Bobur Bobomurod 1968 yilda Buxoro shahrida tug‘ilgan, 1995 – 2008 yillarda «Ko‘zgudagi odam», «Yolg‘iz qolgan ayol», «Muhabbat yolg‘onlari», «Elim bo‘ldi davlatli», «Buxorodan kuyov qiling», «Esiz odam», «Chimyon taronalari», «Sukutdagi go‘zal», «Umr bahori», “Bir kun kelib”, “Yuragim”, “Xudo bergan o‘zbekka” nomli she’riy to‘plamlari chop etilgan.
O‘zbekiston Yozuvchilar Uyushmasi a’zosi (1998). O'zbekistonda xizmat ko'rsatganm madaniyat xodimi.
ESSIZ ODAMLAR
Qo`lsiz qoldim berib barmog`im
Yonib turar mudom qulog`im
Davralarga tortmas oyog`im
Essiz odam, e Siz odamlar.
Dil gul edi Sizga atalgan
Goh toptalib, gohi maqtalgan
Har bandiga pichoq qadalgan
Essiz odam, e Siz odamlar
Poshnangizdan ko`chirdim muzni
Yuragimdan o`chirdim izni
Allaqachon kechirdim Sizni
Essiz odam, e Siz odamlar.
Erta bir kun qabrimga kirsam
Jannatlarda ohista yursam
Jim qolarsiz termulib tursam
Essiz odam, e Siz odamlar.
UCHMOQDAMAN
Talpinganim bir umr
Qafassiz hayot edi,
Topmoqlik qanot edi...
Derdim bu go'zal osmon
Koshkiydi topsam imkon
Qush kabi uchsam edi...
Uchmoqdaman...
Meni chorlar keng samo
Bag'rida yo'qdur tuzoq.
Parvoz uchun shayman ammo
Osmon mendan ko'p uzoq.
Ko'kdek toza bo'lay desam,
G'uncha ochib kulay desam
Yer ham muncha qattiq ekan.
Orzuimga yetgum bir kun
Osmonlardan izlang meni,
So'ng manzildan ko'zlang meni.
Uchmoqdaman...
Meni chorlar keng samo
Bag'rida yo'qdur tuzoq.
Parvoz uchun shayman ammo
Osmon mendan ko'p uzoq.