OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Dadaxon Muhammadiyev (1989)

Dadaxon Muhammadiyev 1989 yilda Samarqand viloyatining Paxtachi tumanida tug‘ilgan. Navoiy Davlat Pedagogika instituti talabasi.

“YURAK” NOMLI XONA

Manov uy eshigi, manavi kalit,
(Kalit shart ham emas, eshik sob bo‘lgan)
Kiring, kiravering, bu o‘sha xona,
Sizga aytgandim-ku – huvillab qolgan.

Tuflingizni yechmang, paltongizni ham,
Armon to‘zg‘igan. Kuz, xazon boshlangan.
Devordan sal nari bo‘lsangiz yaxshi,
Hijronning ranglari chaplab tashlangan.

Mana bu shkafda orzular – xarob,
Pushaymonlik uchun kelgan hayotga.
Bu pardalar esa ishqdan tikilgan,
Eskirgan, kirolmay adabiyotga.

Sarg‘aygan suratlar: bari xushchaqchaq –
Dushman shod, do‘stlarning ko‘zi o‘yilgan.
Hasratlarim esa dasturxon qilib,
Xontaxta ustiga tashlab qo‘yilgan.

Choynakda sovigan choy bo‘lsa kerak,
Oling, (agar muzlab qolmagan bo‘lsa)
Bir pas o‘tirsangiz, hammasidan ham
Deraza chiroyli ko‘rinar ko‘zga.

Derazadan nari – xotira, armon,
Derazadan nari – javobsiz izhor...
Faqat derazadan qaramang pastga,
Derazadan pastda ulkan jarlik bor.

* * *

Ketdim.
Ketganimni bilmadi hech kim,
Tilim aylanmadi vido aytmoqqa.
Baqirdim, yig‘ladim, kuldim va oxir
Siniq qalam bilan to‘kildim oqqa.

Kutdim.
O‘zim bilmay – nimani, kimni,
Birdan baxt boshimga qo‘nadiganday.
Ketdim.
Buni hech kim bilmadi, rosti,
Xuddi yana qaytib keladiganday.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.