Gulxaniy (taxallusi; asl ismi Muhammad Sharif) (taxminan 18-asrning oxiri — Qo‘qon — 19-asrning 20-yillari) — o‘zbek mumtoz shoiri, masalnavis. Hayoti va ijodi haqida «Majmuai shoiron» (Fazliy Namangoniy), «Tuhfat ul-ahbob» (Qori Rahmatulloh Vozeh), «Sabot ul-bashar va tarixi muhojiron» (Dilshod Otin) kabi asarlarda ayrim ma’lumotlar keltirilgan.
Fazliy Gulxaniyning «Ko‘histon mulkidan» ekanligini ta’kidlasa, Vozeh uni namanganlik, deydi. Gulxaniy Namangan va Qo‘qonda yashagan, oz vaqt hammomda o‘t yoquvchi — go‘lax vazifasida ishlagan (taxallusi shundan). Qo‘qon xoni Amir Olimxon navkarlari safida xizmatda bo‘lgan (1801 — 10). Mustaqil mutolaa yo‘li bilan mumtoz adabiyotni o‘rgangan. Olimxon vafotidan (1811) so‘ng taxtga o‘tirgan Amir Umarxon (Amiriy) Gulxaniyni saroy shoirlari davrasiga jalb etgan. Shoir xonni maqtagan, uning g‘azallariga naziralar bitgan. Umarxon vafotidan so‘ng vataniga qaytib, ko‘proq oddiy insonlarga manzur bo‘luvchi she’rlar yoza boshladi. O‘tli hajvlar yaratdi.
Gulxaniy o‘zbek va tojik tillarida ijod qilgan. Bizgacha bir necha g‘azali, hajviyalari hamda «Zarbulmasal» («Yapaloqqush» hikoyasi) nasriy asari yetib kelgan. G‘azallarida lirik qahramonning ruhiy kechinmalari, bahor, real hayotiy manzaralar o‘z ifodasini topgan («Barmog‘im», «Ey to‘ti», «Lola ko‘ksidek bag‘rim...»). «Bideh» (bergil, ber menga) radifli g‘azalida shoir navkarlik davridagi hayotini tasvirlagan. Bu g‘azalga chuqurroq nazar tashlansa, muallif katta ijtimoiy masala — o‘z davrining harbiy tartibi, rasm-rusumlari haqida fikr yuritganligini kuzatish mumkin. G‘azalida lirik qahramonning obrazi umumlashma obraz darajasiga ko‘tarilgan. Gulxaniy o‘zining zo‘r iste’dodi, tajribasi, turmushga haqqoniy qaray bilishi tufayli xalqchil ijodkor sifatida ko‘ringan. Shoirning bizga ma’lum g‘azallarining ayrimlari Amiriy she’rlariga nazira tarzida yaratilgan bo‘lib, ular oddiy taqlidchilik doirasida qolmay, barkamol mustaqil badiiy asar darajasiga ko‘tarilgan. Gulxaniyning she’riy ijodi, garchand, hajman katta bo‘lmasada, 19-asr o‘zbek milliy adabiyoti rivojiga samarali ta’sir ko‘rsatdi.
«Zarbulmasal» nafaqat o‘zbek mumtoz adabiyoti, balki butun Sharq adabiyotining ham nodir namunasidir. Gulxaniy unda xalq maqollari (400 ga yaqin maqol), sajlar (qofiyali nasr), masal va rivoyatlardan samarali foydalangan. Bu masal va rivoyatlar tematik jihatdan bir-biriga bog‘lanib, yagona bir syujetni tashkil etgan. Asarda Yapaloqqush bilan Boyo‘g‘lining quda-anda bo‘lishi sarguzashtlari majoziy, o‘tkir hajviya tarzida tasvirlangan. Gulxaniy qushlarning o‘zaro murakkab munosabatlari asosida o‘z davri ijtimoiy hayotining tanqidiy manzarasini yaratgan.
Gulxaniy ijodini M. Salye, Fitrat, B. Karimov, R. Muqimov, H. Yoqubov, F. Ishoqov kabi olimlar tadqiq etganlar.
G‘AZALLAR
Lola ko‘ksidek bag‘rim tah-batah qaro qonlar
Hajr ibtilosidin naylay, ey musulmonlar.
G‘amza o‘qidin har yon bosh chiqardilar chandon,
Jismi notavonimdin dasta-dasta paykonlar.
Bir dam ayla mardumlig‘ diydam ichra manzil qil.
Durru la’l sochsunlar maqdamingga mijgonlar.
Va’dalar qilib eding, shod etay sani g‘amdin,
Ushbu g‘amda jon berdim qoni ahdu paymonlar.
Sen nechuk paridursan, topmadim so‘rog‘ingni,
Kezmisham quyun yanglig‘ vodiyu biyobonlar.
Gulxaniyni qon tortdi azmi ko‘yi yor etti,
Qatl etarga mijgonlar chekti tig‘i uryonlar.
* * *
Ko‘ngul ozodadur, dunyog‘a arzi ehtiyoj etmaz.
Tariqat soliki bu yo‘lda mayli izdivoj etmaz.
Dili vayronadin, jono tavaqqu’ qilma dog‘ingni,
Buzulgan mulkdin, albattakim, sulton xiroj etmaz.
Etoking tutqoli ko‘nglumda andog‘ tebramak go‘yo,
Tutub nabzim tabibi shahr, idroki mizoj etmaz.
Rahi ishqingda dardu dog‘i hijroning matoimdur,
Qaroqchi aylamas toroj oning kimsa boj etmaz.
Asiri qomating gar soyadek tuproqqa yastanmish,
Gadoyi dargahing ham orzuyi taxtu toj etmaz.
Sen o‘z diningni tuz, zohid, meni ko‘p yo‘ldin ozg‘urma,
Bu surat sham’ yondurdung ziyosi pur rivoj etmaz.
Qamu bemora la’lidin shifo bermish Masih oso,
Nadin ul sho‘x anglab, Gulxaniy, darding iloj etmaz.
* * *
Terlamish may tobidin gulbargi ruxsorin ko‘rung,
Rahzani din o‘ldi tori zulfi zunnorin ko‘rung.
Belu og‘zidin nishon gar bir sari mo‘ desalar,
Aylaram inkoru iqror etmazam vorin ko‘rung.
O‘z makonini tilar har gah qafasdin qochsa qush,
Eyki istarsiz ko‘ngulni zulfi har torin ko‘rung.
G‘amzasi jonim olur, novaklari bag‘rim tilar,
Zolimi berahm ozor uzra ozorin ko‘rung.
Soqiyo, hajr ilgida xunoba yutdim, Gulxaniy,
G‘ayr ila bazm ichra oni jomi sarshorin ko‘rung.
* * *
Yetmadi Majnung‘a men ko‘rgan balolardin biri,
Hajr vodiysi aro chekkan jafolardin biri.
Rahm etib, holimni so‘rmaslar ko‘rung bedodlig‘,
Siyimbarlardin biri, gulgun qabolardin biri.
Dosha izhor ayladi Farhod Shirin dardini,
Ishq oyinida uldur behayolardin biri.
Qoshu ko‘zu Holu zulfi birla ulfat tutma cho‘x,
Qilmasun rasvo seni yuzi qarolardin biri.
Senga, ey Majnun, junun ilmida taslim aylaram.
Sen rasolardin biri, men norasolardin biri.
Gulxaniy, tinmay duo qilg‘il shahi voloni sen,
Negakim ul podshohdur, sen gadolardin biri.
BAYTLAR
Aydi: «Xalq ichra bu bir kasbdur,
Kasbni boshinga kiysang nasbdur».
* * *
Har kim odati nechuk bo‘lg‘ay,
Beirodat zuhr etar andin.
* * *
Agar so‘z jona paydo qilmasa so‘z,
Ani so‘z demagil, ey majlisafro‘z.
* * *
Sabr ila barcha eshiqdur kushod,
Sabr ila eranlar topdi murod.