
– Menimcha oyimni haddan ortiq erkalatib yubordim. Ko‘ngillariga qarayverganim uchun ham o‘g‘lim bor ekan, nimaiki qilmayin odamlar ko‘taraveradi, degan fikrga kelib qolganlar. Yetar, shuncha vaqt odamlarga masxara bo‘lganlari!
Juvon erini birinchi marta ko‘rib turganday hayrat bilan boqdi.
Keyin:
– Shu gaplarni siz gapiryapsizmi, – deya e’tiroz bildirdi. – Qanaqasiga... oyim sizni o‘g‘lim deydi? Axir u kishi sizni tanimaydilar-ku!
– Yo‘q, – keskin bosh chayqadi yigit. – Odam aqldan ozgan taqdirdayam bunchalikka bormasligi kerak. Axir onamni qancha davolatdim. Vaqt va tibbiyot harakatga keltira olmaydigan xotira bo‘lmasligi kerak!
– Bo‘lishi mumkin...
– Menimcha oyim atay qiladilar... O’z kasaliga bog‘lanib qolganlar.
– Yo tangrim, – deb yubordi juvon beixtiyor.
– Axir qachongacha, ona o‘z o‘g‘lini tanimaydi? – dedi yigit kutilmaganda yig‘lamsirab. – Axir qachongacha... Qachongacha... o‘tmish bizni ta’qib qiladi?!. Axir hayot bir odamga shunchalik ham azob beradimi?! Kecha yo‘q... Erta yo‘q... Faqat bugun bilan odam qanday yashaydi? Bugun ko‘rib turganlariga qarab qanday xulosa chiqaradi? Axir qachongacha xuddi aktyorlarday o‘z uyimizda rol o‘ynaymiz?! Men Akbarman, lekin Davron degan yigitning rolida chiqishim kerak har kuni, har soniyada sahnaga! Bu azob-ku, azob! Bu ahvolda qanday yashaydi odam?! – yigit devorni mushtladi. Uning yuzi qorday oqarib ketgandi.
– Oyim yashayaptilar-ku...
– Men yashay olmayapman! Men! Men! – yigit boshiga mushtlay boshladi.
Juvon yugurib borib stakanda suyuqlik olib keldi.
– Ichib oling. Tinchlanasiz...
Yigit stakanni bir ko‘tarishda bo‘shatdi. Zum o‘tmay u sal o‘ziga keldi.
Biroq...
Kampir endi dod solishga o‘tdi.
– Hoy odamlar, yordam beringlar! Sizlarda insof bormi o‘zi?! Bir bechora ayolni xo‘rlayotgan zolimdan shunchalik ham qo‘rqasizlarmi?! – kampir ko‘cha tomondagi derazaga tirmashar, uni ochmoqchi bo‘lar, alhol ochardi ham, lekin... endi temir panjaraga urilgan barmoqlari zirillab ketardi, biroq kampir bunga parvo qilmas, u joni og‘riyotganini sezmasdi. – Bir bechoraga yordam beradigan mard bormi bu dunyoda?! Zolimlarning dastidan kuyib ado bo‘ldim-ku...
Eshik baribir ochilmadi.
Kampir ezilib yig‘lay boshladi...
* * *
Kampir kasal bo‘lib qoldi. Uy qamog‘i uning asablariga yomon ta’sir qilardi. U o‘zini eshik-derazalarga ura-ura, nihoyatda holdan toygan, aft-angoriga qarab bo‘lmasdi. Qo‘llari shilingan, yuzi, peshonasi momataloq bo‘lgan...
Endi u o‘zini u yoq-bu yoqqa urmasdi, faqat deraza oldiga borib qo‘llarini ikki yoniga kergancha daraxtga aylanardi.
– Qarg‘a... Qarg‘a... Kel, shoxlarimga qo‘nsang-chi, – kampir o‘zini ulkan daraxtday his qilardi. – Kela qol. Nega jim turib qolding? Kel, kela qol... Lekin bilib qo‘y, boshimga qo‘nmaysan!
Kampir xiyol egildi, go‘yo shoxlarini pasaytirdi. Ammo kutilmaganda... qarg‘a uning shoxlariga emas, miyasiga kirib oldi.
– Ha, yaramas! Yana eski joyingni topib oldingmi? Kisht! Kisht... Obbo, yana qag‘illashni boshladi! Mana bu yerimda qarg‘a qag‘illayapti, – ko‘rsatkich barmog‘ini chekkasida aylantirib, g‘udrangancha uy ichida yura boshladi kampir. – Qarg‘a... Qarg‘a... Yo‘q, men qarg‘aman... Men qarg‘a... Xuddi ertayu kech daraxtda qimir etmay o‘tiradigan qarg‘a... O’zicha hammaga kerakman, deb o‘ylaydi. Aslida hammaning joniga tegib ketgan! He, noshud... Namuncha qag‘illaysan?! Bunaqada miyamni teshib qo‘yasan-ku!
Kampir o‘rnidan turolmay, yotib qolganidan keyin eshik ochildi. Juvon unga g‘amxo‘rlik qila boshladi.
Ammo kampir hadeganda o‘ziga kelavermagach, do‘xtir chaqirishdi.
Uni ko‘rdiyu kampir yana shaytonlay boshladi:
– Voy-dod! Anavi alvasti sochimni olgani keldi. Kiyimlarimni yechib, kalta xalat-ishton kiydiradi. Meni yashirib qo‘yinglar! U meni opketib qoladi! Tezroq yashir meni, bekit. Ko‘zga ko‘rinmaydigan yerga bekit! Qariganda sharmanda bo‘lmayin... – kampir yostiq bilan boshini bekitdi.
– Oyi... – yigit onasiga yaqin keldi.
Kampir kutilmaganda irg‘ib o‘rnidan turdiyu xona ichida chir aylanib qocha boshladi, hech kim – na doktor, na... yig‘lamoqdan beri turgan o‘g‘il uni tutishga jazm etishdi.
Ammo kampir baribir xonani gir aylanib yuguraverdi, yuguraverdi. To holdan toyib qolguncha... va uzun ko‘ylagining etaklariga o‘ralib yiqilib tushmaguncha...
– Iltimos, meni kasalxonaga opketmang, – deya yalina boshladi u yerda cho‘zilib yotgancha do‘xtirga qarab, ko‘zlari qopqonga tushishdan xavfsirayotgan jonivorning ko‘zlariday taka-puka edi. – Men jinni emasman. Aqlim joyida. Lekin Xolidaning ahvoli og‘ir. Siz o‘shani oldiga boring. Uni davolash kerak...
– Mayli, Xolidaning ahvolidan xabar olaman, – dedi do‘xtir necha marta aytgan so‘zlarini yana takrorlarkan. – Yo‘l-yo‘lakay Qodir aravakashniyam ko‘rib o‘taman.
– Baraka toping, iloyim...
– Lekin avval sizga...
– Yo‘q! Yo‘q! – doktorning qo‘lidagi shpritsga ko‘zi tushgan kampir tipirchilay boshladi.
– Oyi! – yigit kampirning bilaklaridan mahkam tutdi.
Kampirning yuzi ayanchli burishib ketganini ko‘rgan juvon uni quchoqlab oldi. Keyin eriga yovqarash qilib dedi:
– Joni og‘rib ketdi axir!
Yigit ichida qattiq o‘kindi, qo‘lini sal bo‘shatdi, lekin gap ohangini o‘zgartirmadi:
– Agar hoziroq ukol olishga rozi bo‘lmasangiz, o‘zim kasalxonaga oborib tashlayman! Tushundingizmi, oyi?! – yigitning iztirob to‘la nigohlari onasining ma’nosiz nigohlariga qadaldi.
Bir lahza... atigi bir lahza kampir ko‘lankalar vodiysidan qaytganday bo‘ldi, hozirgi ahvolidan uyalganday o‘g‘liga xijolatli nazar tashladi. So‘ng...
– Ukol olsam, obormaysanmi? – dedi boyagiday yalinchoq ohangda.
– Yo‘q.
– Aldayapsan! – kampir qattiq siltanib qo‘lini tortib olishga urindi.
– Oyi! – yigitning nafaqat ko‘zlaridan, balki badanidagi har bir mo‘yidan uchqun sachrab ketganday bo‘ldi. – Oyi, hammamizni qiynab yubordingiz-ku! Bo‘ldi-da endi! Sizning dastingizdan qachongacha yuzim shuvit bo‘ladi?!
Kampir birdan g‘alati bo‘lib ketdi. Hatto tok urganday seskanib tushdi.
– Qiynab yubordim?.. – takrorladi u yigitga qarab. – Nega?... Sizlarni qiynab yubordimmi?.. Axir men ertayu kech... bozorda yursam... ishlab... pul topib... O’ylovdimki... hech kimga og‘irligim tushmaydi... Yo o‘zim sezmagan holda yuzingizni shuvit qilib qo‘ydimmi?.. Lekin nega...
– Bas qiling, oyi! Bas qiling. Siz topgan pullarning keragi yo‘q! Eshityapsizmi, keragi yo‘q! Mog‘or bosgan pullaringiz ana, hamyoningizda turibdi allaqachonlardan beri...
– Nega?.. – kampir ajablandi. – Yana pul almashdimi?
– Oyi! Agar hoziroq bas qilmasangiz... o‘zimni bir balo qilib qo‘yaman!
Kampir qo‘rqib ketdi. Qarshisidagi yigitga qo‘rqinch ichida bir necha soniya tikilib turdi. Nimadir o‘z maromidan chetga oqqanidan yigitning qattiq jahli chiqayotganini ilg‘aganday bo‘ldi, ammo nima? Kampir zo‘r berib o‘ylamoqchi bo‘ldi, lekin hech narsani anglay olmayotganidan qiynalib, yuragi siqilib ketdi.
Keyin hiqqillab yig‘lagancha:
– Akbar... Noila... Farrux... – deya bolalarini yo‘qlay boshladi.
– Oyi! Ular sizning nabiralaringiz! Nega tushunmaysiz?
– Nabiralarim?! – kampirning ko‘zlari chaqchaydi. – Nabiralarim... – deya takrorladi keyin. – Mening bolalarim qani unda? Akbar... Noila...
– Oyi!
Yigit butunlay o‘zini yo‘qotib qo‘ydi, u nima qilayotganini bilmas, o‘zini butunlay jahlning ixtiyoriga topshirgan, hadeb kampirni siltalar, bir nimalar deb baqirardi.
Juvon chidab turolmadi, erini itarib yubordiyu jon holatda kampirga yopishib oldi.
Do‘xtir shosha-pisha yana bitta shpritsni doriga to‘ldirdi.
– Oyi, oyijon, bizni kechiring, – dedi juvon kampirni quchoqlab. – Bizni kechiring... Bizdan xafa bo‘lmang...
– U xafa bo‘lmaydi, – dedi yigit xirqiroq ovozda. – Xafa bo‘lishni bilmaydiyu..
Juvon shahd bilan eriga tik qaradi:
– Oyim idrok qila olmasligi mumkin, lekin xafa qilishganda ko‘ngillari og‘riydi. Axir u kishida ham yurak bor!
– E, yurak hech qachon aql berolmas ekan! Mana, isboti... – dedi yigit to‘ng‘illab, u yana asabiylasha boshladi.
Shu chog‘ do‘xtir gapga aralashdi:
– To‘g‘ri, yurak aql bera olmaydi, ammo miya ham yurak bo‘lolmaydi.
Yigit indamadi. U deraza oldiga borib orqa o‘girdi.
Doktor kampirga yuzlandi.
– Tayyormisiz, onaxon?
O’zini hayotga bog‘lab turgan narsa chil-chil bo‘lgandek, parishon tortib qolgan kampir avval hammaga bir-bir qarab chiqdi, besaranjom, bezovta nigohlari bir muddat o‘g‘liga tikilib qoldi, keyin indamay bilagini tutdi.
Nihoyat u tinchlandi, lekin darrov uxlab qolmadi. Bir muddat qo‘llarini ko‘ksida chalishtirgancha, shiftga tikilib yotdi, so‘ng qorachiqlari sekin yonga enib, yana yigitga qadaldi va asta-sekin kipriklari jipslasha boshladi, lekin ko‘zlari butunlay yumilmadi, xuddi ko‘z qiri bilan o‘g‘liga qarab turganday qotib qoldi... Ammo yigit onasi tomonga qayrilib qaramadi.
– Akbar Turdievich, – dedi keksa doktor dorilarini sumkasiga joylarkan yigitga zimdan qarab. – Nima qilasiz, o‘zingizni ham, kampirni ham qiynab? Yaxshisi kampirni kasalxonaga yotqizish kerak.
– Yo‘q!
– Tushunmayman, nega... Nima uchun... har doim...
– Onamni bir marta kasalxonaga yotqizishgan, – javob berdi yigit. – O’shanda sochini olmoqchi bo‘lishgan... va yana... Men u vaqtlarda yosh bola edim... Shundan beri onam kasalxonadan qo‘rqadi.
– Endi... unday bo‘lmaydi. Va’da beraman...
– Yo‘q!
– Bilasizmi...
– Doktor, – so‘zni kesdi yigit. – Nega bunday, a? Nega?.. Nahotki xotirani qaytarib bo‘lmasa?
– Bu savolingizga tibbiyot nuqtai nazaridan juda ko‘p marta javob berganman, – dedi doktor. – Ammo aytilmagan bir gap qoldi.
– Xo‘sh?
– Hayot haddan tashqari chidab bo‘lmaydigan darajaga yetganida, Tangrining o‘zi bandalariga muruvvat ko‘rsatadi...
– Muruvvat?! Hali bu... muruvvatmi?! – yigitning yuziga zaharxanda va istehzoga to‘la tabbassum yugurdi.
– Telbalik ham insonni ko‘p azoblardan qutqaradi.
Yigitning yuzida azobli va istehzoli tabassum yanada bo‘rtdi:
– Avval xarob qilib, keyin...
Do‘xtir ketdi.
Yigit karavotga yaqin kelib, pishillab uxlayotgan kampirning qo‘lini qo‘liga oldi.
– Oyi... Oyijonim-a...
Tongga yaqin ko‘zi ilingan yigit bexosdan uyg‘onib karavotga qaradi. Kampir u yerda yo‘q edi.
Yigit alam bilan peshonasiga mushtladi.
Kampir shu kuni ham, ertasiga ham uyiga qaytmadi.
U g‘oyib bo‘lgandi...
Qidiruvlar natija bermadi.
Kampir yo‘qolgan xotirasi singari izsiz yo‘qolgandi...