OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nargiza Asad (1984)

Nargiza Asad 1984-yil Toshkent viloyatining Quyi Chirchiq tumani Gul qishlog‘ida tavvallud topdi.
Talabalik yillaridagi ilmiy-ijodiy izlanishlari samarasi o‘laroq, uning “Saodat manzili” ilmiy maqolalar  va “Ishq ostonasi” nomli she’riy to‘plamlari chop etildi.
Ayni vaqtda u jurnalistika sohasida faoliyat yuritib, “Turkiston-press” axborot agentligida ishlamoqda. “Yuragimning sarhadlari” nomli she’riy kitobi 2011 yil nashrdan chiqdi. Shu bilan birga Nargiza ijodkor ayollar uchun o‘tkazilgan “Atirgul” mukofoti sohibasi hamda mustaqilligimizning qutlug‘ 20 yilligi ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

 

* * *

Uyulib yotadi stolda qog‘oz
Boshing ko‘tarolmaysan ishdan.
Xonang issiq...
            sovqotdim bir oz,
Jonim, xabaring bormi qishdan...
Qiyalatib eshiging nasim,
Ostonangdan bo‘ylasa so‘ng bor.
Anglamading...
            sog‘inish kasbim
Qara, axir, ketyapti bahor!...
Uvushdimi nedandir tanang,
Qarog‘imda qolsa tilaklar.
Ko‘rmaganga yo‘ygach ishxonang,
Olib ketdi,
         meni laylaklar...
Xazonbog‘dan kelsa gar ovoz
Izla, endi tuyg‘ularimni
Yillar bo‘yi titkilab qog‘oz,
Topolmaysan,
            kulgularimni...


 MANZARA

Dardga yo‘rgaklab baxtni,
Bu fursatni qancha kutdi.
Titratib yeru samoni,
Yukli ko‘kni to‘lg‘oq tutdi.
    
Karaxtlanib qoldi zamin,
Lahzalarga larza indi.
Chopib doya guldiraklar
Do‘l-yomg‘irlar horib, tindi.
Xushxabarni ilib ketdi,
Shamol erkka berib jismin.
Olam boqib, qizaloqning
Ko‘klamoy deb qo‘ydi ismin.

 * * * 

Buncha go‘zal, buncha dilrabo
Bahor seni suyganligi rost.
Atrofingda aylanar sabo,
Uning ishqi shamollarga xos.

So‘z topolmay dashtlar bir og‘iz,
Bu husningdan turadi karaxt.
Oydalada qo‘rqmayin yolg‘iz,
Ayt, qandayin gullading daraxt.

 * * *

Vatan.
Sening har bir burjing
Yuragimning sarhadlaridir.

 * * *

Quyoshning tikilib
qolganini ko‘rib,
duv qizardi olchaning yuzi.

 * * *

Tun bo‘yi... yomg‘ir
Derazam oldidan ketmadi, 
Yig‘layverdi ismingni aytib.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.