* * *
Ba’zi kunlar cho‘zilib ketar,
ba’zi kunlar qisqa,
bir tutam.
Shams nuridan mehrlar kutar,
tumanlardan tuyadi sitam.
Ba’zi kunlar qovog‘in o‘yib,
borliq aro to‘qiydi to‘rlar.
Qaergadir boshini qo‘yib,
qaergadir poyini yo‘llar.
Ba’zi kunlar hovliqma siyoq
bodlarga tutqazar royini.
Tob tashlaydi dashtlarda giyoh:
xo‘rsinib,
quruqshab,
koyinib.
Ba’zi kunlar dillarga ko‘chib:
payvasta,
xesh,
yondosh bo‘lgaydir.
Armonlarning dog‘lari o‘chib,
umidlarning sehri to‘lgaydir.
Ba’zi kunlar — chigik tugunlar:
cho‘ziqmi,
qisqami nisbati...
...Tongdan
shomga yugurgan kunlar —
odamlarning munosabati.
* * *
Ne topsamki,
yo‘llarda topgaydirman,
ne yo‘qotsam,
yo‘qotgayman yo‘llarda.
Yo‘llar bilan doimo birgadirman:
shahardami,
qishloqdami,
cho‘llarda...
Yo‘llar tushungaydir kanglumni faqat,
faqat kanglum ilg‘ar yo‘llar asrorin.
Kanglumda yo‘llarning armoni qat-qat,
to‘kilgay yo‘llarga kanglumning zori.
O‘zi yasab odam,
o‘zi bo‘lgan qul—
ulovlarga minib,
maqtanib,
hay-hay,
balandu pastlarga cho‘zganicha qo‘l,
to‘zitar yo‘llarni bepisand pay-pay.
Manzil-makonlarga yo‘llar poyidor —
to‘rt tarafni xeshlagaydir dunyoda.
Yo‘llarning totidan kanglumda tot bor,
piyoda keldim,
men,
ketgum piyoda.
* * *
...Mendan yiroq ketmagin sog‘inch,
yaqinim bo‘l,
suyanchim bo‘lgin.
Sukut ichra mustahkam bog‘ich
nurlariday kanglumda to‘lgin.
Talpinaman har lahza,
har zum,
sog‘inch mo‘g‘jalagan visolga.
Quyosh kunga bo‘lganday orzu,
tun ochganday bag‘rin hilolga.
Sog‘inch...
Unutma...
Ahyon-ahyon
qayrilib tur...
Men — bir nolaman...
Kanglum nochor...
Xo‘rsiniqqa yon...
Sensiz g‘arib bo‘lib qolaman...
* * *
...Tong kaftini tutadi sekin,
derazani ochaman asta.
Yoyib toza havolar sepin
ichkariga kirar bir pasda.
Tashqariga qarayman.
Atrof
qanchalar kengayib ketadi.
Osmonlar ko‘shklari biram sof,
zamin tushlarin uyg‘otadi.
Daraxtlar bastidan gurkirab,
sathin shoyon etadi bog‘lar.
Go‘yo yaqin keladi,
yo rab,
uzoqlardan termilgan tog‘lar.
Qanotlarin kerib havoda
chug‘ur-chug‘ur qushlar uchadi.
Pokiza,
beg‘ubor saboda
umidlar umidni quchadi.
O‘zimni unutib, bir muddat
tong sehriga bo‘laman hamdam.
Joylashadi kanglumga qat-qat
mo‘‘jizadan yaralgan olam...
* * *
...Quyoshga qaragan uy —
loysuvoqli
to‘rt paxsa devor.
Adirda ko‘rsatib qaddi ro‘y
turibdi
hech topmayin havor.
Quyoshga qaragan uy:
tufrog‘i zinch,
bedarz,
beyorig‘.
Adirda misoli sirli o‘y
savolin
javobi,
vodarig‘!
Qish qorlari tomiga cho‘kib,
g‘ijimin tugadi izg‘irin.
Jala ko‘kning barini so‘kib,
shatir-shutir tikar ko‘z qirin.
Quyoshga qaragan uy
doim tik:
bukilmas,
nuramas.
Sababkim,
g‘uyosh mehrbo‘y
nurlarini sochar — ayamas.
Quyoshga qaragan uy
topar
havo xillariga dosh...
...Quyoshga qaragan uy
eshigidan kiradi quyosh...
* * *
Iqlim urchug‘lari
yigirgan bulutlar
tarvaqaylab
chiqdi ko‘kka...
... Va,
derazalarni to‘sgan
pardalar taxlit
qoplab olmoq istar:
nujumli,
qamarli,
shamsli osmonni.
* * *
Kanglum, mendan bo‘lak kiming bor sening,
kanglum, sendan bo‘lak mening kimim bor?
Ne desang, deguvchi - yolg‘izim mening,
Ne aytsang, aytguvchi - o‘zing xokisor.
Kanglum, meni tushunguvchi o‘zingsan faqat,
kanglum, faqat seni anglab yetguvchi o‘zim.
Mening vujudimda ulg‘ayar toqat,
sening vujudingda g‘unchalar to‘zim.
Kanglum, g‘amlarimning ashklari - dayro,
kanglum, armonlaring qayg‘ulari - tog‘.
Kanglum, seni qa’riga tortar bu dayro,
kanglum, meni yanchib ketadi bu tog‘.
Dahri dun dayrida chirpiragan gard –
kanglum, bir kun ketarmiz chiqarmay na tog‘.
Kimgadir qoldirib g‘aribgina dard,
Kimgadir qoldirib g‘aribgina dog‘.
Kanglum... kang... lum...
* * *
Vatan - bobolardan meros bir iymon –
ruhim mundarijasida muqaddas yozuv.
Tanish va notanish imlolarsimon
ruhimda hislarning to‘foni tizuv.
Vatan - bobolarim kechgan xotira –
ruhim mundarijasin qadimiy muhri.
Ruhim tufrog‘iga ildiz botirib,
bo‘y tortar buyuk daraxtday zuhri.
Vatan - bobolardan qolgan e’tiqod –
ruhim mundarijasin ko‘hna suvrati.
Ruhim ranglariga rang berib bot-bot,
ruhim yuragini bezab turadi.
Vatan - ruhim suyagi, jonim –
ruhim darichasin chertayotgan sir.
Ruhim tomirlarida oqayotgan qonim,
ruhimda nur sochgan kavkabir.
Vatan - sof, pokiza, beg‘ubor umid –
ruhimda mo‘g‘jalab barg yozgan dunyo.
Taxlari buzilmagan o‘ylarga cho‘mib,
gardlarin ruhimga qilgum to‘tiyo.
Men - ruh chizgisidan yaralgan jism,
ruhim daftarida chizgilar necha?
Vatan - ruhimda uyg‘ongan ism, ruhim –
Vatanda gullagan chechak...
* * *
Sen dilingni ochding, men dilim ochdim,
Dilin bayon etib, dillar uchrashdi.
Sen qaylarda eding, men qayda edim,
Qaylardan kelgan bul yo‘llar uchrashdi?
Sen - bag‘ri choku chok, men - bag‘ri chok-chok,
Ishq uyin supurgan qullar uchrashdi.
Sen - tashnai quvra, men - tashna quvra,
Dashti Karbaloda cho‘llar uchrashdi.
Sen - qadimiy armon, men - qadim armon,
Armonni yigirgan yillar uchrashdi.
Sen dilingni ochding, men dilim ochdim,
Dilin bayon etib, dillar uchrashdi.
* * *
Ko‘pchilik yurgan yo‘l...
Ko‘pchilik tushgan o‘yin...
Ko‘pchilik yugurgan tomon...
Ko‘pchilik xushlagan narsa...
Ko‘pchilik intilgan davra...
Ko‘pchilik kirgan ko‘cha...
Ko‘pchilik...
...keltirolmadim bu naql raftin,
ixtiyor etmadim, singmadi bu dars.
Yiroq bo‘ldim ko‘pchilik to‘qigan safdin,
o‘z foydasin bilmagan men - chars.
Qotishmadim. O’zimni tortdim,
ko‘pchilikka o‘xsholmadim tani.
Ne bo‘lsa - og‘irim o‘zimga ortdim,
ne bo‘lsa - o‘zim ko‘tardim ani...
Yolg‘izga yukindim, yolg‘izning jabrin
ko‘zlarimga surtdim, dilga boyladim.
Sog‘indim, sig‘indim, ruhimning sabrin
yolg‘izning poyiga tufroq ayladim...
* * *
Men - sog‘inch sharhini bitguvchi kotib –
sog‘inchga aylangan qullarning shohi.
Ruhimning qatqaloq qa’riga botib –
o‘rlaydi sukutning sargashta ohi.
Ko‘ksimda o‘sadi, cho‘kib tobora o‘rkach-
o‘rkach g‘am barxanlari.
Azob sho‘rishlari tillarin yora
sitiladi ko‘hna dun arkonlari.
Kanglum hurillaydi, kanglum to‘zadi,
sabrim kosasida mog‘orlar toqat.
Xohishim sindirar, royim ezadi,
quriyotgan imkonim qat-qat.
Bir-birin etagin tutgan bois ko‘p,
boislar tortishgan, talashgan.
Atrofimda ivirsib to‘p-to‘p
g‘animlar chambarak qalashgan.
Sen armon ko‘kida yozasan qanot,
alamlar bag‘rimni kemiradi - och.
Yuragim qovjirab, haliqqan bot-bot
sog‘inchga bir tomchi suv tut qaldirg‘och!
Men - sog‘inch sharhini bitguvchi kotib –
sog‘inchga aylangan qullarning shohi.
Ruhimning qatqaloq qa’riga botib –
o‘rlaydi sukutning sargashta ohi.
* * *
Kavokib koqilin siladi osmon,
chaqmoq qinidan sug‘urar tilin.
Huv, olis dashtlarda yo‘rtib to‘rt tomon
adashgan uyurin axtarar qulun.
Bulutlarning shalvirab choki,
suprasi teshilar ko‘zmunchokdarning.
Eski ariqlarda rayhonlar oqib,
ko‘zlari qonaydi qadim bog‘larning.
Osmonning bepoyon kengliklarida
uloqib-uloqib yig‘lar abrlar.
Kasbi qo‘rg‘onining do‘ngliklarida
sassizgina cho‘kar yerga qabrlar.
Qo‘zigul isini taratar, ayo,
naysonlar atrini ichadi g‘ulg‘ul.
Men seni sog‘indim yomg‘irli Dunyo,
men seni sog‘indim Qo‘zigul!
* * *
Yomg‘irdan so‘ng oyning sochini
erkalab silaydi nasimlar.
Sumanbarday ketar ochilib,
yomg‘irdan so‘ng osmon tarsillab.
Yomg‘irdan so‘ng yulduzlar chaqnab,
nozlanar, karashma, ishvali.
Yomg‘irdan so‘ng gullarni qaqnab
lablarin so‘radi kishvari.
Yomg‘irdan so‘ng ajib bir tusda
er bilan ko‘k ketar qovushib.
Yomg‘irdan so‘ng olis-olisdan
eshitilar soylar dovushi.
Yomg‘irdan so‘ng qiyani ko‘zlab –
dashtlar o‘mganin keradi.
Yomg‘irdan so‘ng yastangan bo‘zlar
qo‘zigullar teradi.
Yomg‘irdan so‘ng tarqar xilma-xil
tashvishlar, sirlar, tangliklar.
Yomg‘irdan so‘ng moviy, yam-yashil
ruhimda uyg‘onar kengliklar.
Yomg‘irdan so‘ng...
Yom-g‘irr-dan so‘-o‘-ng...