Akmal Sayyid 1962-yili tug‘ilgan. “Jannati ayollar”, "Molbert ko‘zlari”, "Ilhom azobi", "Oy to‘lgan tunda", "Tavajjuh oni" singari kitoblar muallifi.
SOG‘INCH
Sog‘indim, onajon, sog‘indim biram,
Dimoqqa urilgan oqquray totin.
Ko‘zimning oldidan ketmas sirayam,
Poxol chayla, bola, o‘roqchi xotin.
Hovuchgina ovulni oqshom tark etgan,
Tutunlar o‘rlagan tanish o‘choqni.
Sog‘indim, saharlab tongni uyg‘otgan,
Podasini haydab yurgan qishloqni.
Kampirning qo‘lida zarang tayog‘i,
Qochib tomga chiqib olar bolalik!
Sehrvash ko‘rinar oyning o‘rog‘i,
Yulduzga osilib uxlab qolardik!
O, uzr, onajon, men-ku g‘ofilman,
Andak unutibman xushnud chog‘lari.
Gina-kudratingga so‘zsiz doxilman,
Seni esga soldi Do‘rmon bog‘lari!
Sohir saharlardan so‘rayman seni,
O‘zingdan bir jannat yo‘qdir yaxshiroq.
Yiroqdan bo‘lsa ham taniysan meni
Otamni yo‘rgaklab ko‘targan qishloq!
YOLG‘ONING SHIRIN
Bilaman azizim, yolg‘onlaringni,
Ammo ishonaman, bilmayman sirin.
Quchoqqa olaman yomonlaringni,
Yolg‘onlaring esa rostingdan shirin.
Ko‘zlaring sha’midan mening ko‘nglim to‘q,
Kipriklar komidan uqaman barin.
Bu ko‘zlarda o‘zgalarga bir joy yo‘q,
Mayli, yolg‘onlaring rostingdan shirin.
Boshimga yog‘dirsang afg‘onlaringni,
Sipqorib olaman samo ukparin.
Tarqatib yuborar gumonlarimni,
Baribir, yolg‘oning rostingdan shirin.
Rostingni jonginam, eshitmas bo‘lay,
Eshitsam to‘satdan o‘lishim tayin.
Yana bir yolg‘on de, qurboning bo‘lay,
Negaki, yolg‘oning rostingdan shirin.
RUHIYAT MANZARASI
Tun chodrasin tortar erinib,
Qo‘rg‘oshin bulutlar karvoni.
To‘lin oy ko‘rinmas berkinib,
Osilgan kamalak – ayvoni.
Bexosdan chapaklab yuborar,
Mudragan tarnovlar gurrosdan.
Qayinzor shovullar, yolvorar,
Sadrlar urarlar bexosdan.
Men esa derazam yopaman,
Ruhim-ku shaylangan parvozga.
Qo‘limda sham, uni yoqaman,
Misralar quyilar qog‘ozga.
* * *
Shuncha yillar o‘tib yana tushdi yo‘lim,
Yana keldim, tanidingmi, o‘zi gulim?
Bahor chog‘i yana munis har galgiday,
Har damgiday menga to‘shak Qo‘zigulim!
To kech qadar dala kezdik toliqsak ham,
Tun pardasi bo‘ldi bizga yopinchiq ham.
Gar oy nuri boshimizda chayilsa ham,
Sendan uzib ketolmadim, Qo‘zigulim!
Mayli, bahor har yil kelib ketaverar,
Sog‘inchlarim yellargacha yetaverar.
Faqat meni tashlab ketma, ketma yiroq,
O‘tmagan kun bormi o‘zi, o‘taverar.
Yillar kelib yana tushsa g‘arib yo‘lim,
Sochlarimga oq tushsa ham yo Rab, gulim!
Sen tomonga intilaman to jon qadar,
Ajablanma, o‘tsa agar shunday kunim.
* * *
Qaerdadir yo‘l bo‘lish kerak,
Aniq, bunday qolmaydi mavhum.
Qaerdadir yo‘l bo‘lish kerak,
Senu menga hali noma’lum.
Hatto yo‘lin topadi beshak,
Yomg‘ir chog‘i dod solgan irmoq.
Qaerdandir kerak-nokerak,
Quloqlarga chalinar so‘roq.
Qaerdandir keladi ovoz,
Qaerdandir kelar ishora.
So‘roqlari hali tugamas,
Ko‘naverar ko‘ngil bechora.
Qaerdadir yo‘l bo‘lish kerak,
Qaerdadir yechimi bordir.
Yo‘l topolmay turaman biroq,
Nuqul derlar: “Sabr qil, sabr!”