OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Fazliy

http://ziyouz.com/rasmlar/poets/fazliy.jpg* * *

Bosh egdim muhabbatga, men g‘arib bechoraman,
Topgaydir meni albat yo‘lida ovoraman.

Bilmagan der ul Majnun, ishqida devonaman,
Izlab husniga doston mag‘ribga ravonaman.

Hanuz yordin yo‘q xabar, o‘zimdan begonaman,
Ilk muhabbat qasrida, tun shamga hamxonaman.

Bergali tuhfa yorga xun dilim oh, yonaman,
Ul go‘zal bo‘lsa yiroq, sevgiga afsonaman.

Ey sanam, xor aylama, voz kechsang gar tonaman,
Ko‘zlaringdan oqsa yosh marjon kabi tomaman.

Qoshlaring misli kamon paykonni qaydan topay,
Topilmas bo‘lsa paykon kiprigimdan olaman.


 * * *

Pinhona yor ishqida tinmas bo‘ldi hijronim,
Otashi so‘nmas balo azobdan kuydi jonim.

Fosh aylab sirni hijron zulm qildi jonimga,
Majnun kabi darbadar sahro bo‘ldi makonim.

Haddidan oshib ko‘ngil devona sifat qildi,
Xonavayron bo‘lib dil asqotmas xonumonim.

Ey nozanin parivash, ishqing o‘tida yondim,
G‘am-g‘ussa bo‘ldi dardim, ko‘zimdan oqdi qonim.

Tingla, arzim aytayin, men oshiq bechoraman,
Ey nigor, lutf aylagin kuymay bog‘u bo‘stonim.

Dod solib nola qilsam ming pora qilgay hijron,
Muhabbat sharobidan mast ayladi jononim.

Afsona bo‘ldi Fazliy, ul go‘zal vaslini deb,
Xayollar og‘ushida o‘tdi eng shirin onim.


 EY KO‘NGUL

Bunchalar nozik ekan tanda hayot, ey ko‘ngul,
Gohida o‘tgay xato ming jarohat, ey ko‘ngul.

Bir qo‘nimda turmagay gohi shod, goho ma’yus,
Chaqsa til qayg‘urmagin, ayla toqat, ey ko‘ngul.

Ranjimay yo‘qdir iloj, besabab bo‘lsa bo‘hton,
Dil yorishmas yoqsa sham behalovat, ey ko‘ngul.

Kezsa gulzor yor ila dunyoni tark aylagay,
Shirin suhbat davradan topgay rohat, ey ko‘ngul.

Doimo birdek emas hasratida bor alam,
Dardini etgay bayon, gar xiyonat, ey ko‘ngul.

Toblanar turli-tuman, shodligu g‘am yonma-yon,
Sofligin qilgay ayon, bor diyonat, ey ko‘ngul.

Ishq-muhabbat kuyida o‘rtagay shomu sahar,
Dilda hijron uyg‘otib oh, malohat, ey ko‘ngul.

Va’dasi oshkoradir yorning ko‘nglin ovlasa,
Bol tomar tildan shu on, chin sadoqat, ey ko‘ngul.

Nodonlarning dastidan, Fazliy, zinhor ranjima,
Xokisor bo‘l el aro, hur latofat, ey ko‘ngul.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.