YANA...
Yana qonshar ota boshlar
Ko‘ngil ko‘zgusiga toshlar.
Yana chil-chil sinar ko‘ngil,
Yana zil-zil botar toshlar.
Yana so‘zlar qota boshlar, -
Manim jonim hovuchimda.
Yana kul-kul-ku bardoshlar
Aning bulbul tovushindan.
Yana ko‘zlar - sohir qo‘shiq,
Oqlar-qarolar qaroshlar.
Yana hil-hil yetilgay ishq,
Yana simsim oqar yoshlar.
Yana sochlar sochar tushlar,
Yana qushday uchar hushlar.
Yana jim-jim egilgaydir
Muhabbat poyiga boshlar...
SIZ
Qo‘limni uzatsam - yetadiganim Siz,
Gulimni uzatsam - tutadiganim Siz.
Sog‘inchning sap-sariq chechaklari-la
Dilimni bezatsam - kutadiganim Siz.
Sizsiz kunim o‘tmas... Sizsiz o‘tgan oy –
Yilimni kuzatsam - o‘tadiganim Siz.
Sizsiz g‘amim bitmas, na bitar tole,
Chin so‘zimni bitsam - bitadiganim Siz.
Oh, buncha sarkashman, dunyoyi dunda
Fe’limni tuzatsam - yutadiganim Siz.
Ne alam, baxt qushi ortidan giryon
Qoladigan men esam - ketadiganim Siz.
Qo‘limni uzatsam - yetadiganim Siz...
* * *
Insmi yo parisiz - keldingizu duch,
Otu zotingizni bilolmay dog‘men.
Sizni orzulagan xayollarim puch,
Lahzalik visol - Siz,
Mangu firoq - men.
Diydam diydoringiz deydi-ku, netay?
Bu g‘am yuragimni yeydi-ku, netay?
Ko‘zim kuydi, o‘zim kuydim-ku, netay –
Ichida o‘t qalqqan
Ikki qirg‘oqmen.
Lahzalik visol - Siz,
mangu firoq - men...
* * *
Ko‘zingiz - ikkita cho‘g‘-olov,
O’zingiz - bittasiz.
Qoshingiz yog‘dirar ko‘p balo,
Boshimga yetasiz?..
Boqasiz - yurakda kipriklar
Gulxanin yoqasiz.
Yoqasiz - ketarkan ko‘priklar
Gulxani yoqqa Siz.
Labingiz halitdan xun degay,
Tinimsiz bunchalar.
Tilingiz indamay, indagay
Dilingiz, g‘unchalab.
Tishingiz gavharin g‘avg‘osi
Har biri - bir bozor.
Ishq bahrin jamiki g‘avvosi
Shul durga xaridor.
Sochingiz - sarin bo‘y taratgan
Serg‘uluv, sho‘x shamol.
Sarvni rashk ichra qaritgan
Qaddingiz - ne nihol?
Qo‘lingiz - parvozga shaylangan
Qo‘sh qanotmikin yo
Ko‘ksingiz ganjini poylagan
Ikki oq ajdaho.
Lutf etib, boz suxan axtardim
Aytgali quloqqa.
Vasl deb sirg‘aday sarg‘ardim, -
Osildim firoqqa.
Ko‘ngil - xun, hol - zabun, til - tugun,
Ruhimda zilzila.
Hukm etmang: "Qalaysiz!?" deb, bugun –
Oltiningiz bo‘lay!..
* * *
Turnalar, siz bilan birga qaytaman,
Kindik qonim tomgan yerga qaytaman,
Sizning tasbehingiz - mening tashbehim,
Shoda-shoda tizib, she’rga qaytaman.
Yuz yilki, ichikib dog‘ bo‘ldi dilim,
Endi qizg‘aldoqzor qirga qaytaman.
Qahraton qahridan, zulmat bag‘ridan
Oftobga qaytaman, nurga qaytaman.
Axir, qachongacha giryon, sarg‘arib,
Sog‘inganda - xavotirga qaytaman?..
Turnalar, siz bilan birga qaytaman...
* * *
Sevgidek kelasan kutilmaganda,
Bilaman, bari bir, suyasan.
So‘zingda - pisanda, ko‘zingda - xanda,
Sen meni hammadan olib qo‘yasan.
Seningsiz yurak - muz, dunyo - qahraton,
Meni sog‘intirgan oftobro‘yasan.
Ko‘zim jilg‘alarin eritib, qachon –
Sen meni hammadan olib qo‘yasan.
Visolingga to‘ymadim axir,
Na Sen firoq aylab to‘yasan.
Nogahon, bahordek kelasan-da bir, -
Sen meni hammadan olib qo‘yasan...
G’ulom Mirzo (1964)
G’ulom Mirzo (G’ulom Mirzaev) 1964 yil 4 yanvarda Qashqadaryo viloyatining Qarshi tumaniga qarashli Xushvaqd qishlog‘ida tug‘ilgan. ToshDUning o‘zbek filologiyasi fakultetini tamomlagan (1989). «Yaxshiyam siz borsiz» (1994), «Unutilgan hur» (1997) she’riy to‘plamlari nashr etilgan.