Muhayyo Rustam qizi 1973 yilda tug‘ilgan. Navoiy Davlat pedagogika intstitutining o‘zbek filologiyasi fakultetini bitirgan. She’rlari respublika matbuotlarida chop etilgan.
* * *
Ey yori mehribon, dilsulton,
Qirmizi qirlarga ketaylik.
Lolalar qatlida uzdim jon,
Ul alvon sirlarga yetaylik.
Boq, hanuz daryolar sollanar,
Moviy tus osmon-ku, izhorim.
Ko‘ksimda turnalar jonlanar,
Kelsang-chi, ishq – tashna, bahorim.
Ey yori mehribon – nurjahon,
Ko‘kda oy – binafsha, uvolim.
Namozshom guliga to‘kdim qon,
Kapalak ruhida xayolim.
Men kabi yonmagay xurshid ham,
Shom mahal yiqilar ul asta.
Tun bo‘yi dardimga baham sham,
Yostiqlar ingranar shikasta.
Ey yori mehribon, men – xazon,
Ovvora yaproqlar chirpirak.
Yam-yashil ismimda za’faron,
Mezonday tentiydi sof yurak.
Yalang‘och daraxtlar – mehmonim,
Kuz kabi sarg‘argan yetimman.
Yomg‘irlar bostirar isyonim,
Kelmasang, ayt, kimman, men, kimman?
Ey yori mehribon, ishq yomon,
Qarg‘alar tilida qismatim.
Qovog‘ing zahmida qahraton,
Dovulmi, izg‘irin ismatim?
Sochimda qirovlar ildizi,
Chuchmoma hididan gullayman.
Men – sening qishingda qor qizi,
Yozig‘im na bo‘lg‘ay... bilmayman?!
Ey yori mehribon, qadrdon,
Vaslingni istarman muttasil.
Hislarim to‘lqini noparmon,
Ko‘zlaring izmida to‘rt fasl.
Taqdirmi, ikkimiz tutashmiz,
Sevgilim: men – tuproq, sen – osmon!
Ne oshiq-ma’shuqqa o‘xshashmiz,
Bu dunyo ko‘rmagan hech... hamon?!.
Ey yori mehribon!..
* * *
Go‘shangada yig‘lar yor,
G‘ujgon aylanar ari.
(Gulga tomadi azob...)
Oh, bunchayam tun uzoq,
Uziladi barmoqlar?
(Qurt bosar gulg‘unchani...)
Yerga sig‘mas bahodir
Qilichdan o‘tkazadi
Bir-bir gulning hidini.
Uzun kokil xurram qiz,
Talashar chumolilar
Ari tishlagan gulni.
Quladi soyga hilol,
Qon tuflaydi bahodir.
Eski choriq kiydi tong...
* * *
Baxt qasridan kaptarlarimni
Bir kechada qo‘ydim uchirib.
Umrim bitgan daftarlarimni
Qayta yozdim, ishqni o‘chirib.
Menga mahtal ko‘nglingda soyam,
Kipriklarim – yomg‘irga pana.
Alamingda ezilgan qoya
To‘qiyapti g‘amgin afsona.
Sovuq urgan kuzgi gullarni
Taqdim etding sevgimga atab.
Men muz qotgan mungli unlarni
Yashar bo‘ldim bo‘g‘zimga qadab.
Turtib o‘tsa bemavrid shamol,
Chayqalansa ko‘hna xotira.
Senga qaytsam – o‘zimga zavol,
Ajablanma, shunda ham sira.
* * *
Har gal meni
unutib qo‘yaverar vaqt.
Keraksiz matohday qolaman chetda.
O‘ksinib-o‘ksinib yig‘layman keyin.
Holimga bosh chayqagan kabi
chiqillab jimlikni buzadi soat.