OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mahmud Koshg’ariy (XI asr)

Mahmud Koshg‘ariy ibn Husayn ibn Muhammad (11-asr) — turkshunoslik ilmining asoschisi. filolog olim. Ijtimoiy kelib chiqishi jihatidan qoraxoniylar sulolasiga mansub. Otasi Husayn ibn Muhammad o‘sha davrdagi Baregan elining amiri bo‘lgan. Koshg’ariy boshlangich ma’lumotni o‘z qishlog‘ida, yuqori ma’lumotni Koshg‘ar madrasalarida olgan, arab, fors, turkiy kabi 7—8 tilni puxta egallagan. So‘ng u Buxoro, Samarqand, Marv, Nishopur shaharlarida bilimini oshirgan. 
1056—57 yillarda mamlakatdagi ichki nizolar natijasida olim o‘z vatanini tark etib. 15 yil davomida atrofdagi qardosh xalqlar orasida yurishga majbur bo‘lgan. Ana shu yillarda u turkiy xalqlar yashaydigan o‘lkalarni kezib, bu yerlardagi turkiy qabila va urug‘lar, ularning kelib chiqishi va nomlanishi, joylashish o‘rinlari, urf-odatlari, ayniqsa, til xususiyatlarini sinchiklab o‘rganadi. So‘ng Bag‘dodga borib, ancha vaqt shu shaharda ijod qilgan, xususan, 1072 yili (ba’zi manbalarda — 1074 yil va undan ham keyin) dunyoga mashhur asari «Devonu lug‘otit turk» («Turkiy so‘zlar devoni»)ni yozib bitiradi va uni abbosiylardan bo‘lgan Abulqosim Abdulloh binni Muhammadil Muqtado biamrillohga bag‘ishlaydi. Ushbu asar turkiy xalqlar tarixidagi dialektologik, izohli, etnografik, tarixiy-etimologik lug‘atlarning barcha unsurlarini qamrab oluvchi dastlabki universal lug‘at bo‘lib, o‘z muallifini dunyoga ulug‘ adabiyotchi, tarixchi geograf va boshqa ko‘p fanlarlan yaxshi xabardor bo‘lgan yirik fan arbobi, qomusiy olim sifatida tanitdi. Bu asarida olim turkiy qabila va urug‘lar (xalqlar) tillaridagi so‘zlar ma’nosini arab tilida izohlab beradi. Misol sifatida esa maqollardan va badiiy adabiyotdan parchalar keltiradi. Bu haqda Koshg’ariyning o‘zi yozadi: «Men bu kitobni maxsus alifbe tartibida hikmatli so‘zlar, saj’lar, maqollar, qo‘shiqlar, rajaz va vasl deb atalgan adabiy parchalar bilan bezadim... Men iste’moldagi so‘zlarnigina berdim, iste’moldan chiqqanlarini tashladim... So‘ngra men har bir qabilaga mansub so‘zlarning yasalish xususiyatlarini va qanday qo‘llanishini qisqacha izoqlab ko‘rsatish uchun alohida yo‘l tutdim. Bu misol tariqasida turklarning tilida qo‘llanilib kelgan she’rlaridan, shodlik va motam kunlarida qo‘llanadigan hikmatli so‘zlaridan, maqollaridan keltirdim». 
Shuni aytish kerakki, «Devon»da berilgan adabiy parchalar, til faktlari faqat 11-asr adabiyotining namunalari bo’lmay, ularning aksar qismi juda uzoq o‘tmish davrlarning mahsulidir. Shu jihatdan bunday parchalar turkiy tillarning kelib chiqish tarixini, rivojlanishini, adabiy harakatining juda uzoq tarixini belgilashga xizmat qiluvchi eng muhim hujjatdir. Asardagi bir qancha geografik, etnografik ma’lumotlar ham tegishli sohalar nuqtai nazaridan katta ahamiyatga ega.
Mahmud Kosh’gariy mazkur asariga o‘zi tuzgan dunyo xaritasini  ilova  qiladi.  Xaritada mamlakat, shaxar, qishloq, tog‘, cho‘l, dengiz, ko‘l, daryo qabilarning nomlari yozilgan. Xaritada aks etmagan ba’zi bir nomlar lug‘at matnida izohlangan. Xarita, asosan, Sharqiy yarim sharga to‘g‘ri keladi. Bu haqda Mahmud Kosh’gariyning o‘zi: «Rumdan Mochingacha bo‘lgan... shaharlar o‘rnini aniqlash maqsadida ularning hammasini yer shaklidagi doirada ko‘rsatdim», — deb yozadi. Shartli qabul qilingan bo‘yoqlar rangi doira tashqarisida to‘rt joyda so‘z bilan izohlangan. Ayrim kamchiliklariga qaramay, Mahmud Kosh’gariyning 11-asrda tuzilgan xaritasi o‘z davri uchun mukammal, hozirgi davr uchun geografik ma’lumotlar beruvchi muhim manba hisoblanadi. 
Ma’lumotlarga ko‘ra, Mahmud Kosh’gariyning «Devonu lug‘otit turk»dan avvalroq yaratilgan, «Javoqirun-nahvi fi lug‘otit-turk» («Turkiy tillar sintaksisi qoidalari») deb nomlangan asari ham bo‘lgan. Ushbu asar hozircha topilgani yo‘q.
Mahmud Kosh’gariy 1080 yilda (yoki 1118 y.da) vataniga qaytib kelib, O‘paldagi Aziq qishlog‘ida, Hazrati Mullom tog‘i etagidagi tepalikda joylashgan madrasada dars bergan va ilmiy ijod bilan mashg‘ul bo‘lgan (hoz. mazkur madrasaning faqat poydevorlari saqlanib qolgan). Mahmud Kosh’gariy 1105 y.da (yoki 1126 y.da) 97 yoshida vafot etib, O‘paldagi uning ajdodlari maqbarasiga dafn etilgan. Maqbara hozirgacha «Hazrati Mullom mozori» nomi bilan mashhur.

Abduvahob Madvaliyev

«DEVONU LUG‘OTIT-TURK»DAN

Bahor haqida[1]

Qor, buz qamug‘ arushdi,
Tog‘lar suvi oqishdi,
Ko‘kshin[2] bulit o‘rushdi,
Qayg‘uq[3] bo‘lub ukrishur[4].
 
[Qor, muzlar erishdi, tog‘lar suvi oqa boshladi. Ko‘kimtir bulut ko‘tarildi, suvda suzgan qayiqday havoda suzishdi.]
 
Urdi bulit ingrashu,
Oqti oqin mungrashu,
Qoldi budun tonglashu,
Ko‘krar[5] taqi mangrashur[6].
 
[(Ko‘k yuzida) bulutlar o‘ynasha boshladi. Shaldirab sel oqa boshladi. (Ko‘rinish) hammani hayratga soldi. Chaqmoq chaqar, momoqaldiroq vahimali tovush bilan guldurar edi].
 
Oy qo‘pub, avlanub,
Oq bulit[7] urlanub,
Bir-bir uza uklunub[8],
Sochilib suvi ingrashur[9].
 
[Oy chiqqan, tegrasida doira paydo bo‘lgan edi. Oq bulut ko‘tariladi, bir-biri ustiga to‘dalanadi-da, shuvullab suv tomchilarini yerga to‘ka boshlaydi. U davrda Oy atrofini qizil girdob o‘raganda qizillik bulutni yuqoriga suradi, ular to‘dalanib yog‘a boshlaydilar, degan tushuncha hukm surgan].
 
Quydi bulit yag‘murin,
Kerib tutar oq to‘rin[10],
Qirqa quzti ul qorin,
Oqin[11] oqar angrashur.
 
[Bulut yomg‘irini quydi. U oq to‘rini havoga keng yoydi, oppoq qorlarini tog‘lar ustiga tashladi. Sharros sel oqdi].
 
Qoqlar[12] qamug‘ ko‘lardi[13],
Tog‘lar boshi ilardi[14],
Ojun tani yilirdi,
Tutu[15], chachak jarkashur[16].
 
[Chuqurlar suvga to‘ldi, hatto tog‘larning boshi xayol bo‘lib qoldi (ko‘rinmay ketdi), borliq issiq nafas ola boshladi (yayradi), o‘simlik va daraxtlar yuvindi. Har narsa bezanib nurlandi].
 
Tuman chachak tizildi,
Bukundan[17] ul yozildi[18],
O‘kush[19] yotib uzaldi,
Yerda[20] qo‘ba[21] azrishur[22].
 
[Rang-barang chechaklar qatorlashib unib chiqdilar, shoxlab yoyildilar. Uzoq vaqt tuproq ostida qolib siqilgan gullar bosh ko‘tarib yayradilar].
 
Yag‘mur yog‘ib sachildi,
Turluk chachak suchuldi[23],
Inju qobi[24] ochildi
Chindan iypor yug‘rushur[25].
 
[Yomg‘ir tomchilari to‘kila boshladi, turli chechaklar undi, inju qutichalari (g‘unchalar) ochildi, har tomonda shifobaxsh atir hidlari gurkuradi].
 
Qulon[26] tugal qumutti[27]
Arqar[28], so‘qaq[29] yumutti[30],
Yaylog‘ toba emitti[31],
Tizgiq turub sakrishur.
 
[Bahor qulonlarni, ohularni o‘z yeridan qo‘zg‘atdi. Taka va qo‘zichoqlarni harakatga soldi. Ular to‘da-to‘da bo‘lib yaylovlarda o‘ynashar, yayrashar edi].
 
Yashin otib[32] yashnadi,
Tuman[33] turub tushnadi[34],
Azg‘ir qisir kishnadi,
Ugur olib[35] uqrashur[36].
 
[Yaltirab yashin chaqnadi, bulutlar qo‘zg‘alib to‘plandi. Bahor belgilarini ko‘rgan ayg‘ir va biyalar shodlandi, har xil ovozlar bilan kishnashib uyur olishdi].
 
Alin[37] to‘bu yashardi,
O‘rut[38] o‘tin yashurdi,
Ko‘ling suvin kushardi[39],
Sig‘ir, buqa mungrashur.
 
[Tog‘ tepalari rang-barang chechak va ko‘katlar bilan bezandi. Qurigan eski o‘tlarni yashirib yubordi. Ko‘llar suvlari to‘lib toshdi. Sigir, buqalar shodlikdan mastlarcha mangrashmoqda].
 
Qizil sarig‘ arqashib[40],
Yabkin[41] yashil yuzkashib,
Bir-bir karu yurkashib,
Yalinguq[42] ani tanglashur.
 
[Har turli gullar, sariq, qizil chechaklar birin-ketin unib chiqdi. Ular bir-birlariga ergashgan kabi ketma-ket bosh chiqardilar. Manzara kishilarni tang qoldirarli ko‘rkam tus oldi].
 
Og‘di[43] bulut ko‘krayu[44],
Yag‘mur to‘li[45] sakriyu",
Qaliq[46] ani ukriyu[47],
Qancha borir balg‘usuz.
 
[Gulduros bilan bulutlar ko‘tarilib chiqdi, paydo bo‘ldi. Quyuq yomg‘ir, jala quyila boshladi. Havo bulutlarni uchirar, ular (bulutlar) qayoqqa borishini bilmay, esankiragandek kezar edi].
 
Qush, qurt[48] qamug‘ tirildi,
Erlik[49] tishi[50] terildi[51],
O‘kur olib[52] tarildi[53],
Yinqa yana kirgusuz.
 
[O‘lik holida bo‘lgan hamma qurtu qushlar bahor nasimini iskab qayta jonlandilar. Erkak, urg‘ochilari to‘planishdi. To‘da-to‘da bo‘lib o‘ziga mos joylarga tarqalishdi. Endi ular qorong‘i inlariga qaytib kirmaydilar].
 
Yoy borubon arkuzi[54],
Oqti oqin munduzi[55],
Tug‘di yoruq yulduzi,
Tingla so‘zum kulgusuz.
 
[Bahor qor suvlarini eritib, telba sel kabi oqiza boshladi. Yorug‘ yulduzlar charaqlab chiqdi, bu so‘zlarimni kulgisiz tingla].
 
Tagma[56] chachak o‘kuldi[57],
Buquqlanib[58] bukuldi,
Tuksin tugun[59] tuguldi,
Yorg‘olimat[60] yurkashur.
 
[Har xil gullar to‘planishdi. Ular maxsus bir shaklda bog‘langan guldastalar singari o‘ralishib ochilishmoqda].
 
Qo‘chinkor taqa sashildi[61],
Sog‘liq suruk[62] qo‘shuldi,
Sutlar qamug‘[63] yushuldi[64]
O‘g‘loq qo‘zi yamrashur[65].
 
[Yoz kelishi bilan qo‘chqor, takalar yeshilib, sog‘liq suruklariga qo‘shilishdi. Mo‘l o‘tloqlardan foydalangan mollar suti oqib to‘kila boshladi. Qo‘zilar u sutlarni emishadi].
 
Turluk chachak yorildi[66],
Barchin[67] yazim[68] karildi[69],
Uchmoq[70] yari ko‘ruldi,
Tumlug‘[71] yana kalgusuz.
 
[Rang-barang chechaklar ochildi. (Yer yuzi) ipak gilamlar bilan bezangan kabi ziynatlandi. Jannat yeri ko‘rindi. Sovuq hech qaytib kelmaydigandek havo yoqimli bo‘ldi].
 
Atil suvi oqa turur,
Qaya[72] tubi qoqa turur,
Baliq tilim baqa turur,
Ko‘lung taqi[73] kusharur[74].
 
[Edil suvi to‘lib oqmoqda. Qattiq tog‘ toshlariga urib shaldiramoqda. Toshgan suvlardan paydo bo‘lgan ko‘llarda baliq, baqalar urchimoqda].
 
--------------------------------------------------
[1] Bahor u davrlarda alohida quvonch bilan qarshi olinar, maxsus shodiyona kunlar o‘tkazilar, bu kunlarda turli qo‘shiqlar kuylanar edi. Hali tabiat hodisalari oldida kuchsiz bo‘lgan u davr tushunchasida bahor odamlarni rizqlantiruvchi ahamiyatga ega bo‘lgan. Biz bu yerda ana shu bahor qo‘shiqlaridan ba’zi to‘rtliklarni beramiz. Bu parchalar Devonning uch tomida tarqoq holda bo‘lib, biz bir yerga to‘pladik.
[2] Ko‘kshin — ko‘kimtir.
[3] Qayg‘uq — qayiq.
[4] O‘krishmak — harakat qilmoq, harakatga tushmoq, suzishmoq.
[5] Ko‘kramoq — chaqnamoq.
[6] Mangrashmoq — na’ra tortmoq.
[7] Oq bulit — bulut parchasi, bulut to‘dasi.
[8] Uklanmoq — ko‘payishmoq, to‘dalanmoq.
[9] Ingrashmoq — shuvullamoq.
[10] Oq to‘r — bulut to‘dalaridan kinoya; oq to‘rini kerib tutmoq — butun osmonni bulut qoplamoq.
[11] Oqin — sel.
[12] Qoqlar — chuqurlar.
[13] Ko‘lardi— ko‘lga aylandi, ko‘l bo‘lib ketdi.
[14] Ilarmak— ko‘zga zo‘rg‘a ilashar holga kelmoq.
[15]Tutu — turli-turli, har xil.
[16]Jarkashmak — saf tortmoq, tizilmoq.
[17]Bukun — g‘uncha.
[18]Yozildi — yoyildi, ochildi.
[19]O‘kush— ko‘p.
[20]Yerda — yerdan.
[21]Qo‘ba — ko‘tarilib.
[22]Azrishur - ayrilishadi, ajralishadi.
[23]Suchulmoq— po‘stloq tashlab tozalanmoq.
[24]Qob —quti.
[25]Yug‘rushmoq — anqimoq, gurkuramoq.
[26]Qulon — kiyik, tog‘ echkisi, yovvoyi eshak.
[27]Qumutmoq — qo‘zg‘atmoq.
[28]Arqar — urg‘ochi echki.
[29]So‘qaq — kiyik.
[30]Yumutmoq — yig‘moq, to‘plamoq.
[31]Emitmoq — yo‘llamoq.
[32]Otmoq — chaqnamoq.
[33]Tuman — momaqaldiroq.
[34]Tushnamoq — to‘planmoq.
[35]Ugur olmoq — uyur olmoq.
[36]Uqrashmoq — shodlanib kishnamoq.
[37]Alin — har xil nay ranglar bilan.
[38]O‘rut — eski, qurigan qoldiqlar.
[39]Kusharmoq — toshtirmoq.
[40]Arqashmoq — orqama-orqa tizilishmoq.
[41]Yabkin — har xil xushbo‘y o‘simliklar.
[42]Yalinguq—xalq, odamlar.
[43]Og‘moq — ko‘tarilib chiqmoq.
[44]Ko‘kramoq — na’ra tortmoq.
[45]To‘li — jala.
[46]Qaliq — havo.
[47]Ukramoq — harakat qilmoq.
[48]Qurt — har xil mayda hasharotlar (lekin o‘g‘uzlar qurt deb pashshaga aytar edilar).
[49]Erlik — er jinslilar.
[50]Tishi—urg‘ochilar.
[51]Terilmoq — to‘planmoq.
[52]O‘kur olmoq — to‘dalanmoq.
[53]Tarilmoq — taralmoq, taralib ketmoq.
[54]Arkuz — bahorda qorlar erishidan chiqqan suv.
[55]Munduz — sarosimalik, telbalik.
[56]Tagma — har xil.
[57]O‘kulmoq — to‘planmoq.
[58]Buquqlanmoq— g‘unchalanmoq.
[59]Tuksin tugun — maxsus tugun, guldasta.
[60]Yorg‘olimat — ochilish oldidagi.
[61]Sashishmoq — yeshilmoq.
[62]Suruk — to‘da, poda.
[63]Qamug‘ — hamma.
[64]Yushulmoq — oqib to‘kilmoq.
[65]Yamrashmoq — emishmoq.
[66]Yorilmoq — ochilmoq.
[67]Barchin — shohi.
[68]Yazim — yoziladigan, namat.
[69]Karilmoq — kerilmoq, solinmoq.
[70]Uchmoq — jannat.
[71]Tumlug‘ — sovuq.
[72]Qaya — katta tosh.
[73]Taqi — ham.
[74]Kusharmoq — to‘lib-toshmoq.


MAQOLLAR

«Tulku o‘z iniga ursa, ujuz bo‘lur» («Tulki o‘z uyasiga qarab ulisa qo‘tir bo‘ladi»). Mahmud Koshg‘ariy izohlashicha, «bu maqol o‘z elini, urug‘ini va mamlakatini yomonlovchilarga qarata aytiladi».

* * *


«Erik erpi yag‘lig‘, ermagu bashi qanlig‘» («Tirishqoqning labi yog‘lik, erinchoqning boshi qonlik»). Bu maqol yalqovlikni tashlashga, g‘ayrat bilan ishlashga undab aytiladi.

* * *


«Suv ichirmasga sut ber». U senga yomonlik qilganga ham yaxshilik qil, degan ma’noda ishlatiladi.

* * *


«O’kuz azaqi bo‘lg‘incha, buzag‘u bashi bo‘lsa yik» («Ho‘kizning oyog‘i bo‘lguncha, buzoqning boshi bo‘lgan yaxshiroq»). U «mustaqillik bo‘ysunishdan yaxshi» degan ma’noda qo‘llanadi.

* * *


«Tavg‘ach xanning to‘rqusi telim, tenglamazib bichmas» («Qoraxitoy) xoqonining ipak gazmoli ko‘p, lekin o‘lchamay kesilmaydi»). Bu maqol ishni boshida puxta o‘ylab qilishga undab, isrofgarchilikka qarshi aytilgan.

* * *


«Uma kelsa, qut kelar» («Mehmon kelsa qut kelar»). Bunda «senga mehmon kelsa, u bilan birga baraka, qut-baxt keladi, qo‘noqni yaxshi qarshi oladilar, malol olmaydilar» degan fikr ilgari surilgan.

* * *


«Qiz kishi savi yo‘rig‘li bo‘lmas» («Baxil odam obro‘ topmaydi»). Bu maqol odamlarni yaxshi nom chiqarish, saxiy bo‘lish uchun undab aytiladi.

* * *


«Erdam bashi til» («Odobning boshi til») .

* * *


«Tilin tug‘mishin tishin yazmas» («Til bilan tug‘ilganni, tish bilan yechib bo‘lmas»)

 

BAYTLAR

Olim kishi so‘zidan olgil o‘git, 
Yaxshi so‘zlar ta’siri dilga singar.

* * *

Olim kishini ezgu tutib so‘zin eshit, 
Hunarini o‘rganibon amal qilg‘il.

* * *

Qush ov ko‘rsa yuksaklardan pastga tushar, 
Olim kishi o‘git bersa, darhol uqar.

* * *

Olimlarga yaqinlash, bahra olgil tutib dil.

* * *

Qo‘ni-qo‘shni, qarindosh, 
Ko‘rsin sevdan yaxshilik.

* * *

Kelsa birov yo‘qlanib, 
Bergil yaxshi ozuq, non. 
Qarg‘ab ketar mehmonlar, 
O’tar bo‘lsang gar yomon.

* * *

Undab ulug‘ chaqirsa, 
Tezlik bilan chopib kel, 
Ochlikda birga bo‘lgil, 
Ne holda bo‘lsa yurt, el

* * *

Yashirin tutilgan sevgi 
Ayrilgan kun bilinar. 
Og‘riq ko‘zni berkitma, 
Yoshi oshkora qilar.

* * *

Kulsa kishi yuzingga, 
Ko‘rklik bo‘lib ko‘ringil. 
Shirin, ochiq so‘z so‘yla, 
Yoqmoq uchun uringil.

* * *

Ulug‘lig‘ing oshsa xushxulq bo‘lgil.

* * *

Yomonlikka otlanma, 
Tildan chiqar ezgu so‘z.

* * *

Baxil mezbon mehmonni o‘g‘ri ko‘rar,
Berganini minnat qilib yuzga urar.

* * *

Mehmon kelsa o‘tqazgil, 
Hordiq olib tinch bo‘lsin.
Oti ham yorug‘likda 
Arpa, somonga tuysin.

* * *

Ilm, hikmat o‘rgangin, bo‘lma mag‘rur, 
Maqtanchoqni sharmandasi chiqdi, ko‘r.

* * *

Kelsa agar xonang uzra g‘arib mehmon, 
Bor narsangni oldiga quy, bo‘l mehribon.

* * *

Qo‘ldoshingni hurmat qil, 
O’zgalarga yuzlanma. 
Boqolmasang tovug‘ing, 
Qush boqay, deb so‘zlanma.

* * *

Ketgan molga achinma, 
Unga ozroq o‘kingil.

* * *

Eshitib ota-onaning 
So‘zlarini qadrla. 
Molu mulking ko‘paysa, 
Mag‘rurlanib quturma.

* * *

Ish boshlashda hovliqmay, diqqatla boq 
Chaqmoqtoshni shoshib chaqsang o‘char chiroq.

* * *

Mashaqqatsiz hayot yo‘q bunda aslo, 
Ezgulikni kurmasdan umr bitar.

* * *

Ko‘rklik to‘ning o‘zingga, 
Totlig‘ oshing o‘zingga. 
Qo‘noqqa ko‘rgiz izzat, 
Yoysin sha’ning uzoqqa.

* * *

Boqmas jahon sovuq so‘z, 
Shilqim, yuzsiz baxilga, 
Yoqimli bo‘l, xushxulq bo‘l, 
Qolsin noming ko‘p yilga.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.