Ajziy (taxallusi; asl ismi Saidahmad Hasanxo‘ja o‘g‘li Siddiqiy) (1864 — Samarqand — 1927) — ma’rifatparvar shoir, tarjimon. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan o‘qituvchi (1926). Samarqand, Buxoro madrasalarida o‘qigan. Arab, fors, ozarbayjon tillarini mukammal bilgan. Keyinroq rus tilini ham o‘rgangan. 1901—03 yillarda Kavkaz, bir qator Arab mamlakatlari va Rossiyaga sayohat qilgan. Jiddada ma’lum muddat rus elchixonasida tarjimon bo‘lgan. Samarqandga qaytgach, shahar yaqinidagi Halvoyi qishlog‘ida yangi usuldagi maktab ochib, o‘qituvchilik qilgan. Lev Tolstoy hikoyalarini, Krilov masallarini, Gogolning «Shinel» povestini o‘zbek va tojik tillariga tarjima qilgan (1908—10). Darslik yozib, tarjimalaridan namunalar kiritgan. Ajziy 80-yillardan she’r yoza boshlagan. «Ayn ul-adab» («Odob chashmasi», 1916), «Ganjinai hikmat» («Hikmat xazinasi», 1914) kabi she’riy to‘plamlari, «Mir’oti ibrat» («Ibrat oynasi», 1914), «Anjumani arvoh» («Arvohlar yig‘ini», 1912) dostonlari nashr qilindi. «Mir’oti ibrat»da Turkistonning o‘sha davrdagi fojiali ahvoli va undan qutulish choralari haqida bahs yuritgan. Ilm-fan, davlat, til, qonun — bularsiz hech bir millatning istiqboli yo‘q, bu to‘rt narsani qo‘lga kiritmagan millat halokatga mahkumdir, deydi. «Anjumani arvoh»da esa xonlikdagi turg‘unlik tanqid qilingan. She’rlari chuqur falsafiy mazmuni, ijtimoiy-siyosiy mushohadalari, Fuzuliy va Bedilona uslubi bilan ajralib turadi. U milliy uyg‘onish davrining barcha shoirlari singari keng ommani ma’rifatga boshlash, haq-huquqini anglatishni adabiyotning bosh mavzui deb bildi.
Ajziy 1917 yil fevral inqilobidan keyin ijtimoiy harakatda bevosita ishtirok etdi. 1918—21 yilda Viloyat Adliya komissari lavozimida ishladi. 1922 yildan yana o‘qituvchilikka qaytgan. Samarqandda o‘zbek va tojik tillaridagi «Mashrab», «Mulla Mushfiqiy» kabi hajviy jurnallarni, «Zarafshon» gazetasini chiqarishda faol ishtirok etgan. «Mayna», «Ginagina», «Shashpar», «Tir», «Gumnom», «Olmos» imzolari bilan hajviy asarlar yozgan. Ularda sho‘ro tuzumida yuz berayotgan o‘zgarishlarni xushlamaslik, kelajakdan xavotirlanish kayfiyatlari seziladi. 1903 yilda Halvoyi qishlog‘ida shoirning o‘zi qurdirgan maktab hali ham bor, hozir uning nomida.
* * *
San etma sarvati dunyodan e’tibor tama’,
Xazondan etmamali nash’ai bahor tama’.
Sadaf saxovatining har davvobi bahr edamaz,
Xasisdan kim edar duri shohvor tama’.
Bu sahna manzarasindan qaror etma umid,
Kim etdi kishtii darobdan qaror tama’.
Ko‘ngul sijanjali zangi tama’ mukaddar edar,
Soqiy bu ko‘zgu safosinadur g‘ubor tama’.
Qanoat ahlining ahvoli xalqdan mastur,
Edar razolati holingni oshkor tama’.
Asiri changali bazmi mehnat o‘lmishsan,
Nasil bu hol ila san aylagung shikor tama’?
Tama’ qopusini zinhor ochma, ey Ajziy,
Jahonda etqusi tammo’i sharmsor tama’.
* * *
Nadan jahona ayon etdi e’tibor sadaf?
Kim etdi jon guharin xalq uchun nisor sadaf.
San o‘yla tolibi boroni ilmu ma’rifat o‘l,
Chunonki tolibi naysondurur bahor sadaf.
Xizonai guhar ul, jumla xalqa ul matlub
Ki, bahra chekmadi g‘avvosi intizor sadaf.
Hamisha sofdil o‘lmoq-la ishtihor edako‘r,
Ko‘tardi o‘ylaki olamda ishtihor sadaf.
Durri maorifa ganjina ayla mag‘zi saring,
Guhar-la mag‘zsiz o‘lmakdin endi or sadaf.
Tazallum ahli tavozu’ nuqudi-lan xijil et,
Halok edanlara lo‘‘lo‘‘ edar shumor sadaf.
Raqibdan na jafo kelsa sobir o‘l, Ajziy
Kim, o‘lmadi achchi suv ichra beqaror sadaf.
* * *
Pariro‘lar parishon zulfitak xotir pareshonam,
Parishonam nadan, xotir pareshonliq-la hayronam.
Nadan ovora dashti g‘amda nolon kezdugim bilmam,
Magar Majnuni Layloi nashoti bazmi irfonam.
Giriftori savodi xattu xoli safhai dardam,
Asiri kulfati ranju baloyu dog‘i hirmonam.
Faqidi e’tiboram sarvat ashobin qapusida,
Sadaftak bahri besomoni olam ichra uryonam.
Havodis sarsari har yona kezdurmaq-la har soat
Pareshonam, pareshonam, pareshonam, pareshonam.
G‘inou sarvati mardumdan istig‘nodayam, ammo—
Faqiram, garchi taxti faqr maydoninda sultonam.
Dagul har zarra kam o‘z olaminda qursi xovardan,
Bu yanglig‘ go‘shai uzlatda go‘yo bir Sulaymonam.
Davoi zaxmi nosurim emishdur suhbati orif,
Vale mahdufi paykoni baloi qavmi nodonam.
Eshit, yo rab, bu Ajziy e’tiborinkim, deyur har dam:
—Umidi afving etmak no‘la gar mumtozi nuqsonam.
* * *
Siynam, ahboblarim, otashi g‘amdandur dog‘,
Tanda ruhim necha osori alamdandur dog‘.
Fazl sarmoyasidan dasti murodimdur tang,
Ohkim, xasta dilim moyai kamdandur dog‘,
O‘lmadi mahrami asrori harimi samadiy,
Zohiding siynasi savdoi sanamdandur dog‘.
Bulbuli xoknishin etdi guliston shavqi,
Qafasi hajrda ra’noi eramdandur dog‘.
Bodai hirs ila arbobi karamdur sarxush,
Ajziy bu borada arbobi karamdandur dog‘.
* * *
Ko‘nglum asrorini sharh etmaga bir mahram yo‘q,
Hamdami dard manam — dardima bir hamdam yo‘q.
Baxt yor o‘lmadigin angladim andinkim, ban —
Jismi majruhima marham tilaram—marham yo‘q.
Xurram o‘lmaqda jahon bog‘ina shart erdi bahor,
Dahr bog‘inda bahor o‘ldi — dili xurram yo‘q.
Jannat obod edi Odam ila Havvodan,
Jannat ahvoli nadur, shimdi anga odam yo‘q.
O‘ldi tan qal’asi g‘am lashkarin istehkomi,
G‘am uchun g‘ayr tanin qal’asi mustahkam yo‘q.
O‘lma ozurda mani zordan, ey ko‘nglumkim,
Man u soatdaki, ma’dum o‘laram — san ham yo‘q.
Sonmisham o‘ylaki, Ajziy, mana maxsusmi g‘am?
Dedilar:—G‘am yemakim, dahrda bir beg‘am yo‘q.
* * *
Hiloling suratitak, ey falak, qaddim duto etding,
Vujudum otashi hasrat-la yondurdung, fano etding.
Alim ozod ekan, zanjiri istibdoda band etgach,
Tanimni xasta ko‘rgach, rahm umid ettim-jafo etding.
Qanoat etmading jismimni zeri poya etmak-lan,
Tazallum tig‘i-lan boshim kesub, tandan judo etding!
Mani g‘aflat sharobi sarxush etmish jomi makringdan,
Boshimga lashkari g‘am favj-favji-lan raho etding.
Balolar o‘qlarin yog‘durdung, ijro o‘ldi bu beshak,
Bu maqsad-lan mani mahdufi paykoni balo etding.
Hayotim, shavkatim, sha’nim yiqub, tufrog‘a past etkach.
Saru korimni. vayron aylading, baxtim qaro etding!
Buzulsin chodaring, anjumlaring nazmidan ayrilsun»
Xarob o‘l man kabikim, obro‘yim zeri po etding!
Tani majruhimi qon qatrasi qat’ o‘lmayub holo,
Boshimga xanjari bedod chekmak muddao etding!
Falak ham san kabi ovorau sargashtadur, Ajziy,
Vale bilmasmikim, rahm etmadi, chandon navo etding.