Guli Nigor Avazova 1988 yil 2 mayda Toshkent viloyati Qibray tumanida tug‘ilgan. 2005 yilda Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibasi bo‘lgan. O‘zbekiston Davlat jahon tillari universiteti xalqaro jurnalistika fakultetini tamomlagan. 2008 yildan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Birlashgan tahririyatida muxbir lavozimida ishlab kelmoqda.
***
Sog‘inaman. Kutaman.
Ostonamdan o‘tolmaydi Vaqt.
Sen ketdingu kelmay qoldi –
Shodlik va’da qilgan Baxt.
Ko‘zlarimni yumib yashadim –
Hijroningda kuymay deb.
Lablarimni yamab yashadim –
Firoqingni kuylamay deb.
Biroq
Tomir uyg‘oq, Ruh uyg‘oq –
Qo‘yarmidi hissiz, tuyg‘usiz?!
G‘amlab olib Sabrdan ko‘proq
izlab ketdim O‘zligim sensiz...
QARSHINOMA
(turkum)
I
Sog‘inib yashashga mahkum etilgan –
Tuyg‘ular sinig‘i dilni tiladi.
Bechora bu ko‘ngil sog‘inib bilgan –
Qadrdon shahrini tushda ko‘radi.
Ko‘chalari yorug‘, tunlar chekingan –
Oppoq og‘ushida ulg‘aygan yurak.
Bugun qarog‘imga shu mehri ingan –
Mo‘‘jaz shaharcham, keraksan, kerak!
Ko‘zimga sog‘inchning to‘rini yopdim,
Bilmadim, qay tomon ketyapman endi?
O‘nsam faqat sening mehring-la yondim,
Axir Ka’bam deya men seni topdim!
So‘zimni allalab zeb bergan Qarshim,
Yuragim jannati, ma’vosi, arshim!
II
Yuraman, yo‘lmas, xayol bosaman,
Olganim o‘ylovu ko‘rganim tashvish.
Shu ishq doriga dilni osaman,
Qarshijonim, sendan ayirdi shu ish!
Ko‘chalaring qarog‘imga urgan muhr,
Kechalaring yodin sochimga taqdim.
Kerak bo‘ldi juda sen bergan mehr –
Boringcha yurakka etvordim taqdim.
Quyoshing qonimda oqadi, bilsang,
Oyu yulduzlaring chiroyimga zeb.
Qarshijonim, Guli Nigorni ko‘rsang –
O‘nib aytasanmi, mening qizim deb?!
Ravon ko‘chalarin supurar yodim,
Cho‘ng sog‘inchlarga davo xayoli.
Otam kabi seni yonib sevgum jim,
Ulug‘ olam aro topganim, borim.
Takrorlab boraman diydor onlarin,
O‘zimdan o‘zimga panoh tilayman.
Tovonim yeriga tekkan zahotim –
Shahrim iforlarin to‘yib hidlayman.
Quyoshning mehri bor qaynoq havosi
Bir dam nigohimga ashklar yopadi.
Qaysar iztirobning sodda davosi –
Sendek jannatini qaydan topadi?
Sog‘inchim qalbiga joylagancha jim
Tunda shu’lasiga yuz chayar mohtob.
Biri akam, opam, birisi inim
Mening tug‘ishganim hatto shu oftob!
III
Fusunkor Toshkentda katta shohbekat,
Poezdlar pishqirib to‘xtar atayin.
Yuragimda shahrim sog‘inchi qat-qat,
Tushunsin vagonlar, dardim aytayin.
Axir u beg‘ubor shahrim havosin
Mahkam quchganicha chopar tinmayin.
Keladi, ketadi, bilsin bahosin –
Shu po‘lat relslarga tahsin aytayin...
...Yana yo‘lga tushar poezd pishqirib
Po‘lat izlariga dardim yozayin.
Endi qololmaydi hech narsa olib –
Men ham shu poezdda ketmog‘im tayin.
IV
Yetar, bugunchalik dardimni to‘kdim,
O‘zimcha Toshkentni yomonlab qo‘ydim.
Asli o‘zligimni shu yerda tuydim,
Shahri Shoshim, senga-da chin mehr qo‘ydim.
Ranjima, gohida sog‘inch tilar jon,
Shifo istab goho bo‘larman giryon.
Sensiz hayotimning bir qismi yobon,
Axir sen O‘zimga chorlagan iymon.
Qarshidan kelaman. Oy o‘tmas tayin –
Yana mehrin qo‘msab chopib qolaman.
Kelgin, qulog‘ingga sirim aytayin –
Seningsiz sahroda qolgan lolaman.
11 DEKABR...
(Otam Chori Avaz xotirasiga)
Bugun ko‘nglim yana xotirlarga band,
O‘jar yuragimning bilgani sog‘inch.
Otam xayollari qayg‘uga kamand,
She’rlari ertam-chun beradi ilinj.
Sokin, tiniq, cheksiz osmonim uzra
Quyosh-oylar o‘rin almashar sekin.
Yigirma to‘rt yillik umrim kuzida
Gullaydi, barg yozar, to‘kilar sevinch.
Bunda bahorlar ham ayriliq rangin
Ko‘zlarim – olamga sepib ketadi.
Netay, qayg‘ular-da xilma-xil, ranggin,
Yurak gohi bezib, bezib ketadi.
Ammo iztirobning cho‘ng soyasini
Onam – oftobimdir, o‘chirar sekin.
Men – ruhi sargashta, dalli bolasin –
U shu qadar suyar, bildirmas lekin...
SHAVKAT RAHMON
Rabbimdan rubobiy ishqni istadim,
Poyimga tiz cho‘kdi ulug‘vor samo.
Munojot aytganda qor parchalari
Nenidir ilg‘adim, bilmadim ammo...
Garchi yashil ranglar somedir bunda...
Garchi yuragining iztirobi bor...
Kulgusin ma’nisin anglagan kunda
Sezib qoldim – umrim o‘tibdi tushda.
O‘ngimdagi sassiz suronli hayot.
Menga atalganu yoqmagan bayot.
Hech birin nazarga ilmayin hayhot –
Rabbimdan rubobiy ishqni istadim...
Ba’zida qistadim, ba’zan o‘tindim,
Arazlab ketdimu qaytdim, yukindim...
Ashkdamas, har so‘zda unga to‘kildim,
Madad ber, yo Rabbim, senga intildim!
Garchi tomirimda shamol suroni,
Garchi yuragimda hislar tug‘yoni.
Buzib yubormasim mitti dunyoni,
Rabbim, bir ishq bergin, anglay ro‘yoni!
4/01/2013
***
Jim-jitlik...
Osudalik...
Sog‘inishning shovqini aro –
jim shaharda yuzadi ruhim...
Telba qo‘llar yulduzni istar,
Poyim yerni mahkam quchadi.
Men daraxtga havas qilganim –
Nigohingiz unga tushadi.
Tun... Osmonsiz oy...
Ruhim kezar soyamdan nari.
Men o‘zimga cho‘kib ketyapman,
Qutqarmoqqa qo‘lingiz qani?!
Nega shahar shovqinlarida
Gul ruhimni bosib oldingiz?
Endi sizdan qanday ketayin –
Shamoyilda qolgan poyingiz...
Tangrim, qutqar, bu to‘foningdan,
Yo‘qsa dunyolar ham ostin-ustundir...
Men sevgani, meni sevgani –
Tushunmoqqa bir do‘stim yo‘qdir...
UMR MANZILI
Olis manzillarni istaydi ko‘ngil,
Uzoq manzillarga bog‘langan rishta.
Umid iplarini bog‘labon dilga
Orzular to‘qiydi mas’um farishta.
Tonggacha bir shirin ertak to‘qilar,
Umid manzillari borar yorishib.
Mening telba tuyg‘um shunday to‘kilar,
Orzular, umidlar, g‘amlar qorishib....
***
Telbalikning yozug‘i qiziq...
Bir umr bor –
Baxtida bisyor chiziq.
Ko‘rgan kunin diyorida
Shodligi gullar go‘yo.
Asli darddan tug‘ilgan
Sevinchi tullarmi yo?...
Yashaydi telba umr,
Yashnaydi g‘amgin umr,
Ko‘rgan kunin ortida
Faqat g‘amxona turur.
Dimog‘ida dard isi,
Kiprigida g‘am o‘sgan.
Gul yuzining chekkasi –
Hajr bilan to‘silgan.
Oylar hech ne. Talpingani –
Quyoshdan ham yiroqda.
Yashayapti hozircha –
Hayot degan titroqda...