Norov Abdusaid Murodovich, 1971 yil 2 fevralda Qashqadaryo viloyati Koson tumanidagi Qorabayir qishlog‘ida tug‘ilgan.
1989-94 yillar Buxoro Davlat universiteti fizika-matematika fakultetida tahsil olgan.
1994 yildan beri Qarshi Davlat universiteti fizika-matematika fakultetining “Amaliy matematika va informatika” kafedrasida o‘qituvchi, 2006 yildan shu kafedraning katta o‘qituvchisi lavozimida ishlab kelmoqda.
2006 yilda “Tavajjuh” nomli she’riy to‘plami chop etilgan. Ushbu she’rlar mazkur to‘plamdan olingan.
SO‘Z SEHRI
Shoir yozdi sarflab umrin yarmini,
Elakdan o‘tkazib har bir satrini.
Kimdir o‘qib ko‘rmay otdi g‘ijimlab,
Go‘yo yerga toptab shoir qadrini.
Shoir yozdi sarflab umrin yarmini,
Elakdan o‘tkazib har bir satrini.
Kimdir o‘qib, yig‘lab ko‘ziga surtdi,
Go‘yo topganidek so‘zda qadrini.
USTOZ OTANGDAN ULUG‘
Umr yo‘li uzun naqadar,
Ko‘p dovon bor, sog‘-u so‘llarda.
Farzandini yetaklab padar,
Qolib ketar yarim yo‘llarda.
Yo‘lning qolgan qismidan balkim,
Ustoz eltar manzilga to‘lug‘.
Shu sababdan bo‘lsa kerakkim,
Derlar: Ustoz otangdan ulug‘.
SHUKRONA
Vaqt yetib chiqarkan, bir nafasda jon,
Orzular ushalmay qolgani yomon,
Taningda oqarkan, so‘nggi qatra qon,
Ollohga shukr qil, nafas kirgan on,
Shukr qil, nafasing chiqqani zamon.
O‘ylab ko‘r! Insonsan. Toleingdandur,
Fikr qil! Mavjudlik va yo‘qlik nadur?
Fikrlash ham asli borligingdandur,
Ollohga shukr qil, nafas kirgan on,
Shukr qil, nafasing chiqqani zamon.
Dunyoda hech narsa tasodif ermas,
Ajal payg‘omchisi bemahal kelmas,
Ikki dunyo aro yo‘l – bitta nafas,
Ollohga shukr qil, nafas kirgan on,
Shukr qil, nafasing chiqqani zamon.
TUSH
Tushimda g‘oyibdan kelgan bir ovoz,
Menga she’rlaringni ber deyotganmish.
Umrim bo‘yi yozgan soz hamda nosoz,
She’rlarim imtihon qilayotganmish.
Qaytgan she’rlarimni birma-bir sanab,
Peshonamdan chiqib ketdi terlarim.
Qarang… imtihondan o‘tibdi... Yo Rab...
Onamni sog‘inib yozgan she’rlarim.
QARISH FALSAFASI
Tana undar ekan insonni,
Kirmoq istab taxt as saroga*.
Ozod kezmoq uchun jahonni,
Ruh talpinar ekan samoga.
Tana u yon tortar, ruh bu yon,
Arosatda qolar ko‘ngil ham.
Bu kurashdan toliqib chunon,
Oxir qarib qolarkan odam.
* Taxt as saro – yer osti (A. Yassaviydan).
U – MUHABBAT DARDI
Nega, men qo‘rqaman bevaqt o‘limdan?
Nahot mangu zabon ketsa tilimdan.
Ortimdan kimlardir qolar kuyinib,
Axir kuydirish ham kelmas qo‘limdan,
Agar u bo‘lmasa, g‘am bodasini,
Sipqorib so‘ng o‘zim o‘tga otardim.
Subhda quyosh birla boshim ko‘tarib,
Shomda qizg‘ish rang-la yerga botardim.
Agar u bo‘lmasa, qo‘rqmay o‘limdan,
Ajalning domiga bo‘lardim asir.
Shul sabab xokini o‘g‘irlab zimdan,
Unga yuragimda qurganman qasr.
Udir har yaxshi-yu yomonning hamki
Qalbini zabt etgan samoviy xilqat.
Udir bu dunyoning mazmuni balki,
Udir men ishongan ilohiy hikmat.
U – g‘arib dilimga taskin beruvchi,
Udir paymonamga to‘siq bo‘lgan dard.
Meni bu dunyoda ushlab turuvchi,
U muhabbat dardi, muhabbat faqat.
ARMON MUHABBAT
Nega uchrashmadik sevgilim barvaqt,
Nechun soya solmish ishq degan daraxt.
Dilimni yemirar beomon bir dard,
Kechikkan muhabbat, armon muhabbat.
Uchrashib qolganda tasodif damda,
Yuraklarda toshar alamlar qat-qat.
Men ma’yus ketaman. Qolar orqamda,
Ichikkan muhabbat, armon muhabbat.
Bag‘ri dilim o‘rtar bir savol har dam,
Netay, armonlarga berolmam barham.
Emish, majnuntolning boshin etgan xam,
Ko‘zikkan muhabbat, armon muhabbat.
SODIQ DO‘ST
To‘ymay boraversa, dunyoga ko‘zing,
Bir siqim tuproqni olib yur birga.
Qancha balandda ham bo‘lsa parvozing,
Eslatib turadi qaytmog‘ing yerga.
Sig‘may boraversa, dilingda gaping,
O‘zing-la olib yur, qalam va qog‘oz.
Ko‘tarolmay qolgach, toshib yuraging,
Bir pas yig‘lab ol-da, so‘ngra yozgin, yoz.
Gar senga tor kelib qolsa, bu olam,
Qo‘yaver tuproqni, yozma biron so‘z.
Qalbing yarasiga bo‘lguvchi malham,
Axtarib top faqat sodiq biror do‘st.
SOG‘INCH
Necha yilkim, men sening ishqingda behad yonaman,
Na firoq dashtidaman, na ishq mayingdan qonaman,
Kelmasang gar, ko‘zlarim yo‘lingga zor, hayronaman,
Senki sham’i shu’ladursan, men senga parvonaman,
Men muhabbat nazmida bir shoiri devonaman.
Tinglayurman jon ila jonga malhamdir so‘zing,
Ko‘kragimga tig‘ urar ul qaro ikki ko‘zing,
Bu fano dunyosida bir-u borimsan o‘zing,
Ey sanam, hajringda afgor bir dili vayronaman,
Men muhabbat nazmida bir shoiri devonaman.
Kel, go‘zal, bir zumga o‘ltir, ketma yonimdan yiroq,
Yuragim o‘t ichra qoldi, seni bir ko‘rgandayoq,
Bu g‘arib o‘ksik dilimga yoqqil endi sen chiroq,
Qiynama, kel endi mahvash, bir g‘arib g‘amxonaman,
Men muhabbat nazmida bir shoiri devonaman.