Hoji Muin Shukrullo o‘g‘li (1883.15.3, Samarqand - 1942.27.7, Rossiya, Perm viloyati Solikamsk shahri) — ma’rifatparvar, shoir. 1901 yilda haj safaridan qaytgach, maktab ochib, bolalarni o‘qitgan. Avval eski usulda, 1903—16 yillar yangi usulda muallimlik qilgan. Ilgor jadid muallimi sifatida tanilgan. «Rahnamoi savod» alifbe darsligini yozgan (1908). «Samarqand» gazetasi va «Oyna» jurnalida ishlagan (1913—15). Rossiyada mardikorlikda bo‘lgan (1916—17). Samarqandga qaytgach, «Hurriyat» (1917—18), «Mehnatkashlar o‘qi», «Mehnatkashlar tovushi» (1918—22), «Zarafshon» (1922—26), «Ovozi tojik» (1926-29) gazetalari, «Tayoq» (1919), «Mashrab» (1922—26), «Mushfiqiy» (1926—29) jurnallarida ishlagan. 1929 yilning 29 sentabridan 3 yil Sibirda surgunda bo‘lgan. Surgundan qaytgach, O‘zbekiston davlat nashriyotining tojik bo‘limida adabiy xodim (1932—34), «Qizil Yulduz» gazetasi muxbiri (1934-37). 1938 yil 24 yanvarda nohaq hibsga olinib, NKVD qoshidagi uchlik hukmi bilan 10 yilga qamalgan. Hukmni o‘tash chog‘ida halok bo‘lgan.
Hoji Muinning ijodi 1900 yillardan she’rlar yozish bilan boshlangan. «Nahif» (Ojiz), «Mehriy» taxalluslari bilan an’anaviy mavzularda she’rlar yozgan. 1908 yilda ijodiy qarashlarida keskin burilish bo‘lib, M.Behbudiy ta’sirida ma’rifatparvarlik ruhida she’rlar va publitsistik maqolalar yoza boshlagan. «Guddastai adabiyot» (1914), «Yangi adabiyot» (1915) she’riy to‘plamlarini chop ettirgan. Fitratning «Munozara» asarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan (1913). Turkiston matbuotida publitsistik maqolalari bilan faol qatnashgan. 1914 yilda Nusratullo Qudratullo o‘g‘li bilan «To‘y» pyesasini yozgan va chop ettirgan. «To‘y» M.Behbudiyning «Padarkush»idan keyin sahnalashtirilgan 2-o‘zbek pyesasidir. «Eski maktab — yangi maktab», «Ko‘knori», «Mazluma xotin» pyesalarini yozib, ularni alohida kitob holida chop ettirgan (1915).
RAHMATLIK UYEZD - SAMARQAND RAYQO’MINING HURMATLIK SADRLARI TILIDAN
Tangriga ming karra qulluq bo‘lsin,
Qulluq aytmak biza qutlug‘ bo‘lsin.
Tangrining marhamatidan biza ham
Bo‘ldilar baxt ila davlat mahram.
Sadr bo‘ldiq necha kun rayqo‘mga,
Nafimiz tegdi havasu ilmga.
Necha kun xalqqa xizmat qildiq,
Ishchi-dehqon kabi mehnat qildiq.
Xalqaro xizmatimiz ko‘b bo‘ldi,
Izzat va hurmatimiz ko‘b bo‘ldi.
Istifoda qilibon fursatdan,
Izzatu obro‘yu hurmatdan.
Oldiq eng boylaridan kunda zakot,
Tangri berdi pulimizg‘a barakot.
Pora olmoqqa biz odat qilmadiq,
Ishchi-dehqong‘a xiyonat qilmadiq.
Oqchani sarfi sharorat qildiq,
Ozgina daf’i qasorat qildiq.
Xalqni kecha va kunduz taladiq,
G’ayurning kosasini ham yaladiq.
Otlanib shahar va uezdni kezdik,
Kuchimiz boricha xalqni ezdik.
Oh! Behuda safohat qildiq,
Yurtimiz ichra shafovat qildiq.
Zulmimiz o‘z boshimizga yetdi,
Oxiri baxt ila davlat ketdi.
Ohkim, vaqti rayosat o‘tdi,
Hayfkim, davri siyosat o‘tdi.
«Tayoq»:
Qilmag‘on bo‘lsang edi elga chatoq,
Boshga yetmas edi shuncha tayoq.
«Zarafshon» gazetasi, 1922 yil, 3 dekabr
NIMA EDIK, NIMA BO’LDIK, NIMA QILAYLIK?
«Nima edik, nima bo‘ldik?» so‘rog‘i
Esimizga keladi har chog‘i.
«Nima qilmoq kerak edi?» derlar,
Bizdagi kambag‘al ishchi-erlar.
Ilgari bizlarga matlab bor edi,
Yangi maktab, eski maktab bor edi.
Chiqar edi bir-ikki ro‘znoma,
O’qir edi uni xosu omma.
Yoshlarda dard ila g‘ayrat bor edi,
Xalqda ozgina himmat bor edi.
Nima bo‘ldi - ishimiz o‘zgardi,
Sog‘lig‘i ketdiyu qoldi dardi.
Ya’ni na maktabu paktab qoldi,
Eski va yangilari tarqaddi.
Yangi maktabda mushuk o‘ynaydir,
Eski maktabda quchuk uxlaydir.
Bolalar ko‘chada hayron-sarson,
Onalar uychada nolon-giryon.
Otalarning ishi non topmoqdir,
Non uchun salla-chopon sotmoqdir.
Elimizda g‘ami maktab yo‘qoldi,
Loaqal maktab uchun gap yo‘qoldi.
Gazeta bo‘lsa-da bizning elda,
Chiqodir bir karra oyda, yilda.
Yoshlar bunda tutash ovladilar,
Qarilar bunda osh ovladilar.
Xalqimizning bor-yo‘g‘i to‘yg‘a,
Sarf o‘lur, bir puli qolmas uyg‘a.
To‘g‘risi, boylara himmat yo‘qdir,
Xayru ehson va hamiyat yo‘qdur.
Qolmadi sinfi taraqqiyparvar,
Barchasi bo‘ldi giriftoru zar.
Ba’zisi soch va soqol fikridadir,
Kechasi mohijamol fikridadir.
Bu orada faqat ishchi-dehqon
Qoldi nodonliq ila sargardon.
O’qumay mulla bo‘lurmi ishchi?
O’qumay haqni bilurmi ishchi?
Yovimiz bor oti «mustamlakachi»,
Yuzi oppoq ko‘rinur, qora ichi.
Ushbu yov birla qurash lozimdur,
Balki oni kuvlash lozimdur.
Yana bir yov bor - oti nodonliq,
Qiladir biza hamon xoqonliq.
Bunga qarshi urush ochmoq lozim,
Tezrak oni yo‘qotmoq lozim.
Buni yo‘q etmak uchun ilm kerak,
Holbuki, bizda bilimdir siyrak.
Ilm uchun maktab ochish lozimdur,
Eru xotinga o‘qish lozimdur.
Ilmsiz hur yashamoq mumkin emas,
O’qug‘on elga chatoq mumkin emas.
So‘zlamoq chog‘i o‘tib ish bitdi,
Ish bilan birga sovuq qish bitdi.
Endi kim ishlamasa o‘lg‘usidir,
Ya’ni armoni guli so‘lg‘usidir.
«Zarafshon» gazetasi, 1922 yil, 1 dekabr
AY QALAM!
Ay qalam, haq yo‘lida bo‘l to‘g‘ri,
Egrilik aylama, bo‘lma o‘g‘ri.
Ay qalam, to‘g‘rini egri yozma,
Aldanib oqchag‘a yo‘ldan ozma.
To‘g‘ri yur, to‘g‘ri gapir, to‘g‘ri yoz,
Egrilik qilg‘uvchining qabrin qaz.
To‘g‘rilikni o‘zingga maslak tut,
To‘g‘ri kelganda bu yo‘lda qon yut.
Seni der bunda birov «teskarichi»,
Birisi der: «Bu kishi millatchi».
Biri der «dinchi», biri «ruhiyachi»,
Biri «nodon», biri «sapsatachi».
Kim na der, deyabersin so‘zini,
So‘zila ko‘rsatsin yuzini.
Iltifot etma alarga, yoza ber,
Sen haqiqat chechagin doim ter.
Ay qalam, haqni yozarda o‘lg‘il,
Maslaking yo‘lida qurbon bo‘lg‘il.
Bu zamonda kim erur haqqoniy,
Shubhasiz to‘kilur oning qoni.
«Zarafshon» gazetasi, 1923 yil, 25 yanvar
«TAYOQ»NING NASIHATI
«Jarchi» bolam, erka qo‘zim, har ishingni bilib qil,
Erkalikni menga qilg‘in- matbuotga qilmag‘il!
Sen yosh hali, tajribang oz, yozg‘oningni tuzatdur,
Nuqsoningni aytganlarga haqsiz o‘pka etmagil!
«Jarchi» o‘g‘lim, «cho‘g‘ul» bo‘lib haq yo‘lidan ayrilma,
Garchi oting «Jo‘g‘ul» bo‘lsa, o‘zing to‘g‘rilag‘ul bo‘l!
To‘siqliklar ko‘rarsang-da, o‘z yo‘lingdan burilma,
Otang o‘lur haq yo‘lida, sen ham uning kabi o‘l!
Gapning tubin bilmay nega dodu faryod qilasan?
Aslin bilsang, otang saning boshg‘inangni silaydir.
Achchig‘lanib chol otangning o‘lmagini so‘raysan,
Qaysi bola otasining o‘limini tilaydir!
«Zarafshon» gazetasi, 1923 yil, 1 mart
IJOBAT BO’LG’ON DUO
(Amir Olimxon haqida)
Ay Xudoi diyrgiri saxt gir!
Teztar gar jonaki nodon amir.
On amiri, ki nadorad g‘ayri zulm,
Fikru zikri digari andar zamir.
Koru borash fisqu ayshu-ishratast,
Go‘yo az modar o‘ zoda sharir*.
Ul amirikim kasofat konshshr,
Ezmalik avjidadir deb «alkabir».
Odamiyat ko‘chasidan o‘tmagan,
Sadqai odam bo‘lsun munday amir.
Kambag‘alg‘a rahmi yo‘qdir, zulmi ko‘b,
Boylarg‘a lutf ila mehri kasir.
Burjuazlarg‘a berar yog‘liq palov,
Kambag‘al ishchiga bermaydir xamir.
Mullalarni adtsabon «dahyak» bilan,
Vaqflarni ushr birlan o‘zi yer.
Boyu mullalar anga sotliq chimor,
Bevayu bechoradir sog‘liq sigir.
Peshkash aylar amirga zulm ila,
O’z bolasin boyu mullayu faqir.
Bachchabozliqda anga yo‘qdir misol,
Mayparastliqda anga yo‘qdir nazir.
Ersiz qiz qolmadi qo‘l ostida,
Chunki bo‘ldi barcha qizg‘a o‘zi er.
Shul jihatdan haqlidir har kim desa:
«Biz Buxoro xalqi avlodi amir».
Garchi bo‘lsa oti Olimxon to‘ra,
O’zi ilmu fazldan yo‘qdir xabar.
Shul sababdan olimg‘a dushman erur,
Chin ilm ahlini zindong‘a solur.
«Istaraz»chilarni ho‘kizdek boqur,
Hurriyatchilarni qo‘ydek boshin kesur.
Hurriyatdan so‘zlasang - joni chiqar,
Zulmdan so‘z boshlasang, bo‘lg‘ay daler.
Bundayin zolim, ilohi, tezroq
Bolsheviklar qo‘lig‘a tushgay asir.
Barcha molu mulku taxtu baxtini
Bolsheviklar aylagay yibir-esir.
Qo‘rqmayin to‘g‘ri yozar botur «Tayoq»,
Garchi bo‘lsa qatl, yo borsa Sibir.
Boturbek
(Bu manzuma «Mehnatkashlar tovushi» gazetasining 1918nchi yil, 13nchi dekabrdagi 45-sonidan ko‘chirildi.)
«Mashrab», 1924 yil, 7-son
Mazmuni: Ey Olloh (er yuzida) fikru zikri zulmyaan boshqa bo‘lmagan, nodon amir jonin kech bo‘lsa ham tezroq va azobliroq ol, ul zotning qilar amali faqat fisqu fasod, ayshu ishratdir, go‘e onadan yomonlik farzandi bo‘lib tug‘ilgandek.
XIZMATLARIM
(O’xshatma)
Ey yoronlar, to‘g‘ri yo‘ldan qochdim mano,
Egrilikning urug‘larin sochdim mano.
Cho‘ntakkinam oqcha bilan to‘lsin debon,
Makru firib do‘konini ochdim mano.
Xalq ichida bug‘zu nifoq ko‘paysun deb,
Qayda yursam chaqimchiliq qildim mano.
Bilimsizlar azob tortib o‘quydilar,
Man o‘qumay barcha fanni bildim mano.
Kimdan foyda ko‘rgan bo‘lsam qo‘lin o‘pdim,
Nafi tegmay yurganlarni so‘kdim mano.
Boy kishiga puli uchun sajda qildim,
Kambag‘alning obro‘yini to‘kdim mano.
Nafsginamning buyrug‘idan qilcha chiqmay,
Yog‘liq joyg‘a har xil tuzoq qo‘ydim mano.
Uzun chopon, katta salla kiymak bilan,
Nodonlardan ko‘b hurmatlar ko‘rdim mano.
Amaddorga pora berib ish bitirdim,
Buning uchun xizmat haqi oldim mano.
Hay attangkim, oxir o‘zim qo‘lg‘a tushdim,
Yomonliqdan ko‘b balog‘a qoldim mano.
Mashrab:
«El xizmatin» qilg‘on kishi shunday bo‘lur,
Shul ishga ming ofarin dedim mano.
Sandek o‘sal kishilardan kim-qanchasin,
Urib, so‘kib boshlarini yedim mano.
Mulla Junbul «Mashrab», 1924 yil, 15-son
PORA BER
(Bir poraxurning iltimosi bilan yozildi)
Ish bitkazib ketay desang, pora ber!
Murodingga yetay desang, pora ber!
O’zim oqman, qoralarni oqlayman,
Meni rozi etay desang, pora ber!
Pulsiz g‘avg‘o aslo o‘rin tutmaydir,
Yog‘liq janjal sira navbat kutmaydir,
Bo‘sh da’volar bu dunyoda butmaydur,
Maysiz kabob tomog‘imdan o‘tmaydur.
O’g‘riliq qil, odam o‘ldur, pora ber!
Elni yig‘lat, meni kuldir, pora ber!
Pulsiz bo‘lsang, hech kim senga boqmaydir,
Dushmaningni chayon kabi chaqmaydir,
«Mulla jiring» hamyoningga oqmaydir,
Quruq so‘zlar qulog‘ingga yoqmaydir,
Ko‘b gapirma, cho‘ntakni och, pora ber!
Olamni buz, kel oqcha soch, pora ber!
Oqcha bo‘lsa, pora changalda sho‘rbo,
Oqcha bilan kuchsiz bo‘lg‘on tavono,
Pullik nodon ko‘zga ko‘ringay dono,
Puli borning tili bo‘lg‘usi go‘yo,
Kechqurun kel, yeng ichidan pora ber!
Yoki kunduz paket bilan pora ber!
Qishloklarda maxfiy ishlab pora ber!
Eshonlardek murid ovlab, pora ber!
Bo‘ri bo‘lib elni talab, pora ber!
Katta to‘y qil, juvon asrab pora ber!
Mulla Junbul «Mashrab», 1925 yil, 16-son