Manzura Egamberdiyeva 1987 yilda Ellikqal’a tumanining Bo‘ston shahrida tug‘ilgan. O‘zbekiston Milliy universiteti qoshidagi Oliy adabiyot kursini tamomlagan. “Yoniq ko‘zlar” she’riy kitobi nashr etilgan.
SEVGIMNI ASRAB PINHON...
Qalbimga bir nazar soldim bu oqshom,
Muhabbatim mazmunini izladim.
Olis tunlar yulduzlardan yetdi payg‘om,
Hatto sizning xayolingizni sizladim.
Almashmayman baxtu bahorimni hech
Kuzning xazon barglariga men zinhor.
Almashmayman sevgim tumorini hech,
Toki tanda jonim erur barqaror.
Qalbimdagi sevgimni asrab pinhon,
Sadoqatdan kiyajakman oliy toj.
Sevganimning vasli mengadir ehson,
Tangrim etmas oshiqni ishqqa muhtoj...
* * *
Ketding yiroqlashib, qalbimni dog‘lab,
Men esa sog‘inchlar bag‘rida yondim.
Suyuk xotirangni dilda ardog‘lab,
Dunyodan, ko‘ngildan, o‘zimdan tondim.
Qaerda bo‘lsang ham qalbim tug‘yoni,
Boshlaydi sen tomon, dilga sultonsan.
Sen-la tugal deyman axir dunyoni,
Yuragim bir parchasi bo‘lib qolgansan.
SOG‘INCH
Hijronlaring ko‘ksimdan o‘tdi,
Qalbim sening visoling kutdi.
Firoqingda kuymisham netay,
Qalbim faryodlari samoga yetdi.
Olis tunlar xayol parishon,
Seni izlab ko‘zlarim giryon.
Visolingga yetarmanmi, ayt,
Qaylardasan suyukli inson.
Samolarga xayolim uchib,
Muhabbatim dunyoni quchib,
Seni, faqat seni axtardim,
Kelaqolgin qalbimga ko‘chib...
* * *
Sening isming yozib tolmagay qalam,
Garchi azobidan kuysa-da dilim.
Muhabbat g‘unchasi yurakka malham,
Sog‘inchlar jismimni qilar ming tilim.
Qarog‘imda muzlab qolgan yosh,
Ko‘ngil tomon oqar ashki noblarim.
Sadoqat baxsh etar ulkan bir bardosh,
Arzimas tuyulgay g‘am-azoblarim...