OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nargiza Odinayeva (1988)

1988 yilda tug‘ilgan. “Kelajak ovozi” tanlovi viloyat bosqichi g‘olibi. “Do‘rmon” ijodkor yoshlar seminari qatnashchisi. “Yo‘ldagi maktublar” kitobi muallifi.

 Ko‘ngil manzili
 
Tog‘larni sog‘inib buzildi chillam,
Tongimdan adashdim, vaqt – uchar gilam,
Lahzam ibodatdir, manzilim – qiblam,
Yo‘lim joynamoz, deb, chiqdim safarga.

Yomg‘irda mast qildi bo‘ylari gilning,
Endi kamlik qilar to‘rt fasli yilning,
So‘zlari berkinib oladi dilning,
Topmayman nelarni yozay daftarga.

Vatan, tog‘laringda gulxan yoqaman,
Soylaringda jilg‘a bo‘lib oqaman,
Karvonlar qoldirgan izga boqaman,
Shu yo‘ldan yetgum bor bir kun zafarga.


 Savol
 
Ko‘k va zamin aro hadsiz makon bor,
Bag‘ringda ardoqda gul bor, tikon bor,
Hammaga atalgan yo‘l bor, arkon bor,
Bag‘ringda kim bo‘lib yashayin dunyo?

Haqqa talpinguvchi yulduz – yaproqman,
Gohida to‘laman, gohi ozroqman,
Qismat qozonida kuygan bodroqman,
Bag‘ringda kim bo‘lib yashayin dunyo?

Bilmayman, shomlardan hikmat olmoqni,
Mo‘minning kaftiday nurga to‘lmoqni,
Men eplay olmadim odam bo‘lmoqni,
Bag‘ringda kim bo‘lib yashayin dunyo?

Ko‘kda ovozi bor hatto qushning ham,
Tog‘larda izi bor sovuq qishning ham,
Kulday javobi bor bul yonishning ham,
Bag‘ringda kim bo‘lib yashayin dunyo?


 Bariga
 
Yo‘llar meni kutib, iz taxlayverar,
Shamol yuragimni varaqlayverar,
Ko‘nglim eshiklari taraqlayverar,
Ko‘nikib qolganman bari-bariga.

Qush bo‘lsang – burgut bo‘l, bo‘lmagin g‘ajir,
Yo‘qsa, boshing tomon ilonlar sapchir,
Nega to‘rt faslda gullamas anjir?
Ko‘nikib qolganman bari-bariga.

To‘xtamay yugurib o‘taver, anhor,
Kuzdan keyinga bosh qorong‘i bahor,
Ko‘nglim nima ekan, dunyo – o‘zi tor,
Ko‘nikib qolganman bari-bariga.

...Bormanmi, yo‘qmanmi, xoksor itingcha,
Meni ranjitaver istaganingcha,
Borar yerim, xolos, qaldirg‘och incha...
Ko‘nikib qolganman bari-bariga.


 Yomg‘ir
 
Yo‘llarimda taqdirning kuzlab ketgan bog‘i bor,
Yelkamda bir quyoshning muzlab yotgan tog‘i bor,
Qushlarga in ko‘nglimda mingta oyning dog‘i bor,
Meni yomon demagin, meni yomon demagin.

Bag‘rimdagi qushlarim yongan qo‘shiq istaydi,
Sening mehringsiz dilda bir beshik huvillaydi,
Joningga ozor bergan yantoqlar ham gullaydi,
Meni yomon demagin, meni yomon demagin.

Fasllarga ko‘nmaydi dilda ungan chechaklar,
Dunyoga to‘ylar tilab mening so‘zim kurtaklar,
O‘zimga olib qaytmas, o‘zim aytgan ertaklar,
Meni yomon demagin, meni yomon demagin.

Bunda boshim xazonu ketgan bahor bilmasa,
Qahratondek qismatim qoshu ko‘zlik qilmasa,
Yig‘layapman, yig‘imdan aytsam ko‘ngling to‘lmasa,
Meni yomon demagin, meni yomon demagin.

Yo‘llarimda taqdirning kuzlab ketgan bog‘i bor,
Yelkamda bir quyoshning muzlab yotgan tog‘i bor,
Men-ku yerda yuribman, hatto oyning dog‘i bor,
Meni yomon demagin, meni yomon demagin.


 Bir kunim
 
Yuzimni onamdek silasa sabo,
Rayhon taraladi kokillarimdan.
Toshlariga qo‘shib oqizdi daryo,
Meni chaqirib ol, sohillaridan.
    
Bayrog‘i bo‘ldim men qizil shafaqning,
Shom langar tashladi lahzalarimga.
Poylarini o‘pib, quchdim tuproqning,
Endi ne yozilgay sahfalarimga?

Nigohimda gullar tuyg‘ular izsiz,
Tomirimga sig‘may yig‘laydi qonim.
O‘rmak yuguraman yozsiz va kuzsiz,
Sen meni kechirgin, qil bo‘lgan jonim.

Kuzoynagin taqib ulgurmay quyosh
Nimalarni ko‘rar ufqdan-ufqqacha?
Ko‘ksimga bosh qo‘yib, yig‘layotgan tosh
Neni joylayapsan ichdan-ichgacha?

Qizil shamlarini yoqqanda samo,
Qora tashvishlari ortdi havoning.
Tunni yelkalagan ey, bedil dunyo,
Mening yuragimga botdi tovoning.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.