* * *
Chog‘im yo‘q o‘zimni tark etgan chog‘im,
Jismi uryonimda o‘sgan puchmog‘im,
Ruhim daraxtidan to‘kib yaprog‘im,
Seni so‘rab borsam, ostonang qani?
Gulxan o‘chgan bo‘lsa, ko‘nglim kulmasmi,
Yo‘ling kesgan bo‘lsam, sevgim yo‘lmasmi,
Ilkingda so‘ldirgan menday gulmasmi,
Gavhar ekay desam, gulxonang qani?
Izimni izlasa, topgay iztirob,
Kulbamga bir bora boqmaydi oftob...
Ranjim ko‘p, umidim undan behisob,
Sevmoqni o‘rgansam, darsxonang qani?
Jonimda bir jonday kechdi malolim,
Ko‘ngil vayronida dardim - jalolim,
Nechun noming aytsam, yig‘lar xayolim,
Yashab o‘tay desam, koshonang qani?
* * *
Sohir ko‘zlaringda g‘ayr xayoli,
Rashk ila to‘lg‘anib qon bo‘ldi gullar.
Telbalanib o‘tdi gulshan shamoli,
Bag‘ri so‘zon bo‘ldi, boshi nigunlar,
Payqamadingiz.
Ko‘kning ravoqidan to‘kildi saslar,
Sizni oydin nurlar jim yorlaqadi.
Tunning qarog‘idek qaro nargislar,
Boshingizga to‘kkan nurni alqadi,
Alqamadingiz.
Dardi begonalar begona bo‘ldi,
Ko‘zning ko‘zgusida rozlar balqidi.
Umid dilimizga afsona bo‘ldi,
Yor, dedik sahroyu zamin qalqidi,
Qalqimadingiz...
Sohir ko‘zingizda g‘ayr xayoli,
Hajringiz motami jonlarga yetdi.
Sizni sevganlarning bevaqt zavoli
To sahar bu dahr gulshanin tutdi.
Yor, demadingiz...
XOTIRA
Men bilaman, xotiramga ishonib bo‘lmas,
Menmi unga yoki xolos o‘xshagan Beka?
Ba’zan o‘zim tushunmayman uning fe’liga –
Go‘yo pinhon o‘zgartirar kechmishim kam-kam.
Bilintirmay aldar o‘tgan yillarimni ham,
Kecha olar noxush kechgan voqealardan.
Men sezaman, meni juda ayar negadir,
Qutqaradi dilni og‘ir xotiralardan.
U haq! Balki shunday bitar nomunosib do‘st,
Dilga bergan jarohati, og‘ir darslari.
Balki shunday singib ketar olis-olisda, -
Yuragimni ezib o‘tgan qadam saslari...
* * *
Tabiat, sen mening dugonam kabi,
Ayniqsa, oqshomlar tushunarlisan.
Sukunat bag‘rida juda o‘zgacha
Go‘zalsan, sokinsan, ishonarlisan.
Bunda hamma narsa oyga intilar,
Sevgiga intilar ayol singari.
Yerdagi to‘qilgan oppoq injular,
Sevgiga bo‘y bergan oyning singani.
Daraxtlar daraxtga o‘xshamas hozir,
Seni tinglamoqda bir to‘p ayollar.
Ularni baxtiyor qilasan oxir
Baxsh etib osuda, sirli xayollar.
Visolga otlangan qiz bola monand,
Ming xil turlanasan, ming hunarlisan.
Sen mening dugonam kabi, Tabiat,
Ayniqsa, oqshomlar tushunarlisan...
Tun cho‘kar bo‘ysunib ul aqidaga,
Chor atrof qorayar ovozsiz zikri.
Mening ojiz fikrim Tun haqidagi
Kunduzga ko‘nikkan odamning fikri.
Oy nuridan eshar o‘rgamchiklar ham
Dorlarin, ilinar shamol faryodi.
Bu tunning bag‘rida mening xotiram
Yo‘qotar narsasi yo‘q odam yodi.
Nimani kutaman?
Bilolmadim, yo‘q.
Biroq ishonaman yolgiz fikrga.
Men uchun bu kecha omonat qayiq,
Mangulik ko‘lida chayqalib turgan.
BOLALIK
Sen ham maysamiding bahor qo‘ynida,
Yayrab o‘sgan eding daryo bo‘yida.
Bilmadim, qay orzu, armon o‘yida
Seni to‘lqinlarga oqizdim o‘ynab.
Boshimga turnalar to‘kkanda xayol,
Berk eshik kibridek dunyoda malol.
Ko‘klarga bokdimu beparvo, behol,
Seni to‘lqinlarga oqizdim o‘ynab.
Endi umrim ummon sari yeldimi,
Bahor o‘tib yana bahor keldimi?
Bafida dur okdi, dunyo bildimi?
Seni to‘lqinlarga oqizdim o‘ynab...
* * *
Oshiqmanu, lekin oshkor emasman,
Uzimdan o‘zgaga ag‘yor emasman.
Sening darding dilu jonim o‘rtadi,
Bemor emasmanu bedor emasman.
Ul tuyg‘u qadahdan to‘kilgan maydek
Jonimni kuydirar, hushyor emasman.
Bilmayman, o‘zimni izlayin qaydan,
Menam ishq, savdoda takror emasman.
Ketding mendan, ko‘zi nigorim mening,
Bari behuda-ku, iqror emasman.
Sen mening ishq faslim ekansan bilsam,
Xazon emasmanu bahor emasman.
Xazon emasmanu bahor emasman...
* * *
Yana shunday bo‘lar, har safar shunday,
Men kutgan ranglarda kelaverar Kuz.
Bog‘lar qismatiga qancha kuyunmay,
Bargrezon faslini sevaman hanuz.
Mangulik oldida yuragi ochiq,
Sokin kengliklarday ozod va beg‘am,
Hech kimga bog‘lanmay yashaydi bir Ishq,
To‘kilib yashaydi xazonlar bilan
Va maftun etadi mening ko‘nglimni,
Dunyoni unutib ruhim sarxush, jim...
Tinglayman har safar ketmoq kuyini,
So‘nggi yaproq kabi titrab yuragim.
* * *
Kushlar uchib ketdi, qisqardi kunlar,
Deding: yuragimga sig‘mas hech nima.
Ko‘zlaringni olding g‘amgin kunlardan.
Ko‘ngling darichasin berkitding shunday,
Na quvonch, na hasrat bo‘lmadi mehmon.
Sezmading, o‘zgarar tegrangda dunyo.
Men sening nomingni aytib chaqirdim.
Menga javob qildi keng bir sukunat,
Menga javob qildi sensiz kunlarim.
Sen aylangan eding Vaqtning o‘ziga...
Farog‘at Kamolova (1959)
Farog‘at Kamolova 1959 yil, 27 martda Jizzax tumanidagi Mo‘lkanlik qishlog‘ida tug‘ilgan. ToshDUning jurnalistika fakultetini tamomlagan (1981). Dastlabki she’riy to‘plami — «Osmon parchasi» (1982). Shundan keyin shoiraning «Uzoq safarlar», «Bargizub» (1990), «Holatlar kitobi» (2000) kabi she’riy to‘plamlari nashr etilgan.