OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Vafoiy (XVII - XVIII asrlar)

Vafoiy XVII asrning oxiri, XVIII asr boshlarida Xorazmda yashab ijod etgan shoirdir. Hozirgacha uning devoni topilgani yo‘q. Munis Xorazmiy o‘zining «Firdavsul-iqbol» asarida Vafoiy ijodiga yuksak baho beradi.
Munisning aytishicha, Vafoiy iste’dodli shoir bo‘lish bilan birga naqqosh va.yaxshi binokor usta me’mor ham edi.
Xiva shahridagi bir qancha go‘zal binolar uning bevosita rahbarligi va ishtirokida qurilgan. She’rlar O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar fondida saqlanayotgan 7054 inventar raqamli qo‘lyozma bayozdan olindi.


MUXAMMASLAR

MUXAMMASI VAFOIY


Bir musht tufroq erur jismim bu g‘amfizoda,
Saqfi hubob yanglig‘ mayxonai havoda,
Solmoq tylar oyoqdin ro‘zi sharob boda,
Yorab, panoh bergil man zoru nomuroda
Kim, soldi shayton yana rohi.sharru fasoda.

Bir umr ediyu erdim forig‘ bu sho‘ru shardin,
Yod etmas erdim aslo shamshir ila sipardin,
Xudu tayoqu javshan tushmish edi nazardin,
Emdi nechuk chekarman qo‘l tiyg‘ ila tabardin,
Bir cho‘qli tuhmatidin bo‘ldi nizr’ aroda.

Gabri mukaddaridur mazhabda nomusul-mon,
Har bir tuki teginda yz ming hazor shayton,
Bir pora xalq ichida dermish o‘zini sulton,
Mashhurdur bu, ore har kimga do‘nsa davron,
Dermish o‘zin Sulaymon devu haromzoda.

Gar bo‘lmasang haromi bu guftugu nadandur,
Aslintni man bilurman, otang alang‘udandur,
Tuynikdin tushub ham kashmiri evg‘adandur,
Sohir qo‘lung teginda behush o‘lub yotondur,
Insof qilki, mandin asling nedur ziyoda.

Ore, ziyoda mandin bir necha mehnating bor,
Dunyoi dun otong‘on yuz ming falokating bor,
Bir boshda, ey xabarsiz, sonsiz mashaqqating bor,
Oinai dilingda zangi kudurating bor,
Girdoba g‘arq o‘lubsan daryoich mojaroda.

Otangni gar desam nur, zulmatda nur naylar,
Onangni gar desam hur, do‘zaxda hur naylar,
Bu dashti purbaloda juz talxu sho‘r naylar,
Binolaring yoninda bir chashmi ko‘r naylar,
Ko‘r kimdur, ismi Vohid, ayt, ey safoyi soda.

Harchand agar Vafodek mo‘ri muhaqqari man,
Ayyom gardishinda pomoli bistariman,
So‘z xisravi o‘nginda yo anga chokariman,
Borgohi bazmi maydon nodir suxanvariman,
Ollimda shangu urmish sandek yuz ming piyoda.

NAVOIY G‘AZALIGA VAFOIY MUXAMMASI

Bo‘lg‘ali sandin judo dermanki davron bo‘lmasun,
Moh ro‘ying bo‘lmasa xurshidi tobon bo‘lmasun,
La’li jonbaxshingdin ayru obi hayvon bo‘lmasun,
Sansizin, ey umr, bir soat mango jon bo‘lmasun,
San bo‘lu bas, tubii firdavsi rizvon bo‘lmasun.

Ka’bai islom ichinda kosh xoki dar mani,
Otashi dayri mug‘on etgaydi xokistar mani,
Bu gunahdin kim qilur mehroba ro‘yovar mani,
Qoshig‘a qilg‘och sujud o‘lturdi ul kofar mani,
Hech mo‘‘min yori, yorab, nomusulmon bo‘lmasun.

Bu nechuk bedodgardurkim qilur sarsarni tez,
Xuni ahli dildin etti yeru ko‘kni shu’laxez,
Bir qo‘lida shishai may, bir qo‘lida tiyg‘i tez,
Ey ko‘ngul, maste chiqib shahr ichra solmish rustaxez,
Bir xabar tutkim, bizing beboki nodon bo‘lmasun.

Dinu imonimni toroj etti oxir bir go‘zal,
La’li Iso, xatti Xizru ko‘zlari kofir masal,
Qismat etmishdur mango bu nav’ qassomi azal,
Ishqida jonim uqubatlar bila ol, ey ajal,
To oning oshiqlig‘i hech kimga oson bo‘lmasun.

La’li shakkarbor yanglig‘ tebratib shirin labin,
Qo‘ymadi miskin Vafog‘a iltifot etmak kamin,
Obi hayvon sharbatin to angla bermaslar tekin,
Dedikim, jon ber, dog‘i o‘pgil oyog‘im tufrog‘in,
Ki Navoiy, tezroq o‘lkim pushaymon bo‘lmasun.

FUZULIY G‘AZALIGA VAFOIY MUXAMMASI


Ey ahli hush, bir dam dunyoi bevafoda
Tashxisi neku bad chun haqni ko‘ring aroda,
Har saxt jonni g‘amda mandin demang ziyoda,
Ulsaydi bandagi g‘am Farhodi mubtaloda,
Bir oh ila verurdi ming Besutunni boda.

Chekdim base parivash Laylilaring jafosin,
Hech kimsa mencha bilmas devonalig‘ adosin,
Demang mening qoshimda har telba mojarosin,
Versaydi, oh, Majnun faryodiming sadosin,
Qushmi qaror edubdur boshindagi yavoda.

Ey dil, ne bo‘ldi, gohi bizlar sori guzor et,
G‘am dashtida quyundek jismimni xoksor et,
Xurshiddek shuoing pomoli ro‘zg‘or et,
Sarvarlik istar ersang aftodalig‘ shior et,
Kim, dushmadan oyog‘a chiqmadi bosha boda.

Gulruhlaring g‘amidin aylab bahor umidim,
Dog‘i jigardin ochmish ming lolazor umidim,
Iig‘larg‘a to bulutdek qildi baror umidim,
Ashki ravonima el jam’ o‘ldi, vor umidim
Kim, o‘ldi vora-vora jam’iyatim ziyoda.

Behuda vasli jonon dil aylamaz taqozo,
Olamda har vujudning ta’binchadur tamanno,
Har boshda bir xayolu, har ko‘zda bir tomosho,
Farhodda zavqi surat, Majnunda sayri sahro.
Bir rohat ichra har kim, onjaq manam baloda.

Bilmon nechuk balodur, ey kajkuloh, chashming,
Kelturdi boshga yuz ming ro‘zi siyoh chashming,
Oning bu hola odil ikki guvoh chashming,
Gah g‘amzang ichmak istar qonimni, goh chashming,
Qo‘rqum budurki nogah qonlar dushar aroda.

Ondin burunki bo‘lg‘ay olam fano, Fuzuliy,
Qo‘nglingni qil Vafodek bemuddao, Fuzuliy,
Jondin kechib, talab qil mulki baqo, Fuzuliy,
Gar ko‘rmamak tilarsan rasmi jafo, Fuzuliy,
Ulma vafoya tolib dunyoi bevafoda.

FUZULIY G‘AZALIGA VAFOIY MUXAMMASI

Dam urdi subhu piri fikri shomi tor yetmazmi,
Yetushdi manzila mahmil bu kajraftor yetmazmi,
Xazon o‘ldi tomoshai guli gulzor yetmazmi,
Ko‘ngul yetdi ajal zavqi ruxi dildor yetmazmi,
Oqardi mo‘yi sar savdoi zulfi yor yetmazmi?

Chiqardi raxtini jon sa’y ila bozori mehnatdin,
Ko‘ngul ham qildi sof oyinasin zangori mehnatdin,
Hanuz, ey jism, turmassen tahi devori mehnatdin,
Yoturdi boshingi gardun oyog‘a bori mehnatdin,
Xayoli halqai gesui anbarbor yetmazmi?

Guliston ichra dun tushdi guzorim subh chog‘inda,
Uxurdi bulbule bu nuktani gulbun budog‘inda
Ki, naqdi umr zoe’ o‘ldi gulruxlar so‘rog‘inda,
Yetar erdi qulog‘a bongi rihlat dahr bog‘inda,
Ne durmishsen tomoshai guli gulzor yetmazmi?

Dilo, behuda ishlardin hadisi tavba takror et,
Ko‘tar bosh sajdadinu taqvidin, al chek, san or et,
Xaroboti mug‘on ichra kirib subhangni zunnor et,
Yetar jam’ ila bori ma’siyat, tag‘yiri atvor et,
Xayoli halqai gesuyi anbarbor yetmazmi?

Bu kun ko‘rdumki tiyg‘i ishq qon to‘kmakka moyildur,
Kesib qat’ etmakkakim, boshingni o‘rtarda hosildur,
Vafoiy sa’y qilkim odamiy har ishda qobildur,
Fuzuliy dema yetmak manzili maqsuda mushkildur,
Dutan domoni shar’i Ahmadi Muxtor yetmazmi?

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.