1958 yilada tug‘ilgan. Toshkent Davlat madaniyat institutida tahsil olgan. “Muhabbat yo‘li”, “El farzandi”, “Oltin beshik”, “Munis nidolar” she’riy va nasriy to‘plamlari chop etilgan.
* * *
Munisginam ona hayot, qo‘llaringni ber,
Etaklaring manglayimga to‘tiyo qilay.
Ko‘zlaringni ko‘ray, axir, ular nima, der,
Oppoq, nurli sochlaringni birgina silay.
To‘qqiz yuz ming temir eshik xizmatda bo‘lgan,
G‘aybiy yetti devor ichi bo‘lsa makonim,
Zabt etishning ilinjida kimdir so‘ragan
Va kimlardir ishq o‘tida bo‘lsa somonim.
Mukarramam, ona, hayot yo‘llaringni ber,
Sendan o‘tib kelaqolsa, mayli, men rozi.
Ko‘zlaringni ko‘ray, axir, ular nima, der,
Men o‘zimni senga berdim odil tarozi.
* * *
Ma’naviyat – qalbning quyoshi
Nurlantirar umr yullarin.
Ezgulik – sog‘inchning yo‘ldoshi,
Mehr bo‘lar, uzun qo‘llari.
Hayratida qushlar parvozi
Osmonlarda ibodat qilar.
Mezonlarning uchqur ovozi –
Muhabbatdan yana ne tilar?!
* * *
Men hammaga do‘stman, mening do‘stim yo‘q,
Devona bir umid charchadi, toldi.
Xazonrez bog‘larning kami-ko‘sti yo‘q,
“Mevalar...” yer bilan bir bo‘lib qoldi.
Xazon quchog‘ida barq urar xumor,
Ehtiros maysadan gullar tutadi.
Betoqat hayajon ming yildan buyon
O‘zini unutib, kimni kutadi?!
Men hammaga do‘stman, mening do‘stim yo‘q...
* * *
Siz bilan umrim,
umidim,
orzuim,
yo‘llarim,
qo‘llarim
bog‘landi.
Bir mushtday yurakning
hujayralari
sizni deb yashashga
chog‘landi.
Omonat dunyomning
ustunlari-la,
ko‘targansiz qad,
Sizsiz tasavvurning
telbavor dunyosi:
muvaqqat,
muvaqqat,
muvaqqat...
* * *
O‘z uyingda qadr topib, uchib ketyapsan, qushcham,
Samolardan ne sir topib, uchib ketyapsan, qushcham.
Baxt, axir, endi kurash, o‘zginangni chog‘lab tur,
Bir azobni, bir quvonchni quchib ketyapsan, qushcham.
Uchirma qush bo‘lganlarning tilaklari bo‘lsin yor,
Ixlos bilan manzillarni ko‘zlab uchayotgan payt.
Xayollarning ummonida duru gavharlaring bor,
Ufqlarning qonashimu chehrangdagi lola bayt?!
* * *
Oyog‘im ko‘mgan tuproq –
To‘rtko‘lim, benazirim,
Xayoldan ketmas biroq
Orzudagi taqdirim.
Munavvar tong boshimga
Nurlaring gulchambar qil,
Egizmiz-ku, qoshingda
Men, yana munavvar dil.
Unda yashaydi maysa –
O‘zbekiston bahori,
Dil tug‘yoning kamaysa,
Muhabbatdir ohori.
Unda yashaydi malak –
Ko‘klarning farishtasi,
Bo‘laversin jonhalak,
Ishq-dilning sarishtasi.
Unda yashaydi orzu –
O‘zin topmagan imkon,
Bo‘l, axir, tosh-tarozu,
Shu qizingga, onajon!