OR QILGAY
To‘zg‘igan xayolin tutgan bormikin,
Kelmasligin bilib kutgan bormikin,
Baxtini bahridan o‘tgan bormikin,
Sirilgan sirlarni bilgim keladi,
Yantoqni yig‘latib yulgim keladi.
Yuragimda yig‘lab yotgan qushim bor,
Qanotlarin bog‘lab yotgan qushim bor,
Qaro tunni tovlantirar tushim bor,
Boshim uzra osmon og‘ib chiqadi,
Yostig‘imga yomg‘ir yog‘ib chiqadi.
Til bersalar, gulga tilmoch bo‘lgayman,
Yo‘l bersalar, nurga tilmoch bo‘lgayman,
Olov so‘rang, qo‘rga tilmoch bo‘lgayman,
Jonim ichra armon yashar o‘kinib,
Ko‘nglim bilan ketgim kelar to‘kilib.
Bitta satr bedor qilar tonggacha,
Bitta satr bemor qilar tonggacha,
So‘z yetmasa jondan o‘tib qongacha,
Bu shoirdan oppoq qog‘oz or qilgay,
Bu shoirni o‘z qalami xor qilgay.
O‘RGANDIM
O‘rgatgan odamning so‘zida oftob,
O‘rgangan odamning yuzida oftob.
Yashamoq — aslida so‘roqqa javob,
Ey, Siz ilk ustozim — Onam, dilbandim,
Vatanni sevishni sizdan o‘rgandim.
Derdingiz, rayhonda dilning rangi bor,
Muhabbat ahlida gulning rangi bor,
Mehru oqibatda elning rangi bor,
Elga elandim men, sizga elandim,
Vatanni sevishni sizdan o‘rgandim.
Degansiz, haq so‘zning tashnasi bo‘lgin,
Sadoqat sahrosin chashmasi bo‘lgin,
Yaxshilik azmida to‘kilgin, to‘lgin,
Ona, dilingizda daryo ko‘rgandim,
Vatanni sevishni sizdan o‘rgandim.
Oftob ostonamdan ketganda bildim,
Botar manziliga yetganda bildim,
Cho‘bin otingizni tutganda bildim,
Kech dedi, hech dedim, diydor tilandim,
Vatanni sevishni sizdan o‘rgandim.
Onani asrash bu — Vatanni asrash,
Onadek bag‘ri keng chamanni asrash,
Kerak, hey, onadek gulxanni asrash,
Sizni eslasam ham baxtga belandim,
Vatanni sevishni sizdan o‘rgandim.
Onalar dunyoning duri azali,
Ey, siz — ko‘nglim ko‘zin so‘nmas mash’ali,
Sog‘inchim ohining bitmas g‘azali,
Ruhiy olamingiz tinchin tilandim,
Vatanni sevishni sizdan o‘rgandim.
TUPROQDAN TASHQARI
Zaminning tumori muborak izdir,
Baxtga yetaklasin bosgan qadamlar.
Tiriklik dunyoda eng shirin so‘zdir,
Tuproqdan tashqari yurgan odamlar.
Shukurni suv misol shimirib iching,
Onangizni asrang, bolangiz quching.
Oqibat bog‘iga bir nihol eking,
Tuproqdan tashqari yurgan odamlar.
Turnadek ko‘klamni yo‘qlab yashangiz,
Kurtak kulgusini ilg‘ab yashangiz,
Omonsiz, bir-birni alqab yashangiz,
Tuproqdan tashqari yurgan odamlar.
Gar ko‘ngil ko‘ngilga mehr ilinmas,
Jafo jilmaymagay, toshlar tilinmas,
Qadrsiz qatorda boring bilinmas,
Tuproqdan tashqari yurgan odamlar.
Qaytib g‘uncha bo‘lgan gulni bilmaymiz,
Boshdan Humo o‘tar kunni bilmaymiz,
Qaytmas yo‘lga chiqar kunni bilmaymiz,
Tuproqdan tashqari yurgan odamlar.
Omin deng, yaxshiga Haq nazar bersin,
Yomondan har dilga bir hazar bersin,
Mahmudga she’r otliq bir kavsar bersin,
Tuproqdan tashqari yurgan odamlar.
XALQONA
Chaqmoq chaqsa chaqibdi,
Kimlar kimga yoqibdi.
Ko‘ngil degan daryoda,
Suvlar lim-lim oqibdi.
Oftobni uzoq demang,
Siz oyni toboq demang.
Har yanganing ko‘rkini,
Uyilgan qoboq demang.
Guvva-guvva guv pish,
Huvva-huvva huv pish.
Yozda yog‘ni yig‘masang,
Kuz tugamay kelar qish.
Qo‘shqaldoqning qulog‘i,
Ichi to‘la jiq yog‘i.
Baqir-biqir qaynagay,
Boy yigitning bulog‘i.
Tomoshaga tosh otmang,
Quyoshdan oldin botmang.
Bozorni bozillatib,
Ko‘ngilni arzon sotmang.
Guvva-guvva guv pish,
Huvva-huvva huv pish.
Yozda yog‘ni yig‘masang,
Kuz tugamay kelar qish.
MUHABBAT OLOVI
Kurtaklar kulgusin ko‘rib nogahon,
Shabboda entikib qutlovga shoshar.
Bolari xobidan uyg‘onar shodon,
Xabarlar, quvonchlar qiru tog‘ oshar,
Bahor kelibdi.
Tiniq tuyg‘ulardan to‘lg‘onar dillar,
Umidlar yurakka zo‘r ildiz otar.
Qop-qora novdalar, oq-oppoq gullar,
Bu olam ifordan balqiblar yotar,
Bahor kelibdi.
Go‘zallik sepini yoymishdir ajib,
O‘rgan kokiliga majnuntol maftun.
Zamin tamannoda, havolar najib,
Lolalar lovullab o‘qiydi afsun,
Bahor kelibdi.
Shukurga shimirib toza havodan,
Momolar qo‘llarin ochar duoga.
Kimdir she’r o‘qiydi yordan, vafodan,
Kimdir jo‘r bo‘ladi o‘zga navoga,
Bahor kelibdi.
Har qo‘lda bahorning shodlik sharobi,
Har tilda bahorga aytilar tahsin.
Ko‘kda jilmayadi bahor oftobi,
Qizg‘aldoq muhabbat olovin yoqsin,
Bahor kelibdi.
TO‘RTLIKLAR
Vijdon yuzidagi dog‘dan asrasin,
Ko‘ngil ko‘zidagi yog‘dan asrasin.
Malomat bozori bunchalar gavjum,
Yutib yuboradi haqiqat sasin.
* * *
Kim qaramlik domiga tushdi,
Nojins kasning komiga tushdi.
Yorab, nahot jannatning mayi,
Bir nokasning jomiga tushdi.
* * *
So‘zingda nur bo‘lsa dillar ochilgay,
Ko‘zingda nur bo‘lsa, yo‘llar ochilgay.
Yaxshilik yor bo‘lsa, har ishda, Mahmud,
Ortingdan duoga qo‘llar ochilgay.
PARKENTIM
Qirlarida qirg‘iysin qanoti qayrilmagan,
Ovchisi imoniyu, oridan ayrilmagan,
Suvga cho‘p tashlash bunda qushga ham buyurilmagan,
Vatan ichra bu chaman Vatanning parchasidir,
Chotqol tog‘ tizmalari quyoshning darchasidir.
Maysalari jilmayib, jilolar to‘kar bunda,
Turnalar boshingizdan duolar to‘kar bunda,
Rayhonlarning poyiga sabolar cho‘kar bunda,
Ko‘rsangiz ko‘zingizga quvonchlar chirmashadi,
Yursangiz izingizni gullari talashadi.
Jilg‘alarin jarangi joningizga chertadi,
Buloqlari baxt tilab zam-zam suvlar tutadi,
Kunduz quyosh, oqshom oy yo‘lingizni kutadi,
Qushlarin qo‘shig‘ida tangrining kalomi bor,
Majnuntol ta’zimida kelinlar salomi bor.
Masjidlarin ko‘kiga farishtalar sig‘maydi,
Bunda kimki yig‘lasa, Xudoyimga yig‘laydi,
Bu maskanda Bobomochin, ne valiylar ulg‘aydi,
Yaratgan osmonidan orom sochib turadi,
Tongda gullar bulbulga kitob ochib turadi.
Momolarin allasi toshlarni ham balqitar,
Qirq kokilli qizlari qarog‘ingiz qalqitar,
Parkengda bir bor bo‘lgan ming bir dardni unutar,
Boburga bolish bo‘lgan atri buloq chaman bu,
Hofiz Ko‘hakiy suygan jannat jamol Vatan bu.
Kimga jonday azizmas ona bo‘lib tuqqan yer,
Onam desa Mahmudni bir so‘zidan uqqan yer,
Ko‘ksiga gul chechagin tumor qilib takqan yer,
Yetti emas, yetmish ming avlodimga Vatansan,
Bag‘ringda yotar bo‘lsam sen yodimga Vatansan.
O’TINCH
Meni osmonlarga olib chiqmangiz,
Quruq nog‘orani chalib chiqmangiz.
Mening ko‘nglim yerda, tovonim yerda,
Osmondan uyalib qolmayin yana.
Menga amal emas, oshiq dard bering,
She’rning sharobidan chimdim gard bering,
Yerda maysa bilan yashagim kelar,
Rayhondan uyalib qolmayin yana.
Yerda onam yashar, bolam yashaydi,
Otam qabrin quchgan nolam yashaydi.
Onadan qarzini uzgan bormikin,
Vijdondan uyalib qolmayin yana.
Qonimda oshiqlar isyon qiladi,
Jonimda qo‘shiqlar giryon qiladi.
Shayton ishvasida jannat ko‘rsatmang,
Rahmondan uyalib qolmayin yana.
Onam dedim, Momo Yerga yukindim,
Ko‘z yosh bo‘ldim, yana unga to‘kildim.
Hovuchim to‘ldirib bug‘doy berdi u,
Somondan uyalib qolmayin yana.
Men yerdan kuzatgan jonim, oftobim,
Men yerdan termulgan oyim, mohtobim.
Osmoningiz o‘zingizga buyursin,
Iymondan uyalib qolmayin yana.
Meni osmonlarga olib chiqmangiz,
Chiqsangiz siz yerdan nolib chiqmangiz.
Xudoning oldida, yerning oldida,
Insondan uyalib qolmaylik yana.
OQQAN DARYO OQAVERADI
Sen yo‘limni to‘sma, ey g‘anim,
Yantoq bo‘lib o‘sma, ey g‘anim,
Sokin daryo bu ko‘nglim manim,
Ishqim gulxan yoqaveradi,
Oqqan daryo oqaveradi.
Men qoqilsam yer ko‘targaydir,
Erka bo‘lsam el ko‘targaydir,
Ojiz avval qo‘l ko‘targaydir,
Chayon zoti chaqaveradi,
Oqqan daryo oqaveradi.
Sen ham bir bor yulduz bo‘lib ko‘r,
Tun bo‘lmagin, kunduz bo‘lib ko‘r,
Bir maysaga ildiz bo‘lib ko‘r,
Ko‘klam chechak taqaveradi,
Oqqan daryo oqaveradi.
Haq so‘z jonim jarangi meni,
She’rim dilimning rangi meni,
To‘kur hasadning zangi seni,
Havas chaqmoq chaqaveradi,
Oqqan daryo oqaveradi.
Sen kulmasang kulmaydi dunyo,
Men yig‘lasam yig‘laydi dunyo,
Bo‘yin bizga bo‘ylaydi dunyo,
Yaxshi elga yoqaveradi,
Oqqan daryo oqaveradi.
SIZGA BARIBIRMI?
Azizim, bafimni tig‘laydi sog‘inch,
Men kimga to‘kilay limmo-lim to‘lsam.
Jonimda charx urar ushalmas ilinj,
Sizga baribirmi, yig‘lasam, kulsam.
Hovuchim hapqirar quvonch yosh to‘ksa,
Ne qilay qarshimda anduh tiz cho‘ksa,
Alam qilar ekan do‘stdan o‘q tegsa,
Sizga baribirmi, yig‘lasam, kulsam.
Bo‘yladim, bo‘yladim dorga yetmadim,
Qatorda kerilgan norga yetmadim,
O’z ko‘nglimdan bo‘lak zorga yetmadim,
Sizga baribirmi, yig‘lasam, kulsam.
Toshlarni chiritib bo‘lmas ekan-ku,
Oy dog‘in aritib bo‘lmas ekan-ku,
Quyoshni qaritib bo‘lmas ekan-ku,
Sizga baribirmi, yig‘lasam, kulsam.
Omonat dunyoga g‘animat mehmon,
Men chindan so‘rasam egilgay osmon,
Oy o‘tar, yil o‘tar, ey do‘sti nodon,
Sizga baribirmi, yig‘lasam, kulsam.
SO’RAMA
Men toshlarning tiliman,
Men ko‘ngilni guliman,
Bu dunyoning giliman,
Mendan meni so‘rama.
Tillosi yo‘q boy nadur,
Egilmasa yoy nadur,
Suv oqmasa soy nadur,
Mendan meni so‘rama.
Oftobga ergashmasang,
Yer bilan yig‘lashmasang,
Tig‘ bilan tillashmasang,
Mendan meni so‘rama.
Sen yetmagan yo‘ldaman,
Suv kirmagan cho‘ldaman,
Bir maysaman, do‘ldaman,
Mendan meni so‘rama.
To‘kilmasam, to‘lmayman,
Qor qo‘ynida gullayman,
Men shunchaki o‘lmayman,
Mendan meni so‘rama
Kundan tunni so‘rama,
Qo‘rdan kulni so‘rama,
Mendan dunyo so‘rayver,
Mendan meni so‘rama.
Har daryoning boshi bor,
Har ko‘zning o‘z yoshi bor,
Men tabibman, ham bemor,
Mendan meni so‘rama.
Ertaklar
Ertaklar ermak emas,
Ezgulikka tilmochdir.
Xush nafas tilaklardan
Gullab ketgan yog‘ochdir.
Ertaklar ermak emas,
Tongsiz yuz ochgan quyosh.
Haqiqatning ko‘zidan
Tomchi-tomchi tomgan yosh.
Ertaklar ermak emas,
Onaizor allasi.
Baxtli kelin-kuyovlar,
Yangasining yallasi.
Ertaklar ermak emas,
Ishqning jimir-jimiri.
Lablarning quloqlarga
Qilgan shivir-shiviri.
Ertaklar ermak emas,
Otamdan qolgan sog‘inch.
Yaratganga shukronam,
Nabiram tutgan ovunch.
Ertaklar ermak emas,
Qayrilmagan bilakdir.
Alpomishlar orida,
G‘unchalagan tilakdir.
Ertaklar ermak emas,
Oy yuzida qolgan dog‘.
Yaxshilarning yodida
Xudoyim yoqqan chiroq.
Ertaklar ermak emas,
Bolang yotgan beshikdir.
Ezgulik axtarganga
Ochiq qolgan eshikdir.
Javob
Xalq ohangida
Osmoningdan tush avval,
Yolg‘oningdan tush avval.
Agar bug‘doy bo‘lsang sen,
Somoningdan tush avval.
Ko‘ngil degan keng bo‘lsin,
Gulga bulbul teng bo‘lsin.
Ikki jilg‘a jilmayib,
Qo‘shilsa ko‘ngil to‘lsin.
May icharga jomi yo‘q,
Na Alif, na Lomi yo‘q.
Izhori dil etarga
Bir shirin kalomi yo‘q.
Ifor rayhonda bo‘lur,
Oshiqlik qonda bo‘lur.
Qadringni qalqon qilsang,
Jonon ham jonda bo‘lur.
Ko‘rmaganni ko‘rgani –
Zog‘ni bog‘da turgani.
Har yolg‘onchi oshiqni
Kaltak kerak urgani.
Yantoqni yoqmoq savob,
To‘nkani yormoq savob.
Yuzta yolg‘on savolga
Bitta rost bo‘lsin javob!
Dil olami
Qaro tunda men yog‘duni oydan olay,
Dil og‘risa oromni ayt, qaydan olay,
Qay bir g‘anim ko‘ngliga vax, ko‘zgu solay,
Yonib turgan ko‘zlarda kul qo‘rib bo‘lmas,
Kulib turgan yuzlarga ham urib bo‘lmas.
Tilga chiqqan shikoyatmi, bu nolami,
Tubsiz ekan, yetib bo‘lmas dil olami,
Kimlar uzdi, qon qaqshagan bu lolani,
Bu bog‘larda bosh ko‘tarib yurib bo‘lmas,
Nahot uni quzg‘unlardan qo‘rib bo‘lmas.
Quyosh botmay oy yuzini izlabdi kim,
Bulbulman deb burgut baxtin
ko‘zlabdi kim,
Chiqmas chohda o‘z-o‘ziga bo‘zlabdi kim,
Orzu — orsiz, dildan sira surib bo‘lmas,
Armon o‘rtar qoshida hech turib bo‘lmas.
Kim qadrining qalqonini qonda yuvgan,
Farzandlarin jamolini jonda yuvgan,
Ajdodlarin ruhin duo, shonda yuvgan,
Oriyatni zanjir bilan sirib bo‘lmas,
Muhabbatsiz ko‘ngil ko‘zin ko‘rib bo‘lmas.
Kuz bargidek kuysa netay jonim mani,
Kundan uzun, tundan uzun umr qani,
Onam deydi, hatto ruhim qo‘rir sani,
Mahmud, o‘lmay vaqtni yelga berib bo‘lmas,
O‘lmayman deb lek qoshni ham
kerib bo‘lmas.
Orzu
Quyosh qo‘rg‘onida qo‘nim topgim bor,
Shamol shiyponida tinim topgim bor,
Oyning o‘rog‘idan bitta o‘pgim bor,
Ko‘ngil-da, ko‘chasi keng ekan, netay,
Ayo do‘st, xushlikda ko‘nglingdan o‘tay.
Tortilgan dorlarga xiyonat ustun,
Olov bo‘lolmagach burqsiydi tutun,
Kechagi daraxtdir bugungi o‘tin,
Qahrimni qaqshatib bahridan o‘tay,
Mehrimni muhabbat nurida tutay.
Joningni chimchilab jafo topgaysan,
Xazondan xazin bir sado topgaysan,
Axtarib o‘zingdan xudo topgaysan,
Sog‘inchim jilmaygan oftobda tutay,
O‘ziga tiz cho‘kib, mehrobda kutay.
Kim seni xush ko‘rar onangdan ko‘proq,
Kim seni tush ko‘rar otangdan ko‘proq,
Vatandan buyursin, bir siqim tuproq,
Salomim men tongi saboda tutay,
Sen unga alik ol, sadog‘ang ketay.
Qaldirg‘ochni qutla ayvoningdagi,
Gardni to‘tiyo qil choponingdagi,
Mahmud, nurni asra vijdoningdagi,
Bu she’rni so‘z izlab yozmadim atay,
Goh-gohi men so‘zga sig‘masam netay?!
To‘rtliklar
Sen ko‘ngil gulini arzonga sotma,
G‘aflat beshigida bek bo‘lib yotma.
Ortingdan tosh otsa qoqilmagaysan,
O‘zing yo‘ldan chiqqan tosh bo‘lib yotma.
***
Chirsillagan cho‘g‘ning jamoli o‘zga,
U bilmas bir zumda aylanar kulga.
Shoirlar o‘ziga sig‘maydi demang,
Bir bog‘ torlik qilar oshiq bulbulga.
***
Har jonning chashmasi farzand bo‘ladi,
Dil ichra nurli dil dilband bo‘ladi.
O‘g‘lin el alqagan ota-onaning,
Ko‘ksi tog‘lardan ham baland bo‘ladi.
Sodda haqiqat
(turkumdan)
Odamning yaxshisi sodda bo‘ladi,
Yaxshilar el ichra yodda bo‘ladi.
Yolg‘onini yuz yil yo‘rgaklagan ham
Oqibat bir kuni dodda bo‘ladi.
Sodda haqiqat bu, sodda haqiqat,
Biz ketsak ham qolar yodda haqiqat.
Sodda satrlarga ko‘zi tushgan, do‘st,
Omin de, qolmasin dodda haqiqat.
***
Bemehrlar toshga o‘xshaydi,
Kurmagi bor oshga o‘xshaydi.
Men onamga qiyos axtarsam,
Ko‘zimdagi yoshga o‘xshaydi.
Ko‘zgu onam ko‘zida ekan,
Yog‘du onam yuzida ekan.
Men termulib, termulib bildim,
Alloh onam o‘zida ekan.
***
Bir burda non so‘rab kelganni ko‘rdim.
Bir qopda don so‘rab kelganni ko‘rdim.
Tilansam Tangrimning qahri kelar deb,
Ochlikni orom deb so‘lganni ko‘rdim.
Yo rabbim, oqilni ozorga qo‘yding,
Yuzsizni yayratib bozorga qo‘yding.
Tirigida joyi boshqa boshqa-yu
O‘lgach, ikkisin bir mozorga qo‘yding.
Elim deb aytgin
To‘kilgan qum sig‘magaydir sanoqqa,
Kim havas qilibdi bukri o‘roqqa,
Talpinmagan bormi tunda chiroqqa,
Har neki yaraldi, avvali bordir,
O‘rnini bilmagan to‘rda ham xordir.
Kim agar bo‘libdi hikmat egasi,
Ham yana bo‘lgaydir hurmat egasi,
Chinniga chiroymas tushgan chegasi,
Ko‘zguga ko‘z tushsa har kim yayramas,
Qahr qafasida zog‘ ham sayramas.
Bizni bemor degan bir bedor bo‘lsin,
Bedorlik dardida bir bemor bo‘lsin,
Bo‘y-bast har kimda bor, vale or bo‘lsin,
Kimki Haq yo‘linda bir oh urmishdir,
Bilsinki, qoshida Alloh turmishdir.
Yoshlik bu umrning chaqmog‘i ekan,
Keksalik armonning to‘qmog‘i ekan,
Har kim o‘zi bilgay, kim nima ekkan,
Ekkaning gul bo‘lsin, ham bug‘doy bo‘lsin,
Zulmatda ko‘rganing to‘lin oy bo‘lsin.
Tiklashib borsang gar tog‘lar tan olgay,
Mehringdan suv tara, bog‘lar tan olgay,
Mahmud, asling bulbul, zog‘lar tan olgay,
Kuymaganni kuydir, dilim deb aytgin,
Bir satr bo‘lsa ham elim deb aytgin.
Diydor
Yuragimdan sitamlarni sitib oldim,
Men ko‘nglimni osmonlardan tutib oldim,
Qayg‘ularning qafaslarin parchaladik,
Men baxtimni ostonada kutib oldim.
Sochqi sochdim muhabbatning diydoriga,
Yuzim bosdim sadoqatning ruxsoriga,
Yorning oppoq kaftlaridan quvonch ichib,
Birga kirdik oqibatning gulzoriga.
Baxtiyorlar bekatini balqitdik biz,
Alam-alam, ag‘yorlarni chalg‘itdik biz,
Ishq jomiga diydor otlig‘ gulob quyib,
Jon jomini lazzatlarda qalqitdik biz.
Bu dunyoning shirin so‘zi diydor ekan,
Diydor ahli bu dunyoda bedor ekan,
Ayo do‘stlar, oshiqlarga tosh otmangiz,
Sog‘inganda Mahmud kabi bemor ekan.
YAXSHILIK
Oqil odam ajdodin
yodin sira unutmas,
Avlodini o‘ylagan
beshiklarin bo‘sh tutmas.
Eshik ochib baxtini,
ayting, axir kim kutmas,
O‘ylamangki olamga
baxshilikka kelganman,
Niyatlarim avvali
yaxshilikka kelganman.
Bir maysaga bo‘y bo‘lsam,
bir niholga tomchi suv,
Kaftlarimga qush qo‘nsa,
yodiga kelmay qo‘rquv,
Yomon ko‘rganim g‘aflat,
yomon ko‘rganim uyqu,
Uyg‘otguvchi nasimdek
men ham tonglar yelganman,
Bu dunyoga ayo do‘st,
yaxshilikka kelganman.
Tiniq osmon ko‘rmadim
Vatanim samosidek,
Har so‘z meni balqitmas
onamning duosidek,
Hech so‘z dilim tilolmas
hikmatning ziyosidek,
Navoiy navosidan
tug‘yonlarga to‘lganman,
She’rimda sharbat tutib
yaxshilikka kelganman.
Atirgul armonini
tikon tig‘ida tutar,
Shaytonfe’l yolg‘onini
soxta yig‘ida tutar,
Mardlar elning shonini
ko‘kda tug‘ida tutar,
Taqdir otgan toshiga
ko‘p bor tikka kelganman,
Asraguvchi Haq bo‘lsin,
yaxshilikka kelganman.
Mening ham orzularim
ko‘ksimda gullab yotar,
Mening ham armonlarim
bag‘rimga toshdek botar,
Tirik odam talpinsa,
umidli tonglar otar,
Yo‘limdagi yantoqdek
yomonlikni yulganman,
Mahmud, bahri buloqdek
yaxshilikka kelganman.
MENGA
To‘lqinlar tug‘yoni jabrimda mani,
Sukunat sadosi sabrimda mani,
Ko‘zimni tindirar nurlar chamani,
Olam she’r shaklida ko‘rinar menga,
Odam she’r shaklida ko‘rinar menga.
Qatra so‘z qog‘ozda balqisa xushman,
Dard dildan ko‘zimga qalqisa xushman,
Bilmaysiz, men ko‘kka sig‘magan qushman,
Oy nechun qoshimda kuladi menga,
Nazdimda yaxshi she’r tiladi menga.
Maysaga yalinsam bo‘yi cho‘zilar,
Bulbulga “do‘st” desam, kuyi cho‘zilar,
Qizg‘aldoqni tomda to‘yi cho‘zilar,
Tikonlar tig‘ida bol tutar menga,
Lolalar labida xol tutar menga.
Zarra go‘zallikda hadsiz kenglik bor,
Baxtli odamlarda bitta tenglik bor,
Nechun o‘zimdamas, inon-ixtiyor,
Ko‘nglim ostonada gul sotar menga,
Aqlim ostonada pul otar menga.
Bu ko‘ngil mehrining malhami nechuk,
Bu ko‘ngil qahrining alhami nechuk,
Mahmud, bu ko‘zlarning zam-zami nechuk,
Aqlim ko‘kdan turib boqadi menga,
Ko‘nglim yerda yotib yoqadi menga.
SAMODAN OLGANMIKIN
Bu sanam sarposini
samodan olganmikin,
Oy nurin ro‘mol qilib
boshiga solganmikin,
Husnining hikoyatin
aytganlar tolganmikin,
Oshiqlar ichra biz ham
bo‘ylashib ko‘rsak qani,
Bir bulbul dilin ochsa,
kuylashib ko‘rsak qani.
Sochlarin sharsharasin
sadolari xush buncha,
Jilmaygan jamolining
jilolari xush buncha,
Jonimni chaqmoqlagan
jafolari xush buncha,
Shu jafo, shu jilodan
ayrilmay tursak qani,
Qatlimiz qilichiga
qayrilmay tursak qani.
Ishqining uvog‘ini
hech uvol qilmagaymiz,
Zar desa zargarimiz,
xom xayol qilmagaymiz,
Men bitta, o‘zi bitta,
boshqasin bilmagaymiz,
Yo‘llarda yo‘ldosh bo‘lib
yondirib yursak qani,
Ag‘yor ahlin o‘zlaridan
tondirib yursak qani.
Do‘st desa do‘sti bo‘lib,
yor desa yoroni biz,
Jon desa jon olsin-u,
lek bo‘lsin jononimiz,
Malakmi va yo hurdir,
biz hamon hayronimiz,
So‘z bilan siylab bo‘lsa
tillashib ko‘rsak qani,
Dil dilning tilmochidir,
dillashib ko‘rsak qani.
Biz umid ummonida
qulochni katta otdik,
Biz orzu osmonida
kun bilan birga botdik,
Shabnamlar sharobini
tong bilan birga totdik,
Diydor durini, Mahmud,
qo‘sh qo‘lda tersak qani,
Ham qadr qo‘rg‘onida
qandimiz ursak qani.
BESHIKDAGI BOYIM
(Nabiram Ziyodbekka)
Ko‘z tegmasin deya ko‘zmunchoq taqqan,
Tumorlar ichinda so‘z munchoq taqqan,
Inja tabassuming jonimni yoqqan,
Baxtim bog‘idagi gulim, bolajon,
Taxtim tog‘idagi nurim, bolajon.
Ostonam egasi, beshikda boyim,
Ko‘ksimning ko‘kidan tushmagan oyim,
Quvonchim qo‘shig‘i sig‘magan soyim,
Toychog‘im, tilmochim, tilim, bolajon,
Dil ichra sen o‘zing dilim, bolajon.
Otang shodliklari shalola bu kun,
Onang ol yuzlari gul lola bu kun,
Momong allalari xush nola bu kun,
Tilloga topilmas durim, bolajon,
Hur yurtning xush nori, hurim bolajon.
Baxt bizning bo‘yga ham bo‘ylashib keldi,
Do‘stu yoronlarim kuylashib keldi,
Beshiklar bezashib to‘ylashib keldi,
Meni elga qo‘shgan, elim, bolajon,
Xush duoga ochdim qo‘lim, bolajon.
Yuz bilan yuzlashib, shodon yurgaysan,
Dardi bor odamga darmon yurgaysan,
Oqillar oldida komron yurgaysan,
Yorug‘ bo‘lsin desang yo‘lim, bolajon,
Umringni chirog‘i ilm, bolajon.
HIKMAT
Toshdan malham topgan bormikin,
Tosh ham mehrimizga zormikin,
Boshimizga yoqqan qormikin,
Tosh bo‘lsang ham bosh ko‘tar, aytgin,
Umr buncha tez o‘tar, aytgin.
Tundan yog‘du so‘rab bo‘lurmi,
Guldan og‘u so‘rab bo‘lurmi,
Boshdan qorni kurab bo‘lurmi,
Javobi yo‘q savollar yelar,
Nechun meni yig‘lagim kelar.
Savob oldda chorlab turganda,
Gunoh qonda porlab turganda,
Iymon xazin zorlab turganda,
Vijdonimdan uyaldim kecha,
Xudo, menga insof ber picha.
Chumolini chimchilab bo‘lmas,
Kapalakni qamchilab bo‘lmas,
Chayonlarni erkalab bo‘lmas,
Bilganini, bilgandan so‘ra,
O‘lmay turib o‘lgandan so‘ra.
Quvonch kunda yo‘qlamas ekan,
Qayg‘u sira uxlamas ekan,
Mahmud edi sizga dil to‘kkan,
She’r aslida dil siyratidir,
So‘z hikmati, ko‘z hayratidir.
ARAZ
(Xalq ohangida)
Achinsa alam qilsin,
Jahlin jindek kam qilsin,
Qalampirni qoshiga
Bilmasdan qalam qilsin.
Qabog‘iga hushim yo‘q,
Bahor keldi, qishim yo‘q,
Ko‘ngil otlig‘ qafasdan
Qo‘yvorguvchi qushim yo‘q.
Ginalari o‘ziga,
Parvoyim yo‘q so‘ziga,
Xudoyimga arz qilsam,
Sepkil toshar yuziga.
Yursam yo‘lga sig‘mayman,
Axir qandoq yurgayman.
Peshonamdan to‘ydim men,
Peshonamdan ko‘rgayman.
Qaytsin o‘zim bilarman,
Boshidan qum elarman.
Sochlarini supurgi,
Qo‘lin kasov qilarman.
Ko‘zlarimga boq meni,
Toqatlarim toq meni,
Yantoq nima, o‘rikning
O‘tinida yoq meni.