1954 yilda tug‘ilgan. Jizzax Davlat pedagogika institutining o‘zbek tili va adabiyoti fakultetini tugallagan. Uning “Hayot ishqi”, “Vatan haqida qo‘shiq”, “Evirilish lahzasi” she’riy to‘plamlari nashr qilingan.
* * *
O‘z ko‘ksimga o‘zim sig‘madim,
Adirlarga qochdim hayo-hud.
Maysazorga yonboshlagancha
Ko‘kka boqib, yolvordim behud.
Sendan xabar bermadi yo‘llar,
Saharlardan, shomlardan kutdim.
Armon otlig‘ gullarni suyib,
Xayollarning qo‘liga tushdim.
Tebrangancha abri naysonlar
Qo‘shilishib, qaddin bukdilar.
O‘z-o‘zimga so‘ylandim uzoq
Tinglab, achchiq yoshin to‘kdilar.
Nigohimga qadalar gumon,
Azoblari ortar har soat.
So‘qmoqlarda og‘ir xo‘rsinib,
Jonga og‘ir botadi toqat.
Intizorlik quyunlariga
Berolmasdan oxiri bardosh,
Ko‘zlarimning qadoqlariga
Qarib, cho‘kib bormoqda quyosh.
* * *
Xayrlashmoq fursati yetar,
To‘lajakdir, shaksiz, paymonam.
Sovir asta yurakning qoni
Va qoshiga chaqirar onam.
Yuzlarini yuvgancha ko‘zyosh,
O‘ksib-o‘ksib yig‘lar qizlarim.
Mayin tuproq bag‘riga yutar
So‘qmoqlarda qolgan izlarim.
Vafo qilmas aldamchi yellar,
Hislarimni ayovsiz sochar.
Chamanimning durkun gullari
Har bahorda g‘uncha – gul ochar.
Davralarda sinadi sozim,
Hislarim qoladi egasiz.
Manzil tomon eltgan tulporim
Yarim yo‘ldan qaytar egarsiz.
Shunday chog‘da, yolg‘iz o‘tinchim
Faqat armon poyidan tutdi.
Mag‘rur boshi xam bo‘lmay zinhor,
Yaxshilikka to‘ymasdan o‘tdi.
O‘tdi, qaytib kelmaydi sira,
Ishq dardida yurdi kuymanib.
Dunyoda hech qiynalmadi u,
Dunyo olib yurdi qiynalib.
* * *
Sog‘inganim bilgin, yomg‘irjon,
Biz tomonga kelgin, yomg‘irjon.
Maysalarning quloqlariga
Sirg‘achalar ilgin, yomg‘irjon.
Darcham chertib qochaqol, qochgin,
Bahri dilim ochaqol, ochgin.
Gul-chechaklar iforlarini
Boshim uzra sochaqol, sochgin.
Qovoqlaring o‘ysang-da, mayli,
Yo‘lim to‘sib, quvsang-da, mayli.
Men majnunvor oshiq ustidan
Qah-qah otib, kulsang-da, mayli.
Borligingni bildirganing soz,
Zamin ko‘ksin iydirganing soz.
Kamalakdan tog‘lar boshiga
Oltin jig‘a kiydirganing soz.
Sharros-sharros quygin, yomg‘irjon,
Yor sochlarin yuvgin, yomg‘irjon.
Ul guldan-da nozik, bokira,
Armonlarin quvgin, yomg‘irjon.
* * *
O‘ltiramiz o‘ychan, parishon,
Hol aytmoqqa yetmaydi jur’at.
Qorachiqlar goh oshkor, pinhon
Ta’qib etar bir-birin faqat.
Ingranadi, izg‘iydi shamol,
O‘ksintirib ko‘krak qafasin.
Tilin tishlab, o‘ksinar yurak,
Sezib turar qishning nafasin.
Elas-elas bilinar sharpa,
Sado berar horg‘in izlari.
Hamma narsa keladi malol,
Oh tortasan, bunday kezlari.
Erkam, nahot, ikki qutbmiz,
Ikki vujud – ikki sayyora?!
O‘rtadagi so‘zlar vulqoni
Ko‘rsatsaydi, kuchin bir bora.
Qimtinasan, nimalarnidir
Shartta-shartta aytmoq bo‘lasan.
Borsa-kelmas uzun yo‘llardan
Yakka o‘zing qaytmoq bo‘lasan.
Jimlik kuyin tinglaydi bag‘ir,
Eshik zulfi qaltirar faqat.
Ichkariga kirmoq bo‘ladi
Tashqarida qolgan muhabbat.