OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Faqiriy (1880-1925)

Faqiriy (taxallusi; asl ism-sharifi Abdurazzoq Abdujabbor o’g’li) (1880 — Xiva yaqinidagi Bo‘zxona qishlog‘i — 1925) — shoir, xattot va naqqosh. Xivadagi Olloqulixon madrasasida o‘qigan. Sharq mumtoz adabiyotini o‘rganib, o‘zi ham she’rlar yoza boshlagan. Otasidan yog‘och va tangaga naqsh o‘yish san’atini o‘rgangan. Mashhur xattot Xudoybergan Devonning shogirdi bo‘lgan.
Faqiriy 1914—15 yillarda o‘z she’rlarini to‘plab, «Devoni Faqiriy Xorazmiy»ni yaratgan. «Devon» g‘azal, masnaviy, murabba’, muxammas, musaddas, mustazod, ruboiy, chiston kabi janrlarda yozilgan she’rlardan iborat. Ularda sevgi va sadoqat, xalqparvarlik, vatanga muhabbat, ma’rifat, adolat, xalqlar do‘stligi, shaxs erki g‘oyalari ulug‘langan. «Daftari ash’or ul-jadida» («Yangi she’rlar daftari»)da esa Faqiriyning 1916—24 yillarda yozgan she’rlari mavjud. «Ayrilg‘ali», «O‘zingsan», «Bo‘lmag‘ay», «O‘zgacha», «Ayo dilbar», «Ko‘rgach», «Surating» radifli g‘azallarida samimiy muhabbat, oshiq iztiroblari mahorat bilan tasvirlangan. She’rlarining kupi real, hayotiy taassurotlar asosida yozilgan.
So‘nggi yillarda yozilgan bir turkum she’rlari «Yug‘urumiya» to’plamiga kiritilgan (1923). «Devon»ning shoir qo‘li bilan ko‘chirilgan nusxasi O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanadi (inv. ?7679).


SHOIR O‘Z AHVOLI HAQIDA
(Masnaviy)

Kichiklikdin tushib boshimg‘a kulfat,
Zamone bo‘lmadim beranju mehnat.

Ishim miskinlik ichra bo‘ldi mushkil,
Murodim bo‘lmadi hech ishda hosil.

Ko‘ngulda kun-bakun har turli qayg‘u,
Mudom bebaxt, jahon ko‘zga qorong‘u.

Necha yil g‘amga bo‘ldum mubtalolig‘,
Farog‘u ayshu rohatdin judolig‘.

Chekib har turli hasrat ertayu kech,
Malomatdin salomat bo‘lmadim hech.

Menga xos erdi doim dardu g‘amlar,
Yetib dahr ahlidin ranju sitamlar.

Kima qilsam ziyofat, yaxshi xizmat,
Chiqib kulbamdin ettilar nadomat.

Man aylardim hama mo‘ming‘a ixlos,
Mani o‘ynar edilar om ila xos.

Desam boshdin-ayog‘ qissam uzunroq,
Ki sharhi «Shahnoma»din fuzunroq.

* * *

Mingda uch yuzda yigirma sakkiz kim sana,
O‘z-o‘zidin bir jisim yolborib dedi mana.

Har qachon ahbobi hamsoling bila qilsang ravish —
Borho o‘z jinsing istab, suhbat ayla yozu qish.

Sharti a’zam buki sendin bo‘lsin a’lo borisi,
Bul sifat bo‘lsa bo‘lursan bahramand tun-kun base.

Gah qilurlar durfishonlig‘ tinglasang nafe yetar,
Gah alar nukta so‘rub, mahzun diling xurram etar.

Gah bo‘lur dushvor ishlarda alar mushkul kushod,
Yursang onlar birla bo‘lg‘ay fahmu idroking ziyod.

Ey habiblar, barf keldi osmondin bizlara,
Hech ishorat bo‘lmadikim do‘stondin bizlara.

Bir-birovni barf bahonasi bila yod aylali,
Tez bering bir ijtimo’, g‘amgin ko‘ngul shod aylali.

Garchi ahboblar unutg‘an bo‘lsa yod aylay deduk,
Har biringiz birla chun ini birodardek eduk...

Xoh noxoh qurg‘un o‘lsun tez eting, kech qolmasun,
Borimizdin dardu g‘am daf’ bo‘lsunu hech qolmasun...

Bo‘lg‘ay erdi jumlamizg‘a go‘iyo qurbon iyd,
Aybi yo‘qdur umatan qilg‘usidur xo‘ja, sayid.

Barchamiz bir-birimizdin mustahiqmiz sozg‘a,
Kim yetar, kim yetmagay bu qish o‘tub ul yozg‘a.

Yosh yigitlik, joni sog‘liqda g‘animat shodlig‘,
Umr o‘tib borur hamasi bo‘lg‘usi barbodlig‘.

Bu jahon dardisari yo‘qsa tuganmas kun-bakun,
Shoh, gadoda sad hazor armon bila dog‘u tugun.

Do‘st ishidur bir-biridin aytib olmoq ijtimo’,
Bil, g‘arazgo‘ylar ishidur imtihon, kiyna, nizo’.

Ijtimo’din muddaomiz yemagu ichmak emas,
Barf bahona bu Faqirni yo‘qsa hech kim yo‘qlamas.


TAG‘OY SO‘FI XORAZMIY HAQIDA HAJV

Yoronlar, bovar etmang so‘zlasa, zinhor Tag‘oy so‘fi,
Jahonda yo‘q aningdek chobuki ayyor, Tag‘oy so‘fi.

Bo‘lur har kunda yuz turluk, tushunmas holig‘a hech kim
Ki, qilmas xalqlardin zarra nomus-or, Tag‘oy so‘fi.

Banogoh ko‘rsangiz boshida salla, egnida malla,
Boqarda alla-balla ko‘zlari xunxor, Tag‘oy so‘fi.

Gahi so‘fi, gahi devona yanglig‘ kiygusi janda,
Gahi ko‘rsang furushanda kezar bozor, Tag‘oy so‘fi.

Gahi boshida tavvof, gah yalang boshg‘a kiyar takya,
Kiyar gah telpaku so‘fak kuloh, dastor, Tag‘oy so‘fi.

Gahi olg‘ay saroydin har matoi sallag‘a loyiq,
Suyunib bir necha kun boshig‘a chulg‘or, Tag‘oy so‘fi.

Gahi voiz, gahi hofiz, gahi zohid, gahi kosib,
Gahi sog‘ odamiy, gah jinniga o‘xshor, Tag‘oy so‘fi.

Ko‘rar ko‘zga hamisha ablah yanglig‘ masti loya’qil,
Olib sotmoqda andoq yo‘q farang, hushyor Tag‘oy so‘fi.

Do‘konidin gahi turluk xarid olib kezar tun-kun,
Qayon borsa sotar bozoru bebozor, Tag‘oy so‘fi.

Gahi otu eshak minmay, azondin kechgacha qo‘nmay,
Davom dunyo uchun tinmay yelib yugror, Tag‘oy so‘fi.

Kecha-kunduz kezar tinmay piyoda qal’a, yobonlar,
Qadrdondirki, bo‘lsa har kima duchor, Tag‘oy so‘fi.

Kuloh, janda kiyub sahrolara chiqsa bori elni
Murid etkay o‘zig‘a — erkaku nochor, Tag‘oy so‘fi.

Agarchi borsa yot yerlara ham hech ranjimas hargiz,
Bo‘lur choq o‘z uyidek ko‘rsangiz har bor, Tag‘oy so‘fi.

Har odamni bilib tab’ini so‘zlar tab’iga loyiq,
Zamonasoz bo‘lub har turli xalq yig‘nor, Tag‘oy so‘fi.

Qachon ko‘rsang «Kalomulloh», «Daloyil» yonida hozir,
Ko‘rub ixlos qilganlarga va’z aytar, Tag‘oy so‘fi.

Shaharda yursa ham «Qur’on», «Daloyil» yonidin qo‘ymas,
Banogoh surayi «Kaf»ni qilur takror, Tag‘oy so‘fi...

O‘qur besh vaqt namozin tark qilmas sinasang ul dam,
Yumar og‘zi, ko‘zin mahkam na dam uror, Tag‘oy so‘fi.

Imomg‘a iqtido qilg‘onlarin ko‘rgan kular beshak,
Imom borg‘ach ruku’ bu sajdada yo.tor, Tag‘oy so‘fi.

Na mullodur, na so‘fidur, na qoridur, na eshondur,
Bu boisdin chekar ko‘b ohi otashbor, Tag‘oy so‘fi.

Bu qayg‘u hasrati daf’i uchun tun-kun kezar tinmay,
Aning-chun ijtimo’ deb borho yo‘rtor, Tahoy so‘fi.

Shaharda barcha toliblar bila doim bo‘lub ulfat,
O‘zi bekor, alarni ham qilur bekor, Tag‘oy so‘fi.

Qachonkim, ijtimo’ borin bir oy avval eshitsa ham,
Yetushgay barcha odamdin burun tayyor, Tag‘oy so‘fi.

Agar bir majlis ichra bo‘lmasa, kim tutsa otini,
Kelur ollohu akbar deb, kirar tayyor, Tag‘oy so‘fi.

Agar har yerda qurg‘on majlis o‘lsa, borsangiz nogah,
O‘shal majlis yuqorisig‘a boqsang — bor Tag‘oy so‘fi...

Majolis ichra yotsa besh kishi o‘rnin olib yotur,
Ko‘runur barchag‘a chun qabri buzrukvor, Tag‘oy so‘fi.

Agar tafsirxonlig‘ bo‘lsa ham uxlar, quloq solmas,
Magar chertilsa yotmas tanburu dutor, Tag‘oy so‘fi.

Va lekin osh pishgan vaqtda «Olloh» deb turar sakrab,
Hamaga va’z aytar, gar qilmasa ham kor, Tag‘oy so‘fi.

Mudom johil o‘g‘lonlar bila bo‘lg‘usi hamsuhbat,
Bari eshonu oxunddin base bezor, Tag‘oy so‘fi.

Agarchi topsa mahvashli ziyofat, quvsang ham ketmas,
Necha dashnom, haqorat ko‘rsa minnatdor, Tag‘oy so‘fi.

Tutub saqolidin har dam urarlar tarsaki birlan,
Rizodur har tariqa bersangiz ozor, Tag‘oy so‘fi.

Birov soz etsa daf qoqib chiqar vor to‘nlarin yeshub,
Turub, otib muallaq raqs urub o‘ynor, Tag‘oy so‘fi...

Bilingkim, borho maqsad-murodi shul kecha-kunduz
Hamag‘a aylag‘ay beboklig‘in izhor, Tag‘oy so‘fi.

Mabodo xushro‘ mahvash topilsa, ozdurub yo‘ldin
Bo‘lub hamdam, necha eshonlara qatnor, Tag‘oy so‘fi.

Aning birla kezar tinmay necha kun qal’a, yobonlar,
Anga bo‘lg‘ay mulozim balki xizmatkor, Tag‘oy so‘fi...

Agar chindin eshonlar bila o‘ltursa hamxilvat,
Ko‘runsa xo‘b yigitlar, ko‘zlari yonor, Tag‘oy so‘fi.

Bu kunda yosh yigitlarga qilur chandon nasihatlar,
O‘zidan qolmagan dunyoda o‘g‘lon, g‘or, Tag‘oy so‘fi.

Bu yanglig‘ johil o‘lsa ham chu topsa olimu darvesh,
Alarni xoki poyin ko‘zig‘a surtor, Tag‘oy so‘fi.

Anga desang: «Uzung so‘fi bo‘lub sharm aylamasmusan?»
Qilur rog‘ib, alarning suhbatin maqtor, Tag‘oy so‘fi.

Agar kim bo‘lsa-bo‘lsun, qoyil aylar o‘z degoniga,
O‘zi gar qari bo‘lsa ham ajab makkor, Tag‘oy so‘fi...

Musallam himmatig‘a, jur’atig‘a, quvvatig‘a, lek —
Agarchi bo‘lsa yuz botmon yuk sudror, Tag‘oy so‘fi.

Qilay ta’rif andoq ko‘rmaganlar aylasun tahsin,
Yo‘q andoq odamizod ichra savlatdor, Tag‘oy so‘fi.

Yurishda tevadek yer yuzida yo‘q bormag‘on joyi,
Ulug‘, bo‘lmasa ham ro‘yi zamin qidror, Tag‘oy so‘fi.

Taajjub, katta qilmish jubbasin haq-chun minoradek,
Yurusa tebranur yer, ko‘rgan ot hurkor, Tag‘oy so‘fi.

Agarchi na’ra ursa jumla maxluq zahrasin yorg‘ay,
Teva yonidin o‘tsa, teva ham hurkor, Tag‘oy so‘fi...

Taom yer bo‘lsa yuhodek to‘yarg‘a aqli yetmaydur,
Va lekin qancha to‘ysa ham sahar bedor, Tag‘oy so‘fi...

Emas bexislat, ammo «hu» desa a’zolari titrar,
Yuroki o‘tlamay qazon kabi qaynor, Tag‘oy so‘fi.

Yigit ayyomida umri o‘tib fisqu fujur birla,
Bas emdi tinmay aylar tavba-istig‘for, Tag‘oy so‘fi.

Necha yillar sipohilik qilib so‘ngra bo‘lur so‘fi,
Etib bu dunyada har turli kasbu kor, Tag‘oy so‘fi.

Buni fahm aylangizkim, qilmag‘andur badasillikdin
Ki, inson xaylig‘a qilmay tariqcha kor, Tag‘oy so‘fi.

Shaharda har kishikim orzu qilsa safar qilmoq,
Bu ishin tashlabon bo‘lg‘ay anga sardor, Tag‘oy so‘fi...

Chiqa bilsa shahardin mastu beparvo kezar tun-kun,
Demas ahbobig‘a ko‘nglidag‘i asror, Tag‘oy so‘fi.

Zamonasozlig‘da boz yo‘q andoq jahon ichra,
Desa haq so‘zni ham qaytarsangiz, qaytor, Tag‘oy so‘fi.

Chu andin har kishi bir mushkil ish qilsa savol, ul dam,
Qilur oson ilojin demagay dushvor, Tag‘oy so‘fi...

Izo bersang necha ma’raka-majlis ichra, ul kulgay,
Na aybin yuzig‘a aytsang o‘zi iqror, Tag‘oy so‘fi.

Vale andog‘ jahonda bevafoyu bemuruvvat yo‘q,
G‘ani vaqtingda bo‘lg‘ay barchadin g‘amxor, Tag‘oy so‘fi.

Ravishi kam desa anga shadid kelg‘usi vaqt-bevaqt,
Saharda yo yarim oqshom eshik qoqor, Tag‘oy so‘fi.

Malomat etkaning bilmas agar dashnom qilsang ham,
Chibindek aylanib kelgay yana beor, Tag‘oy so‘fi.

Shaharda ma’raka-majlisg‘a borsadayg‘usi yemoq,
Vale sahroda eshonlarg‘a sohibkor, Tag‘oy so‘fi.

Musofirman, bo‘lur joyim yo‘q aslo deb qilur da’vo,
Do‘konin ko‘rsangiz har boydin moldor, Tag‘oy so‘fi.

Hamadin ko‘b maishatlar qilur dunyoda armonsiz,
Yana «Armonli ketdim, dod!» deb qaqshor, Tag‘oy so‘fi.

Jahonda qilmag‘an kayfi yo‘q, ammo emdi kayf etmay,
Na choy, tomoku bang taryokiyu ko‘knor, Tag‘oy so‘fi.

Qaro nos kayf etar har damda o‘n misqolgina, lekin,
Issig‘ osh ichsa borisin qilur murdor, Tag‘oy so‘fi.

Saqoli oqarib qilmas savob ila gunah farqin,
O‘zini balki eshondin baland sanor, Tag‘oy so‘fi.

Bo‘lur diltang gahi mullo, qoriyu jumla eshondin,
Qilur dashnom ko‘krab masti majnunvor, Tag‘oy so‘fi.

Qimi xonu to‘ra, qoziyu mufti jumla eshondin,
Shikoyat qilsa gar boshdin-ayog‘ titror, Tag‘oy so‘fi.

Gahi ixlos birlan chorlab onlarg‘a qilur xizmat,
Taomu meva har nav’ qilur sarshor, Tag‘oy so‘fi.

Borur ixlos ila aksar ulug‘ olimlar oldig‘a,
Aning tobg‘uncha har aybini xo‘b sinor, Tag‘oy so‘fi.

Hamag‘a so‘z topar, yo‘q o‘zidek tanti bu olamda,
Va lekin nobakorlar birla chun qondor, Tag‘oy so‘fi.

Topolmay piri komil boamal olim muvofiq tab’,
Kuyub doim o‘zidek ahli dard izlar, Tag‘oy so‘fi.

Necha yil olam ichra turluk eshong‘a qilib xizmat,
Bo‘lubdur oxir emdi umrida attor, Tag‘oy so‘fi.

Na qilsun umrida bir ko‘rgani yetmish yashar kampir,
Chu ko‘rgach bir-birini yer urub qarg‘or, Tag‘oy so‘fi...

Bu niyat birla tinmay borho pul tanga jam’ aylar,
Bu boisdin aziz jonini ko‘b qiynor, Tag‘oy so‘fi,

Edi avval parishonhol birla darbadarlikda,
Hamadin emdi bo‘lmish qavmida puldor, Tag‘oy so‘fi.

Jahongashta edi avval, hamesha lomakon erdi,
Bo‘lur jarchi yangi qal’ada ham joydor, Tag‘oy so‘fi...

Iloho, bu Faqiringni duosin mustajob aylab,
Hama mo‘ming‘a ber farzand chu xayri kor, Tag‘oy so‘fi.


G‘AZALLAR

* * *

Naylayin dildordin begona bo‘ldim oqibat,
Yuz g‘amu hasrat bila hamxona bo‘ldim oqibat,

Bu judolik hasratidin hech chidolmay dahr aro,
Xonumonimdin kechib devona bo‘ldim oqibat.

Necha kun kuyida yurdim, yetmadim vaslig‘a hech,
Kecha-kunduz yig‘ladim, giryona bo‘ldim oqibat.

Yorni vaslig‘a yetkaymanmu deb shomu sahar,
O‘rtanib hajr o‘tig‘a parvona bo‘ldim oqibat.

Haddin oshdi bu mani rasvolig‘im olam aro,
Xalqi olam ichra ko‘p afsona bo‘ldim oqibat.

Ham yana boru yo‘qimni yo‘lida barbod etib,
Molu jondin ayrilib, vayrona bo‘ldim oqibat.

Vird etib ismi sharifingni xayolim oldirib,
Qaddi-bo‘ying fikridin mastona bo‘ldim oqibat.

Ravshan etmish tiyra kulbamni jamoli sham’ii,
O‘z makonim o‘zima, g‘amxona bo‘ldim oqibat.

Ko‘p bu olam ichra mandek oshiqu vobastalar,
Lek alar bir yona, men bir yona bo‘ldim oqibat.

Yetmisham emdi halokatg‘a ne aylay men Faqir,
Marhami dil topmadim, hayrona bo‘ldim oqibat.

* * *

Ishni bitirmay, ey inim, ayshu ishratlar abas,
Odating mahmillig‘ ersa, bu maishatlar abas.

Topmayin maqsad bu koringdin na lozim shodlir,
Bu zamonda haqdin o‘zga do‘stu ulfatlar abas.

E’tiqodim erdi kun-kundin ziyodakim senga,
O‘qimoqg‘a rog‘ib erding, o‘zga niyatlar abas.

Lekin emdi mastu beparvolig‘ing qo‘yg‘il yana,
Yo‘qsa bu savlatu siyrat, xo‘b suratlar abas.

Yetsa molim, yetmasa jonim, degan olim bo‘lur,
Behuda nokaslara yo‘qsa bu himmatlar abas.

Qudrating yetgancha haq deb, tush ilm ko‘yigakim,
Sa’y qilding necha kun to bo‘ldi mehnatlar abas...

Yurmagil bedardlar birla bas emdi or qil,
Katta bo‘lg‘andin so‘ng etgan jumla g‘ayratlar abas.

Gila qilma bu Faqir o‘rtanganidin qildi nazm,
Bizga yo‘qsa bu fazoyil ushbu shuhratlar abas.

 * *

Haqiqat do‘st shuldur bo‘lsa do‘sti jonig‘a muhtoj,
Chin oshiq ulki tun-kun bo‘lsa o‘z jononig‘a muhtoj.

Emas ul oshiq har mahvashni ko‘rgach ko‘nglin oldursa,
Har oshufta bo‘lur o‘z dardining darmonig‘a muhtoj.

Kim oqil ersa bir yor ila umrin o‘tkarur doim,
U nodondur jahonni har labi xandonig‘a muhtoj.

Necha bir soddalar har nozanin ishqida ovora,
Berurlar dil alarning va’dai yolg‘onig‘a muhtoj.

Na armondir kishining bir vafolig‘ dilbari bo‘lsa,
Hamisha bo‘lsalar bir-birining farmonig‘a muhtoj.

Manam chin e’tiqodim sizga xolis do‘sti jondurman,
Har odamkim bo‘lur o‘z ko‘nglin oldurg‘onig‘a muhtoj.

Erur nokaslik ul avvalg‘i do‘stidin judo bo‘lmoq,
Bo‘lurlar ba’zi toza hamnishin bo‘lg‘onig‘a muhtoj.

Duogo‘ying, Faqiring jonidin ortuqchasidursan,
Yetushsang kulbasiga sen kibi purdonig‘a muhtoj.

* * *

Yurtimizda ibtidoi rag‘bati jon bo‘ldi pech,
So‘ngra kam-kam, yil-bayil mashhuri davron bo‘ldi pech

Kosib ahli dog‘i qildilar bino yuz shavq ila,
Ba’d az on shuhrat topibon, qal’a yobon bo‘ldi pech.

Bul ajoyib madrasa pechi bino qildursakim,
Aysh uchun onlarda ham behad namoyon bo‘ldi pech.

Shahr xalqi har yil aylarlar imoratlar base,
Bir-birisidin ko‘rub ko‘nglida armon bo‘ldi pech.

Aksari el toza joyin yo‘qdururlar pech uchun,
Bitkarib olg‘onlari chun bog‘i bo‘ston bo‘ldy pech.

Dashk ila ko‘p notavonlar qarz etib aylar bino,
Lek sipohiyu tavongarlarga arzon bo‘ldi pech.

Kosibu mullo, avom, faqru g‘ino, shohu gado,
Xohiki kofir, juhud, jumli musulmon bo‘ldi pech.

Bil mahol erdi qadimg‘ilarg‘a loy tandircha ham,
Emdi chu mard aksari insong‘a oson bo‘ldi pech.

Bu sifat ta’rifa loyiqdurki rog‘ibdur hama,
Ayshu ishrat istagancha rohati jon bo‘ldi pech.

E’tiroz etgan kishi kamdur jahon ayvonida,
Bul xususan qarilar dardig‘a darmon bo‘ldi pech.

Yetsa qudrat koshki qilsang bino ziynat bila,
Nozu ne’mat beshumor bo‘lsa, obodon bo‘ldi pech.

Kelsa betaklif mahbubul qulublar subhu shom,
Bo‘lsa bu yanglig‘ hamisha chun guliston bo‘ldi pech.

Nozaninlar gul yuzidin yetsa ravshanlig‘ anga,
Bas ne armon, yo‘qsa bazm aqlig‘a zindon bo‘ldi pech.

Muncha tavsif etding ammo yo‘q o‘zingda, ey Faqir,
Qil bino birin senam, behaddu poyon bo‘ldi pech.

* * *

Olam ichra topmadim bir do‘sti jonon beg‘araz,
Olihimmat deganim so‘ng bo‘ldi yolg‘on, beg‘araz.

Bu zamonda qadru qimmat bilgudek do‘st qolmadi,
Behuda bermaslar o‘z xeshig‘a ham non, beg‘araz.

Do‘st bo‘lg‘an dunyodin qo‘l yuvsa bir-biri uchun,
Dunmayin bir-biriga qilsa fido jon beg‘araz...

Loyiqi izzat bo‘lursan bu sifat tutsang ravish,
Lek borsang har makon ne’mat farovon beg‘araz.

Rohi rost deb dasti xoliy borsangiz eshonlara,
Ravnaqing yo‘q hech xabarin olmas eshon beg‘araz.

Hurmat etmaslar avom ichra ulug‘ olim esang,
El azizikim ko‘p aylar xayru ehson, beg‘araz.

Yurtimiz xalqi, mahovoti, tavoze, ta’zimi,
Zinhor aldanma qilmas ko‘rsa xandon beg‘araz...

Mehribondur bir-birin ko‘rgach qilurlar ehtirom,
Mahz til uchi qilurlar gila bo‘hton beg‘araz.

Xolisalliloh bir do‘stim boray deb ijtimo’,
Xoh-noxoh aylab erdi ahdu paymon beg‘araz.

Zarradek qavlu-qarorin e’tibori yo‘q ekan,
Zavq-shavq ila chaqirmay aksar inson beg‘araz.

Va’dasin chin bilma, har kim va’da bersa, ey ko‘ngul,
Va’dag‘a qilmas vafo har bir musulmon beg‘araz.

Men Faqir xolis habibim borki do‘sti du jahon,
Muxlisiman mehribon Abdulrahimjon beg‘araz.

* * *

Do‘stlar, dahr ichra ba’zi oshnolarni ko‘rung,
Ba’zi yuz kuy, shumfikr, ro‘yi siyolarni ko‘ring.

Ko‘rsa kimdin foyda ta’rifini aylar oldida,
Bu tama’chin zohidu baxti qarolarni ko‘rung.

Qo‘rmasa naf’in hamisha taxt etar boshdin-ayoq,
Ayamas ustoz, otosin, behayolarni ko‘rung.

Do‘st bo‘lsa har kishiga bo‘lmas aslo beg‘araz,
Bu g‘arazgo‘y turba, xurjunsiz gadolarni ko‘rung...

Ba’zi majlisda takallum qilsa navbat bermagay,
Jahli badrag, moda chu xirs kadxudolarni ko‘rung.

O‘zida botmon ayb degay birov misqolini,
Tajriba aylab bu nav’ kibru havolarni ko‘rung.

Ey Faqiriy, bu avom adno uchun o‘rtanma hech,
Yil-bayil bundin battarroq mojarolarni ko‘rung‘.

* * *

Bulbuli zoram qo‘narg‘a bir guliston istaram,
Bu go‘zallarni ne aylay ko‘yi bo‘ston istaram.

Oshiqam, ey do‘stlar, jonimg‘a jonon topmayin,
Jonajon bo‘lg‘oli bul jonimg‘a jonon istaram.

Yorsiz jannatga kirsam zulmatu zindon erur,
Nola, afg‘on tortibon bir mohitobon istaram.

Yorsiz yoydek bo‘lib qoldim ajab bemormen,
Pista la’lidin aning dardimga darmon istaram.

Yuz o‘gurdim bevafolardin base bezorman,
Bovafou bomuravvat chashmi maston istaram.

Behayo, besharm mahvash ko‘p, ko‘ngul sevmas ani,
Tozayu tar gulbadan zulfi parishon istaram.

Gar topilsa bir muvofiqtab’ dilbar, do‘stlar,
Man Faqir tun-kun ani bo‘lmoqg‘a mehmon istaram.

* * *

Bu yanglig‘ ko‘p siza ixlosim, ammo beriyo bo‘lg‘ay,
Bu jonim koshki sizdek habibimga fido bo‘lg‘ay.

Ki sodadil bo‘lib har kimki borsa xizmat aylarsiz,
Ne bo‘lsa muddaongiz ikki olamda ravo bo‘lg‘ay.

Jahonda yakka bizlar ermas har kim ko‘rsalar siznn,
Bilib bu fe’lingizni ayrilishmas, oshno bo‘lg‘ay.

O‘gursa sizdin har kim yuz, erur ul ahmaqu ablah,
O‘zini qadrini bilmas aningdek bevafo bo‘lg‘ay,

Bo‘lur odam bila odamda farq bir bo‘lsa ham asli,
Baxilu behayo ba’zisi, ba’zi kadxudo bo‘lg‘ay.

Bo‘lur ba’zi vafolig‘, ba’zi fitna hamchu shaytondek,
Bu boisdin nechasi do‘sti jonidin judo bo‘lg‘ay.

Manam olamda ko‘p odam bila bo‘ldimki hamsuhbat,
Jahonda ko‘rmadim sizdek chuchuktil kamnamo bo‘lg‘ay.

Kim izlab borsa mehmon bo‘lg‘ali yotu qarindoshdin,
Aning haqqida tun-kun xizmatingiz jo-bajo bo‘lg‘ay.

Va lekin siz hamaga xolisalliloh qilib xizmat,
Yana ham xush so‘zingiz ahli dardlarga davo bo‘lg‘ay.

Bu ixlos birla xizmat qilg‘aningiz ko‘rsa har bir iard,
Bo‘lur banda eshikingizda o‘lguncha gado bo‘lg‘ay,

Xususan hovlingizga bo‘lsa mehmon tolibi ilmlar,
Alarga izzatingiz, xizmatingiz bebaho bo‘lg‘ay.

Faqir aylar duongiz xolissalliloh kecha-kunduz,
Berib bisyor farzand yoringiz doim xudo bo‘lg‘ay.


MUSTAZOD

* * *

Ey dil, bu jahon xo‘blari qildi sani zor,
Diydorig‘a shaydo,
Ham holi parishon.
Bo‘lding necha gulchehra jamolig‘a giriftor,
Nolang qilib ifsho,
Ham aylading afg‘on.
Vasli talabida yugurib kechayu kunduz,
Yo‘q erdi qaroring
Vobastalig‘ingdin.
Onlar sani haqqingda mudom erdi jafokor,
Rahm etmayin aslo,
Zulm ayladi chandon.
Bu kuy aro ko‘rding necha nav’ ranju alamlar,
Tark aylamading hech,
Majruh bo‘lib ham.
Hijroni o‘qi qildi yurak-bag‘ringni afgor,
Chekding necha tanho,
Ishqi aro nolon.
Ko‘ksingga pichoq ursang alarning nazarida,
Istab qulay rah,
O‘lsang agar ul dam.
Bu holingga qayg‘urmas o‘shul kofiri xunxor,
Bal anga tamosho,
Aylar labi xandon.
Bir zarra gila qilma alar kori jafodur,
Oshiqlarig‘a,
Yo‘q rasmi vafosi,
Lekin til uchi mehrig‘a aldanmaki zinhor,
Qilsa necha ig‘vo,
So‘zi bari yolg‘on.
Sandin burun o‘tmish necha bir oshiqu ma’shuq,
Bu dahr aro giryon, 
Bori hama dil sof.
Ranjur bulub furqati ichra chekib ozor, 
Ham yoqdi saropo,
Bu otashi hijron...


MUXAMMASLAR

Do‘stlar dahr ahli jononig‘a yor o‘lmoq g‘alat,
Bodai vaslin tilab tun-kun xumor o‘lmoq g‘alat,
Xalq ta’ni birla elga oshkor o‘lmoq g‘alat,
Bevafo ma’shuqalar kuyida zor o‘lmoq g‘alat,
Istabon vaslini ko‘zdin ashkbor o‘lmoq g‘alat.

Ko‘p bu dahr ichra parivashlar du chashmi olalar,
Oshiq o‘lg‘ay ko‘rsakim ko‘zdin to‘kibon jolalar,
Balki yosh o‘rnig‘a so‘ngra qon to‘kar chun lolalar,
Furqat ichra tinmayin aylab fig‘onu nolalar,
Tig‘i hajridin bu yanglig‘ dilfigor o‘lmoq g‘alat.

Dil berurlar ko‘rgachin mehri jamolin istabon,
Koshki kelsa ekan sho‘ridaholin istabon,
Bo‘lma hargiz xomtama’ obi zilolin istabon,
Hajr vodiysi aro ul oy visolin istabon,
Beadad ranju alamlarg‘a duchor o‘lmoq g‘alat.

Boqma ixlos ila ko‘pdur husni gul, qoshi qaro,
Chunki nodonlik emasmu ko‘rgach o‘lmoq mubtalo,
Ba’dazon sen o‘z yurak-bag‘ring qilib qonu yaro,
Justujo‘ aylab firoqida tunu kun dahr aro,
Topmayin vaslin aning bee’tibor o‘lmoq g‘alat.

Ushbu hasratlar bila tinmay mudomo qon yutub,
Chin haqiqat oshnolardin ko‘ngulni sovutub,
Bu taraddud birla yetmas tiyra kulbang yorutub,
Purjafo dildordin har dam vafoni ko‘z tutub,
Jon fido aylab yo‘lida xoksor o‘lmoq g‘alat.

Shod bo‘lg‘ung ko‘rgachin ko‘rdimki, dildorim debon,
So‘rdi ahvolim bilib bu nogahon zorim debon,
Va’da qildi kelmagiga bu kecha yorim debon,
Sadqa endi yo‘lida harna yo‘qu borim debon,
Ko‘z tikibon yo‘li uzra intizor o‘lmoq g‘alat.

Bil bu savdolar bila olam aro mashhur o‘lub,
Qun-bakundin ham Faqiru benavoyu xor o‘lub,
Do‘st ushbu erkan ammo, yursa andin dur o‘lub,
Chekaro, berahm mahvash husniga mag‘rur o‘lub,
Furqati dashti aro majnunshior o‘lmoq g‘alat.

* * *

Do‘stlar, bir mosivo bo‘lg‘an g‘aribmen, naylayin,
O‘rtanib, yonib ado bo‘lg‘an g‘aribmen, naylayin,
Yuz alamg‘a oshno bo‘lg‘an g‘aribmen, naylayin,
Bekasu bemuttako bo‘lg‘an g‘aribmen, naylayin,
Miskinu bedastu po bo‘lg‘an g‘aribmen, naylayin.

Telmurub qoldim netay modar, padardin ayrilib,
Yo‘l adoshib g‘amda qoldim rohbardin ayrilib,
Kettilar do‘stu yoronlar ham nazardin ayrilib,
Lek men qoldim bu yerda yaxshilardin ayrilib,
Dardu g‘amg‘a oshno bo‘lg‘an g‘aribmen, naylayin.

O‘tdi ahvolim hazinlig‘ birla kun-kundin batar,
G‘amni sahrosida qoldim bo‘lmisham bir mushtipar,
Ko‘rsalar bedardlar holim ko‘rib aylar hazar,
Yig‘layurman holima hardam kuyar jonu jigar,
Ming alam birla ado bo‘lg‘an g‘aribmen, naylayin.

Zor ko‘nglumni mening ko‘p zor bo‘lg‘anlar bilur,
Dard ko‘rganlar bilur, bemor bo‘lg‘anlar bilur,
Tig‘i g‘am birla dili afgor bo‘lg‘anlar bilur,
Chun aziz boshi jahonda xor bo‘lg‘anlar bilar,
Beqadr, berahnamo bo‘lg‘an g‘aribmen, naylayin.

Misli qaqnusdek bu otash oshiyonim kuydurur,
Ohu nolamni o‘ti beshak zabonim kuydurur,
Ham yoqib jismim, yurokim, ustuxonim kuydirur,
Balki jonim kul qilib, ruhi ravonim kuydurur,
Bas kuyub ham kam baho bo‘lg‘an g‘aribmen, naylayin.

Hech musulmon men kabi ko‘ngli parishon bo‘lmag‘ay
Yetmayin maqsudig‘a bag‘ri to‘la qon bo‘lmag‘ay,
El aro ifsho bo‘lub hayronu nolon bo‘lmag‘ay,
Telbalardek kecha-kunduz diydagiryon bo‘lmag‘ay,
Aqlu hushidin judo bo‘lg‘an g‘aribmen, naylayin.

Sirri pinhonim desam bir yori jonim yo‘q mening,
Degali, holing nechukdur, mehribonim yo‘q mening,
Naylayin devonadek dalli makonim yo‘q mening,
Chun qushi bebolu parmen, oshiyonim yo‘q mening,
Notavon qaddim duto bo‘lg‘an g‘aribmen, naylayin...

* * *

Sana erdi ming uch yuz bir kam o‘ttuz, bo‘ldi uy besar,
Yadi zay axchadin o‘n bizlara motam bo‘lib rohbar,
Jahondin o‘tdi modar, bo‘ldi so‘ng ichgan-eganim zahr,
Hama qon yig‘lashib qolduq yuraklar pora, ko‘zlar tar,
Ekan pushtu panohim, obro‘yim, do‘stim, modar
Hayotin katta davlat bilmak erkan har kima behtar.

Xaloyiq yurt-bayurt o‘ynab-kulub qildi iydu bayram,
Ajab, behad shukur, haq bizlara ko‘rdi ravo motam,
Debon katta-kichik voy ustiga voy, oh urub har dam,
Inonchim ham suyanchim qildi rehlat, bo‘ldi qaddim xam,
Ekan pushtu panohim, obro‘yim, do‘stim, modar.
Hayotin katta davlat bilmak erkan har kima behtar.

Hayotida uyimiz go‘iyo bozor edi tun-kun,
Eru xotin hama bir-birga beozor edi tun-kun,
Borimizg‘a bo‘lub shod mehribon hushyor edi tun-kun,
Xususan men g‘aribidinki minnatdor edi tun-kun,
Ekan pushtu panohim, obro‘yim, do‘stim, modar.
Hayotin katta davlat bilmak erkan har kima behtar.

Mudomo xush so‘zi ila barchamiz shodob etar erdi,
Berib pandu nasihat chun zari noyob etar erdi,
Qayumiz ko‘rsa, siz biz deb base odob etar erdi,
Borimizg‘a kecha posbon o‘lub, kam xob etar erdi,
Ekan pushtu panohim, obro‘yim, do‘stim, modar
Hayotin katta davlat bilmak erkan har kima behtar.

Yetishsa dahri dundin g‘am, dilim aylar edi xurram,
Tufaylidin qishu yoz, kecha kunduz shod edim beg‘am,
Netay onsiz qorong‘u ko‘rinur chun ko‘zima olam,
Choshib aqlu hushim devona yanglig‘ bo‘lmisham kam-kam,
Ekan pushtu panohim, obro‘yim, do‘stim, modar
Hayotin katta davlat bilmak erkan har kima behtar.

Edi shodimg‘a shod, gah yetsa g‘am mendin batar g‘amgin,
Berib shirin zabonlig‘ birla dil-ko‘nglum qilib taskin,
Der erdim sirri pinhonim kimim bor emdi bir ichkin,
Qolib men bosh ochiq g‘am-g‘ussada bo‘ldim ajab miskin,
Ekan pushtu panohim, obro‘yim, do‘stim, modar
Hayotin katta davlat bilmak erkan har kima behtar.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.