OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Muhammad Yusuf (1954-2001)

Muhammad Yusuf 1954 yil 26 aprelda Andijon viloyatining Marhamat tumanida tug‘ilgan. O’zbekiston xalq shoiri (1998). Rus tili va adabiyoti institutining rus tili va adabiyoti fakultetini tamomlagan (1978). Ilk she’rlar to‘plami — «Tanish teraklar» (1985). «Bulbulga bir gapim bor» (1987), «Iltijo» (1988), «Uyqudagi qiz», «Halima enam allalari» (1989), «Ishq kemasi» (1990), «Ko‘nglimda bir yor» (1991), «Bevafo ko‘p ekan», «Yolg‘onchi yor» (1993), «Erka kiyik» (1995), «Osmonimga olib ketaman» (1998), «Ulug‘imsan, vatanim» (2004) kabi she’riy kitoblari nashr etilgan. 2001 yil 31 iyulda Ellikqal’a tumanida vafot etgan.

 

 

ONAJON

Topmoq - yo‘qotmoqdir,
Yo‘qotmoq – topmoq,
Sen so‘lib,
Men yashab, 
To‘lishimga boq.
Sensiz topganimdan
Ko‘proq yo‘qotdim –
Sen meni yupatding,
Seni yig‘latdim,
Sen meni yaratding,

Seni tugatdim.
Uyalmay ONA deb,
Kelishimga boq!..
Sog‘inch haqda she’rlar
Yozdim o‘zimcha,
Mendan peshonangda
Dog‘lar tizimcha.
O‘g‘il bo‘lmay o‘lay,
Attangb ming attang.
Qiz tug‘sang netardi,
Ko‘proq qiz tug‘sang!..
Tirgak bo‘lolmadim 
Bitta qizingga
Uyalmay shoirman 
Deyishimga boq.
Joningdan aylanay,
Turgil jonajon,
Yo‘l qarab bo‘ldimi
Jigarginang qon?
Boqma, ko‘zlarimga
Bemajol, xasta,
Mening topganlarim
Gulmi bir dasta,
Yo‘qotganim senmi
Endi ONAJON?..
O‘z etimni o‘zim
Yeyishimga boq.
Bilsang yuragimni
Bir alam elar.
Buyursang qo‘limdan
Kelmaydi nelar,
Ayt,
Pichan yig‘aymi, 
O‘tin yoraymi,
Yerni haydayinmi,
Ko‘k ag‘daraymi?..
Itdek oyog‘ingga
Suykalgim kelar –
Uchib-uchib, mana
Qo‘nishimga boq.
Hech narsa kerakmas,
Bolam, hech deysan.
Endi kech deysan-da,
Endi kech deysan.
Yuzimni bosaman
Muzday yuzingga,
ONAJON,
Zor qilib ketma izingga!
O‘lim oldida ham 
G‘amimni yeysan,
Men-chi, jim, taqdirga
Ko‘nishimga boq.
She’rim bitdi,
Xayir,
Do‘stlar xush qoling.
Bedil yashamakka
O‘rganmang menday
Boring,
Volidangiz 
Ko‘nglini oling,
Ertaga
Kech qolib
O‘rtanmang menday.

UYQUDAGI QIZ

Qaro yerga qo`yib bosh,
Bir qizgina uxlaydi.
Ko`zlariga to`lib yosh, 
Hur qizgina uxlaydi.

Yotar qurib darmoni,
Mangu uxlar gul yanoq.
Ko`ngli to`la armoni,
Qo`yni to`la qizg`aldoq.

Bu dunyo hech sendek
Qiz yo`q edi tur singlim,
O`zing orzu qilgandek,
To`y qilamiz, yur singlim.

Oy yuzingga bir nafas,
Harir ro`mol o`rarsan.
Gulgul yonib muqaddas
Chimildiqqa kirarsan.


VATANIM

Men dunyoni nima qildim,
O`zing yorug` jahonim,
O`zim xoqon,
O`zim sulton,
Sen taxti Sulaymonim,
Yolg`izim, 
Yagonam deymi,
Topingan koshonam deymi,
O`zing mening ulug`lardan
Ulug`imsan, Vatanim…

Shodon kunim gul otgan sen,
Chechak otgan izimga,
Nolon kunim yupatgan sen,
Yuzing bosib yuzimga.
Singlim deymi,
Onam deymi,
Hamdardu hamxonam deymi,
Oftobdan ham o`zing mehri –
Ilig`imsan, Vatanim.

Sen Mashrabsan,
Xalqda tumor,
Balxda dorga osilgan,
Navoiysan, shoh yonida
Faqirini duo qilgan.
Yassaviysan, meniki deb,
Ko`ringan da’vo qilgan,
Ming bir yog`i ochilmagan
Qo`rig`imsan, Vatanim.

Sen Ho`jandsan,
Chingizlarga
Darvozasin ochmagan,
Temur Malik orqasidan
Sirdaryoga sakragan,
Muqannasan qorachig`i
Olovlarga sachragan,
Shiroqlarni ko`rgan cho`pon
Cho`lig`imsan, Vatanim.

Kim Qashqarni qildi makon,
Kim Enasoy tomonda,
Jaloliddin – Qurdistonda,
Boburing – Hindistonda,
Bu qanday yuz qarolig` deb 
Yotarlar zimistonda,
Tarqab ketgan to`qson olti
Urug`imsan, Vatanim…

O`g`lim desang osmonlarga 
G`irot bo`lib uchgayman,
Chambil yurtda Alpomishga
Navkar bo`lib tushgayman,
Padarkushdan pana qilib
Ulug`beging quchgayman,
G`ichir-g`ichir tishimdagi
So`lig`imsan, Vatanim…

O`tgan kuning – o`tgan kundir,
O`z boshingga yetgan kun,
Qodiriyni bergan zamin,
Qodiriyni sotgan kun.
Qo`lin bog`lab,
Dilin dog`lab,
Yetaklashib ketgan kun,
Voh bolam! deb aytolmagan
Dudug`imsan, Vatanim.

Yoningda qon yig`lagan bir
Shoiringga qarab qo`y,
Gar Qo`qonga yo`ling tushsa,
Detdomlarni so`rab qo`y.
Hech bo`lmasa Usmon hokin
Keltirmoqqa yarab qo`y,
Olislarda qurib qolgan
Qudug`imsan, Vatanim…

Sen – shoxlari osmonlarga
Tegib turgan chinorim,
Ota desam,
O`glim deb,
Bosh egib turgan chinorim,
Qo`ynimdagi iftixorim,
Bo`ynimdagi tumorim,
O`zing mening ulug`lardan 
Ulug`imsan, VATANIM !

 

BIZ BAXTLI BO`LAMIZ

Mayli-da, kimgadir
Yoqsa,
Yoqmasa,
Ularga qo`shilib
Yig`lasharmidik.
Biz baxtli bo`lamiz
Xudo xohlasa,
Xudo xohlamasa
Uchrasharmidik…

Rayhon hidlaringni 
Yo`llarimga sep,
Kut meni,
Har oqshom,
Ko`kka oy chiqqan.
Faqat,
Yig`lamagin,
Gunohim ne deb,
Aybing –
Onang seni
Chiroyli tuqqan!..

Menga
Bir tabassum
Hadya et, ey yor,
Nur tomsin 
Lablaring
Sohillaridan.
O`zing ayt,
Senday qiz
Yana qayda bor,
Kipriklari uzun –
Kokillaridan?..

Iymanib yashama
Xayol pinjida,
Yoyil,
Yayra jonim,
O`rtanma g`amda.
G`iybatlarga chida,
Tuhmatga chida,
Sen bittasan, axir,
Yorug` olamda.

Men esa
Oshig`ing sening –
Eng g`arib.
Tundan so`z
Qarz olib,
Tongga tutguvchi.
Sening yonimda ham 
Seni axtarib,
Sening yoningda ham
Seni kutguvchi.

Ista,
Tiz cho`kaman
Hozir oldingda.
Sevdim,
Sevganimdan
Uyalmoq nechun.
Barcha farishtalar
Sening qalbingda
Ijarada turgan 
Qizlar men uchun!..

Biz baxtli bo`lamiz
Xudo xohlasa,
Xudo xohlamasa,
Uchrasharmidik?!


MENING DARDIM

Tuzalmaydi dardim mening,
O`lsam kerak.
Tuproq bilan og`a-ini
Bo`lsam kerak.

O`lim nima? Bu ham bitta
Sayr, Ona.
O`g`ling qaro yerga ketdi,
Xayr ona…

Tuzalmas bu dardim mening,
Umidim yo`q.
Xira shamdek ko`zlarimda
So`nmoqda cho`g`.

Cho`g nimadir? Cho`g` ham tutab,
Kul bo`ladi.
Inson bir kun o`z mayliga 
Qul bo`ladi…

Yuragimni tamom qildim,
Yig`layverib.
Huzurimda ajal turar,
Qoshin kerib.

Men hayotda o`limga tik 
Boqib o`sdim…
Qani menga atalgan joy,
Ketdik, do`stim!


LOLAQIZG`ALDOQ
Shavkat Rahmon xotirasiga

Mendan nima qolar:
Ikki misra she’r,
Ikki sandiq kitob,
Bir uyum tuproq.
Odamlar ortimdan 
Nima desa der,
Men seni o`ylayman
O`zimdan ko`proq –
Lola, lolajonim,
Lolaqizg`aldoq!

Men ketsam, yomondan
Yiroq bo`l, ohu,
Chunki sen chiroyli,
Ko`rkli bir juvon.
Yomon kunlar bir kun
Yaxshi bo`lar-u,
Yomon odam yaxshi 
Bo`lmas hech qachon…
Yasha chegarada 
Turgandek ogoh,
Lola, lolajonim,
Lolaqizg`aldoq!

Uyda yotibman-u,
Sezib turipman,
Ko`kda kelayotir
Qushlar qaytishib.
Xayrlar yog`dirib
Qanotlaridan,
Xasta shoiriga 
Vido aytishib.
Bor, mening uchun ham
Ularga qo`l qoq –
Lola, lolajonim,
Lolaqizg`aldoq!

Ularni men yana
Ko`rarmanmi-a,
Ayvondan odamdek 
Kuzatolmadim.
Kuz. To`ylar boshlandi.
Yuragim pora –
Bitta qizimni ham
Uzatolmadim…
Demak, taqdir ekan
To`y ko`rmay o`lmoq,
Lola, lolajonim,
Lolaqizg`aldoq!

Biroq, ko`nglim sezar,
Mendan keyin ham,
Bir kun bu hovliga 
Odam to`ladi.
Hali to`ylar qilib
Charchaysan, erkam,
Mening qizlarim eng
Baxtli bo`ladi!
Kelinlar ko`ylagi
Ruhimday oppoq –
Lola, lolajonim,
Lolaqizg`aldoq!

Gulim, yaqinroq kel,
Qara, ne savdo,
Bu ajib ishlarni
Dil lavhiga yoz:
Kimga qasr yetmas, 
Kimga mol-dunyo,
Menga esa havo
Yetmaydi, xolos.
Tiriklar mudroqda,
O`liklar uyg`oq –
Lola, lolajonim,
Lolaqizg`aldoq!

Ko`ksim kuyib borar,
Ko`krak yonmoqda,
Ayting do`xtirlarga,
Yorishsa yorsin!
Jism o`z ulfati –
Jondan tonmoqda.
Bechora jon endi 
Qayerga borsin.
Endi osmon yiroq,
Endi yer yumshoq –
Lola, lolajonim,
Lolaqizg`aldoq!

Bunu xayot derlar,
Unutma aslo,
Bir kun ochilasan,
Bir kun so`lasan.
Qalbimda-ku, faqat
Sen eding tanho,
Qabrim ustida ham
O`zing bo`lasan.
Sen bizning sevgidan
Xotira – bayroq,
Lola, lolajonim,
Lolaqizg`aldoq!

Ayol qalbing bilan
Suv kech, olov kech,
G`am kelsa boshingdan
Xushing uchmasin.
Xudodan so`radim:
Mendan keyin hech,
Nomard kimsalarga
Ishing tushmasin.
Ularning qo`lida 
Hamisha tuzoq,
Lola, lolajonim,
Lolaqizg`aldoq!

Ishing tushsa, inim
Muhammadga bor,
Shoirlar ichida 
Ishonganim shu.
Biroz ichishini
Aytmasa agar,
Ko`ksi tiniq bola,
Halol bola u.
Faqat sal soddaroq,
Faqat sal yoshroq,
Lola, lolajonim,
Lolaqizg`aldoq!

Jon so`ngi boshpana
Toparkan ongda,
U yurak ostida
Derdim men bo`lsam.
Ajablanma agar
Ertaga tongda
Seni o`pib, O`shni 
Quchoqlab o`lsam!..
O`tinchim – tepamda 
Yig`lama uzoq,
Lola, lolajonim,
Lolaqizg`aldoq!


XAVOTIR

Qo`rqaman, ertaga men o`lib ketsam,
Yotar bo`lsam 1qumga botib ko`zlarim,
Ko`nglimni ko`chkiday bosadi bir g`am –
Yig`lashni ham bilmas mening qizlarim…

Eng yaqin do`stlarim g`iybatim qilar,
Eng zaif dushmanim ustimdan kular.
Ular-ku, ne qilsa o`zlari bilar,
Yig`lashni ham bilmas mening qizlarim…

Shoir o`lsa kim ham kuyinar deysiz,
Madhoyaboz hozir suvarakday ko`p.
Ular misli qishda tarnovdagi muz,
Barmoq tegsa yerga to`kilar to`p-to`p…

Tildan qolsam ko`zda qotib yoshlarim,
Ko`nglimdan boshqa bor axir, ne zarim?
Yerlarga egilgan kuni boshlarim,
Yig`lashni ham bilmas mening qizlarim…

Ular yosh. O`limdan qo`rqaman yomon,
Chunki, dardiga hech quloq solmadim.
Qabrimning ustida yig`lasin debon,
Qizlarim ko`zyoshin asray olmadim!


SEVGI BU…

Sevmoq bu 
Kechirmoq degani asli, 
Toki bu dunyoda quyosh bor, gul bor. 
Yalpizlar gullagan shu bahor fasli,
Sodiq hamdam bo`lgin sen menga, dilbar.

G`iybatlar tingladim, aylandi boshim,
Ho`l tuproq kuydirdi tovonlarimni,
Va mana men uyda ko`nglimni yulqib
Ko`mdim beor do`stdek gumonlarimni.

O`ylar suraverdim kechalar tanho,
Goho, jiqqa yoshga to`lganda ko`zim.
Va seni sevmoqdan oldin bir kuni
Dildan sevib qoldim o`zimni o`zim…

Sevmoq bu o`zingni anglamoq asli,
Toki zamin aro quyosh bor, gul bor.
Rayhonga ko`milgan shu bahor fasli,
Sadoqatli yor bo`l sen menga, dilbar.

Sevgilim, men seni sevaman, tamom,
G`amgin ko`zing, hadik to`la ko`zingni.
Sevmoq, bu kunda bir ko`rmoq baxtidir
Ozg`in qo`llaringni, sepkil yuzingni…


ONAMGA XAT

Men sizni o`ylayman shomu saharda,
Ona, sog`insam ham bora olamayman,
Tunlari charog`on shunday shaharda
Hech kimga ko`nglimni yora olmayman.

Men siz aytgandayin hammabni sevdim,
Hammaga ishondim, mana oqibat:
O`z do`stim uyiga ko`mildi sevgim,
Kun bo`lib ko`ksimni kuydirdi nafrat.

Boshimdan o`tgani ko`kka ham ayon,
Yulduzlar qiqirlab kular oqbadan:
Men –zangor yaylovda olis, bepoyon,
Uyuridan ajrab qolgan qulunman…

Mana, men ketayapman tosh yo`lda ko`zim,
Qadamim moshinlar yo`rg`asiga mos.
Yig`lasam yupatib o`zimni o`zim,
Pishqirib qo`yaman toychoqlarga xos.

Va sizni o`ylayman shomu saxarda,
Ona, sog`insam ham bora olmasman.
Tunlari charog`on shunday shaharda
Hech kimga ko`nglimni yora olmasman…

Ha, sevgi haqida. U dilga ne zeb,
Kuyinmang, ne iloj qilmasa nasib,
Baxtimga hamisha Siz sog` bo`ling deb,
Sog`ingan o`g`lingiz – Muhammad Yusuf.


HAZIL

Mening haqimdagi g`iybatlar yolg`on,
Ixtiyor o`zimda bo`lsa qaniydi.
Sharob ichish menga Xayyomdan qolgan, 
Ichmasam ul zotning ko`ngli ranjiydi.

O`zim boshladimmi, o`zim qilgum bas,
Do`stlarim behuda zavolim izlar,
Agar qirqqa kirmay o`lsam, may emas,
Meni xarob etgan bevafo qizlar!..


SODDA MUHAMMADMAN

Sodda Muhammadman,
Sodda Muhammad.
Turkman qizni maqtab baloga qoldim.
Ko`ylagiga xavas qilgandim faqat,
Toabad tuganmas g`avg`oga qoldim…

Nedan ranjidingiz jon singillarim,
Qaboqlar uyuldi, chimrildi qoshlar.
Turkman tushunmay tosh otsa, chidadim,
Ammo yomon botdi siz otgan toshlar.

Yorug` dunyoda-ku bari qiz go`zal,
Millat tanlamas-ku husn degani,
Nigohim Jayhundan sakrab o`tsa sal,
Qaydan bilay sizga malol kelganin.

Yurtim suluvlari sizga yo`q ta’rif,
Qoshingizda o`sma yursa sirg`alib,
Uzun sochingizni o`rsangiz tarab,
Boqsa degan edim oy ham suqlanib.

Asli turkman qiz bir bahona xolos,
Izlaganim edi sizlar kabilar,
Qo`msaganim hayo – momomlarga xos,
Sog`inganim edi Kumushbibilar…

Yonsam hajringizda mening yonishim,
Kuysam siz tufayli ko`nglimdagi cho`g`,
Turkman qizlarda yo`q mening tanishim,
Qalinga tuyam ham tushib qolgan yo`q!


SURAT

Mening kimligimni
Bilmaydi hech kim.
Men bir g`alatiman,
Men alohida.
Ko`zimning yoshini
Keladi ichgim,
Tilimni chaynagim,
Kelar gohida.

Oy mening yelkamga
O`tirib olgan,
Oftob g`avg`o solar
Yurgan yo`limga.
Xayol tushovidan
Chiqolmay qolgan
Umrimni topshirib
Qo`ydim ko`nglimga.

Endi toshni tepsam,
O`par izimni,
Yerga ag`anasam –
Yer ham devona.
Barmog`im o`pgandim
Suygan qizimni,
Qo`li yonib ketdi
Gurillab, mana.

Yondi,
Yonaverdi
Kokillari, so`ng,
Charsillab yuragi
Yondi bearmon.
Yarmi yonim bo`lgan
Ko`ylagi bir yeng
Ishqning bayrog`iga
Aylandi alvon!..

Va o`pdim bayroqni
Men o`sha alvon,
Olov tan,
Olov jon,
Qizil cho`g` to`shalgan
Chimildiq tomon
Otdim men o`zimni 
Misli o`tparast.

Uyg`onsam – ko`rpam kul,
Yig`lar sevgilim.
Men seni yig`la deb 
Quchgan edimmi?
Ayiq bosgan gulday 
Ezildi ko`nglim,
Yovvoyi o`rdakka
Berdim sevgimni!..

O`rdak uchdi-ketdi,
Mung`ayib qoldim.
Hayratim opketdi
Qanotida u.
Kim meni aldasa –
Xudoga soldim,
Mayli aldanmasin,
Xayotida u.

Qoldim kulko`rpamda
To`shagim — tuproq,
Yumalab yotaman 
Ilonlar bilan.
Ularga ishondim
Bir yordan ko`proq.
Ilon chaqar,
Ammo
Gapirmas yolg`on!..

Mening kimligimni
Bilmaydi hech kim.
Men bir g`alatiman,
Men – alohida.
Kiyiklar qonini 
Keladi ichgim,
Chayonni chaynagim
Kelar gohida.


O`P MENI

Mening g`animlarim bulutdan ham ko`p,
Ortimdan soyadek yurishar to`p-to`p,
Salomat ekanim ham bir g`animat,
O`p meni, sevgilim, o`p, so`nggi bor o`p.

Ko`ngil yig`lar, qara ko`zlar tonmoqda,
Ko`kragimga ko`ksing qo`ygin – yonmoqda,
Chayqalib turipti ruhim tamoqda,
O`p meni, sevgilim, o`p, so`nggi bor o`p.

Ey mening jallodim, ey mehribonim,
Ko`kim tuproq mening, tuproq – osmonim,
Tilimning uchida turipti jonim,
O`p meni, sevgilim, o`p, so`nggi bor o`p.

Tun deganlari bu – tilsiz bir tilsim,
Tushi to`liq cho`g`mi, o`qmi, kim bilsin?
Tongda turarmanmi-yo`qmi, kim bilsin?..
O`p meni, sevgilim, o`p, so`nggi bor o`p.

Jon shunday uzilsa, bu – oson o`lmoq,
Sevsang, sitamingdan o`ldir meni, moh.
Qoshlaring dog` bo`lsin, sochlaring - sirtmoq,
O`p meni, sevgilim, o`p, so`nggi bor o`p.

Bizlar – ojiz banda, ajaldir – hakam,
Oshiqma deb meni, bo`g`magin, erkam.
Bo`sangdan bo`g`ilib o`lay o`lsam ham –
O`p meni, sevgilim, o`p, so`nggi bor o`p!


ONA MENI NEGA TUG`DING

— Ona, meni nega tug`ding?
— Yurting uchun.

— Ona, meni nega tug`ding?
— Baxting uchun...

— Ona, meni nega tug`ding?
— Zoriqqandan.

— Ona, meni nega tug`ding?
— Zerikkandan…!


ONAIZOR

Ko`nglim qolsa bulbuldan ham guldan ham,
Qolar bo`lsam bir kun axir tildan ham…
Agar bir zot yig`lasa chin dildan ham –
Onam yig`lar, onam yig`lar, onam u…

Sig`may qolsam shunday keng bu jahona,
Osmonlarga ruhim bo`lsa ravona,
Jonsiz tanim ustida ham parvona –
Onam yig`lar, onam yig`lar, onam u…

Tonar bo`lsa qo`limdagi tor, dunyo,
Uch kun o`tmay unutgay do`st-yor, dunyo.
Yeru ko`kni titratib zor-zor, dunyo –
Onam yig`lar, onam yig`lar, onam u…

Gulday kulib yurmasmidi, o`g`lim deb,
Ko`rib ko`nglim to`lmasmidi, o`g`lim deb,
Onang o`lsa bo`lmasmidi, o`glim deb
Onam yig`lar, onam yig`lar, onam u…

Ko`nglim qolsa bulbuldan ham guldan ham,
Qolar bo`lsam bir kun axir tildan ham…
Agar bir zot yig`lasa chin dildan ham –
Onam yig`lar, onam yig`lar, onam u…


ALLOH GO`ZAL

Orazi gul, husni hilol,
Alloh go`zal, Alloh go`zal.
Mutloq kamol, mutloq jamol,
Alloh go`zal, Alloh go`zal…

Arsh arkida sulton o`zi,
Beaybu benuqson o`zi.
Poyiga cho`k, ul Zuljalol,
Alloh go`zal, Alloh go`zal…

Diydori bir shirin umid, 
Azal vujud, abad vujud.
Kimga ayon, kimga xayol,
Alloh go`zal, Alloh go`zal…

Nahri zilol, bag`ri bahor,
Gul chehra yor, nur chehra yor.
Oromijon, oshuftahol,
Alloh go`zal, Alloh go`zal…

Tuproqqa jon etmish ato
Momo havo, Odam Ato,
Loydan odam yasar kulol,
Alloh go`zal, Alloh go`zal…

Shoir tilak-ta’bim o`shal,
Ruhim o`shal, Rabbim o`shal,
Allohu akbar, ey Bilol,
Alloh go`zal, Alloh go`zal!..


OSMONNING OXIRI

Osmonning oxiri qayerda, dedim bir donishga. U miq etmadi.
Menga juda yoqdi bu javob.
Osmonning oxiri yo`q, axir!
Irmoqning oxiri daryo. Daryoning oxiri dengiz.
Osmonning esa oxiri yo`q.
Yo`l chetida yumalab yotgan toshni tepdim.
Toshdan sado chiqmadi.
Xudoga soldim, degani bu.
Olma shohiga osilib devorga chiqdim. To`kilgan meva qumursqalarga ermak bo`ldi. To`kilgan devor tuprog`i esa gunohimga gunoh bo`lib qo`shildi. Tunda paxsakash chol tushimga kirdi. Mening shirin uyqum buzildi.
Xuddi eski devor buzilganiday…
Uyquning oxiri – o`lim. O`limning oxiri esa yo`q.
Bo`lsa ham hech kim unga yetgan emas.
Axir o`lim bu hamma narsaning oxiri-da.
Odamning umri goho yerda yotgan qog`ozcha ham emas.
Ertalab ishga ketayotib ko`rgan qog`ozingni kechda qaytishda ham ko`rishing mumkin. Ertalab ko`rgan odamni esa hamisha kechqurun ko`ravermaysan.
Chumoli chumolini o`ligini tashiydi.
Biya qulunidan ko`z uzmay o`tlaydi.
Oqibat faqat odamlarda yetishmaydi.
Yer odamni boqadi. Kiyintiradi.
Odam esa uni bir kunda sahroga aylantiradi.
Suv odamning mardikori: hosil beradi, tegirmon yurgizadi.
Odam uni o`ylamaydi.
Dunyodagi hamma narsa odamga yaqinlashishi bilan o`zligini yo`qotadi.
Odam odamga yaqinlashganda ham topganidan yo`qotgani ko`proqdir...
Oftob qayerga botadi, deyman bobomga. Osmonning oxiriga, deydi u. Oftob osmonning oxiriga borib botmaydi, balki yig`laydi.
Dunyodagi barcha yo`llarning oxiri - yig`i.
Dunyoning oxiri - qiyomat ham yig`i.
Odam yig`i nimaligini anglab yetguncha yaqinlari olamdan o`tgan bo`ladi.

***

Ko`rpangga qarab oyoq uzat, dedim o`zimga o`zim bir kuni.
Keyin o`ylanib qoldim. Kim aytgan ekan bu gapni birinchi marta.
Ehtimol, Odam Ato Momo Havoga aytgandir. Yo`q, bu yaqin kishilar bir-biriga aytadigan gap emas. Bu gap ko`rpasi bir odamlarning gapi emas.
Binobarin, Odam Ato bilan Momo Havoda ko`rpa ham nima qilsin?..
Ibtidoiy odamlar teri yopinib yotishgan.
Qullarning ko`rpasi tuproq bo`lgan.
Feodallar ko`rpa talashishmagan.
Demak, bu ham kapitalizm illati!

***

Chaqaloq uchun hamma narsaning boshi-oxiri Ona ko`kragi. Oftobni chaqaloqqa o`xshatish mimkin bo`lsa, uning boshi osmonning ko`ksida. Xo`sh, Osmonning boshi kimning ko`ksida? Tog`larning boshi Yerning ko`ksida. Yerning boshi-chi?.. Bilmayman. Bilmaganimdan hijolat ham emasman. Bu yorug` dunyo aslida "bilmayman" degan so`zdan iborat. Men qachon tug`ilganimni aytib berishgan.
Men qachon yurishni o`rganganimni yolg`iz onam biladi.
Qachon tilim chiqqanini ham. 
Men birinchi she'rimni qachon yozganimni o`zim bilmayman.
Xo`sh qani kim aytadi, oxirgisini qachon yozaman?..

Bilib turib birovga ozor berishdan yomoni yo`q. O`zing ham bilmasdan birovga yaxshilik qilishdan ortiq yaxshilik yo`q.
She'r yozish ham o`zing bilmay birovga yaxshilik qilishdan gap.
Haqiqiy she'riyat hamisha oyoq ostida. Misralar qulunlar kabi tuproqqa ag`anab yotishibdi. Tur, choychoq, chopamiz, desang bas. Biz har zamon bir oyoq ostiga boqib she'r topamiz. Keyin uning changini qoqamiz va qancha ko`p yuksak — shuncha ko`p she'r yo`qotamiz...
Barcha buyuk zotlarning buyukligi ham hokisorligidir!

***

Men hozir Yerni ushlab to`xtataman. Nega tinmay aylanaveradi u?
Nahot zerikmagan bo`lsa?
Yerning oxiri qayda? Tasavvurnichi?..
Aniq raqamlarni jinim suymaydi. Uchburchaklar — tasavvur qafaslaridir.
Xayol cho`mog` i qisqa zotlarning umri ham qisqadir.
Mashaqqatning oxiri rohat. Rohatning oxiri yana mashaqqat. Kunning oxiri tun. Tunning esa oxiri yo'q.
Bir og`iz sovuq so`z bilan diling yana zimiston.
Loaqal, bir kungina kechgacha baxtli bo`lib yurgan odamni topib ber-chi menga!
Siz ming mashaqqat bilan chiqqan cho`qqida kapalak ham bor. Qumursqa ham yashaydi. Sizning bu yutug`ingiz ular uchun oddiy bir turmush tashvishi. Ular kunda-shunda.
Men hidlab to`ymagan bedani biya qasirlatib chaynaydi. 
Yalpizni suv oqizib ketadi. Men ko`zimga surtgan suvda qurbaqa cho`miladi.
Momaqaldiroq dunyoni boshiga ko`tarib hayqiradi.
Yulduzlar qo`rqib qochib qolishadi. Bulutlar yig`lashga tushadi. Yer yuzida qo`ziqorinlar tug`iladi. Har qanday hayqiriq so`nggida nimadir dunyoga keladi. 
Nimadir dunyodan ketadi.
Kulib gul ochiladi — yig`lab shabnam to`kiladi. 
Daryo toshadi — tog` nuraydi. Kelin xo`rsinadi — yanga ermak qiladi...

***

Odam dunyoga bir marta keladi. Shu bir kalima soz` bilan qancha savob ishlar qilish mumkin. Shu bir kalima so`z pinjida qancha gunohga botish mumkin. 
Bu gapni qari qiz aytsa , yig`laging keladi.
Satanglar aytsa, ensasi qotadi odamning.
Qo`y o`sha sevgi-pevgingni, ajrashinglar, deydi boyvuchcha ona qiziga. Odam dunyoga bir marta keladi!
Seni bir haftada onasi o`pmaganga uylantirib qo`yaman-e, deydi takabbur ota o`g`liga: Ajrash.
Odam dunyoga bir marta keladi!

...Olisga qatnovchi avtobus haydovchisi yo`l bo`yi xayol surib kelayotganimni ko`rib, meni gapga soladi. 
Ha, yigit. Muncha o`ychansiz, sevib qoldingizmi?
Men indamayman.
Sevgi yo`q, deydi u jahlim chiqqanidan huzur qilib.
Sevgi suvga tushib ketgan. Tohirning sandig`ida...
"Qalay, bopladimmi?" Bu — uning qovoq yuzidagi nim tabassum.
Men undan qutulish uchun jilmaygan bo`laman. U buni o`zicha tushunadi.
Endi nasihatga o`tadi: Xafa bo`lmagin-u, bo`shang yigit ekansan, og`ayni.
Shunaqa xayol surib yuraversang, xotinsiz qolasan.
— O`zingiz sevib uylanganmisiz? Savolim unga yoqmaydi. Shubhalanib bir qarab oladi. Va iddao bilan: Bo`lmasam-chi! Sevgan qizimga uylanganman, deydi.
— Axir, sevgi suvga tushib ketmagan-ku, deyman.
Tohirning sandig`ida.
U endi eshitmaganga oladi. Men hozir chambarakni sherigimga berdim, dam olmoqchiman, deydi. Keyin yana qulog`imga shivirlaydi: xafa bo`lma, ustident, hazillashdim.
Osmonnig oxiri qayerda, deyman unga jiddiy. U, hech narsani tushunmadim, degandek yelka qisadi.
Mana, u shunday yuragimning yonboshida xurrak otmoqda.
Men uni uyg`otib yuborishdan qo`rqaman!

Mudroq bosgan dilim,
Aytaman bir sir,
Tangri uyquni-da
Pallada tortar.
Uyqu - ham
Nasiyaga berilgan umr,
Uyqung ortgan sayin
Qarzing ham ortar...

***

Mening iste'dodli shoir do`stim nihoyat bir qizni sevib qoldi. Biz bugun birga kinoga boramiz. Men bo`lajak kelinning dugonasini zeriktirmasligim kerak. Salomlashamiz. Ya'ni, mana bunday: ular mening hali ham qurib ulgurmagan yaltiroq bo`yinbog`imga qarab jilmayib qo`yishadi. Bu — qalaysiz, degani. Men ularning belidan yuqorisi nafis ko`ylaklariga qaray olmay xo`rsinaman. Qizlar shoir og`aynimning ozg`in bo`yniga ishora qilib qiqirlashadi.
Ularni bir amallab Eskijuvaga topshirib, tangalarimizni jaranglatib metroga chopamiz. Do`stim mening yoqamga yopishadi: Qalay bizning qalliqcha?
Bo`lmaydi, deyman. U seni istagan kuni tashlab ketishi mumkin!
Qishlog`ingga ket , deyman.
U ketadi. Uyiga emas — Uzoq Sharqqa. Keyin uyoqdan menga xatlar kela boshlaydi. Ayo, do`stim, osmonning oxirini topdim. Osmonnig oxiri Uzoq Sharqda — dengizning yoqasida ekan!..

Shoir yarim yildan so`ng, yarim kechada ustimga bostirib keladi. Kayfi taroq — egniga charm kurtka. Cho`ntak to`la pul. Uyni baliq hidi tutib ketadi.
— Bilasanmi, Nilu - (Nilufar) erga tegayotganmish.
To`yiga taklifnoma yuboribdi...
To`yga bormaslikka ko`ndiraman. U tuni bilan uxlamay yozgan she'rini konvertga joylab bevafo qalliqchasiga jo`natamiz.
Shoir Uzoq Sharqdan faqat baliq hidi emas, yangi maqol ham olib kelgan edi. U deyarli har kuni mendan so`raydi: Nega men seni o`zimga do`st tutdim, bilasanmi? Kim uchundir jonimni berishim mumkin bo`lishi uchun!..
Odam dunyoga bir marta keladi, do`stim...

***

Keng bir o`tloq bo`lsa. Atrofing ko`m-ko`k maysa. Osmon tip-tiniq. Maysaga yastanib yotsang-u... o`lib qolsang!
Bedazorda ana shunday xayol surib yotsam, qanotlari oppoq bir kapalak kelib yelkamga chordona qurib o`tirib oladi. Salom, og`ayni. Nega kayfiyating yomon? 
Charchadim, dedim unga. Yashashdan charchadim. 
Kapalak bir xo`rsinib jo`navordi.
Qiziq, unda ham bola-chaqa bormikin?
Kapalakning kapasi qayerda?
Nega shunday ojiz va nafis jonzot ham odamdan yuqorida uchib yuradi.
Baquvvat va vazmin narsalar hamisha oyoq ostida bo`lishadimi? Demak, odam ogi`r-bosiqligi uchun xormi?
Yengiltak va xushomadgo`y kimsalarni shuning uchun oshig`i olchi ekan-da...
"Fikrlaringizni jilovlab oling, ular hamma narsaning boshlanishidir".
Haligi kapalakning qanotidagi yozub bu.
Tanishganimdan xursand edim. Tongda men uni bog`da ko`rdim. Atirgulning shoxida. Kechagi tushkun holatim uchun uyaldim. Uzr so`ramoqchi bo`ldim.
Ammo kechidim.
Atirguldan yumaladi kapalak, 
Bir silkinib qo`ymadi ham gul shoxi.
Jon talashib, qum yaladi kapalak,
Ko`chdi mening ko`ksimga ham titrog`i.

Men undan Osmonning oxiri qayerda deb so`ramoqchiydim. 
Axir, buni faqat o`sha qanoti ojiz qush bilishi mumkin edi-da...

***

Osmon hech kimga qaramaydi.
Bulutlarning ham egasi yo`q.
Hech kim quyoshni ham meniki, deb ayta olmaydi. Agar shunday da'vogar topilsa, uni devonaga chiqarishadi.
Xo`sh nega odamlar yerga egalik qilishadi. Atrofini o`rab olishadi-da, bu yer meniki, deyishadi. Yer talashib bir-birini o`ldirishadi.
Menga ayting-chi, bahorning egasi kim?..
Boychechalning boshlig`i, binafshaning xo`jayini-chi?..
Ekkaningni o`rasan. Ekmaganingni esa, ko`rasan, xolos.
Men bolaligim o`tgan joylarni o`zgarib ketishini istamayman. Men kimdir o`tinga mo`ljallab qo`ygan qadrdon shotutni odamni sog`ingandek sog`inaman. Tollar bilan quchoqlashib so`rashgim keladi. Xuddi qizlarni quchoqlagan singari.
Agar shu gaplarni beda qorovuli eshitsa, xiringlab kuladi. Kel, deydi, ana dala to`la qoratol, xohlaganingni quchoqla, istaganingcha o`p:
Gorko!
Osmonning oxiri esa, yalpizning yelkasida. Bir yelkasida. Uning boshqa yelkasi to`la sog`inch, muruvvat, muhabbat.
Agar shu gaplarni beda qorovuli eshitsa...

***

Osmonning oxiri qayerda, dedim men suygan qizimga. U mening peshonamni ushlab ko`rdi: issig`ing yo`qmi, ishqilib...
Savolimni takrorladim.
"Osmonning oxiri qaydaligini bilmadim-u, lekin do`konga sariyog` kelganmish. Agar mumkin bo`lsa, bir g`ayrat qilsalar..."
Hech iloji yo`q, dedim. Ulug` ishlar bilan bandman.
Hali uylanmasimdan ish buyuradi. Ayol zoti, agar unga ishqing tushganini sezib qolsa, burningni yerga ishqaydi. Qaysi dono bobokalon aytgan edi bu gapni?
Ammo kimnidir sevmasdan ham yashab bo`lmaydi.
Osmonnig oxiri esa yo`q. Bo`lsa ham menga nima?
"Nega allaqanday taka turkmanlarni maqtaysan? Mening qayerim kam ulardan?.."
Ko`ylaklari bilan ko`chalarni supurib yurgani uchun yaxshi ko`raman, bildingmi?
Osmonning oxiri turkman qizlarning uzun yenglarida.
Ular qo`llarini ko`targan joyda ko`k tugaydi.
Qo`llari quyoshni to`sib qo`yadi...
Qiziq, o`zi umrimda bironta turkman qiz bilan ko`rishmaganman. Tiliga ham tushunmayman. Lekin yaxshi ko`raman. 
Axir, xudoni ham yuzini bir ko`rmay turib yaxshi ko`radi-ku, bandalari.
Muhammad ham uning bandasi.
Uning va muhabbatning bandasi.

***

Vokzal qayerdan boshlanadi?..
Vokzal — chiptaxonadan.
Tayyoragoh — pasportni izlashdan.
Xo`sh, bozor-chi, bozor qayerdan boshlanadi?
Hazilkashroq kishi cho`ntakni kavlashdan, deyishi mumkin.
Jiddiyrog`i xomcho`tdan, deydi.
Hammasi to`g`ri. Chunki bozorga hamma har xil xayolda boradi-da.
Kimdir shunchaki zerikib.
Kimdir dam olish uchun.
Birov to`y taraddudi ila.
Xullas, bozorga hammaning o`z so`qmog`i bor.
Menimcha, bozor darvozadan boshlanadi.
O`z darvozangdan chiqib, xarid qilishni ko`zlaganing bozor darvozasidan xatlashinga hamon o`garadi-qoladi.
Bozorda, ayniqsa, Sharq bozorida, o`zingga qo`shilib yana bir juft qo`l cho`ntagingga kirib chiqayotgandek go`yo.
Bir zumda non ushoqlariga qo`ling tegib qoladi. 
Koreys kampirning xushbo`y karamlaridan totib ko`rish hissi paydo bo`ladi.
Arab qizlarining yuzlaridek lo`ppi xurmolar yonidan ko`z yumib o`tib ketolmaydi odam.
Tarvuzlar o`zlari yumalab oyog`ing ostida o`yinga tushadi.
Navbatda turib g`irt suyak go`sht olasan. Ichinda esa "meni tanidi, suyak qo`shmadi", degan yolg`on tasalli.
Inqillab avtobus bekatiga kelasan. Shundagina uydan olib chiqqan maoshing yodga tushadi. 
Yopiray, nahotki barini ishlatdim?..
Xurmoni nega oldim?
Tarvuz uyda bor edi-ku!
Ana shunaqa gaplar.
Xo`sh, bozor qayerdan boshlanar ekan? Bilmadim, bilmadim.
Bilganim — bozor nima bilan tugashi.
Xotin ila janjal bilan tugaydi.

...Oltiariqlik turpfurush choldan so`radim.
Otaxon, bilmaysizmi, osmonning oxiri qaterda?
Chol meni imlab yoniga chaqairib olib, qulog`imga shivirladi:
Torozixonda, bolam!..


YANGI YIL KECHASI

Ko`ngil ma'yusa tortdi yilning so`nggida,
Bilmama, nimang bilan sehrlading, qor.
Bugun kuppa-kunduz ko`zim o`ngida,
Yana bir yoshimni o`g`irlading, qor.
Qirqinchi qasrmga o`taymi endi,
Kechagi yoshligim ertakmi endi?..

Bahorim yetkudek qo`lim uzatsam,
Yetolmay dilimni ne deb yupatsam.
Laylakqor, azizim, g`alat bayram bu —
Kulib kuzatsammi, yig`lab kuzatsam...
Dardim jim ichimga yutsammi endi,
Kechagi yoshligim ertakmi endi?

So`rsang, sevinchimdan o`kinchim ko`proq,
Sendan-da kumushroq sochimdagi oq.
Yilim kelmay turib, yilim ketmoqda,
Ko`zda tabassum -u kiprikda titroq.
Men ham sal shoshdim-da, qaytaymi endi,
Kechagi yoshligim ertakmi endi?

Yangi yil, 
Kelaver qanday kelsang ham,
Kimlar yetdi senga, kimlar yetmadi.
Sen yangi yo`ldoshsan, sen yangi hamdam,
Yo`qlab kelganingni o`zi bir bayram.
Qulog`ingga bir aytaymi, endi,
Kechagi yoshligim ertakmi, endi...


MUHABBAT

Muhabbat, ey go`zal iztirob,
Ey ko`hna dard, ey ko`hna tuyg`u.
Ko`kragimga qo`lingni tirab,
Yuragimni to`kib qo`yding-ku.

Qancha ko`zlar menga zor edi,
Na g`am, na anduhim bor edi.
Qushday yengil ruhim bor edi,
Chok-chokidan so`kib qo`yding-ku.

Ne qilarding menga tegib sen,
Yengilmagan edim — yengib sen,
Boshlarimni yerga egib sen.
Qomatimni bukib qo`yding-ku.

Sen men uchun bir xayol eding,
Yaxshi bor yo yaxshi qol eding,
Jon kerakmi — mana ol endi,
Qiynar bo`lsang qiynab to`yding-ku.

Bilmam, nima edi maqsading:
Menga bir juft guling asrading,
Birin otin Kumush atading,
Birin ismin Zaynab qo`yding-ku!

Muhabbat, ey go`zal iztirob,
Ko`chang kezdim sarson, dovdirab,
Yuzlarimga yuzlaring tirab,
Ko`zlarimni boylab qo`yding-ku!..


SUVPARI

Seni hech kim sevolmaydi meningdek:
Vaslingga zor bu oshiqlar, ehtimol,
Poyingga tiz cho`kib yig`lar, ehtimol,
Lekin sodiq bo`lolmaydi meningdek!..

Aldanma yor, aldamchilar makriga,
Malak bo`lma bevafo ishq shahriga,
Ular seni bir bossa bas bag`riga,
Seni hech kim sevolmaydi meningdek.

Yo`ling kesib o`tsam — o`zim hijolat,
Uzoqdan bir seni ko`rsam kifoyat,
Bir nigohing o`zi menga inoyat,
Seni hech kim sevolmaydi meningdek.

Joningga jon bo`lmayman-u, sevaman,
Yoningga bir kelmayman-u, sevaman,
Ismingni ham bilmayman-u, sevaman,
Seni hech kim sevolmaydi meningdek.

Sen ko`kdagi harir ko`ylak, hur-pari,
Ko`k ko`ldagi tinib qolgan suvpari.
Muhammadning ko`nglidagi dilbari,
Seni hech kim sevolmaydi meningdek.


YOLG`ONCHILAR

Suluvlardan suluv bir qiz sochim silar,
Mening esa ko`zlarimdan yosh tomchilar.
Sevaman deb aldar meni yolg`onchilar,
Yuragimni yo`lbarslarga yediraman.

Bag`ri-dilim kuydiradi yolg`onlari,
Yonlariga chorlar mphi-tobonlari.
Bo`lsam agar men bitta qurbonlari,
Yuragimni yo`lbarslarga yediraman.

Ko`hna dunyo, bu qizlaring muncha go`zal,
Qarab tursam, ko`klarda oy-kuncha go`zal.
Qancha go`zal bo`lsa, aldar shuncha go`zal!..
Yuragimni yo`lbarslarga yediraman.

Hozir ko`zim yumamanu yerga yotib,
Yuragimni sug`uraman qon yig`latib.
Yo`lbarschalr yesin uni kasirlatib —
Yuragimni yo`lbarslarga yediraman.

Kimni suysam suyganimdan kuygan dilim,
Ko`z o`ngimda bo`laqolsin tilim-tilim.
Harom bo`lsin muhabbatsiz ko`rgan kunim,
Yuragimni yo`lbarslarga yediraman.


TUSHLARIMGA KIR

Kapalakday kelib,
Qoshingga qo`nib,
Ko`zingga termulib umrim o`tsaydi...
Nima ham ko`ribman men yigit bo`lib?
Sochingni silashga qo`lim yetmaydi.
Peshonam shu ekan, peshonang shudir,
Tushimga kir endi, tushlarimga kir.

Tovoning o`padi ariqdagi suv,
Ko`ylaging etagin o`padi maysa.
Men-chi, bir giyohcha bo`lolmadim-ku,
Ey, ko`zlari jayron, kiprigi nayza!
Peshonam shu ekan, peshonang shudir,
Tushimga kir jonim, tushlarimga kir.

Ko`chib borayotir bu umr — karvon,
Kunlarning bo`ynida yurak qo`ng`iroq.
Men senga armonu sen menga armon,
Ko`nglimning to`rida tutar shamchiroq.
Peshonam shu ekan, peshonang shudir,
Tushimga kir endi, tushlarimga kir...

Kapalakday kelib, qoshingga qo`nib,
Ko`zingga termulib umrim o`tsaydi.
Qolding bag`rimda jonimdek bo`lib,
Sochingni silashga qo`lib yetmaydi.
Peshonam shu ekan, peshonang shudir,
Tushimga kir endi, tushlarimga kir...


SEVGI SADOSI

Gulim, mehr ko`zda degani yolg`on,
Mening dilimda hech o`chmas yolqinsiz,
Qancha ko`rishmasak shuncha qadrdon,
Qancha olis bo`lsak, shuncha yaqinsiz.

Devona oshiqman, men bir devona,
Ayting sizdan bo`lak kimim bor yana?..
Siz yo`q chog`imdagi dunyom begona,
Siz yo`q bog`imdagi gullar yoqimsiz.

Siz achchiq qismatim, siz iztirobim,
Siz shirin dardimsiz, shurin azobim,
Siz mening ko`klardan topgan oftobim,
Yerlarda yo`qotgan ko`zmunchog`imsiz.

Yodimda kechagi sho`xliklaringiz,
Ko`ksimni kuydirgan kipriklaringiz,
Siz o`sha — Orzusi oydan oydin qiz,
Siz o`sha — kulgusi qo`ng`irog`imsiz.

Siz o`sha ko`zimning kiftida turgan,
Siz o`sha ko`nglimga ko`ngli in qurgan.
To`kilay deb tilim uchida turgan
She'rimsiz, bir umr bitmas ohimsiz...


MAKTUB

Sevgilim, 
Sevgilim,
Og`riydi dilim.
Jonim og`riyverar sizni o`ylasam.
Gulday yuzinggizni silar endi kim,
Meni eslarmisiz — yo`qmi o`shal dam...

Bulutlar ko`k kezar kunda piyoda
Ufqqa oftob botar qizil gulxanday.
Armonim ekansiz yorug` dunyoda,
Sizni o`ylamasdan yasharman qanday?

Ko`nglim ayvonida kuz hushtak chalar,
Ko`zimdan yosh bo`lib yog`adi yaproq.
Do`stlarim — takabbur shoirvachchalar
O`zlarin sevishar yoridan ko`proq.

Kunlarning kaftida sevgi xanjari,
Bag`rimda begunoh bir gul so`ladi.
Toychoqqa aylanib goh kechalari,
Tuproqqa ag`anab yotgim keladi!..

Sevgilim,
Sevgilim,
Og`riydi dilim.
Jonim yomon og`rir sizni o`ylasam.
Sunbul sochingizni silar endi kim,
Meni eslaysizmi-yo`qmi o`shal dam.
Bilmayman,
Bilishni istamayman ham,
Bilganim — menga baxt nasib etmadi.
Yillar o`taverdi, ko`zim o`ngidan,
Sizning oydek ruxsoringiz ketmadi...

Dunyo omon bo`lsin,
Siz bo`ling omon,
Omadli bo`ling siz.
Baxtli bo`ling siz.
Lekin,
Bilib qo`ying,
bilib qo`ying hamon
Sizni unutolmas Muhammadingiz!


MUHABBAT SEN CHIROYLI

Muhabbat, sen chiroyli,
Muhabbat, sen go`zalsan.
Tag`in bir zum turaylik,
Gapirmayman, uyalsang...

So`ng ketarmiz. Sezdimki
Men orzuga yetmadim.
Seni shunday sevdimki
Qo`lingdan ham tutmadim.

Qo`ling... sening qo`llaring,
Muloyimdir ehtimol.
Ayri tushdi yo`llarim,
Sevar yorim, yaxshi qol.

Muhabbat, unut meni,
Va men ham... unutmayman.
Tushlaringda kut meni,
Tushlaringga kirgayman...

Muhabbat, sen chiroyli,
Muhabbat, sen go`zalsan.
Kel, ko`rishib turaylik, 
Salomlashmay, uyalsang.


O`LSAMU UNUTSANG...

O`lsamu unutsang menday yigitni,
Yog`ar yo`llaringga afsus-anduxim.
Oq tulporday minib oppoq bulutni,
Uyingning ustidan o`tadi Ruhim...

Unga nima deysan, bevafo yorim?

O`lsamu unutsang menday yigitni,
Qaro tuproq silab yotsa kuragim,
Sen o`choq oldida chaqqan gugurtni
Uchida lovillab tursa yuragim...

Shunga nima deysan, bevafo yorim?

Sen Xudo emassan axir, o`ylanma,
Jonimning rishtasi qo`lida uning,
Ammo Muhammadsiz o`tmaydi kuning,
Kel, mayli men o`lmay, sen ham qiynalma —
Shunga nima deysan, bevafo yorim?..


MUHABBATIM

Muhabbatim, qaydasan qalb ardog`im,
Jayronko`zim, qirlarda qolgan ohum.
Qo`lim tegmay to`kilgan qizg`aldog`im,
Endi seni izlab qaydan toparman...

Kelar bo`lsang, yo`lingga gul to`shardim,
Sen Layliga, men Majnunga o`xshardim,
Bu dunyoda hijron yo`q deb yashardim,
Endi seni izlab qaydan toparman...

Tushlarimda yig`larsan goh bag`ri qon,
Ohlaringdan dud chiqib osmon-osmon,
Menga senu senga men bo`ldik armon,
Endi seni izlab qaydan toparman...

Muhabbatim, qaydasan, qalb ardog`im,
Jayronko`zim, qirlarda qolgan ohum,
Qo`lim tegmay to`kilgan qizg`aldog`im,
Endi seni izlab qaydan toparman...


ONAMGA

Oh, mening ortimdan ovvora onam,
Bir parcha yuragi ming pora onam.
Bir baloni ko`rib yorug` dunyoda,
Toshkanni ko`rmagan bechora onam,
Bolang bo`lib bir bor boshlab keldimmi,
Endi men ham senga o`g`il bo`ldimmi!..

Garchi bisotingda "bayram" so`zi yo`q,
Bilaman, kutasan sandal to`la cho`g`,
Menda yurak deganlarin o`zi yo`q:
Men sovg`a bermagan qiz yo`q bu oqshom,
Senga na gul berdim, na shirin kalom,
Endi men ham senga o`g`ilmi, onam?..

Deysan: olislarda omon yursang bas,
Yodingga tushsam goh yo`qlab tursang bas,
Bolam, senga hamma qiladi xavas...
Axir, mening dardim She'r emas faqat,
Men mashhur shoirmas — mashhur beshafqat,
Endi men ham senga o`g`ilmanmi, ayt?...

Sha`ningga she'r bitdim. U seni topsin,
Poyingga tiz cho`kib, qo`lingni o`psin.
Undan ham ulug`im borligin ko`rsin,
Men uchun ham aziz holingni so`rsin,
Sensiz g`arib ko`nglim ko`ngilmi, onam,
Endi men ham senga o`g`ilmi, onam!..


KO`KLAMOYIM
Ozod Sharafuddinovga

Sochimda oq, men bahordan o`tindim:
Ko`klamoyim, ko`kingdan ber bir chimdim.
Qor qo`ynida seni qo`msab o`kindim,
Ko`klamoyim, ko`kingdan ber bir chimdim.

Ko`nglimga ko`k binafshalar sochilsin,
Kokiliga tolpopukdan soch ilsi,
Boychechakka borar yo`llar ochilsin
Ko`klamoyim, ko`kingdan ber bir chimdim.

Fasl boshi, ham oxiri o`zingsan,
Majnunlarning yo`ldoshi ham o`zingsan.
Laylilarning sirdoshi ham o`zingsan,
Ko`klamoyim, ko`kingdan ber bir chimdim.

Kel-da, endi sog`intirmay odamni,
Sen yo`g`ingda bir g`am bosdi yelkamni,
Qorlar kurab ko`mib keldim otamni...
Ko`klamoyim, ko`kingdan ber bir chimdim.

Ko`king bilan kiyintiray dalamni,
Oyoqyalang suyuntiray bolamni,
O`zing olgin ko`ksimdagi alamni,
Ko`klamoyim ko`kingdan ber bir chimdim.

Ginam yo`qdir kuzda ketgan oqqushdan,
Iymanmasin qayta eshik qoqishdan.
Qumri bilan birga chiqdik bu qishdan,
Ko`klamoyim, ko`kingdan ber bir chimdim.

Jon ustiga asrab yuray ko`kni men,
To`yib-to`yib ko`zga suray ko`kni men.
Yana senga yetamanmi-yo`qmi men,
Ko`klamoyim, ko`kingdan ber bir chimdim.

Dil yayrasin dala dashting yasanib,
Yalpizlaring suv bo`yiga yastanib,
Ikki misra bayt bitay bir maqtanib,
Ko`klamoyim, ko`kingdan ber bir chimdim!..

QUYOSHGA QARAB OQQAN SUV

Quyoshga qarab oqqan suv,
Dardimni aytgan edim-ku,
Dodimga yetmaysan nega,
Quyoshga qarab oqqan suv?..

Qanday yuzsiz do`stimsan,
Ohlar to`la ko`ksimdan
Oh urib ketmaysan nega,
Quyoshga qarab oqqan suv?

Suvingga qarab yoshimni,
Qiblaga qaratib boshimni
Yotqizib ketmaysan nega,
Quyoshga qarab oqqan suv?..

Men kimman? Bir yolg`izman,
Suv bo`yida bir yalpizman.
Oqizib ketmaysan nega,
Quyoshga qarab oqqan suv?

Quyoshga qarab oqqan suv.
Onamdek meni boqqan suv...


SHUKR DEYSAN SEN QACHON?

Ta'magirni tortqilab,
Nafsi qo`ymas deydilar.
Nokas o`zi to`ysa ham,
Ko`zi to`ymas deydilar.

Boq bir yorug` olamga —
Kimlar zo`rg`a kun ko`rar.
Odamlar bor, bog`dagi
Bulbuldan ham pul so`rar.

Yolg`on dunyo — bu dunyo,
Arzon dunyo — bu dunyo.
Ne-ne hokim, beklardan
Qolgan dunyo — bu dunyo.

Kiprikdan ham qisqadir
Molu dunyo yo`llari.
Ibrat bo`lsin Iskandar
Ochiq ketgan qo`llari!..

Uzat deysan, ber deysan,
Hech qo`ymading odamzod.
Tuya to`ydi, fil to`ydi,
Sen to`ymading, odamzod.

Shukr qilar hattoki
Qumursqa-parrandalar.
Shukr deysan sen qachon,
Xom sut emgan bandalar?..

Bu uch kunlik dunyoda
Savlatigga kerilma.
Qasr qurma, bog` qoldir,
Davlatingga kerilma.

O`z elingni qaqshatsang,
Xor bo`lasan o`zing ham.
Bir kun shu el mehriga
Zor bo`lasan o`zing ham!..


MEN SENI SEVAMAN

Bir kuni
Yoningga kelaman,
Deyman: men sen kutgan bolaman.
Tinglaysan ochilib sen chaman,
Men seni sevaman, sevaman!..

Kel, deysan. Kun sovuq o`tirgil.
Kaftimda laylakqor — atirgul.
Xonangda yugurib yelaman,
Men seni sevaman, sevaman.

Kim u jim kuladi, kuladi,
Bildirmay ermaklar qiladi?
Mayli men g`alati, telbaman,
Men seni sevaman, sevaman.

Kel, deysan. O, muncha kechikding,
Yo`q endi u g`uncha, kechikding.
Boq yigit, atrofing qahraton...
Men seni sevaman, sevaman.

Sen turgan joy endi biy dala,
Qo`lingda qorako`z bir bola.
Men endi qo`shiqmas — nolaman,
Men seni sevaman, sevaman.

Ayt, mendan ne istar bu odam,
Tikilar, sinarmi irodam?..
Tikilar bir yomon, bir yomon,
Men seni sevaman, sevaman!..

Meni yov etmish bor mardum-la,
Labimdan uchmagan bir jumla.
Endi kech, endi ne qilaman,
Men seni sevaman, sevaman!..


TAVALLO

Oq yo`rgakka o`ragansan o`zing bizni,
Ham oq yuvib-taragansan o`zing bizni.
Beshigimiz uzra bedor ona bo`lib,
Kunimizga yaragansan o`zing bizni.
Fidoying bo`lgaymiz seni, O`zbekiston,
Hech kimga bermaymiz seni, O`zbekiston!..

Qalqoning bor, kim qasd qilsa gar joningga,
Alpomishlar ruhi yor har o`g`loningga.
Asragaymiz giyohing ham gulday o`pib,
Yovlar yaqin yo`lolmagay qo`rg`oningga.
Adoying bo`lgaymiz seni, O`zbekiston,
Hech kimga bermaymiz seni, O`zbekiston.

Tuzing totib, unutganlar xor bo`ladi,
Ko`zlariga ikki dunyo tor bo`ladi.
Shodon daming ko`rolmagan yurtfurushlar
Bir kun bir kaft qumlog`ingga zor bo`ladi.
Yoningda turgaymiz seni, O`zbekiston,
Hech kimga bermaymiz seni, O`zbekiston!..

Gul ko`ringan dashtingdagi giyoh-xasdir,
Soddadilu ulug`vorlik senga xosdir.
Sevamizki, cho`llaring ham bizga jannat,
Tuprog`ing ham Makka misol muqaddasdir.
Onadek ko`rgaymiz seni, O`zbekiston,
Hech kimga bermaymiz seni, O`zbekiston!


TILAK

Har kimning ham sochlariga oq tushsin,
Ajin tushsin yuzlariga, dog` tushsin.
Har kimning ham quvvat ketib belidan,
Qo`llariga aso — bir tayoq tushsin.

Imoni sof, yuzga kirib yorug` yuz,
To`ylar ko`rib yelkasidan tog` tushsin.
Jismiga so`nggi safar oldidan
O`z bolasin qo`lidan tuproq tushsin...


MENING ERTAGIMSAN

Mening shodligimsan, bolaligimsan,
Mening g`ussam o`zing, mening armonim.
Seni osmonimga olib ketaman,
Yerda bizga kun yo`q, kun yo`qdir, jonim!..

Xato qildimmikan men erta kelib,
Yo sen adashdingmi kelib keyinmi?
Goho kimliging ham bo`lmaydi bilib,
Inim deymi seni, sevgilim deymi?

Ket, deb haydolmasam netaman,
Kel, deb aytolmasam netaman.
Seni osmonimga olib ketaman,
Seni osmonimga olib ketaman...

O`ylamay deymanu o`ylamay bo`lmas,
O`tsang sen tomon bir bo`ylamay bo`lmas.
Sen mening hammadan yashirgan sirim,
Mening ertagimsan, so`ylamay bo`lmas.

Ket, deb haydolmasam netaman,
Kel, deb aytolmasam netaman.
Seni osmonimga olib ketaman,
Seni osmonimga olib ketaman!..


O`ZBEK QIZLARI

Bu Momo Havodan ularga odat:
Ushlasa gul ushlar qo`lini faqat,
Kuyovga chiqmagan o`zbek qizlarin
O`psa faqat shamol o`par yuzlarin.
Bu Momo Havodan ularga odat:
Nozik belda qirqta kokili qavat,
Silasa yomg`irlar silaydi faqat,
Ko`rsa faqat osmon ko`rar ko`zlarin —
Kuyovga chiqmagan o`zbek qizlarin.
Jilmaysa nur yog`ar gul yanoqlardan,
Sir yashirar hatto qizg`aldoqlardan.
Oftob botgandan so`ng xilvat bog`lardan,
Behuda izlamang sira izlarin —
Kuyovga chiqmagan o`zbek qizlarin.
Ko`ngli daryoday keng, mehri ulug`vor,
Dugonasi Hayo, dugonasi Or.
Ayting, farishtadan nima farqi bor,
Kuyovga chiqmagan o`zbek qizlarin?..
Bardoshi oldida tog` — oddiy tuproq,
Ular etagidan jannat bir qadam.
Beayb Parvardigor, degandek biroq,
Yoq emas kichkina kamchiligi ham.
Sevadi, 
Kuyadi,
Qiladi alam,
Dorga osing, ammo aytmas birovga.
Aytmay sevishini sevganiga ham,
Tegib ketaverar boshqa kuyovga!


O`LAN

To`ylarni hammadan ham,
Oy qizlar xush ko`rarmish.
Bitta qiz erga tegsa,
Qirqta qiz tush ko`rarmish.

To`yhovlida kuy tinib,
So`nganida olovlar.
Qirq suluvni yig`latib,
Ketar ekan kuyovlar.

Singillarim yig`lamang,
Yig`lasangiz xafaman.
Sharqni kezib sizlarga,
O`zim kuyov topaman.

Oq tilaklar bor bo`lsa,
Omon bo`lsa umidlar,
Izingizga zor bo`lar,
Muhammaddek yigitlar.

ERKA KIYIK

Erka kiyik, maylimi bir erkalasam,
Majnun bo`lib sahrolarga yetalasam,
Bu dunyoda birday g`arib men ham, sen ham,
Erka kiyik, maylimi bir erkalasam?..

Sening ko`zing qora, mening ko`zim qora,
Sening bag`ring yara, mening bag`rim yara,
Bu dunyoda sen bechora, men bechora!..
Erka kiyik, maylimi bir erkalasam?..

Shamol emas, izing quvib yurdi kamon,
Sayyod mening kulbamni ham qildi vayron.
Sening joning , mening jonim — omonat jon,
Erka kiyik, maylimi bir erkalasam?..

Kel, yig`laymiz birgalashib yantoqlarga,
Sahrolarda qurimagan buloqlarga,
Ikkalamiz yaralganmiz qiynoqlarga,
Erka kiyik, maylimi bir erkalasam?..

Umrimizning barcha yo`li, so`qmog`i cho`g`,
Cho`g`dan qo`rqma, beyuz qo'ygan qopqondan qo`rq.
Bu dunyoda senga do`st yo`q, menga do`st yo`q,
Erka kiyik, maylimi bir erkalasam?..

Soch oqardi, dildosh kutib ko`zim toldi,
Yuragimdan to`kilmay ne so`z qoldi,
Yo`l so`ngida, hech bo`lmasa o`lim oldi,
Erka kiyik, maylimi bir erkalasam?..


ORZU

Tug`ilmasdan oldin men
Chiqib Arshi a'loga,
Oyni o`pib, qoldim men
Yulduzlardan baloga.

Tug`ilgandan to shu dam,
Qo`msab kecha-kunduzlar.
Oy qani deb yig`lasam,
G`iybat qilar yulduzlar...

Hiqqillama, der yurak,
Dunyo bilan ishim yo`q.
Bo`lsa menga Oy kerak.
Yulduzlarga hushim yo`q!


TUNDA SHE'R AYTISHDIK

Tunda she'r aytishdik kapalak bilan,
Yalpizni alqadim,
Gulni alqadim.
Yonimga sudralib kelib bir ilon
Ko`zoynak ostidan boqdi.
Payqadim.
Quvdi yolg`iz o`shal hamxonamni u.
Quvdi parilarni quvgan kabi dev.
Hurkitib yuborib parvonamni u
Bo'ynimga o`ralib oldi:
Meni sev!..
Chimzor.
Chimildiqda sovuq yor quchdim.
Po`stin gilam qilib mehrobga qoqdim.
Ko`zimni chirt yumib,
Kechalari jim
Men uni o`pganda –
U meni chaqdi.
Chaqdi.
Chaqaverdi zahri so`nguncha.
Chaqdi goh bilagim,
Goh yuragimni.
U qancha chaqsa men tirildim shuncha.
Shuncha eslayverdim kapalagimni!..
O`tmishni unutdim bir tushda go`yo,
O`shal chimzordagi koshonamni ham.
Ilon malikadan qutuldim,
Ammo,
Endi topolmasman parvonamni ham.


KUMUSH

Marg`ilonda Kumushni ko`rdim,
Ko`ziga yosh olib turibdi.
Sochlarini maydalab o`rib,
Otabekni kutib yuribdi.

Tongda turib qalam qoshiga
O`sma qo`ygan ekan quribdi,
Ko`zdan oqqan achchiq yoshlari
O`smasini yuvib turibdi...

Meni bir o`y qiynaydi yomon,
Yana yurak o`ynaydi yomon.
Qo`yvor zamin, qo`yvor osmon,
Men uyimga yetaman qachon?

Meni bir o`y qiynaydi yomon,
Yurak yana o`ynadi yomon.
Toshkentga qiz berma Marg`ilon —
Qodiriy yo`q, Zaynablar omon!


KAPALAKKA ALMASHAMAN

Bisotimni bog`da bir halol,
Kapalakka almashaman men.
Hayotimni ko`kdagi zilol,
Kamalakka almashaman men.

Yog`dularga ko`milgan shahar
Betonlari biqinni chaqar.
Uyim qasr bo`lsa ham agar,
Guvalakka almashaman men.

Shoirlikni suymaydi jinim,
Menga havas qilmagin inim.
Shuhratimni totli bir tilim,
Handalakka almashaman men.

Qo`shiqlarim bo`lib ovoza,
Yurtda mashhur emishman toza!..
Barcha yozgan she'rim bir kosa
Sumalakka almashaman men.


QALBING QIZIL GULXANI

Qalbing qizil gulxani so`ldi,
Kultepada qolmadi bir cho`g`,
Bu qiz bilan ishim yo`q endi,
Bu qizning men bilan ishi yo`q...

Endi menga ikki dunyo bir,
Sig`mam na yer, na osmoniga.
Tomga chiqib ketarman endi,
Men ham qizg`aldoqlar yoniga.

Hey, yulduzlar yurtida chaman,
Bulutman deb yurgan tutunlar
Ko`ksim yonib ketmoqda yomon.
Mendan nariroqdan o`tinglar!

Qalbda sevgi gulshani so`ldi,
Qoldi faqat lovullagan cho`g`.
Bu qiz bilan ishim yo`q endi,
Bu qizning men bilan ishi yo`q...

Kel yuragim, bag`rimni o`yib,
Sevgimni suvlarga otamiz.
Maysalarga boshimni qo`yib,
Kapalak yopinib yotamiz.


QADAHSO`Z

Oftobsan, sendan
bir soyaman, Ota.
Sochni oq, bag`rimni 
esa bosar g`am.
Ona, senga nafim
tegmadi hatto,
Ostonang qo`rigan
kuchugingcha ham.
Sodiq o`shal itni
do`stdek qucharman,
Men bugun kuchuklar
uchun icharman!..
Olamdan uyingga 
bo`yladim, inim,
Ushoq joningda ham
ko`rmadim tinim.
Holing ne kechgani 
xayolimda yo`q,
Men faqat o`zimni 
o`yladim inim.
Akalik to`nini endi
yecharman,
Men bugun kichiklar
uchun icharman!..
Sochiga tolpopuk — 
toj ilganlarim,
G`unchadek iymanib 
ochilganlarim.
Bir uyda tug`ilib,
o`sganim o`shal,
Dunyoga bodroqdek
sochilganlarim —
Singillar — 
Suyuklar uchun icharman.
Beozor kiyiklar uchun icharman!..
Mayli, yoqmaganim, mayli yoqqanim,
Mayli, xoh do`st bo`lsin, mayli xoh g`anim.
Dilida dard borki, boshida g`avg`o,
Taniganlarim-u, tanimaganim,
Men bugun barini bir-bir qucharman,
Yuragi suyuklar uchun icharman!..

Garchi soda baytim, garchi to`pori,
Ko`nglimdan to`kilgan ko`nglimda bori.
Mayli, kutmasa ham kuyimni hech kim,
Mayli, tutmasa ham she’rim xumori.
Men-ku, yozdim yozsam yetkuncha darmon,
Ertangi buyuklar uchun icharman!..


MISH-MISH

Mayda mish-mishlardan zirqirar tovon,
Unganmiz-ku asli bitta tuproqdan.
U kuni she’rimni tinglab, bir nodon
Meni maqtab qo`ydi: falon qishloqdan.

Shu bir so`zdan tuygan huzurin ko`rsangiz,
Go`yo oyni uzib olgan bu odam.
Bundaylar uchrasa, yurtin so`rsangiz,
Mahallasin aytar Afrikada ham.

Ayting, xafa bo`lay men yana kimdan?
Birov davlat qurar, birov uy tiklar.
Asli bir xalqligin bilar-u, zimdan
Nechun, bir-birovin ko`rolmas ular.

Bitta dayr arodan bir tushgan kema,
Bir qirg`oq yer, bir kun suzishdan tolsang.
Birodar, bunchalar gerdayding, nahot,
“O`zgani sher bilgan”, naqlin bilmasang?

Bo`lingan bo`lisning o`chgay chirog`i,
Ortga bir qayriling, mingta qiyos-ku.
To`pga tutgan kuni Toshkentni yog`iy,
Amir Nodirani so`ygani rost-ku…

Ungan joyimga-ku, qullug`im bisyor,
Sog`inch to`la dilim aylar ming faxr.
Ammo boshim silar bitta Vatan bor,
Men ham uning bitta o`g`liman, axir.

O`yim uzaymoqda ulg`aygan sarim,
Kengroq bo`lsak, deyman bu keng dunyoda.
Farg`onada bo`lsa yarim jigarim,
Jigarimning yarmi Surxondaryoda.

Baxmal bo`lagiga munchoq qadalgan,
Bir oltin beshikda o`sgan o`zbekmiz.
Bir paytlar Jayhun, Sayxun atalgan
Ikki qosh ostida bir juft ko`zdekmiz…

Mayda mish-mishlardan bitta bezgan — men,
Zanglagan hanjardek o`tdi u jondan,
Tanihib qo`yaylik: she’rni yozgan men —
Muhammad Yusufman
O`ZBEKISTONdan.


ONAMDAN XAT

O`g`lim, jigargo`sham, anytgin-chi, nahot,
Achinmaydi joning onang holiga.
Meni to`shaklarga mixlab qo`ydi bod,
Kelsang bir ko`rsamu… o`lsam mayliga.

Chakka o`tgan eski tomga o`xshayman,
Ko`zimdan yomg`irlar to`kilar tinmay.
Bu yorug` dunyoda bormi, bilmayman,
O`z o`g`li yo`liga intizor menday…

Hayhotdek hovlida qoldim bir o`zim,
Nima xayollarga bormasman ba’zan.
Sog`misan ishqilib, qo`rqaman, qo`zim,
Podsholar haqida she’rlar yozasan.

O`ynashib bo`larmi shohlar bilan, ayt,
Qishloqi joningga she’rdan ne huzur?
Zeriksang — bepoyon yaylovingga qayt,
Siqilsang — dashtlarda ot choptirib yur!

Faqat xayolingdan chiqargin she’rni,
(Kimgadir yoqmasmish chinmi-yolg`omni),
Axir, sen yozmasang o`sha Boburni,
Shoirning urug`i qurib qolganmi?..

O`g`lim, jigargo`sham, aytgin-chi nahot,
Achinmaydi joning onang holiga?
Meni to`shaklarga mixlab qo`ydi bod,
Kelib bir ko`tarib chiqqin hovliga.

Qo`lingda jon berib o`lsam mayliga…

 

ARMONLARING BOR

Yurtim, ado bo'lmas armonlaring bor, 
Toshlarni yig'latgan dostonlaring bor, 
O'tmishingni o'ylab og'riydi jonim, 
Ko'ksing to'la shahid o'g'lonlaring bor.

Bag'rim o'rtar bir o'y bahor ayyomlar, 
Oy borgan yoqlarga termulib shomlar. 
Aybin bilmay ketgan Akmal Ikromlar, 
Fayzullodek mardi-maydonlaring bor...

Yurtim, ko'nglingdek keng osmonlaring bor, 
Yulduzni yig'latgan dostonlaring bor. 
Osmonlaringdan ham diydoringga zor, 
Jayrondek termulgan Cho'lponlaring bor.

Qo'ling qadog'iga bosay yuzimni, 
Onamsan-ku, og'ir olma so'zimni, 
Qayinbarglar yopib qaro ko'zini
Olislarda qolgan Usmonlaring bor.

Alhazar, alhazar, ming bor alhazar, 
Ana, yurishibdi kiyganlari zar, 
Qodiriyni sotib shoir bo'lganlar -
Mehrobingdan chiqqan chayonlaring bor...

Qurboning bo'layin, ey onajonim, 
Sening faryodlaring, mening fig'onim, 
O'tmishingni o'ylab o'rtanar jonim, 
Aytsam ado bo'lmas dostonlaring bor.


OTA

Armonim bor, bu dunyoda armonim bor, 
Qoq dalada o'tlar bosgan o'rmonim bor. 
Qizg'aldoqday boshim egik bu makonda, 
Yonib yashab o'tmagan otajonim bor.

Ota desam, bag'ri-dilim yonaverar, 
Kunim yonar, oyu yilim yonaverar, 
Mozoriga qo'ygan gulim yonaverar, 
Tutunlarga to'lib ketgan osmonim bor.

Esaversin jannatlardan kelgan nasim, 
Momo yerim, o'zingsan eng muqaddasim, 
Bag'ringda jim tinglab bu tun jon nafasim, 
Ruhimni allalab yotgan jahonim bor.

Odam bo'lib bir odamni tushunmaslar, 
Ko'zingda yosh ko'rib ham goh o'kinmaslar, 
Bosgan izim poylab yurgan ey, nokaslar, 
Qabrdan qo'l cho'zib turgan qalqonim bor...

Men otamdan qolgan erkin sado-sasman, 
Qonimga yot navolarga qayrilmasman, 
O'lgunimcha endi undan ayrilmasman -
O'z otamdek bo'lib qolgan imonim bor.

Armonim bor, bu dunyoda armonim bor, 
Keng dalada gullar bosgan o'rmonim bor, 
Qizg'aldoqlar bosh egib qon yig'lab turgan
Bu makonda mening ham nurjahonim bor.


QO'YABERING...

Shamol sabab, ehtimol, 
Tunda eshik g'ichirlar. 
Boshlanadi, qishloqda
Shunda pichir-pichirlar.

Sizga nima? 
Siz uxlang, 
Hech ishingiz bo'lmasin. 
Kimda kimning ko'ngli bor, 
Qo'yavering, o'ynasin...

Oshiqlarim - oshiqdek
Mayli, ko'ngil xushlasin, 
Ikki oshiq istasa, 
Shamol bilan mushtlashsin.

O'ksimasin qiz qalbi, 
Yigit rayi o'lmasin, 
Kimda kimning ko'ngli bor, 
Qo'yavering, o'ynasin...

G'iybat qilmang yigitni, 
Uyaltirmang qizni ham. 
Shunday o'tli muhabbat
Siylar bo'lsin sizni ham.

Bir sovuq so'z tufayli, 
Sevgi bog'i so'lmasin. 
Kimda kimning ko'ngli bor, 
Qo'yavering, o'ynasin...

Ilk sevgidan iymanib, 
So'ng pushaymon yonsa ham, 
Sepli qizga suykanib, 
Epli qizdan tonsa ham.

Nasib etmay yor vasli, 
Endi hajri qiynasin!.. 
Kimda kimning ko'ngli bor, 
Qo'yavering, o'ynasin...

Ikki yorti bosh uzra
Porlasin ishq quyoshi. 
Qizga hayo, yigitning
G'urur bo'lsin yo'ldoshi.

Diydoriga bir-birin
Termulishib to'ymasin. 
Kimda kimning ko'ngli bor, 
Qo'yavering, o'ynasin...


SIR

Shamoldek beqaror shoir sevgisi, 
Uning bor davlati - savlati. 
Sog'inchdan yoqar-u rayhonlar isi, 
Meni tanlaganing g'alati...

Na bir shirin kalom ming zahmatingga, 
Na bir salomingga alik oladi. 
Muhabbating nima Muhammadingga?.. 
Qalamni quchoqlab uxlab qoladi.

Qasri shuhrat aro qon yig'lar yurak, 
Ko'ksingda nimadir g'ijjak chaladi. 
Unga she'r kerakdir, 
Senga er kerak. 
Koshki tushunsa u valadi...

U so'z kutar, uni sen kutib oylab, 
Bir umr yo'l qarab ko'zing toladi. 
Sevgilim, farishtam... tentagim, yo rab, 
Baxtingni yarmini she'rim taladi!..

Gunohing ne edi, ey mungliq dilbar, 
Seni tanlaganim g'alati... 
Asl shoir asli uylanmay o'tar, 
Uylansa ham ko'rmay xotin oladi.


MEN BITTADURMAN

Sanam, sochingdan ham shaydolaring ko'p, 
Husning oshiqlari - adolaring ko'p. 
Nimang ko'p, ko'yingda gadolaring ko'p, 
Ammo men bittaman, men bittadurman.

Bek yigit bir sening poyingda xorman, 
Garchi diydoringga mushtoqu zorman, 
Men beun sevarman, men jim sevarman, 
Qiyomatgacha shul sukutdadurman.

Deydilar: muhabbat bilmas masofa, 
Ayriliqni pisand qilmas masofa. 
Kelursan o'zing deb bir kun insofa -
Gohi Toshkent, gohi Urgutdadurman.

Tiling bilmasam ham tushungandayman, 
Sen bilan gohi do'st tutingandayman. 
Gohi bu do'stlikdan o'kingandayman, 
Ming bir xayol ichra ming bittadurman.

Suymoq - bu gulxanda kuymoq azali, 
Men shahar erkasi, sen tog' go'zali. 
Eslab yur yodingga tushgan mahali -
Shaydolaring ko'p-u, men bittadurman!..


SEVGI BAMISOLI

Sevgi bamisoli lolaqizg'aldoq, 
Teginmay bo'lmaydi, 
Tegsang to'kilar. 
Alvon bir gumbazning o'rtasi oppoq... 
Buni bir menu bir kapalak bilar.

Men o'sha gumbazga boshimni suqdim -
Qizil ko'ylakli bir qizgina kular: 
Bunday boqma menga, uqdingmi? 
Uqdim... 
Buni bir menu bir kapalak bilar.

So'ng u oqqanotim uchdiyu ketdi, 
Uning umri bir kun - choshgohda o'lar. 
Momo yer aylanib manzilga yetdi, 
Buni bir menu bir charxpalak bilar...

Sevgi bamisoli g'arq pishgan shotut, 
Teginmay bo'lmaydi, 
Tegsang to'kilar. 
Sevdingmi, yuz yil kut, 
Sevmasang unut!.. 
Bunisin bir menu bir malak bilar.

U meni kutadi yuz yildan so'ng ham, 
Ko'r bo'lib qolguncha yo'lga termular... 
Sevgi - mening barcha dardimga malham, 
Buni bir o'zimu bir yurak bilar.


BIR QIZ YIG'LAR

Bir qiz yig'lar buloq boshida, 
Ma'yus majnuntollar qoshida, 
Ko'ngi ohi ko'zin yoshida: 
Bevafo ko'p ekan dunyoda...

Nigohida oftoblari bor, 
Nolishlarin javoblari bor, 
So'ngan sevgi azoblari bor, 
Bevafo ko'p ekan dunyoda...

Tovoniga tushgan kokillar, 
Qizginaga qo'shilib yig'lar, 
Bir so'z dilga sanchadi tig'lar -
Bevafo ko'p ekan dunyoda...

Dildan ko'chib ketsa xayollar, 
Yomonga yo'q ekan jazolar, 
Yolg'on dunyo ekan dunyolar, 
Bevafo ko'p ekan dunyoda.

Ermak ekan endi Laylolar, 
Majnun g'arib kezgan sahrolar, 
Ertak ekan Tohir-Zuhrolar, 
Bevafo ko'p ekan dunyoda...

Bir qiz yig'lar buloq boshida, 
Ma'yus majnuntollar qoshida. 
Ko'ngil zori ko'zin yoshida: 
Bevafo ko'p ekan dunyoda.

Qo'y yig'lama mening jon singlim, 
Men ham sendek bag'ri qon singlim. 
Menga ham yo'q mehribon singlim, 
Bevafo ko'p ekan dunyoda, 
Muhabbat yo'q ekan dunyoda!


HAQIQAT

Yuraging siqilib borib shahardan, 
Sekin gapga solsang mo'min dehqonni. 
Qodiriyni eslar yozuvchilardan, 
Artistlardan esa - Shukur Burhonni...

Sening tilla gardish ko'zoynaging bor, 
Lekin berkitolmas u ham ginangni. 
Nafis jild kitoblar yig'massan bekor, 
Bekor olmagansan pianinangni.

Mana ko'rib qo'ying - Odaliska bu. 
Ranglarga e'tibor bering, ranglarga. 
Behzod chizgilari emas sizga bu. 
San'atda yetmoq yo'l bo'lsin bizga bu
Nozikfahm rum - faranglarga.

Mana bu Otello. O'sha xabash shox. 
Sahna - Ovrupodir (yana o'sha yoq). 
Dunyoda hech kimda yo'q bunday ovoz, 
Dunyoda hech kimda yo'qdir bu nigoh!..

Deysan: bu kitobim ichi to'la dur, 
Deysan: bu kitobim bitta nusxadir, 
Tasvir o'zi hayot, jumla qisqadir, 
Lekin baribir...

Lekin baribir, 
Yuraging siqilib borib shahardan, 
Sekin gapga solsang otang - dehqonni, 
Qahhorni eslaydi yozuvchilardan, 
Artistlardan esa Halimaxonni.


OQIBAT

Mehr yuraklarda qotsa ichikib, 
Oqibat ham bo'lgay anqo urug'i. 
Elning kichigini g'ajir kichigi
Ulug'ini esa ulug'i...

Polvoni polvonni chalmoqqa mahtal, 
Dorbozi dorbozin ko'rolmay yashar. 
Hofizlar qo'shiq aytishdan avval, 
Bir-birlarin qarg'ab ovoz sozlashar.

Ziyolilarga kerakmas maydon; 
Tinchitar bir-bitin sal g'oyibona, 
Olimi olimin olimlik bilan, 
Shoiri shoirin ham shoirona!..

Mehr yuraklarda qotsa ichikib, 
Oqibat ham bo'lg'ay anqo urug'i, 
Elning kichigini g'ajir kichigi, 
Ulug'ini esa chaynar ulug'i.

Andisha degan bir bog' bo'lar vayron, 
Go'yo bu chamandan yalmog'iz o'tgan. 
Onalar qizlarin tanimay hayron, 
Qizlar onalarin ismin unutgan.

Bir umr yelkada ko'tarib o'zi, 
O'zi bolasining rahmiga mushtoq. 
O'g'illar mushtidan ko'karib yuzi, 
Otalar yig'lagay sochlari oppoq...

Bo'ldi. She'rim tamom. Axir siz chidab, 
Yuribsiz-ku, nima qipti men yursam. 
Tomog'imda jonim turibdi yig'lab, 
Jondan ayrilaman endi gapirsam!..


UZR

Shuhratga o'ch bo'lsam kerak men gumroh, 
Yolg'on bo'lsa kerak dilda nolam ham. 
To'pori baytlarim bitar paytim goh
Ko'zimga ko'rinmay qolar bolam ham.

Olamni erkalab erka so'z izlab, 
Bolamni erkalab bir so'z aytmayman. 
Mushukday suykalib kelsa ham muzlab, 
Betidan bir o'pmay uydan haydayman.

Qalam ushladimmi demak - o'yin bas, 
Yayrab ocholmaydi gul dudog'ini. 
Bundoq yurak yutib so'rasha olmas, 
Xonamda qoldirgan qo'g'irchog'ini.

Burchak-burchakda jim tortishar burun, 
Bilmam qanday o'yu xayol ichida. 
Tuzsiz she'rlarim deb shirindan-shirin
Bolalarim yurar oyoq uchida...

Ular she'r yozmasin hech menga o'xshab
Mendan nafi ko'proq tegar elimga. 
Shoh asar bo'lsa ham tupurdim o'sha -
Bolamni yig'latib yozgan she'rimga!


AYTINGLAR

G'irot mingan Go'rog'li
Bobom qani, aytinglar, 
Qo'ng'irotlik Alpomish
Og'am qani, aytinglar...

Tustovuqday tovlangan
Olam qani, aytinglar. 
Ko'lda kiyik ovlangan
Dalam qani, aytinglar.

Kokillari yer o'pgan
Sanam qani, aytinglar. 
Kuyib ketgan jonimga, 
Malham qani, aytinglar

Dardim aytsam tushungan
Odam qani, aytinglar?..

Ko'nglim gulday ezilib, 
Ko'zimga yosh to'lyapti
Eh, quyoshga osilib, 
Botib ketgim kelyapti!


TURKMAN QIZ

Aylanaman, Sharqni kezib aylanaman, 
Iboli bir yor topolmay o'ylanaman. 
O'z yurtimning suluvlari til uqmasa, 
Uzun ko'ylak turkman qizga uylanaman...

Ko'zim tushsa yuzlarin lov-lov yonadi, 
Yelkasida qirqta chaman tovlanadi, 
Kesilmagan kokillari to'lg'onadi, 
Uzun ko'ylak turkman qizga uylanaman...

U elining urflarini qilmaydi xor, 
Beshigi hech allasiga bo'lmaydi zor, 
Qoshida momosi qo'ygan o'smasi bor, 
Uzun ko'ylak turkman qizga uylanaman...

U ajralib turar turfa gul ichida, 
Oftob chiqib, oftob botar kulgichida, 
O'z tilida gapirmaydi til uchida, 
Uzun ko'ylak turkman qizga uylanaman...

Bir xil libos kiymish ko'rdim nechalari
Oybaldog'i yonib turar kechalari. 
Yashnab ketar yursa Toshkent ko'chalar
Uzun ko'ylak turkman qizga uylanaman.

Go'shangaga kirganimda yorga yetib, 
Menga o'lan so'ylab berar yodlar etib
Bobolarim ruhlarini shodlar etib, 
Uzun ko'ylak turkman qizga uylanaman.


PALAXMON

Osmon yerga engashib, 
Bulut sog'di kun bo'yi, 
Yolg'onchi yor to'yida
Yomg'ir yog'di kun bo'yi.

Yomg'ir emas, bu xalqob
Kelinchak ko'z yoshidir. 
Yig'lama yor, qiz bola
Palaxmonning toshidir.

Qayg'urmagil qo'y, chorboq
Aylanamiz yur do'stim, 
Peshonang shu ekan, bu -
Taqdir, dedi bir do'stim...

Taqdir emas, ayirgan, 
Yorning qalam qoshidir. 
Qolaversa, qiz bola
Palaxmonning toshidir.

Egilmagan yerlarga
Egib yigit boshimni, 
Palaxmon-ey qaylarga
Otding yoqut toshimni!


AJAB DUNYO

Ikki buyuk shoir, ikki musofir –
Navoiy Hirotda, Qobulda Bobur. 
Sizni o’ylatmasmi bu jumboq, bu sir, 
Navoiy Hirotda, Qobulda Bobur…

Buni tasodifmi atayin, ayting, 
Qitmir qismat o’yni deyinmi yo bir? 
Ko’rib qo’y, Turkiston, ikki shoh bayting –
Navoiy Hirotda, Qobulda Bobur.

Jafo etganga ham jabr etmadik, 
Gadoni siyladik goho, xudo bir. 
Daholarimiz qadriga yetmadik –
Navoiy Hirotda, Qobulda Bobur.

Yer yonar jahannam afg’onda yal-yal, 
Kulrang ko’rpa yanglig’ bulut yonodur. 
Yonar ne tiklagan bo’lsa bir mahal –
Navoiy Hirotda, Qobulda Bobur.

Ikki buyuk hikmat, ikki xush zabon, 
Ikki buyuk dildan yo’qdir sado bir. 
Biz g’animga bejang topshirgan qo’rg’on –
Navoiy Hirotda, Qobulda Bobur.

Uchrashishmagandi ular hayotda, 
Yoturlar yonma-yon ikki lahatda. 
Nima deysiz endi, hayot-hayot-da –
Navoiy Hirotda, Qobulda Bobur.


DALADA

Qovushmagan ikkita taqdir. 
(Balki u ham o’zicha haqdir). 
Orasiga ikki egatni
Atay tashlab o’tdi brigadir…

Qovushmagan ikkita nigoh. 
(Balki savob bu, balki gunoh). 
Orasiga ikki egatni 
Atay tashlab o’tdi brigadir…

Hamma qizning ko’zi ularda, 
Hammasi bir bo’lib o’ylardi. 
Orasiga ikki egatni
Atay tashlab ketdi brigadir.

Ikki egat oralarida, 
Ko’kka o’rlab ketguncha xirmon. 
Ikki egat oralarida
Besh millionga yetguncha xirmon.

Zorlanadi yalinchoq nigoh
— Kel yonimga, birga teramiz. 
Unamaydi tortinchoq nigoh: 
— Odamlarga kulgi bo’lamiz…


SHOIR SEVGISI

Tanimayman deysiz, 
Bilmayman deysiz. 
Yorijon, nozmi bu, 
Sho’xliklaringiz?.. 
Meni tanir hatto, 
Kipriklaringiz, 
Siz esa shoirni
Sevmayman deysiz.

Ko’rib-ko’rmaslikka
Olmoqlar oson. 
Siz-ku ko’rsangiz ham
Olmaysizu tan, 
Meni tanib, hatto
Har kun ko’chamdan, 
Sochingiz qo’l silkib
O’tar yorijon.

Bilaman taxminan
Shunday o’ylaysiz: 
Shoirlar – devona, 
Tuzalmaydilar. 
Shoirning sevgisi
O’tkinchi deysiz, 
Shoirlar odamdek 
Sevolmaydilar.

Yona-yona bir kun
Ko’yingizda men, 
Ado bo’ladirg’on
Qulga o’xshayman. 
Eng go’zal she’rimni
To’yingizda men, 
Poyingizga gulxan
Qilib to’shayman.

Qo’rqmang. Yangrar qo’shiq. 
Tugamas o’yin. 
Ko’rganlar sizdan ko’z
Uzolmaydilar. 
Shoirlar buzolmas
Birovning to’yin, 
Birovning uyini
Buzolmaydilar.


SANAM

Bir qarab qo’ysang nadir
Bizga ham goho sanam. 
Menga sensiz beqadr
Dunyo sanam, dunyo sanam.

Sen o’zing shamsu hilol, 
Kuydirgi yor, sohibjamol. 
Sensiz ul osmonda yo’q
Ma’no sanam, ma’no sanam.

Ko’zlari jayron o’zing, 
O’z husniga hayron o’zing. 
Tengi yo’q, timsoli yo’q
Zebo sanam, zebo sanam.

Boq, ajab g’avg’odamiz, 
Sevgi degan sahrodamiz. 
Qays o’zimu sen ekan
Laylo sanam, Laylo sanam…

Bir qarab qo’ysang nadir
Bizga ham goho sanam. 
Menga sensiz beqadr
Dunyo sanam, dunyo sanam.

YAXSHI

Xurshid Davronga

Ey do'stlarim,bu dunyoda
Ortda qolgan iz yaxshi,
Bulbuli yo'q bahordan
Qumri to'la kuz yaxshi.
Minnat to'la halvodan
Ayvondagi muz yaxshi,
O'pich ko'rgan paridan
Sepkil toshgan yuz yaxshi,
Ichmasang ham qimiz zo'r,
Quchmasang ham qiz yaxshi.

Ey do'stlarim,dunyoda
Ortda qolgon yod yaxshi,
To'qligingda yo'qlagan
Qarindoshdan yot yaxshi,
O'nta nomard do'stingdan
Bitta cho'loq ot yaxshi.

Olisdagi oltindan
Quchoqdagi gard yaxshi,
Vafosi yo'q xotindan
Davosi yo'q dard yaxshi,
G'alamis bergan g'aznadan
Burda arpa non yaxshi,
Qirqta chala mulladan
Bitta musulmon yaxshi.

O`ZBEK

Sen paxta terarding yetti bukilib,
Paykalingda eding ey onajonim.
O`zbekmisiz, deya g`alati kulib,
Mendan so`rab qoldi bir tannoz xonim.

Tannozlar bilan ne ishim bor,
Yorab,
Ammo tushundim bu ishorasiga.
Qarshimda turardi u ermaktalab,
Malika boqqandek fuqarosiga...

Mana, gazetalar chiqdi qo'ynidan,
Hammasi o`zicha qiladi talqin.
Tillolar topilgan emish uyingdan,
Oltinga ko`milib qolibsan, xalqim.

Sen nega o`rimga bormaysan yozda,
Yoki sen otangni o'gay o'g'lisan?!
So'ksa indamaysan, qo'ymi - to'qlisan,
Ursa yig'lamaysan, demak - o'g'risan!

Sahardan shomgacha mo'ltirab, ko'zing 
Ko'rmay qolgunicha chopding dalangni.
O'g'rilik qilmasang, ayt axir o'zing,
Qanday boqayapsan shuncha bolangni.

Xonim nigohidan uqqanlarim bu,
Ko'nglimdan kechganin bilib turadi.
Yasama yuzida yasama qayg'u,
O'zbekmisan, deya kulib turadi.

Bir boplay dedimu tilimni tiydim,
Mayli, odam qurib shunga so'z deymi.
O'zbekni yer tanir,
Osmon taniydi.
Tannozlar qayoqdan bilsin o'zbekni!

O'ZBEK HAQIDA BALLADA

Qiyosi yo'q uning mehri bir daryo,
O'xshasa o'ziga o'xshaydi O'zbek.
Boshqa millatlarni bilmadim, ammo,
Dunyoda bolam deb yashaydi O'zbek!

O'nta bo'lsa o'rni boshqa uningchun,
O'g'lim otashimdan yaralgan uchqun.
Qizim parilardan chehrasi gulgun,
Qoshlari qalam deb yashaydi O'zbek!

Bir qo'lda belanchak, bir qo'lda Qur'on,
Bir elkada ketmon, birida iymon.
Barchaga barobar oftobsimon,
Yashnasin olam deb yashaydi O'zbek!

Bobolari qaysi yigitlardan kam,
Momolari hushro'y yuzdan oshsa ham.
Zurryodlari bo'lsa bitta uyga jam,
To'shak yetmay to'nin to'shaydi O'zbek!

Ehtirom etganga ehromlari bor,
Kekkayganga bo'yin egmaydi zinhor.
Beshik to'la jajji islomlari bor,
Tosh o'tmas qo'rg'onga o'xshaydi O'zbek!

Qiyosin topdingmi aytgin Muhammad?
O'xshasa o'ziga o'xshaydi O'zbek.
Yomon sher yozsang ham betingdan o'pib,
Kam bo'lma bolam deb yashaydi O'zbek!

* * *

Ma’yus kunim ko‘zim tushsa, 
Kuyar osmon, tushunmaysan. 
Meni samo tushungaydir, 
Sen, ey inson, tushunmaysan..

Kuyib ko‘ksim o‘tar bo‘lsam, 
Oqar bo‘lsam, ketar bo‘lsam, 
Meni daryo tushungaydir, 
Sen, ey ummon, tushunmaysan.

Men ham shaydo, men ham maftun, 
Men ham hech kimi yo‘q Majnun, 
Meni laylo tushungaydir, 
Sen, ey jonon, tushunmaysan.

Mening yo‘lim uzun armon, 
O’zim dovon, o‘zim karvon, 
Meni sahro tushungaydir, 
Sen, ey sarbon, tushunmaysan.

Mening borim erur ko‘nglim, 
Mening yorim erur ko‘nglim, 
Ma’yus tanho tushungaydir, 
Sen, ey xandon, tushunmaysan...

Ma’yus kunim ko‘zim tushsa, 
Kuyar osmon, tushunmaysan. 
Meni Olloh tushungaydir, 
Sen, ey xoqon, tushunmaysan.

Ko‘nglim gul, ko‘zlarim guldir, 
Yuzim gul, qo‘llarim guldir. 
Meni sabo tushungaydir, 
Sen, ey to‘zon, tushunmaysan...

G’uborimdir bo‘yi rayhon, 
Minorimdir tilim biyron. 
Meni dunyo tushungaydir, 
Sen, ey nodon, tushunmaysan.

IQROR

O, ota makonim.
Onajon o‘lkam,
O’zbekiston, jonim to‘shay soyangga.
Senday mehribon yo‘q,
Seningdek ko‘rkam.
Rimni alishmasman bedapoyangta.

Bir go‘sha suv bo‘lsa, bir go‘sha qirlar, 
Qancha yurtni ko‘rdim, qancha taqdirlar. 
Qayga borsam suyab, boshni tik tut deb, 
Tog‘laring ortimdan ergashib yurar.

Ko‘rdim suluvlarning eng faranglarin. 
Yo xudbinman men yo bir sodda kasman men –
Parijning eng go‘zal restoranlarin, B
itta tandiringga alishmasman men.

Na gapga ko‘nayin,
Na til bilayin,
Ko‘zdan uyqu qochdi, dildan halovat -
Uch kunda sog‘insam nima qilayin,
Chala qolar bo‘ldi hamma sayohat.

Bildimki, baridan ulug‘im o‘zing, 
Bildimki, yaqini shu tuproq menga. 
Bahorda Baxmalda tug‘ilgan qo‘zing, 
Arab ohusidan azizroq menga.

Sen bilan o‘tgan har kun bayram - bazm, 
Sensiz bir on qolsam vahmim keladi. 
Seni bilganlarga qilaman ta’zim, 
Seni bilmaslarga rahmim keladi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.