Roqim (taxallusi; ismi noma’lum, 1742 — Xorazm — 1814/15) — shoir, xattot. Ijodda Navoiy va Fuzuliyga ergashgan. O‘zbek va fors tillarida, mumtoz badiiyatning deyarli hamma janrlarida ijod qilgan. An’anaviy ishqiy lirikasi va ijtimoiy masalalarga oid she’rlari ijodida muhim o‘rin tutadi. Ularda davr qiyinchiliklari, jabr-zulmdan shikoyat an’anaviy ishqiy kayfiyatlar orqali ifodalangan, yor madhi turmushning ijtimoiy talkini bilan bog‘langan, ishqiy norozilik esa ijtimoiy adolatsizlikdan shikoyat ma’nosini aks etgan.
Roqimning bizgacha 1 devoni (6470 misra) va devonga kirmagan 30 muxammas, 6 g‘azali yetib kelgan. Ko‘plab muxammaslari Navoiy, Fuzuliy, Munis, Bedil, Ravnaq va boshqalarning g‘azallariga bog‘langan.
Roqim Xorazm adabiy muhitida marsiyachilikka asos solgan. Marsiyalaridagi hasratlar real insoniy kechinmalarga asoslangan, an’anaviy obraz va ifodadan qochib, yangi, hayotiy obrazlar yaratgan. Roqim nomalar ham yozgan, Munis devoni va boshqalarni husnixatda ko‘chirgan. Devoni qo‘lyozmasi O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik instituti fondida saqlanadi (inv. ?7576).
G‘AZALLAR
Falak zulm aylab elga oshkor ohista-ohista,
Olur jonin qilib beixtiyor ohista-ohista.
Yemay-ichmay bukun ko‘b jam’ qilding siymu zar naqdin,
Bo‘lur go‘ringda tongla mo‘ru mor, ohista-ohista.
Qilib zulm elga, yig‘nab mol mag‘rur o‘lma, ey zolim,
Falak tortar nihodingdin damor, ohista-ohista.
Aning bedodu zulmidin zalilu zor bo‘lg‘aysen,
Ketib ilgingdin izzu e’tibor ohista-ohista.
Tama’ni tark qilmay, izzat istar xalqdin harkim
Bo‘lur bu fe’lidin, albatta, xor, ohista-ohista.
Topib ogohlik, tengrig‘a loyiq, qilmadim bir ish,
O‘tub g‘aflat bila laylu nahor ohista-ohista.
Zamon ahli nifoqidin xalos o‘lg‘oysen, ey Roqim,
Alardin tortsang o‘zni kanor, ohista-ohista.
* * *
Ey falak, bir sarvqad ishqida zor etding meni,
Kechau kunduz o‘zungdek beqaror etding meni.
Aqlu hushimni berib barbod bir gul hajrida,
Yuz tuman gam yetkurub ko‘nglumga, xor etding meni.
Qoru borimni sarosar ohu faryod aylabon,
Volau sargashtai bir guluzor etding meni.
Dilbarimni sarkashu mustag‘niyu berahm etib,
Ohkim, zoru zaifu xoksor etding meni.
Garchi teng qilding boshimni yer bila, yuz shukrkim,
Poymoli tavsani chobuksuvor etding meni.
Ul pari hijronida jismimdin, ey jon, chiqmayin,
Vaslig‘a yetgach fig‘onkim sharmsor etding meni.
Holi zorimg‘a tarahhum qilmayin Roqim kabi,
Ey falak, bir sarvqad ishqida zor etding meni.
* * *
Bo‘lub Munis senga hamroz Roqim,
Bori eldin qilib mumtoz Roqim.
Senga zohir qilib mehru muhabbat,
Demish aylab vafou noz Roqim.
Takallum tig‘idan bezaxm qolding,
Ulug‘liq ko‘rguzub e’joz Roqim.
Eshitgach bu so‘zin aylab duosin,
Bo‘lub xalq ichra sarafroz Roqim.
Tafoxur aylabon der o‘z-o‘zig‘a,
Chekam ohistaroq ovoz Roqim.
Agar har kunda yuz ming pora qilsa,
Sanga bordur hanuz ul oz Roqim.
Munosibdur sen o‘z haddingni bilmak,
Gadoyu, shah emas damsoz Roqim.
Jahon bog‘ida aylab or bo‘lmas
Barobar qarg‘a birla qoz, Roqim.
Kabutarlar bila aylar kabutar,
Zagan birla zag‘an parvoz Roqim.
Kalomingni uzotma, emdi bas qil,
Laziz o‘lg‘ay so‘z o‘lsa oz, Roqim.
Bo‘lub ma’mur amri, bir g‘azalni,
Muxammas aylading shahboz Roqim.
Pisand etgay edi bo‘lsa jahonda
So‘zingni Hofizi Sheroz, Roqim.
Bila olmon qabul etgaymu yo rad
Hadising munisi tannoz Roqim.
Namozi shom bo‘lg‘ach topti itmom,
Namozi asr etib og‘oz Roqim.
G‘alat ermas bu so‘zlarga tonuqdur,
Xudoyi fardi beanboz Roqim.
* * *
Tilarmenkim manga yor o‘lsa Munis,
Olib ko‘nglumni dildor o‘lsa Munis.
Jahon bog‘ida bulbulning murodi,
Budurkim ango gulzor o‘lsa Munis.
G‘ururi husnidin qilmas qabulin,
Kelib Yusuf jilavdor o‘lsa Munis.
Bilur ishqida qadrimni, birovga
O‘zi mendek giriftor o‘lsa Munis.
Eshitgay erdi «yo rab»-«yo rab»imni,
Agar bir kecha bedor o‘lsa Munis.
Xayoli zor ko‘nglum ichra basdur,
Meni bekasga darkor o‘lsa Munis.
O‘larmen yuz g‘amu hasrat bila, voy,
Anga bir lahza ag‘yor o‘lsa Munis.
Topar birdamda sihhat xasta ko‘nglum,
Menga ul chashmi bemor o‘lsa Munis.
Kechar ikki jahon sultonlig‘idin
Hazin Roqim bila yor o‘lsa Munis.
* * *
Ohkim, solib uqubatlarg‘a jonimni maraz,
Ayladi mamlu jarohatdin dahonimni maraz.
Turfakim aylab tilimni ham sarosar zaxmnok,
Qo‘ydi so‘z derdin zaboni durfishonimni maraz.
Turfaroq bukim olib mendin yemak — ichmakni ham,
Emdi bo‘g‘zimdin kechurmas oshu nonimni maraz.
Oshu nondin demakim, bir qatra suv ichmak manga,
Mumkin ermas, olg‘ali tobu tavonimni maraz.
Aylabon zulmu sitam yuz ming uqubatlar bila,
Oh, jonim olg‘udek bermay amonimni maraz.
Ko‘r, ne zolimdur yomon holimg‘a rahmi kelmadi,
Eshitib jonkoh faryodu fig‘onimni maraz.
Aylabon qahru g‘azab boshimg‘a savdolar solib,
Yig‘nadi bozor olamdin do‘konimni maraz.
Bo‘yla mehnatni chekarda do‘stlarni demayin,
Ko‘rmasun dushman degan nomehribonimni maraz.
O‘yla sovurdi vujudim xirmanin bodi fano,
Emdi istab topmag‘ay nomu nishonimni maraz.
Keldi jallodi ajaldek olgali jon naqdini,
Oxtarib istab topib yotgan makonimni maraz.
Anglamon o‘lsam qasosimni marazdin kim olur,
Zaxm urub jonimg‘a to‘kti yerga qonimni maraz,
Rahm etib holi xarobimg‘a xudoyim saqladi,
Olg‘udek erdi yo‘q ersa xasta jonimni maraz.
Kuydurub jonimni mag‘zi ustuxonim o‘rtadi,
Ayladi nobud paydovu nihonimni maraz.
Qilg‘asen, yo rab, o‘zing Roqim duosin mustajob,
Qilmag‘ay vayron banogah xonumonimni maraz.
* * *
Tilab Roqim hazin ko‘nglum kushodin,
Sochay mushk o‘rnig‘a kilkim midodin.
Dimog‘im bo‘lg‘ach-o‘q andin muattar,
Qilay farzandi jonpayvand yodin.
Agar bor ersa hushing mustame’ bo‘l,
Ko‘ngulni jam’ etib har mojarodin.
Birodarlar, meni bechoraning ham
Bu erdi hojatim tun-kun xudodin.
Ato qilsa menga farzandi solih,
Muyassar aylabon ko‘nglum murodin.
MUXAMMASLAR
NAVOIY G‘AZALIGA MUXAMMAS
Olsa ko‘nglumni ul ikki zulfini pechu xami,
Mendin etmang aybkim bordur yigitlik olami,
Qolmadi jonimg‘a gardun zulm qilmoqning kami,
Bizga yetmas erdi bir nomehribon dardu g‘ami,
Kim, fuzun ham bo‘ldi yori mehribonning motami.
Ul iki dilbar biri ko‘nglimni olib, biri jon,
Biri zulm etsa, biri yuz lutf etar erdi ayon,
Biri g‘amgin etsa, biri aylar erdi shodmon,
Ikki yor erdi mango nomehribonu mehribon,
Mehribon bordi, qolib nomehribon dardu g‘ami.
Bag‘rimi ul oy firoqi laxta-laxta qildi qon,
Ko‘r nelar munglug‘ boshimg‘a soldi davri osmon,
Bo‘lmag‘oymen ne uchun ham xastau ham notovon,
Bordi ulkim bor edi ham mahramu ham mehribon,
Jon berib bo‘lmon bu bir nomehribonning mahrami.
Kelmang, ey bedardlar, holim so‘rarg‘a yonima,
Motamida nogohon o‘lsam qolursiz qonima,
Chora emdi kimdan istay dardu bedarmonima,
Har jarohatkim, ular nomehribonim jonima,
Mehribonim ul jarohatlarning erdi marhami.
Ohkim, ul mehribonim qilg‘ali azmi jinon,
Hardam aylar bu mahi nomehribonim qasdi jon,
Tortibon tiyg‘i jafo, bermay manga birdam amon,
Vahki ming zaxm ursa jong‘a bu mahi nomehribon,
Yo‘q ilojig‘a ko‘ngulning mehribonu hamdami.
Ishq tavrida meni devonai bexonumon,
Uyladurmenkim, boshimni kessalar ko‘rmon yomon,
Xo‘blar yuz javru ming zulm etsalar qilmon fig‘on,
Mug‘tanamdur ul pari bor ersa ham nomehribon,
Dahr aro chunkim topilmas mehribonvash odami.
Roqimo, mendek jahon ahlida bir ovora yo‘q,
Ko‘ngli biryonu, ko‘zi giryonu, bag‘ri pora yo‘q,
Yig‘lamay holimg‘a qolg‘an sobutu sayyora yo‘q,
Mehribonim chiqsa olamdin, Navoiy, chora yo‘q,
Yordin ham xushturur nomehribonlik olami.
NAVOIY G‘AZALIGA MUXAMMAS
Aylamish zolim falak g‘am xirmanin ko‘nglumda chosh,
Nolai zorim tong armas qilsa el ko‘nglin xarosh,
Voy, yuz ming voykim, ahbob ila qilmay kengosh,
Chiqti yorim kecha yo‘l azmin qilib ul bag‘ritosh,
Bas ajoyibdur qorong‘u kecha chiqmoqliq quyosh.
Borg‘ali ul mahjabin ko‘zlardin uchti uyqular,
Qasd etib jonimg‘a haryondin yetishdi qaygular,
Bul’ajab holnmni ko‘rgan goh yig‘lar, gah kular,
Gar quyoshg‘a el nazar qilsa ko‘ziga yosh to‘lar,
Ul quyosh borg‘ach nazardin ko‘zlarimga to‘ldi yosh.
G‘ayridin bilkull kechib ishqida pok o‘lg‘an ko‘ngul,
Jonfizo la’li labin topmay halok o‘lg‘an ko‘ngul,
Xanjari mujgoni birla zaxmnok o‘lg‘an ko‘ngul,
Zaxmdin ko‘b qon borurdin qoldi chok o‘lg‘an ko‘ngul,
Zangdek afg‘on chekib, xaylida bo‘lg‘ay erdi kosh.
Sensizin gardung‘a o‘tlig‘ oh tortib dam-badam,
Qismatim bo‘lmish g‘am uzra g‘am, alam uzra alam,
Qaysi kun bo‘lg‘ay seni ko‘rmak muyassar, ey sanam,
Furqatingdin yig‘labon haqdin visoling istaram,
Gah socharmen boshg‘a tufroq, gah qo‘yarmen yerga bosh.
Bo‘lg‘ali men telba ayru ul hiloli qoshdin,
Dahr vayron bo‘lg‘udek ko‘zumdin oqg‘an yoshdin,
O‘lgudek holatdadurmen qolg‘ali yo‘ldoshdin,
Qatra qonlar gar tomar ko‘ksumga urg‘an toshdin,
Zaxmdindur demakim, qon yig‘lar ahvolimg‘a tosh.
Xobgohing aylabon zarbafti zebo birla farsh,
Bo‘lma mag‘rur, o‘lgung oxir, qilma kimxob birla farsh
Taxtai tobuting aylab necha debo birla farsh,
Chun to‘sharlar oqibat ustinga xoro birla farsh,
Ne osig‘, ostingda gar charx atlasidandur firosh.
Tushgali Roqimdin ayru dilbari mayxorasi,
Istabon tobmay oni bo‘lmish jahon ovorasi,
Aytingizlar, ishq dardining ne erkan chorasi?
Fosh etar mehrin Navoiyning sarig‘ ruxsorasi,
Subhdekkim sarg‘arib ruxsori aylar mehr fosh.
NAVOIY G‘AZALIGA MUXAMMAS
Adamdin bo‘lg‘ach-o‘q Shirinu Layli nogahon paydo,
Bo‘lub Farhodu Majnun yanglig‘ ikki notavon paydo,
Qilib har biri o‘z dildori ko‘yida makon paydo,
Manga ne manzilu ma’vo ayon, ne xonumon paydo,
Ne jonimdin asar zohir, ne ko‘nglumdin nishon paydo.
Azal qassomidin bo‘lmish manga hijron g‘ami maqsum,
Ko‘rub har lahza yuz ming zulm gardundin meni mazlum,
Dengiz, ahbob, sizga qaysi dardimni qilay ma’lum,
Xirad maxfiy, badan foniy, ko‘ngul g‘oyib, tarab ma’dum,
Bori sahl erdi bo‘lsa erdi ul nomehribon paydo.
Ul oykim otashi ishqi dili so‘zonda paydodur,
O‘qidin yuz boshoq bu diydai giryonda paydodur,
Tamannoi visoli xotiri vayronda paydodur,
Xayoli jonda paydodur, so‘zi afg‘onda paydodur,
O‘zi ham netti, vah, ollimda bo‘lsa bir zamon paydo.
Kishi o‘lmas ajal soqiysidin paymonasi to‘lmay,
Qazodin xirmani umri fano bodig‘a sovrulmay,
Tilarmen, yorsiz olamda bir soat tirik bo‘lmay,
Ular holatdamen onsiz, tarabdin ko‘rmayin o‘lmay,
Demang ta’jil ila ul umr bo‘lg‘ay nogahon paydo.
Jahong‘a har kishi keldi anga o‘lmak muqarrardur,
Borur kelgan yo‘lidin xoh Dorou Skandardur,
O‘lumdin qo‘rqmoq, jono, sanga qaydin muyassardur,
Hazar qilmoq qazo jallodidin bo‘lmaski yillardur,
Qilur qatl o‘ylakim ne tiyg‘ erur zohir, ne qon paydo.
Ajab g‘ofilsen, ey odam, bo‘lur har lahza umring kam,
Qani yoru, qani hamdam, o‘larsan oqibat sen ham,
Eshit aytmay sanga absam, bu nukta qolmasin mubham,
Kesar yuz naxlni har dam, qilur yuz sarvni xurram,
Taajjub ko‘rki, bu gulshanda ermas bog‘bon paydo.
Seni haq xo‘blarg‘a shoh qilmish ul mahaldinkim,
Qilib husningni afzun kun-bakun ro‘zi azaldinkim,
Ko‘rub ma’ruz etar Roqim kechib bahsu jadaldinkim,
Sanga jon shavqidin berdi Navoiy, yo‘q ajaldinkim,
Ajal topquncha ermas ul zaifi notavon paydo,
NAVOIY G‘AZALIGA MUXAMMAS
Solg‘ali jonimg‘a o‘t bir mahliqoning furqati,
Ko‘kda ohim shu’lasidindur shafaqning humrati,
Zor jismimdin kesilg‘ach xasta jonning ulfati,
Jong‘a chun derman ne erdi o‘lmakim kayfiyati,
Derki, bois bo‘ldi jism ichra marazning shiddati.
Kelgali dunyoi dung‘a ko‘rmadim ayshu tarab,
Za’fi tole’ ko‘rki, tinmay qon yutarmen ro‘zu shab,
Jon nahifu tan zaif o‘lmoq ajab uzra ajab,
Jismdin so‘rsamki, bu za’fingg‘a ne bo‘ldi sabab,
Der, anga bo‘ldi sabab — o‘tlig‘ bag‘rning hirqati.
Topmayin dardimga darmon ko‘p yugurdim har yonga,
Bilmon, ey joni balokash, ne iloj aylay sanga,
Kuyganimni sar-basar aytay quloq solsang anga,
Chun bag‘rdin so‘rsam aytur, anda o‘t tushdi manga-
Kim, ko‘ngulga sho‘‘la soldi ishq barqi ofati.
Bo‘lmasun hech kimsa, yo rab, men kabi holi tabah,
Qildi charxi bemuruvvat ro‘zgorimni siyah,
O‘rtanib hasrat o‘ti birla vujudum tah-batah,
Ko‘ngluma qilsam g‘azab, ayturki, ko‘zdindur gunah,
Ko‘rmayin ul tushmadi bizga bu ishning tuhmati.
Qilg‘ali mehnat o‘qi jismimni sartosar yaro,
Topmadim zaxmimg‘a marham istabon olam aro,
O‘z-o‘zum birla qilib devonalardek mojaro,
Ko‘zga chun dermenki, ey tar domani yuzi qaro,
Sendin o‘lmish xasta ko‘nglumning balou mehnati.
Ohkim, yo‘qtur g‘amimni so‘rg‘ali bir g‘amgusor,
Yoshurun dardimni bilmon kimga aylay oshkor,
Qon yoshidin jaybu domonimni aylab lolazor,
Yig‘lab aytur ko‘zki, yo‘q, erdi manga ham ixtiyor
Kim, ko‘rundi nogahon ul sho‘xi mahvash tal’ati.
Necha, Roqim, aylabon chunu charoni justujo‘y,
Aylagaysen jahldin har uzv birla guftugo‘y,
Oqil ersang emdi kel behuda afsonangni qo‘y,
Ey Navoiy, barcha o‘z uzrin dedi, o‘lguncha kuy,
Chun sanga ishq o‘ti-o‘q ermish azalning qismati.
NAVOIY G‘AZALIGA MUXAMMAS
Har necha bu balokash ul oyg‘a bo‘lsa mardud,
Jonlar fidosi qilmoq bordur ko‘ngulga maqsud,
Bu nav’ hurnaykar ermas jahonda mavjud,
Ruxsori jonibida ul xoli anbar olud,
O‘t go‘shasida go‘yo anbar tushub qilur dud.
Ko‘rgach ul oyni lola ko‘ksida dog‘ qoldi,
Sarvi sihi qadidin bog‘ ichra ko‘b uyaldi,
G‘avvos ko‘ngli zaxmi dur vaslidin o‘ngaldi,
Bahri g‘am ichra ashkim ko‘ngliga rahm soldi,
Daryo musofirimen gavhardin aylagan sud.
Dinimni g‘orat etgach ul vusmalik ko‘zu qosh,
Olamg‘a ohu ashkim sirrimni ayladi fosh,
Dashti jununda demang Majnunni manga yo‘ldosh,
Bazmi g‘am ichra shahmen, sorig‘ yuzumda qon yosh,
Bu la’lrang boda, ul sog‘ari zar andud.
G‘amzang qilichi, jono, nechun boshimni chopmas,
Gardi siymi samanding uryon tanimni yopmas,
Ko‘yungda demon itlar bu notavonni qopmas,
Ko‘nglum gadolig‘ aylar og‘zingni garchi topmas,
Yo‘q va’da birla oni qilsang ne bo‘ldi xushnud.
Toki g‘amingda bag‘rim xunoba birla to‘lsun,
G‘ayringga boqsam, ey jon, ikki ko‘zum o‘yulsun
Bording ko‘ngul ne yanglig‘ anduhdin tutulsun,
Kelkim yo‘lingda tufroq boshingg‘a sadqa bo‘lsun,
Ham jismi dardparvard, ham jony ranjfarsud.
So‘z dema oqil ersang shohu vazirdinkim,
Tangrig‘a vosil o‘lg‘an yod et faqirdinkim,
Sudu ziyon hadisin so‘r bu haqirdinkim,
Nobudu bud fikrin mahv et zamirdinkim,
Ne bud qolg‘usidur oxir sanga, ne nobud.
Roqim, gar odam ersang, ko‘p bo‘lmog‘il havoyi,
Qilma o‘zungni zinhor zuhd ahlidek riyoyi,
Aysh aylar elga xushtur mayxona bo‘lsa joyi,
Sarxush tarona go‘star topmishsen, ey Navoiy,
Soqiy, sen emdi tut may, mutrib, sen emdi tuz ud.
NAVOIY G‘AZALIGA MUXAMMAS
Borg‘ali yod etmas ul mahvash meni g‘amnokni,
Bu musibatdin boshimg‘a sovururmen xokni,
Ayb qilmanglar ko‘rub siynamda haryon chokni,
Haftaedur ko‘rmamishmen ul buti cholokni,
Ne ajab gar o‘rtasa ohim yeti aflokni.
O‘yla majruh aylading jismimni, ey bebokkim,
Qattig‘ ahvolimg‘a qon yig‘lar xasu xoshokkim,
Dud boshimdin chiqardi gardishi aflokkim,
Soldi tiyg‘i furqating bag‘rimg‘a andoq chokkim,
Bag‘ri bo‘lg‘ay chok-chok ulkim ko‘rar bu chokni.
Gul yuzung bo‘lg‘ach namoyon pardadin, ey siymbar,
Xayli ishqing ayladi jon kishvarin zeru zabar,
Ishq jurmidin vujudim kuydurur bo‘lsang agar,
Hajr o‘ti jonimg‘a ortuqdur, anga bas bir sharar,
O‘rtamak do‘zax bila, ya’ni na bir xoshokni.
Har kecha ag‘yor ila ul oy qilib zavqu safo,
Kunda yuz bedilni o‘lturganga qilmas iktifo,
Qatli om aylarga ushshoq ahlini ul bevafo,
Otlanibdur mast ko‘nglakchan chekib tiyg‘i jafo,
To ne o‘t solg‘ay jahong‘a ko‘rgil ul bebokni.
Cheksa ul berahm qatlimg‘a agar tiyg‘i halok,
Men qilay raxshi ayogi ostida jismimni xok,
Ko‘zu ko‘nglumni dema, bordur maqomi vahmnok,
Ishq o‘ti birla ko‘ngul, suv birla ko‘zni qildi pok
Pok manzillarda pinhon qilg‘ali ul pokni.
Kimki olam shug‘lidin istar qutulmoq may icha,
Dayr piri xizmatin jon birla aylab har kecha,
Dahr eli javru jafou zulmini tortay necha?
Dayr aro davron g‘amidin qochmisham, ey mug‘bacha,
Bir mug‘ona may bila shod ayla bu g‘amnokni.
Roqimo, gar charx qilmoq istamas jismingni xok,
Motamingg‘a ne uchun har subh etar jaybini chok,
May ichib tun-kun, ko‘ngul dunyo g‘amidin ayla pok,
Boda birla yung Navoiyni xumor etsa halok,
Bog‘langiz tobuti uzra berk naxli tokni.
NAVOIY G‘AZALIGA MUXAMMAS
Ul oyg‘a tiyrai kulbam sori nogah guzor o‘lg‘ach,
So‘rarg‘a holi zorimni yiroqdin oshkor o‘lg‘ach,
Kelib nozu adou ishva birla barqaror o‘lg‘ach,
Jamolin vasf etarmen hamdamim ul gul’uzor o‘lg‘ach,
Quruq shox uylakim, gullar qilur zohir bahor o‘lg‘ach.
Qilich boshig‘a kelsa ishqdin, ko‘nglum qachon tong‘ay,
Ko‘tarmay ostonidin boshin o‘lg‘uncha yostong‘ay,
Hazin jon, notavon ko‘nglum necha rashk o‘tig‘a yong‘ay,
Qoshin ko‘rgoch hasaddin istaram el ko‘zi bog‘lang‘ay,
Nechukkim ko‘z tutarlar el yangi oy oshkor o‘lg‘ach.
Shahimen ishq elining, xoru xorodur manga masnad,
Sipohu lashkarimdur tog‘u sahrolar aro har dad,
Xirad kasb etgali ollimda Aflotun o‘qur abjad,
Junun ermas kiyiklar suhbati dermen manga shoyad,
Bir o‘q otkay g‘alat ul qoshi yo garmi shikor o‘lg‘ach.
Ko‘ngul, hijronda o‘lsang voqif o‘lmas yor holingdin,
Umid uz, vaslidin kech emdi savdoi maholingdin,
Yuzu zulfin tilab ne hosil etding mohu solingdin,
Havas ishq aylagan ozoda kechgil bu xayolingdin-
Ki, chiqmas bu tikan, ko‘nglingda.nogah ustuvor o‘lg‘ach.
Bo‘lub ozodalar dilxun, qaro tuproqdadur madftun,
Qani Shirin bila Layli, qani Farhod ila Majnun,
Qani Dorou Iskandar, qani Muso, qani Horun,
Qani Hotam, qani Qorun, qani Jamshidu Afridun,
Bas ehson qil, sanga garduni dundin e’tibor o‘lg‘ach.
Qochib g‘am xaylidin, mayxona kunjin ayladim maskan,
Agar o‘lsam manga xum kirpichi ostin qiling madfan,
Emastur ishq sirrin fosh qilmoq bizga mustahsan,
Deyolmas dard ila o‘ldum vale bilgilki chekmishman
Bir ohe, barcha olam g‘ussa dudi birla tor o‘lg‘ach.
Qilur majruh, Roqim, hajr bag‘rimg‘a urub xanjar,
Fig‘onkim, vaslidin marham anga yetkurmadi dilbar,
G‘.nib parvonadek shavq o‘tig‘a har lahza bolu par,
Navoiy sham’dek yig‘lab kuyub holini sharh aylar,
Ul oy bazmida bir tun rost oshiqlarg‘a bor o‘lg‘ach.
NAVOIY G‘AZALIGA MUXAMMAS
Bahor vaqtida qil sayri lolai xudro‘,
Nedinkim bog‘ aro ochildi g‘unchai xo‘shbo‘
Bu nav’ chog‘da o‘lturmoq uyda bo‘lg‘aymo‘,
Ne yaxshi vaqt erur yer birla bir bo‘lg‘u,
Ko‘ngulda har necha pinhon so‘z o‘lsa aytilg‘u.
Topib hayot, taxayyul visolin aylarda,
Tavofi ko‘chai jannat misolin aylarda,
Tazakkuri mujau zulfu xolin aylarda,
Qadu yuzu labi la’li xayolin aylarda
Ko‘zumga kecha tong otg‘uncha kelmadi uyqu.
Kel, ey shikasta ko‘ngul, tarki bu rabot etkil,
Oning aloyiqidin tarki ixtilot etkil,
Xazoni marg yetar, ishda ixtiyot etkil,
Bahor vaqtida may ichgilu nashot etkil,
Na shoh qolg‘usi olamda, ne gado qolg‘u.
To‘lub fasonai husnig‘a Qofdin to Qof,
Asiri zulfi girihgiri necha mo‘yshikof,
Ul oyni har kishi ko‘rgach dedi qilib insof,
Zamiri sof, yuzi sof, tiynatidur sof,
Najodi odam emastur, farishta bo‘lg‘ay bu.
Qabul ayla so‘zumni, eshit nasihat sen,
Xush et ko‘ngulni tutub yor birla ulfat sen,
Jahon uyi aro mehmon necha fursat sen,
Visoli do‘st g‘animat, o‘zung g‘animat sen
Ki, har nechuk qilibon bo‘lma yordin ayru.
Jahong‘a toki adam tang noyidin keldim,
Yurakni tiyg‘i nadam birla har sari tildim,
Baqoi umri emas selcha, ozmun qildim,
Hayotu aynsh jahonni bu qadarkim bildim,
Biaynihi ekan ul soyai rami ohu.
Ne bok, ishqida Roqim g‘amu balo ko‘rsa,
O‘zini dard ila mehnatga mubtalo ko‘rsa,
Tafoxur anlar, agar yordin jafo ko‘rsa,
Navoiy yori jafokoridin vafo ko‘rsa,
Onga bu rutba bori oshiq ichra oyruqsu.
FUZULIY G‘AZALIGA MUXAMMAS
Habbazo, ul vaqtkim ko‘nglum base masrur edi,
Masnadi izzat uza ul nav’kim fag‘fur edi,
Baxtu iqbolu saodat amrima ma’mur edi,
Ey xush ul kunlarki, ruxsoring menga manzur edi,
Chashmi ummidim charog‘i vasldin purnur edi.
Charx har dam hashmatu johu jalolimni ko‘rub,
Oyu xurshidi bilan tun-kun boshimdin evrulub,
Harna ko‘nglum orzu qilsa ravon tayyor o‘lub,
Qurb shavqi, ofiyatbaxshi tani bemor o‘lub,
Vasl zavqi, rohatafzoyi dili mahjur edi.
Shavqu zavqu sidqidil birla degach na’ti rasul,
Ko‘ngluma fayzu futuh aylab edi behad nuzul,
Odam erdim, qurbi dargohida .bo‘lmishdim qabul,
Rashkdin iblisi mardud o‘lgudek erdi malul,
Manzilim jannat, mayim kavsar, anisim hur edi.
Kecha-kunduz bog‘ sahnida yerim gulzor o‘lub,
Shodkom erdim, nazargohim jamoli yor o‘lub,
Nozaninlar sog‘ari ishratni paydarpay sunub,
Domani iqbolima gardi taarruz qo‘nmayub,
Chashmi hosid chehrai jam’iyatimdin dur edi.
Lutfi haqdin bo‘lmish erdim ul sifat olijanob,
Komronu kombinu kombaxshu komyob,
Xokro‘bi ostonim erdi tun-kun shayxu shob,
Har duo qilsam, tavaqqufsiz o‘lurdi mustajob,
Har tamanno aylasam, ehmolsiz maqdur edi.
Xo‘bro‘lardin yetib mehru muhabbat ko‘ngluma,
Yovumas erdi g‘amu anduhu kulfat ko‘ngluma,
Vasl nuzhatgohida bor erdi ishrat ko‘ngluma,
Hajr bilmazdim, yeturmazdim kudurat ko‘ngluma,
Garchi davronning muxolif kezdugi mashhur edi.
Ohkim, Roqimni yetkurmay sevar jonona charx,
Qildi yuz dardu g‘amu mehnat bila hamxona charx,
Odatidur javru zulm etmak bori insona charx,
No‘la gar solsa Fuzuliyni g‘ami hijrona charx,
Vasl ayyomida ul g‘ofil, inon, mag‘rur edi.
FUZULIY G‘AZALIGA MUXAMMAS
Ko‘ngluming dardini dildor bilibdur, biluram,
Meni vaslina talabgor bilibdur, biluram,
O‘zina oshiqi diydor bilibdur, biluram,
Yor holi dilimi zor bilibdur, biluram,
Dili zorimda nakim vor bilibdur, biluram.
Yor agar oshiqi shaydosina gamxor o‘lmaz,
Ishq bozorida husniga xaridor o‘lmaz,
Dardidin o‘lsam ul oy, oh, xabardor o‘lmaz,
Yori agyor bilibdurki manga yor o‘lmaz,
Men daxi oniki agyor bilibdur, biluram.
O‘zni ul mugbacha masti mai jom aylagali,
Otlanib chiqtn, qirib elni tamom aylagali,
Jon qushin donai holi bila rom aylagali,
Zulfini ahli vafo qaydina dom aylagali,
Meni u doma giriftor bilibdur, biluram.
Labi hijronida bo‘ldi jigarim dard ila qon,
Chok siynamda g‘ami qolmadi hargiz pinhon,
Dema, ko‘nglungdagi dardingni anga ayla bayon,
Men na hojatki qilam, dardi dilim yora ayon,
Qamu dardi dilimi yor bilibdur, biluram.
Roqimo, komimi talx etgali ul shirin lab,
Mehr fosh aylamayin qildi g‘azab uzra g‘azab,
Gar oning mayli sanga bo‘lmasa, ne sud talab,
Yor hamsuhbatim o‘lmazsa, Fuzuliy, na ajab,
O‘zina suhbatimi or bilibdur, biluram.
ZIYRAK G‘AZALIGA MUXAMMAS
Ohkim, bag‘rimni qon anduhi furqat ayladi,
Aqlu hushu sabru oromimni g‘orat ayladi,
Xonumondin oyirib beayshu ishrat ayladi,
Ne edi jurmim nasibam charx g‘urbat ayladi,
Xobu xo‘rdimni vatan yodiyu hasrat ayladi.
Dahri dun har kun solib boshimg‘a yuz ming mojaro,
Dudi ohim birla qildi ro‘zgorimni qaro,
Tiyg‘i bedodidin aylab notavon jismim yaro,
Bir guli rohat alimga bermayin bu bog‘ aro,
Jon aro yuz dasta neshi xoru mehnat ayladi.
Ko‘rmadim royimcha hargiz charxi kaj andeshni,
Yetkurur har kun hazin jonimg‘a yuz ming neshni,
Dardu mehnat o‘tig‘a 5ftab meni dilreshni,
Sovutub mendin tamomi aqrabou xeshni,
Volidaynim ko‘nglini bemehru shafqat ayladi.
Do‘st bo‘lg‘ay deb jahon ahlig‘a bo‘ldum xoki roh,
Ohkim, jonimg‘a dushman bo‘ldilar beishtiboh,
Bilmadim, yo rab, meni bechora qildim ne gunoh,
Qilmadi ta’sir alarg‘a necha chekdim o‘tlig‘ oh,
Garchi gardung‘a yetib ko‘nglin jarohat ayladi.
Yetti yildur g‘urbat ichra qon yutub laylu nahor,
Ayrilib xeshu taborimdin yururmen xoru zor,
Ne manga bir yor hamdam, ne manga bir g‘amgusor,
Og‘zima jonimni yetkurdi chekardin intizor,
Holatim dushvor charxi bemuruvvat ayladi.
Ne jahon bog‘ida ko‘rdum aysh ila ishrat yuzin,
Ne ato birla anodin mehr ila shafqat yuzin
Ko‘rmadim yoru birodarlar bila ulfat yuzin,
Soqiyo, tut boda ko‘nglung ko‘rmasun kulfat yuzin,
Xonumonimni bu kun toroji kulfat ayladi.
Bormudur mendek diyoru mulkidin ovorae,
Qavmu qardoshidin ayru bag‘ri yuz ming porae,
Roqimo, holimg‘a hech kim aylamas nazzorae,
Yo‘qturur, Ziyrak, chu sabr etmakdin o‘zga chorae,
Bo‘l rizo, nekim qazo devoni qismat ayladi.
MASNAVIY
SALOMNOMA
Salom, ey iki xo‘bu zebo o‘g‘ul,
Salom, ey manga ikki mirzo o‘g‘ul.
Salom, ey iki nuri diydam mening,
Jahon ahlidin barguzidam mening.
Salom, ey iki bog‘i umrim guli,
Hayotim gulistonining bulbuli.
Salom, ey manga ikki jondin aziz,
Nekim yo‘q aziz ondin, ondin aziz.
Salom, ey iki munisi jonimiz,
Ko‘ngul quvvati, jong‘a darmonimiz.
Atog‘a o‘g‘ul jon esa begumon,
Vale ikkingiz tanda jonimg‘a jon.
Bilinglar, sarosar erur chin so‘zum,
G‘alat der esam, chiqsun ikki ko‘zum.
Buxorog‘a ul kunki azm etdingiz,
Uqumoq uchun ul taraf ketdingiz.
Ko‘zumga bo‘lub tiyra yaxshi jahon,
G‘am ostida qoldim meni notavon.
Zamone g‘amim so‘rg‘ali yo‘q kishim,
Qilib yodingiz yig‘lamoqdur ishim.
Agar tiymasam ko‘z yoshim bir zamon,
Suv ostida qolg‘ay to‘quz osmon.
Aningdek tanimdin borib quvvatim,
Ki tebrangali qolmamish qudratim.
Meni zor tortib fig‘on, yiglaram,
Damodam firoq ichra qon yig‘laram.
Ne bor kechalar xobi rohat manga,
Ne kunduzda bor istirohat manga.
Asal solsam og‘zimga og‘u bo‘lur,
Yoruq kun ko‘zumga qorong‘u bo‘lur.
Ular har kim ayrilsa bir jonidin,
Kechib dahr paydovu pinhonidin.
Mangakim erur ikki jondin firoq,
Tirik bo‘lmoqimdur o‘lumdin yiroq.
Tirilgay edim kelsangiz nogahon,
Ko‘zum yuzlaringizni ko‘rgan zamon.
Bo‘lub emdi sizlarga tangri shafiq,
Ikkingizg‘a tavfiqin aylab rafiq.
Ne bo‘lg‘ay karam aylabon lamyazal,
Ato qilsa sizlarga ilmu amal.
Berib fahm ila donishu imtiyoz,
Xaloyiq aro aylasa sarfaroz.
Sizi bahramand aylab avroqdin,
Ko‘tarsa meni dog‘i tufroqdin.
Dilu jon bil^a qilsangizlar talab,
Murod o‘lsa hosil, emasdur ajab.
Dengu do‘shingiz birla aylab talosh,
Ko‘tarmang o‘qumoqdin albatta, bosh.
Bo‘lub yaxshi ozodalar hamdami,
Talab ichra tinmang, tayonmang dame.
Qilib g‘ayratu nangu nomusu or,
Eting ilm tahsilini ixtiyor...
Qilib sayr, kezmak havas aylamang,
Zamone o‘qumoqni bas aylamang.
O‘zingizga rohatni aylab harom,
Bo‘lung‘lar riyozat bila subhu shom...
Ko‘rub mevaning xom ila pishmishin,
Havas aylamang pistau kishmishin.
Demang yeyirga halvoytar yaxshiroq,
Qanoat qiling, topsangiz noni qoq.
Bilib darsingiz aylab azbar o‘qung,
Uqunglar, o‘qunglar, o‘qunglar, o‘qung.
Havou havaslarii aylab raho,
Saboqlarni takror eting borho.
Masaldur, sabaq bir agar bo‘lsa harf,
O‘qumoq kerak oni har kunda alf.
Qiling borho sa’y birla jadal,
G‘animat mahaldur, g‘animat mahal.
Hayal aylamanglar, o‘qung muttasil,
O‘tar ko‘z yumub ochg‘ucha oyu yil.
Ikkingizni qo‘llab shahi Naqshband,
Bori ilmdin aylasun bahramand...
Gahi orzu aylabon sharhi hol,
Ikkingizga bir noma qilsam xayol.
Yozay deb oni qo‘lg‘a olg‘och qalam,
Qilur ko‘z yoshim ila qog‘ozni nam.
Ki yozmoq anga noma oson emas,
Suv ustiga xat hargiz imkoi emas.
Budur uzrimiz, ey manga ikki jon,
Agar kunda bir noma qilmon ravon.
Yo‘q ersa necha so‘zni taqdir etib,
Bari muddaolarni tahrir etib.
Yozarda durbor etib xomani,
Yuborgay edim kunda bir nomani.
Topib hajr taskinig‘a ehtimol,
Qilib jonfizo vaslingizni xayol.
Basi shod etib tab’i xudkomani,
Yozib bu bahona bila nomani.
Birovga berib qildim oni ravon,
O‘qug‘ach bo‘lur sizga holnm ayon.
Bu yanglig‘ agar qilmasam makruol,
Erur nomani yozmoq amri mahol.
Meni emdi sizlar dag‘i yod eting,
Biror noma birla gahi shod eting.
O‘luk jismima men dag‘i jon topay,
Firoq ichra dardimg‘a darmon topay.
Deyin oshkora, emas yoshurun,
Bo‘lub mehribon bizga mundin burun,
Qilib mo‘-bamo‘ holingizni bayon,
Yozib nomakim qildingizlar ravon.
Manga nomangizni qiLib yo‘lni tan,
Yeturgan zamon qosidi nekpay,
Olib ko‘zga surtib, o‘qub yig‘ladim,
Sog‘inib ikingizni ko‘b yng‘ladim.
Kitobatki nisful-muloqot emish,
Ulug‘lar bu so‘zni na yaxshi demish.
Bas avlodururkim yozib har zamon,
Atog‘a o‘g‘ul noma qilmoq ravon.
Ato ham o‘g‘ulg‘a yozib inchunin,
Muhabbat yuzidin, na az ro‘yi kin.
Bu yanglig‘ esa, ey charog‘i ko‘zum,
Budur emdi sizlarga aytur so‘zum.
Mening hajr qatlig‘a chekkanda tiyg‘,
Gahi noma irsolin etmang darig‘.
Ochib nomangizni o‘qug‘an zamon,
Yetar manga har harfidin toza jon.
Aning lutfu ehsonidin yo‘q ajib,
Yana tangri diydor qilsa nasib.
Qasir ayladim bermayin so‘zga tul,
O‘qug‘an kishi bo‘lmasun deb malul.
Yo‘q ersa so‘zum haddu poyoni yo‘q,
Yozardin tuganmaklik imkoni yo‘q,
Debon maqsadin Roqimi xush kalom,
Bas etti so‘zin adduo vassalom.
MARSIYA
Bording olamdin, yetishgach tangridin farmon, bolam,
Ne iloj aylay meni bechora bilmon, jon bolam,
Sendin, ey nuri ko‘zum, yuz voykim, ayrilg‘ali,
Ashk o‘rnig‘a oqar ikki ko‘zimdin qon, bolam,
Mehnatu dardu balou xayli g‘am aylab hujum,
Qildilar boshimni oxir yer bila yakson, bolam.
Toqat etmay furqating o‘tig‘a yig‘lab zor-zor,
Kechau kunduz qilurmen tinmayin afg‘on, bolam.
Motamingda qattig‘ un birla o‘kursam, bo‘lg‘usi
Ohu nolamdin zaminu osmon larzon, bolam.
Sovurub boshimg‘a tufroqlar, qilib siynamni chok,
Sensizin bo‘ldim xarobu besaru somon, bolam.
Oh, bilmasmen bu dardimg‘a ne chora aylayin,
Xonumonimni firoqing ayladi vayron, bolam.
Sanchilur bag‘rimg‘a har soatda yuz ming xori g‘am,
Bo‘lg‘ali guldek taning yer ostida pinhon, bolam.
Ne yemak bor menda, ne ichmak, ne rohat bir zamon,
Bu yomon holimg‘a tomu tosh bo‘lur giryon, bolam.
Ne tirik sonidadurmen, ne o‘liklar sonida,
Ko‘rsa el holimni, albatta, bo‘lur hayron, bolam.
Har kishi tug‘di anodin o‘lgusidur oqibat,
No‘sh etib bir-bir ajalning sharbatin inson, bolam,
Bahru kon naqdini xarj aylab qutulmoq istabon,
Topmamish hech kim ajalning dardiga darmon, bolam.
Mumkin ermas jonni qutqarmoq ajal jallodidin,
Ne gado qolg‘ay jahon mulknda, ne sulton, bolam.
Yaxshi odingni xalopiq der edi Sayyid Murod,
Oh, naylay bemurod etdi meni davron, bolam.
So‘rg‘ali dardi dilimni nogihon kelgaymu deb,
Gul yuzing istab boqarmen telmurub haryon, bolam.
Olsa jonimni ajal.jallodi minnatdormen,
Sensiz olamda tirik bo‘lmoq emas imkon, bolam.
Mushkil erdi sensizin birdam tirik bo‘lmoq manga,
Shukrkim, o‘lmakni hajring ayladi oson, bolam.
Bo‘lsa yuz jonim oyog‘ingg‘a nisor etgay edim,
Kelsang erdi so‘rg‘ali holimni nogohon, bolam.
Har saharlarda turib yig‘lab manga budur tilak,
Haq sening qilg‘ay makoning ravzai rizvon, bolam.
Tongla mahsharda karam aylab xudovandim sanga,
Hamdam etkay jannat ichra hur ila g‘ilmon, bolam...
Baski yig‘larmen ukush g‘am birla ashkim selidin,
Boshima yemrulgudekdur kulbai eHzon, bolam.
Ko‘rsa Roqim nogahon tushda agar diydoringi,
Qolmag‘ay mahsharg‘a tekru ko‘nglida armon, bolam.
QIT’ALAR
Quyoshdek shah adolat pesha qilsa,
Jahon mulkini bir damda yorutg‘ay.
Va gar zulm etsa oqshom zulmatidek,
Hamul dam tiyralik olamni tutg‘ay.
Soqiy, meni xor-xordin ayla xalos,
Gul-gul yuzung och, bahordin ayla xalos,
Ye may berib intizordin ayla xalos,
YO o‘lturubon xumordin ayla xalos.
Soqiy, ketur ul mai mug‘oniy,
Kim, unudolim g‘ami jahoni,
Hardam manga qasdi jon edar g‘am,
Bag‘rim sitam ila qon edar g‘am.
Qoshing g‘amidin bo‘ldi qadim yoy, netay,
Bu g‘am bila, ey kofiri xudroy, netay,
Hijron aro ko‘rmay seni o‘lgum, oxir,
Ey voy netay, voy netay, voy netay.