OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Boyjigit Abdullayev (1950)

Boyjigit Abdullayev 1950 yilda tug‘ilgan. Sirdaryo pedagogika instituti (hozirgi Guliston davlat universiteti)ni tugatgan. “Toza ruh”, “Tazarru manzili”, “Yashasin, muhabbat”, “Muhabbat ohanglari” singari she’riy kitoblari chop etilgan.

MA’NAVIYAT

Ko‘ngil bo‘stonlarining bahori ma’naviyat,
Kim g‘aflat uyqusida — nahori ma’naviyat.

Doimo ravnaqdadir ahli bashar, ey do‘stlar,
Jamiyat ko‘zmunchog‘i, tumori ma’naviyat.

Ko‘rk erur inson uchun doimo yaxshi amal,
Qadriyat antiqasi, osori ma’naviyat.

Bir ajab libosdirkim odamlarning egnida,
To‘kilmagan hech qachon ohori, ma’naviyat.

Kelajagi buyuk bir mamlakat xalqim qurar,
Bo‘lsa Boyjigit shoir, ash’ori ma’naviyat.

SARVINOZ

Menga ilk bor uchrading gulzor aro, Sarvinoz,
Ko‘zlaring surmasoyu qoshlar qaro, Sarvinoz.

Yuzing tunni yoritgay, hajring qaritgay meni,
Parizodlar ham sendek bo‘lmadi, o, Sarvinoz.

Har kun bir ko‘rgim kelur, holingni so‘rgum kelur,
Mehrimni tortadirsan, ohanrabo Sarvinoz.

Bog‘ ichinda to‘tiyu qumri ovozi yangrar,
Bulbul yoninga keldi, bordingmi yo, Sarvinoz?

So‘zlaring dardga malham, suhbating jonga mahram,
Axtarurman, qaydasan, bergil sado, Sarvinoz?

Ushbu kun ahvolini Boyjigit bayon aylar,
Ikki ko‘zi to‘rt bo‘ldi kelguncha to Sarvinoz.

BORGIM KELUR

Mehringiz tortib, hay-hay, har zamon borgim kelur,
Sog‘inchdan bul yuzlarim za’faron, borgim kelur.

Xat yozib chorladim ko‘p, yuzlanib yo‘lga yuz bor,
Ne qilay, kelmadingiz, siz tomon borgim kelur.

Vaslingiz orzusida edi junbushda yurak,
Hajringizda oqibat bo‘ldi qon, borgim kelur.

Ne qilay, Gulandomin sog‘ingan ul Bahromdek,
Kelgingiz hech kelmadi, men hamon borgim kelur.

Misoli Otabekman, Kumushini izlagan,
Sizni yo‘qlab ertaga Marg‘ilon borgim kelur.

Boyjigit tushdi yo‘lga, kutib olgaymikansiz,
Siz yaxshining oldiga men yomon borgim kelur.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.