OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Iroda Umarova (1987)

 http://www.ziyouz.com/images/iroda_umarova.jpgUmarova Iroda Ergash qizi. 1987 yil Jizzax viloyati, Forish tumani, Garasha qishlog‘ida istiqomat qiluvchi ziyoli oilada tavallud topgan.

2006-2010 yillarda Nizomiy nomidagi TDPUda tahsil olgan. 2004 yildan buyon «Bekajon» gazetasida  faoliyat yuritib kelmoqda.
Nazm va nasrda ijod qiladi. «Bahor visoli» (2006), «Uchinchi dunyo» (2008) nomli she’riy, «Egasiz sog‘inch» (2008), «Siz uchun» (2009) nomli nasriy kitoblari nashr etilgan.  «Jizzax ifori», «Mahorat maktabi», «Yoshlar kitobi – 2008» to‘plamlariga ijodidan namunalar kiritilgan. «Sevgi fasli» - Ozarbayjonda nashr etilgan turkiy shoirlar bayozida she’rlari berilgan (2010). 
Viloyat va respublika miqyosidagi bir qancha tanlovlar sovrindori. «Erudit IM»ning ta’lim granti, «Zomin-2007»ning oliy o‘rin sohibasi.


VATAN TASNIFI

1.O‘zbekistonjon

Koinotda porlar sanoqsiz yulduz,
Ularning ichida eng yorqin – Yer bor.
Shu Yer yuragida men uchun aziz,
Qosh-ko‘zlari qora, ko‘ngli oq el bor.

U elning poyida gulbadan zamin.
Boshida oftobdan erigan osmon.
Quchog‘ida tog‘u adirlar rangin,
Bu ma’voning nomi –
           O‘zbekistonjon!

Bu – mening diyorim,
Jannat bog‘ida
Malaklar duolab turgan diyorim.
Buyuk ajdodlari o‘tgan bag‘rida
Erka avlodlari yurgan diyorim.

Yalovi hilpirar dunyo tomida,
Dastasidan tutmish minglab shahidlar.
Uni ko‘rgan ko‘zlar – o‘sha onida
Suyuk istiqlolga mangu shohidlar.

O‘zbegim, O‘Ziga BEK birodarim,
Mehmondo‘stim, tantim, biroz chapanim.
Mushti tosh, ko‘ngli bo‘sh, so‘zi gavharim,
Mehri – yozda yaktak, qishda choponim.

Qara, bizning Vatan yana kimda bor,
Tog‘larin ko‘ksidan buloqlar tomgan?
Erta kelib, kechda ketuvchi bahor,
Kuzi egningdagi atlasday yongan?..

So‘ylasam so‘zimdan taraladi kuy,
O‘ylasam o‘yimga tor kelar jahon.
Qalbim daftariga chizilgan gulro‘y
Bo‘yingdan aylanay,
           O‘zbekistonjon!..

2.Yaxshi ko‘raman…

Men daydi shoirman, uysiz bedana,
Qayda mehr ko‘rsam – uya quraman.
Yo‘llarim boshida qolgan ostona –
Jizzaxni boshqacha yaxshi ko‘raman…

O‘zbek diyorining sarhadida ja’m –
Men kezmagan voha qolmadi hech ham,
Bir-biridan go‘zal, faravon, ko‘rkam…
Jizzaxni boshqacha yaxshi ko‘raman…

Xalqi biroz shaddod, biroz satangim,
Do‘ppisi quyoshdan, egni chamanim.
Vatanning mag‘zida turgan Vatanim –
Jizzaxni boshqacha yaxshi ko‘raman…

Bir yoni yashil cho‘l, bir yoni tog‘zor,
Soylari to‘lqinlar yasar serviqor,
Bog‘u dalalarin sevadi bahor,
Jizzaxni boshqacha yaxshi ko‘raman…

Gar yo‘q unda olam tanigan hasham,
Yashar ota-onam, do‘st, jigargo‘sham,
Forish tomonlarda qolgan Garasham,
Jizzaxni boshqacha yaxshi ko‘raman…

Yoronim, bu mehr ne savdo, ne sir?
Qonim tomganini etmang sababgir,
O‘lsam, o‘zga joyda unsam, baribir,
Jizzaxni boshqacha yaxshi ko‘raman…

3.Suluv yurt

Olloh qurib qo‘ygan cho‘ng qal’am,
Tog‘ to‘sgan to‘rt yonlaring sening.
Etagingga sochadi shabnam
Muzdaygina tonglaring sening.
Ko‘zga sig‘mas adirlaringdan
Ayozda ham ketmas ko‘k ohor.
Zaminosti tomirlaringdan
Shifo bo‘lib oqar Jondahor.
Shams kuyib shivagan nurni
Shabodalar quchadi jo‘shib.
Chorbog‘laring – kapalakzorlar,
Mevalardan turar to‘lishib…
Har kelganda qish ulashib tin
Tomga qadar qorga yo‘rgaklar…
Keyin… yashil ko‘ylakchalarin
Yechib, pushti kiyar kurtaklar…
Keyin… yangi tushgan kelinday
Qizaradi olma-olchalar…
Keyin…bir kun kutilmaganda
Xazonlardan ko‘pchir ko‘chalar…
To‘rt fasli ham birday suluv yurt,
Tabiatu Haq suygan go‘sham.
Buloqlarin ko‘zi suv-suv yurt,
Otam,
Onam,
jonim Garasham!..
Sendan olgan boyliklarim mo‘l:
Ko‘ngil, ilhom, g‘urur va hayrat…
Evazini qoplarmikan shul –
Shoir qizing bergan muhabbat?!
                                    2010 yil, avgust


QURIMAS BOG‘

Siz – ko‘zimni asrab yurgan nur,
Siz – boshimni tik tutgan surur.
Siz – quyoshga qarab ketgan yo‘l,
Boru yo‘g‘im shu yo‘lda erur.

Berib tog‘lardan ham baland shon,
Qilmadingiz birovdan kamlar.
Umringizni yedi, dadajon,
Yuragimni tishlagan g‘amlar.

Tashvishimda pinhon nuraysiz,
Lek suyansam tog‘day tiraysiz.
Xasta bo‘lib kelmay qolsangiz
Tushlarimda holim so‘raysiz…

Aytarlarki: qosh-ko‘zimda – Siz,
Istarayi yulduzimda – Siz.
Yaxshiligim Sizdan, dadajon,
Orim, faxrim va SO‘Zimda – Siz.

Daraxtsiz, Sizdan bir shoxman,
Duongizdan suv ichar sha’nim.
Izingizdan ko‘kargan bog‘man,
Qurimoqqa haqqim yo‘q manim!
Izingizdan ko‘kargan bog‘man, 
Qurimoqqa haqqim yo‘q manim!..
                                             2009 yil, sentyabr


SIZ MENING...

Sog‘indingiz,
Lekin ko‘rsatmadim ro‘y,
Onajon, siz mening sabrgulimsiz...
Mehringiz to‘kilgan maktublar xushbo‘y,
Onajon, siz mening atirgulimsiz...

Keldingiz,
Ketdingiz diydorga qonmay,
Yuragim ergashdi izlaringizdan.
Yolg‘on taskinlarga  qo‘ydim ishonmay,
Toshbag‘ir chiqdimmi qizlaringizdan?

Kutdingiz...
Bormadim bayramlarda ham,
Va bayramlar kutdim mahzun, ko‘ngilsiz.
Siz uchun o‘zimdan arazlaganman,
Onajon, siz mening qadrgulimsiz...

Sog‘indim...
Ko‘zimga qadaldi yo‘llar,
Og‘riqlar osildi tomirlarimga.
Rangi kamalakda ham yo‘q tuyg‘ular
Darz soldi muzlagan sabrlarimga.

Yig‘ladim...
Ismimdan yuzim o‘girib –
Gunohim qoshida cho‘kkaladim tiz.
Bag‘ringizga botay bir shabnam bo‘lib,
Onajon, siz mening atirgulimsiz...
                                                  2007 yil, mart


ONA TILIM

Ona tilim – yurak qatimdan
Mehr bo‘lib sochilgan jarang.
Qulog‘imga go‘dak paytimdan
Alla bo‘lib singigan ohang.

Ona tilim – necha asrlar
Kurashida yenggan polvonim.
Necha ajdod, necha nasllar
Suyib o‘tgan turkiy zabonim.

Ona tilim – do‘ppi kiygan So‘z,
Doim yangi yo‘lcha-atlasi.
Bir satriga tashlasangiz ko‘z,
Tovlanadi ming-ming qirrasi.

Ona tilim – asalchoy ta’mli,
Bulbultalqin, muhabbatsheva.
Lablarimga ko‘chirgum doim
Talaffuzin men seva-seva.

Ona tilim – yurak qatimdan
Mehr bo‘lib sochilgan jarang.
Qulog‘imga go‘dak paytimdan
Alla bo‘lib singigan ohang…
                                     2010 yil, oktyabr


QUYOSH IZLAGAN NUR

Azizam ayollar, 
Jonim ayollar,
Axtardim sizdagi  nafosat sirin.
Nechun sochingizga oshiq shamollar,
Quyosh izlagan nur sizda yashirin?
Nozik qo‘llaringiz birida dunyo,
Birida g‘irchillab tebranar beshik.
Poyingizda Arklar bo‘lsa ham paydo,
O‘zingizning kulba tuyuladi ko‘shk.
Ro‘zg‘orning g‘orida o‘tkazasiz kun,
Gohida chidolmay qolasiz nolib.
Baribir, bo‘shasa sal olaxurjun,
Yugurasiz yana yelkaga olib.
Vaqtingiz o‘g‘irlab turfa tashvishlar,
Goho ko‘zguga ham boqmaysiz to‘yib.
Bu ham bir g‘alvaga bahona ishlar – 
Eringiz boqadi qovog‘in uyib…
Shunda turmush mushti toshga evirgan
Yuragingiz yorib o‘sgan ko‘nglingiz –
Og‘rinar to‘liqib mungli shivirga,
Solsam deysiz ota uyga yo‘lingiz.
Lek u yerda sizga kimning ko‘zi och,
U yerga mehmonsiz, kesgan etaksiz.
Bundadir ayollik baxtingizga toj,
O‘g‘il-qizlaringiz, yorga keraksiz!
Birgina chorangiz: arazni kanda
Qilmaslik, 
Besh-o‘n kun yurmoq xafahol.
Shunda ham kirlarin yuvib panada,
Ko‘zini chalg‘itib bosasiz dazmol...
Qay ayol xohlamas tilloyu durni,
Kiygisi kelmaydi yaltiroq ko‘ylak?
Lekin uchratsangiz Hazrat Xizrni,
Tilingizga kelar shaksiz shul tilak:
«Odamlarga tursin iymon yarashib,
Dunyoning bag‘ridan o‘chir yarimni.
Xo‘jam bilan yuray qo‘sha qarishib, 
Kamolin ko‘rayin bolalarimning...»
Shu qadar injiqsiz,
Shu qadar fido,
Qalbingizda jami tuyg‘u mujassam.
Ajab fe’lingizdan go‘zallik paydo,
Onam, opam, singlim, do‘stim,
Azizam...
           2011 yil, mart


MUALLIMLARIM

Hayot – maktab, lahzalar – saboq,
Yurak – daftar, tafakkur – kitob,
Hislar – qalam, yaxshimi-notob
Har insonim – muallimlarim.

Shul maktabga qo‘ygan poydevor,
O‘n yilimda butun umri bor,
Odamiylik quruvchi me’mor,
Nurafshonim muallimlarim.

Ke-e-eng hayotga tashladim qadam,
Mana, bo‘ldim kattakon Odam,
Duogo‘yim, ma’naviy onam,
Otajonim muallimlarim.

Sog‘inib goh boraman shosha,
Men o‘zgardim, siz o‘sha-o‘sha –
Yozuvtaxta... sershovqin go‘sha...
Qadrdonim muallimlarim.

Siz o‘rgatgan harflar bilan,
She’rlar yozdim ta’riflar bilan,
Sizniki bu lutflar bilan
Sharaf-shonim,
               muallimlarim!
                             2009 yil, sentyabr

 *      *       *

Kirib qorning shivir-shivir so‘ziga,
Dil o‘zni yo‘qotib qo‘ygan edi, do‘st.
Hadeb qarayverib qishning ko‘ziga,
Ko‘zlarim sovqotib qo‘ygan edi, do‘st.
Unutib oq, lekin sovuq tunlarni,
Do‘st, ko‘zga surtaylik navro‘zgullarni.

Tushimda bodomlar gullagan oqshom
Zaminni uyg‘otdi yashil xo‘rsiniq.
Osmon kamalakdan yasadi ishkom,
Yomg‘ir gul labidan tomganday tiniq.
Hovuchlab samodan oqqan sellarni,
Do‘st, ko‘zga surtaylik navro‘zgullarni.

Hayot qofiyasi – hayrat degani,
Ko‘klamning kaftiga to‘kkay lutflar.
Toshqin jilg‘alarga rashkmi bergani
Jarlikning labidan o‘par nilufar.
Boychechak isiga yuvib qo‘llarni,
Do‘st, ko‘zga surtaylik navro‘zgullarni.

Ismin unutganim muattar ranglar
Bugun qarog‘imni keldi daraklab.
Yig‘latib ketibdi quvg‘indi g‘amlar –
Dilni ardoqladim baxtga yo‘rgaklab.
Kulgichga tomizib sho‘x kulgularni,
Do‘st, ko‘zga surtaylik navro‘zgullarni.

Qoshimday qorayib kelayapti tun,
Chaqinlar qo‘l cho‘zgan oyni ko‘r – siniq…
Tog‘lardan boshini ko‘targanda kun,
Bizni uyg‘otadi atlas xo‘rsiniq.
Quyosh kokiliga ulab yo‘llarni,
Do‘st, ko‘zga surtaylik navro‘zgullarni…
                                                      2006 yil, mart


ENG OLIY BAXT

Eh, ko‘zlarim oqi-i-ib yolvordim,
Oling, deya, panohingizga.
Rad etdingiz...
Harchand sevsam ham,
Afu yo‘q bu gunohingizga!
Nega sodda, bolafe’l ko‘nglim
G‘am uzadi orzular ekib?!
Nega baxtlar atalgan kunim
Bevaqt kelar yoki kechikib?!
Kulib turib ichaman og‘u,
Yashiraman qalbim zaxligin.
Anglab yetdim, eng oliy baxt bu –
O‘z vaqtida kelgan baxtligin!!!
                                             2009 yil, noyabr

  *          *          *

Sochlarimning sharsharasida
Kaftingizni o‘tdingiz chayqab.
Ko‘zlarimning oq-qorasida
Mehr rangin oldingiz payqab.

Tomchilarning harir sepiga
Kipriklarim dor tortdilar, dor.
Kulguchimning siniq labida
Labingizning shifolari bor.

Termulaman – nigohlarim ho‘l,
Nahot... birga bo‘lolmaymiz biz?..
Chiroy darddan ochar bo‘lsa gul,
Men dunyoda eng chiroyli qiz!

Har tun osmon xonaqohida 
Yulduzchalar tushadi sadr.
Siz – ko‘nglimning shundoq ustidan
Uchib o‘tgan laylatulqadr.

So‘nggi tomchi vaslingiz bo‘lsin,
To‘lar ekan umrimning jomi.
Sevgingiz bu – surai “Yosin”,
Sevgingiz bu – Haqning in’omi.

Bu qutlug‘ ishq qolmagay yerda,
Arsh mulkida topishamiz biz.
Chiroy baxtdan bo‘lsa agarda,
Men dunyoda eng chiroyli qiz!
                                        2007 yil, iyun

MEN QIZG‘ONSAM…

Me’yoridan o‘tsam tuting ma’zur, jonim,
Men qizg‘onsam nodon bo‘lib qizg‘onaman.
Guldekkina ko‘nglingizdan uzr, jonim,
Men qizg‘onsam tikon bo‘lib qizg‘onaman.

Holim bordir siz o‘zgaga bir boqqulik,
Arazim-da dunyolarga o‘t yoqqulik.
Alamlarni tilga qamab, lab tishlasam –
Tishlarimning orasidan qon oqqulik,
Men qizg‘onsam yomon bo‘lib qizg‘onaman.

Oydin tushga do‘nganim bor uyqungizda,
Binafshalar terganim bor kulgungizda.
Dil darchasin sizga ochib qo‘ydim qanday,
Qanday paydo bo‘ldim yurak mulkingizda?
Men qizg‘onsam hayron bo‘lib qizg‘onaman.

Hijronlar-ey, jonim aro jon saqlaydi,
Yo‘limizni ikki yonga taroqlaydi.
Siz og‘rinmang, shu kuydirgi rashkimni ham
Bir kun kelib sog‘inchingiz so‘roqlaydi…
Men qizg‘onsam armon bo‘lib qizg‘onaman.

Guldekkina ko‘nglingizdan uzr, jonim,
Men qizg‘onsam tikon bo‘lib qizg‘onaman…
                                                          2006 yil,  mart

HIKMAT

Odamlarni sevdim eng avval,
Yaxshimi – yo‘q, sevaverdim men.
O‘zimni ham suyib qo‘ydim sal,
Hikmatlarga shahar berdim men –

Ayondirki: ne bo‘lsa og‘ir,
Oxirida kelgusi rohat.
O‘zgalarni sevish azobdir,
O‘zimizni sevmoq farog‘at!
                                      2010 yil, dekabr


QARZ

Ota-ona orttirsa yemas,
Farzandiga tutar barini.
Farzand esa o‘zidan ortmas,
U ham o‘ylar bolalarini.

Bu – zanjirga aylangan mehr,
Undan olib buni siylashlik.
Qonun ekan farzandlik qarzi
Va bu qarzni hech uzolmaslik.
                                      2010 yil, dekabr

U SHOIR EMAS!

Nazmidan kelmasa gulning mazasi,
Yonmasa, kul sochib tursa har nafas.
She’rim deb ko‘rsatgan mingta misrasi
Bir arzon matohdir,
U shoir emas!

She’rlar aytsinki u, ruhni elitsin,
She’rlar aytsinki u, muzni ilitsin,
Ohangi bulutni paxtaday titsin,
Yo‘qsa  u gumrohdir,
U shoir emas!

Qarang, sodda shumtol qushga dil yozar,
Gul hidlab kapalak aqlidan ozar,
Tuyg‘u ko‘zi bilan solmasa nazar –
Shunchaki guvohdir,
U shoir emas!

Ko‘ngliga o‘zgalar dardin yuqtirib,
Yurmasa hammaga baxtni uqtirib,
Qo‘yadi So‘z qadrin faqat cho‘ktirib,
U aqli gustohdir,
U shoir emas!

Rab bermasa, suyak surmasa nazm,
Chiranib umrini o‘tkazsa abas.
Qo‘liga qalammas, aso tutqazing,
U oddiy maddohdir,
U shoir emas!
                   2006 yil, aprel

 *           *          *

Yashayman kimningdir poyini o‘pmay,
Manfaatga sotsang – qadr bir tanga.
Men shoir bo‘lgani kelganim yo‘q-ay,
Shoir bo‘lib keldim azim Toshkanga.

Nimadan qo‘rqaman, duolar qilib
Kuzatib qolganda yalpiz, jayronlar.
Olis tog‘larda ham KO‘NGIL borligin
Bildirib qo‘yishga keldim, yoronlar!
                                                      2010 yil, avgust

ALLA

1.

Garashani keng bag‘riga bosar oqshom,
Oy nurida ko‘chalarni kezar oqshom.
Kipriklari qila qolsin achom-achom,
Ko‘zlarini yuma qolsin, alla, bolam...
Oromlarga cho‘ma qolsin, alla, jonim...

Mudroqlarni ko‘zdan artib yeng uchida,
Bedorligim kezib yursin tun ichida.
O‘zim kuylay, o‘zim yig‘lay, men uchun-da
Shirin-shirin uxlab bersin, alla, bolam,
Shirin tushlar ko‘rib bersin, alla, jonim...

Orzularim solib berdi to‘shagini,
Umidlarim tebratadi beshigini.
Bu dunyoning eng yoqimli qo‘shig‘ini
Iymoniga doya qilay, alla, bolam...
Kamoliga qoya qilay, alla, jonim...

Derazadan quyosh, qushlar qarashgaydir,
Farishtalar manglayini silashgaydir.
Shunday paytda charchab qolsa yarashmaydir,
Tuni bilan hordiq yig‘sin, alla, bolam...
Tongga kulib peshvoz chiqsin, alla jonim...

2.

Baxtga aytmas sir qolmadi
Xudo seni bergandan so‘ng.
Yuragimda kir qolmadi
Mehring oqib kirgandan so‘ng.
Alla-alla, injig‘im-ey,
Burunchasi puchug‘im-ey.

Rangi – ro‘yi menga  tortgan,
Kulcha qizim, mag‘iz qizim.
Tublarida olov yotgan
Qarashlari xuddi o‘zim.
Alla-alla, yoshligim-ey,
Pilik-pilik qoshligim-ey.

Bu ko‘z emas, charosgina,
Bu lab emas, gilosgina.
Manglayining do‘nggisida
Baxt gullabdi qiyg‘osgina.
Alla-alla, dilbarim-ey,
Dard ko‘rmagin, gulparim-ey.

Qo‘limdan ish olodirsan,
Jonga huzur solodirsan.
Eshik poylar bolakaylar,
Qanday shirin balodirsan?
Alla-alla, asalim-ey,
Mittigina go‘zalim-ey.

Biqinimga botadirsan
Paloxmonning toshi bo‘lib.
Qay hovliga tomadirsan
Ko‘zlarimning yoshi bo‘lib?
Alla-alla, shaytonim-ey, 
O‘z bag‘rimga mehmonim-ey.

Sochi u-uzun qiz bo‘lasan,
Kokili qamchin-qamchinim.
Yaxshilikka do‘st bo‘lasan,
To‘marisim, Oybarchinim.
Alla-alla, aqllim-ey,
Xudo bergan tantig‘im-ey...

3.

Uxlab yotar qo‘zilar,
Yaylovlarni tush ko‘rib.
Bolajonim izillar,
Jon-jonimga nish urib.

Chirqillagan polapon
Burgutimga alla-yo.
Mushtdaygina pahlavon
Yigitimga alla-yo.

Yig‘lama, eli suygan
Zot bo‘lasan, toychog‘im.
Tuyog‘i toshni o‘ygan
Ot bo‘lasan, toychog‘im.

Beshigiga sig‘magan
To‘linimga alla-yo.
Kishnab-kishnab yig‘lagan
Qulunimga alla-yo.

O‘bbo‘-o‘bbo‘, tolengni
Porloq qilsin Xudoyim.
Doim vijdon, aqlingni
Uyg‘oq qilsin Xudoyim.

G‘amlarimni ag‘natar
Polvonimga alla-yo.
Yulduzlarim chaqnatar
O‘g‘lonimga alla-yo.

4.

Tun qishloq yo‘liga  qo‘yganda qadam,
Oy bulutga o‘rar shul’alarini.
Tamshanib eslaydi murg‘ak xotiram
Onamning shirali allalarini.

Bu qanday qo‘shiqdir – bastalanmas kuy,
Bu qanday qo‘shiqdir – o‘ynab bo‘lmaydi?
Har so‘zni tilingga yuragingdan quy,
Shunchaki ermakka kuylab bo‘lmaydi.

Mendan shoir chiqdi nuqtadon, otin,
Tinglab oddiy ayol qo‘shiqlarini.
Mening bolalarim kim bo‘lar, ayting,
She’r aytib tebratsam beshiklarini?..

5.
G‘am qo‘shmayman allalarimga,
Yo‘l bermayman nolalarimga,
Xudo bersa, bolalarimga
Baxtga to‘lib alla aytaman...

Tinglaganlar bedor qolmaydi,
Yig‘lamayman, tunlar yonmaydi,
Yuzlariga yoshim tommaydi,
Kulib-kulib alla aytaman...

Uyqu topmay nigohlarimdan,
Huzur olib charchoqlarimdan,
Beshik uzra qarog‘larimdan
Nur to‘kilib alla aytaman...

Oy suzilar mastona taxlit,
Yulduzchalar so‘nmaydi vaqtli,
Dunyodagi baxtlidan baxtli
Ona bo‘lib alla aytaman...
                                       2009 yil, sentyabr

SURAT

Sevolmayman ko‘ksimga mushtlab,
Qilolmayman hech mehrimni pesh.
Anglolmadim shuncha payt yashab –
Qanday bo‘lar Vatanni sevish?!

Anglolmayman…
Solinar kishan,
Bormas xushomadga zabonim –
Kuyib turganida bir to‘zgan
Chumolining uyiga jonim.

O‘zgalar baxt axtarsa ko‘kdan,
Men termuldim cho‘mib sukutga –
Kindik qonim to‘kilgan uydan
Tomirlarim taralgan yurtga.

Shukronasi yetishmagan kim:
O‘zga yurtda mo‘l, desa, iqbol –
Otam haqda o‘ylayman men jim,
Onam haqda suraman xayol…

Va ko‘zimda nurlanar g‘urur,
Peshonamda baxt labin izi.
Dunyo uzra gurkirab turur
Nonning isi,
O‘zbekning isi.

Ko‘p bo‘lsa-da xato bo‘yog‘i,
Sindirolmas qalam qudratin.
Mendan shoir chiqadi chog‘i,
She’r-la chizdim 
               Vatan suratin!
                                     2010 yil, iyul

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.