XIX asr ikkinchi yarmi va XX asr boshida yashab ijod qilgan buxorolik o‘zbek shoirlaridan biri.
MUXAMMAS
Fano dayrig‘a yo‘l topmog‘lig‘im yo‘qtur manga imkon
Yetalmay vodiyi maqsadga qoldim yo‘l aro hayron.
Ajab savdo boshimg‘a tushdi yo‘q dardimga hech darmon
Balo dashti aro Majnun meningdek ko‘rmamish davron
Quyundek har zamon bir ko‘rmagan vodiyda sargardon.
Saning hajringda bo‘ldi og‘zima shahd chun taryok
Tarahhum kuyidin ozgan emas ul kofiri bebok
Mani holim ko‘rub parvona bo‘ldi boshima aflok
Tunim dayjur, o‘zum ranjur, ichim g‘amnok, bag‘rim chok
Tilim lolu tanim behol, ishim afg‘on, sirishkim qon.
Boshimg‘a tushti savdoi muhabbat qolmadi tamkin
Mani sargashtani bir so‘rmadi ul shaxsuvoridin
Bu gulshan ichra ahvolimg‘a yig‘lar lolai nasrin
Fig‘onimdin falak g‘amgin, sirishkimdin jahon rangin
Na dardim o‘tig‘a taskin, na hajrim dardig‘a darmon.
Mani savdoyi ishqi qildi olam ichra ovora
Tanim hijron o‘tig‘a kuydurub bag‘rim qilib pora
Kishim yo‘qtur mani arzimni yetkurmoqg‘a dildora
Boshim g‘am toshidin yora, tanim hajr o‘qidin pora
Ko‘ngul bu yorag‘a chora toparg‘a topmayin imkon.
Qilib din o‘yini ul qotili ko‘zi qaro g‘orat
O‘parg‘a bo‘sag‘asidin tanimda qolmadi toqat
Bo‘lub mahrum vaslidin qolibman vodiyi g‘urbat
Qay anduhi malolimg‘a baliyyat dashtidek g‘oyat
Ne savdoyi jununimg‘a malomat bahridek poyon.
Tabibi bemuravvat qilmadi darmon ko‘ngul resha
G‘ururi husn birla boqmadi ahvoli darvisha
Urub Farhoddek g‘am tog‘ida bag‘rimg‘a ming tesha
Zaifu dardu g‘am pesha, nahifu mehnat andisha
Zalilu besaru somon, qatili-hanjari hijron.
G‘azab birla qoshimg‘a keldi dilbar hanjari honliq
Mani qatl aylamoqg‘a or qildi qoldim armonliq
Mani sargashtani yutti muhiti bahri hayronliq
Ko‘zum namlik, bo‘yum xamlik, ichim anduh motamliq
Nehamdamlik, nemahramlik topib yuzmehnati pinhon.
Qolib shomi firoqingda, netib bo‘lsun ko‘ngul hurram
Anisim dard ila mehnat hariqi suhbatimdur g‘am
O‘zum o‘z holima lozim turur tutsam kerak motam
Manga ne yoru ne hamdam, manga ne sabru ne somon.
Libosi faqr egnimda harobat ayladim maskan.
Bu gulshan yoprog‘idin ayladim ul dayr aro gulxan
Mani holimg‘a yig‘lar dasht aro ul lolau savsan
Falak rahzan, zamon dushman, badan ravzan uza ravzan
Qolib jon hasratidin tan, chiqib tan kishvaridin jon.
Qolibman uzlat ichra ayrilib dashti panohimdin
Sabo yetkurmadi manga payomi takyangohimdin
Yiroq tushtush jahoni bevafoga uzrxohimdin
Ham ahvoli tabohimdin, ham ohi subhgohimdin
Ham o‘tlug‘ dudi ohimdin qarorib kulbai ahzan.
Kel, ey Shamsi Buxoriy, qilmag‘il dunyoda hasrat ko‘p
Bahoyimdin batarroq el ichinda ahli g‘aflat ko‘p
Qanoat kishvariga shoh bo‘lgan ahli davlat ko‘p
Navoiy bo‘lsa mehnat ko‘p, ichako‘r jomi ishrat ko‘p
Necha bo‘lsa su’ubat ko‘p mayi vahdat qilur oson.