OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

G'afur G'ulom (1903-1966)

 1903 yilning 10 mayida Toshkent shahrida tug’ilgan. “Shum bola” (1936) avtobiografik qissasida ijodkorning bolaligi, asr boshidagi Toshkent hayoti tiniq tasvirlangan.

“Dinamo” (1931), “Tirik qo’shiqlar” (1932) to’plamlarida shoir ruhidagi betakrorlik, milliy o’ziga xoslik aks etdi. Insonga xos mangu tuyg’ular “Qish va shoirlar” (1929), “Non” (1931), “Toshkent” (1933), “Qutbda saylov” (1937), “Men Yahudiy” (1941), “Qish” (1941), “Xotin” (1942), “Afsuski, afsusni qo’shib ko’mmadi” (1945) singari she’rlarda aks etdi.

“Bog’” (1934), “Sog’inish” (1942), “Kuz keldi” (1945), “Kuzgi ko’chatlar” (1948) singari she’rlarida obod bog’, saxiy bog’bon, umiddagi kelajak gavdalanadi. G’afur G’ulomda yurt, xalq, kelajak oldidagi mas’ullik Ota timsolida aks etgan “Sen yetim emassan” (1942), “Sog’inish” (1942), “Biri biriga shogird, biri biriga ustod” (1950), “Sizga” (1947), “Bahor taronalari” (1948) singari she’rlarida yurt, xalq, kelajak mas’uliyati tasvirlanadi.

“Netay” (1930), “Yodgor” (1936), “Shum bola” (1936-1962) qissalari, “Hiylai shar’iy” (1930), “Mening o’g’rigina bolam” (1965) singari hikoyalarida qahramon xarakterining milliy betakrorligini aks ettirgan.

1943 yilda O’zbekiston Fanlar Akademiyasiga haqiqiy a’zo bo’ldi. Akademik sifatida u adabiyot tarixini, yozuvchilar ijodini (“Navoiy va zamonamiz” (1948), “Folklordan o’rganaylik” (1939), “Jaloliddin” dramasi haqida” (1945), “Muqimiy” (1941)) yoritib berdi.

«Otello», «Qirol Lir» singari jahon va rus adabiyoti durdonalarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. 

Shoir G’afur G’ulom 1966 yilning 10 iyunida vafot etdi, Chig’atoy qabristoniga dafn etildi. 

Vafotidan so‘ng «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan mukofotlangan (2000).

 

SOG’INISH

Zo‘r karvon yo‘lida yetim bo‘tadek, 
Intizor ko‘zlarda halqa-halqa yosh. 
Eng kichik zarradan Yupitergacha 
O’zing murabbiysan, xabar ber, Quyosh!

Uzilgan bir kiprik abad yo‘qolmas, 
Shunchalar mustahkam xonai xurshid.
Bugun sabza bo‘ldi qishdagi nafas, 
Hozir qonda kezar ertagi umid.

Xoki anjir tugab, qovun g‘arq pishgan 
Baxtli tong otar chog‘ uni kuzatdim, 
Bir mal’un gulshanga qadam qo‘ymishkan, 
Joni bir jondoshlar qolarmidi jim!

Unda yetuk edi meros mard g‘urur, 
Ostonani o‘pib, qasamyod qildi. 
Ukalarin erkalab, o‘zimday mag‘rur, 
Ya’ni obod uyimni u dilshod qildi...

Iblisning g‘arazi bo‘lgan bu urush 
Albatta, yetadi o‘zin boshiga. 
O’g‘lim omon kelar, g‘olib, muzaffar, 
Gard ham qo‘ndirmasdan qora qoshiga.

Ne qilsa otamen, meros hissiyot... 
Jondan sog‘inishga uning haqqi bor, 
Kutaman, uzoqdan ko‘rinsa bir ot, 
Kelayapti, deyman ko‘rinsa g‘ubor.

Bahor novdasida bo‘rtgan har kurtak 
Sog‘ingan ko‘ngilga berar tasalli. 
Ko‘chatlar qomatin eslatganidek, 
Nafasin ufurar tong otar yeli.

Kechqurun osh suzsak bir nasiba kam, 
Qo‘msayman birovni - allakimimni, 
Doimo umidim bardam bo‘lsa ham, 
Ba’zan vasvasalar bosar dilimni.

Balki bir g‘alat o‘q yo xavfu xatar 
Xazinai umrimdan yo‘qotdi olmos... 
Yo‘q, u o‘lmas, qadami olam yaratar, 
Hayotiy bu olam sizu bizga xos.

Tong otar chogida juda sog‘inib, 
Bedil o‘qir edim, chikdi oftob.
 Loyqa xayolotlar chashmaday tindi, 
Pok-pokiza yurak bir qatra simob.

O’rog‘u gulqaychi, istak ko‘tarib, 
Hovrimni bosishga boqqa jo‘nadim. 
Hasharchi qo‘shni qiz - uning sevgani, 
Ma’yus bosar edi orqamdan odim.

Bog‘da sarvinozim yo‘q edi garchand, 
Ko‘makchim arg‘uvon yoring Nafisa, 
Seni sog‘inganda qildim gul payvand –
Bu bahordan hayot olardi bo‘sa.

Dur bo‘lib taqilur yoring bo‘yniga, 
Sadafday ko‘zimda, behuda bu yosh. 
Ikkoving ikki yosh, labing labiga 
Qo‘yar, vasvasamdan kuladi quyosh.

Asaldan ajragan mumday sarg‘ayib, 
Ini yo‘q aridek to‘zg‘iganim yo‘q. 
Ulug‘ e’tiqodda o‘laman qarib, 
Abaddir mendagi padariy huquq.

Sizlarni keldi, deb eshitgan kuni –
O’zing to‘qib ketgan katta savatda
To‘latib shaftoli uzib chiqaman, 
G’alaba kunlari yaqin, albatta.

Yayov, ko‘ksim ochiq, boshda shaftolu, 
Xuddi mo‘ylabingdek mayin tuki bor, 
Har bitta shaftolu misoli kulgu, 
Shafaqday nim pushti, sarin, beg‘ubor.

Suyganing labida reza ter kabi 
Unda titrab turar sabuhiy shabnam. 
Munchalik mazani topa olmaydi 
Uyquda tamshangan chaqaloqlar ham.

Ye o‘g‘lim, jonginang salomat bo‘lsin, 
O’z bog‘ing, o‘z mevang, danagin saqla. 
Shu meros bog‘ingni o‘z qo‘lingga ol, 
Menga topshirilgan merosiy haq-la.

Bog‘da tovus kabi xiromon bo‘lib, 
Umid danagini birga ekingiz, 
G’olib kelajakni sayr qilaylik 
Mushfiq onaginang bilan ikkimiz.

VAQT

G’uncha ochilguncha o‘tgan fursatni 
Kapalak umriga qiyos etgulik, 
Ba’zida bir nafas olg‘ulik muddat –
Ming yulduz so‘nishi uchun yetgulik.

Yashash soatining oltin kapgiri 
Har borib kelishi bir olam zamon. 
Koinot shu damda o‘z kurrasidan 
Yasab chiqa olur yangidan jahon.

Yarim soat ichida tug‘ilib, o‘sib, 
Yashab, umr ko‘rib o‘tguvchilar bor; 
Ko‘z ochib yumguncha o‘tgan dam - qimmat, 
Bir lahza mazmuni bir butun bahor.

Bir onning bahosin o‘lchamoq uchun 
Oltindan tarozu, olmosdan tosh oz. 
Nurlar qadami-la chopgan sekundning 
Barini tutolmas ay(yu)hannos ovoz.

Yigit termiladi qizning ko‘ziga, 
Kiprik suzilishi, mayin tabassum... 
Qo‘sha qarimoqqa muhr bo‘ladi 
Hayotda ikki lab qovushgan bir zum.

Yashash darbozasi ostonasidan 
Zarhal kitob kabi ochilur olam, 
Tiriklik ko‘rkidir mehnat, muhabbat, 
Fursatdir qilguvchi aziz, mukarram.

Bebaho damlarning tirik joni biz, 
Har oni o‘tmishning yuz yiliga teng.
O’zbekning barhayot avlodlarimiz, 
Har nafas mazmuni fazolardan keng.

Qatrada osmon aks etganidek 
Jahonday ma’nodor qorachig‘imiz. 
G’olib asrimizga kuyoshdan mash’al, 
Zamon ko‘rasining so‘nmas cho‘g‘imiz.

Zamona soati zang urar mudom, 
Minglab hodisalar minutlarga qayd, 
Qahramon tug‘ildi, shahar olindi, 
Bir gigant qurildi sharafli bu payt.

Reyxstag ustiga g‘alaba tug‘in 
Qadashda otilgan adolat o‘qi –
Yalt etgan umri-la barqaror qildi 
Basharning muqaddas, oliy huquqin.

G’alaba amri-la, mag‘lub nemisning 
Generali qo‘l qo‘ydi. Uch sekund faqat... 
Shu mal’un imzoda odamlar o‘qir 
Million yil fashistning umriga lan’at.

Aziz asrimizning aziz onlari 
Aziz odamlardan so‘raydi qadrin. 
Fursat g‘animatdir, shoh satrlar-la 
Bezamoq chog‘idir umr daftarin.

Shuhrat qoldirmoqqa Gerostratdek 
Diana ma’badin yoqmoq shart emas. 
Ko‘plarning baxtiga o‘zlikni jamlab, 
Shu ulug‘ binoga bir g‘isht qo‘ysak bas.

Har lahza zamonlar umridek uzun, 
Asrlar taqdiri lahzalarda hal, 
Umrdan o‘tajak har lahza uchun 
Qudratli qo‘l bilan qo‘yaylik haykal.

Hayot sharobidan bir qultum yutay, 
Damlar g‘animatdir, umrzoq soqiy. 
Quyosh-ku falakda kezib yuribdi, 
Umrimiz boqiydir, umrimiz boqiy.

SEN YETIM EMASSAN

(1941-1945 yillar urushining ota-onasiz qolgan go‘daklariga)

Sen yetim emassan,
Tinchlan, jigarim,
Quyoshday mehribon
Vataning - onang,
Zaminday vazminu
Mehnatkash, mushfiq,
Istagan narsangni tayyorlaguvchi
Xalq bor - otang bor,
Cho‘chima, jigarim,
O‘z uyingdasan,
Bu yerda
na g‘urbat,
na ofat,
na g‘am.
Bunda bor:
harorat,
muhabbat,
shafqat
Va mehnat nonini ko‘ramiz baham,

Sen yetim emassan,
Uxla, jigarim.
Bu yerda muzlagan
Ajdar halqumli
Vahshat to‘plarining
Qahqahasi yo‘q.
Bu yerda — odamzod
shaklida yurgan
la’nati devlarning
manfur, yuqumli,
maraz namoyishi
topolmas huquq.
Ulug‘ jang kunidir,
Jangki, beomon,
Lashkar degan axir
Bexatar bo‘lmas,
Otang o‘lgan bo‘lsa,
Qayg‘urma, qo‘zim,
Ko‘zim usti
Minnating boshimga durra.
Shu sog‘lom havoda
Salomat - omon,
Xo‘rsinmay, erkinlab
Ola ber nafas.
Ey, ulug‘ naslimning
Yuragi, joni,
Kiprigingga ilinmas
Yig‘idan zarra.
Sen yetim emassan,
Uxla, jigarim.

Yetimlik nimadir —
Bizlardan so‘ra,
O‘ninchi yillarning
Sargardonligi
Isitma aralash
Qo‘rqinch tush kabi
Xayol ko‘zgusidan
O‘chmaydi sira.
Men yetim o‘tganman,
Oh, u yetimlik...
Voy, bechora jonim,
Desam arziydi.
Boshimni silashga
Bir mehribon qo‘l,
Bir og‘iz shirin so‘z
Nondek arzanda.
Men odam edim-ku,
Inson farzandi...
Sen yetim emassan,
Uxla, jigarim.

Ko‘zimga uyquning
Mudroq ovchisi
To‘rin solmasdan, —
(Birinchi gudokka
Ikki soat bor) -
Otalik hissining
Bebaho, laziz
To‘lqinlari ichra
G‘arq bo‘lib ketib,
Aziz boshing ustida
Termulmakdaman,
Sen yetim emassan,
Uxla, jigarim.

Nega cho‘chib tushding?
Murg‘ak tasavvur,
Go‘dak xayolingta
Nimalar keldi?
Balki Odess dahshati,
Kerch fojiasi,
Yovvoyi maxluqlar,
Konxo‘r vahshiylar...
Mammasi kesilgan
Sho‘rlik onangning
Pajmurda gavdasi
Ko‘zing o‘ngida
Butun dahshati-la
Aks etar endi.
Onang xo‘rlandimi,
Otang o‘ldimi,
Sen yetim qoldingmi,
Qayg‘urma, qo‘zim,
Ko‘zim usti,
Minnating boshimga durra.
Ota-onasining
Tayini ham yo‘q,
Sut ko‘r qilgur, haromi
Gitler oqpadar
Farzandning qadrini
Qaerdan bilsin?
Bir qo‘ng‘iz mo‘ylovli,
Baroq soch mal’un,
Jigar rang bir mundir
Istagi uchun
Nahotki yerimiz
Chappa aylanib,
Nahotki daryolar
Oqar teskari,
Nahotki odamlar
Kezar darbadar?!
Axir, juda yaqin
Qonli intiqom,
Alhazar,
alhazar,
Ko‘pirar
tomirlarda qon
Va portlar hademay
Bu o‘tli vulqon.
Sen yetim emassan,
Uxla, jigarim.

Sen kulayotibsan,
Balki bu kulgi
So‘nggi oylar ichra
birinchi chechak.
La’li labingdagi
G‘uncha tabassum,
Albat toleingta
Muhr bo‘ladi
Va bunda aks etar
Porloq kelajak.
Tong yaqin,
tong yaqin,
oppoq tong yaqin
Bir nafas orom ol,
Uxla, jigarim.

Oq oydin
tong oldi,
Uxlamokdasen.
Lablaring shivirlar,
Izlamokdalar
Balki bir erkalash,
Bir ona bo‘sa,
Ulug‘ oilaning
go‘dak farzandi,
bilib qo‘y endi:
Sen tezda ulg‘ayib,
Olam kezasan.
Manglayda porlagan
Toleing- quyosh
Butun yer yuzini
Qilur munavvar.
Haqorat yemrilur,
Zulm yanchilur,
Jahonda bo‘lurmiz
Ozod, muzaffar.
Sen yetim emassan,
Mening jigarim!
1942


CHIN ARAFA

Saharda charaqlaydi osmon to‘la yulduzlar...
Tolei tong otarday, kelajagi ko‘kday keng,
Ey, mening farzandlarim, qunduz qosh, qora ko‘zlar,
Dasturxon atrofiga yulduz kabi to‘planing,
Bugun chin arafadir.

Bugun chin arafadir, g‘oliblar o‘lkasida.
Ko‘zgudek jilolansin murg‘ak ko‘ngillaringiz,
Baxtingiz qolmasin deb zulmat ko‘lankasida,
Daryo-daryo qon to‘kib, bu kunni keltirganmiz,
Bugun chin arafadir.

Mal’unlardan yashirgan tilsim sandug‘ingni och,
Himmating qanchalar bor, oltin yuzli oftob?
Bolalarning boshidan ayamay zaringni soch,
Endi kulish — arg‘anun, qahqahalardir rubob,
Bugun chin arafadir.

Shodlik qo‘shini bosdi saodat ko‘chasini,
Go‘daklar jaranglatar hayitlik tangasini,
Qelinchaklar axtarar pardoz qutichasini,
Qirq kokil bo‘lsin deydi, qistaydi yangasini,
Bugun chin arafadir.

Bo‘lgan edik intizor ko‘z ko‘zga tushmak uchun,
G‘oliblar qaytgan kun, yor orzusi qongan kun
She’riy o‘xshatish bilan qalbimizdir lolagun,
Ayriliq unut bo‘lib, bir-birni quchmoq uchun,
Bugun chin arafadnr.

Yuzimizni yoritdi kechagi to‘kilgan yosh,
Bugun bayram keltirdi kechagi hajru firoq.
Bugun bo‘ston kezadi, kecha qon kechgan quyosh,
Har kunning fayzi boshqa, erta yana yaxshiroq,
Bugun chin arafadir.

Yigitga ot kelishar, bayroq — g‘olib qo‘liga,
Qadri baland insonga shon kerak, sharaf kerak,
Yuz ming ko‘klam poyandoz arslon erlar yo‘liga,
Mening yenggan elimga bayram kuni muborak,
Bugun chin arafadir.

Ertaga tong otardan nog‘orada zilu bam,
Chaling, Ahmadjon ota, navoni savti bilan,
Sen ham shoh she’ringni yoz bayramga, G‘afur G‘ulom,
Foilotan faalan, foilotan faalan,
Bugun chin arafadir.

1945

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.