Ne’mat Dushayev 1963 yilda Toshkent viloyati Angren shahrida tug‘ilgan. Toshkent Davlat madaniyat institutini tugatgan. “Angren haqiqati”, “Ohangaron”, “Dovon” gazetalarida ishlagan. 1994-2006 yillarda O‘zbekiston milliy axborot agentligi – O‘zAda xizmat qilgan. Hozirda “Ulug’ yo’l” ijtimoiy-qtisodiy gazetasida bosh muharrir.
“Saxiy xayolparast” (1993), “Sehrli tayoqcha” (1997), “G‘alati bo‘taloq” 1999), “Kim zo‘r?” (2004), “Ular dovon yo‘lini qurgan edilar” 2005), “Gurumdagi gurunglar” (2009) she’riy va nasriy kitoblari chop etilgan. 2005 yildan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.
ONAJON
Mehringizni bildim, onajon,
Yurakdan his qildim, onajon.
Boshimizda quyoshsiz-oysiz,
Faqat bizni-bizni o‘ylaysiz.
Ko‘zga surib siz bosgan izni,
Joyga quyay hurmatingizni
Deyman-u eh, afsus, men nodon
O‘ksitaman tag‘in, onajon.
Keyin-keyin esa ovloqda,
Sizdan sal-da olisroq yoqda,
Qo‘msab qolib otash mehringiz,
Pushaymonlar chekar o‘g‘lingiz.
Nechun bag‘rim tilay, onajon?
Aytganingiz qilay, onajon.
Mehringizni bergaysiz, axir,
Odam bo‘l deb, tergaysiz, axir.
Endi Sizga solmasam quloq,
Yuzlarimga torting shapaloq!
IZTIROB
Nima bo‘ldi bilmayman,
Menga o‘zi netyapti.
Negadir oyoq-qo‘lim
Bo‘shashibroq ketyapti.
Hatto-ki bo‘yinbog‘im
Meni buqqandek bo‘lar,
Nurlarini ko‘zimga
Quyosh suqqandek bo‘lar.
Xafa bo‘lib ketyapman
Men o‘zimdan ilk bora.
Ko‘z o‘ngimda uzunsoch
Yuzi g‘amgin Dildora...
Bugun uni maktabda
Xafa qilib qaytdim men.
O‘zim ham bilmay qoldim,
"Yetimsan” deb aytdim men.
Jahli chiqdi Dildorning,
Qo‘li tayoqqa bordi.
Lek urmadi .. piqillab
Birdan yig‘lab yubordi.
Mayus ko‘zli Dildora
A’lochi, chiroyli qiz.
Afsus, ota-onasi
Tashlab ketgan-da, esiz...
Shunga xo‘rligi kelib
Yig‘layverdi yum-yum.
Turar edim tosh qotib
Men misoli bir buyum.
Endi esa o‘zimdan
Xafa bo‘lib ketyapman.
Kechir Dildora, deya
Iltijolar etyapman.
ARMON
Singilcham sal narsaga
Xarxashasin boshlardi.
Qo‘ya qolgin desak ham
Ko‘zlarini yoshlardi.
Bir kuni kelib mehmon
Pichog‘ini ko‘rsatdi.
Va uyalmay singlimga
Vahimali so‘z qotdi:
– Bas qil! O‘chir! Yig‘lama!
Tuzat u-bu yog‘ingni.
Agar tovush chiqarsang
Kesaman qulog‘ingni.
Sho‘rlik singlimning dami
Ichiga tushib ketdi...
Shu-shu yig‘lash odatin
Butunlayin tark etdi.
Indamas bo‘lib qoldi,
Gapiradi kamdan-kam.
Ko‘rpaga kirib olar
Kelsa begona odam.
Jon, singlim, qo‘rma, deymiz,
Qo‘rqma, "tog‘a", "pochcha" u.
Yo‘q, ishonmay bekinar,
Ko‘nglida yashab qo‘rquv.
O‘sha yomon mehmonni,
Va pichoqni eslaydi.
Kechalar alahsirab,
Quloqlarin ushlaydi.
PUSHAYMON
Maktabdan kelib Adash
Papkasin to‘rga otdi.
Endi o‘qimayman, deb
To‘shakka ag‘nab yotdi.
Tinchlikmi, deb so‘rarsiz,
Nechun xafa, nechun g‘ash?
Muallimdan bugun ham
Koyish eshitdi Adash.
Shunga xafa, gapirmas,
Dardin yormas hech kimga.
Yotaverdi kechgacha
Qasd qilib mualimga.
Yotaverdi ko‘ngliga
Araz urug‘in ekib.
O‘z-o‘zicha g‘udranib,
O‘z-o‘zicha entikib.
Yotaverdi choy ichmay,
Chetga surdi nonini...
Nahotki biron kimsa
So‘ramasa holini.
Yotaverib sho‘rlikning
Qorni ochar, zerikar,
Yurak chopib qo‘chaga
Derazadan ko‘z tikar.
Tengqurlari to‘p surib
O‘ynashar ekan shodon,
Chuqur husinib qo‘ydi:
"Qasd qilish yomon, yomon!"
MIX HAQIDA BALLADA
– Teshib o‘tdi yog‘ochni,
Temir uchrab mayishdi.
– Shu ekan ahvoli?
– Yo‘q,
U qavmiga qayishdi.
KIM QANAQA?
Darrozman deb jirafa
O‘zidan bo‘lar xafa.
Mittiman deb chumoli
Juda o‘ylanib qoldi.
Semizman deya cho‘chqa
Ovqat yemadi boshqa.
Qo‘rqoqman, deb quyoncha
Ko‘z yoshi qildi ancha.
Bo‘ri qilib vaxshiy ish,
Endi ko‘zlar yaxshi ish.
Shum-da, iqror bo‘p tulki,
Ilk bor o‘zidan kuldi.
Faqat eshak nishho‘rd yeb,
Xangrar "aqlliman" deb.
SAXIY XAYOLPARAST
Yer aylandi,
Qish payti chaqdi chaqmoq.
Va yog‘di gupillatib
Qor o‘rniga... muzqaymoq.
Zum o‘tmay muzqaymoqqa
Ko‘cha-ko‘y to‘lib ketdi.
Dala-yu qir, bog‘-u tom
Muzqaymoq bo‘lib ketdi.
Hamma yalar muzqaymoq,
U yetadi bariga.
Ko‘plar to‘ldirib oldi
Hatto papkalariga.
Muzqaymoq yog‘averdi,
Go‘yo yorda hali kam.
Muzqaymoqni sevishib
Qoldi mushukchalar ham.
Kuchuklar ham totinar,
Mayli yesin, yetadi.
Ertaga quyosh chiqsa
Bekor erib ketadi.
FALSAFA
It mushukni ko‘rgan dam
Yeb qo‘ygudek tashlanar.
Adovat bor ming yillik,
Qaydam, ko‘ngli g‘ashlanar.
Mushuk esa erta-kech
Kun bermaydi sichqonga.
Sichqonvoy ko‘z olaytar
Qopdagi bug‘doy-donga.
Bu hayot – kurash derlar,
Umr qorishiq jangga.
Alam qilar, kun bermasa
Har kim kuchi yetganga.
SO‘Z O‘YINI
Kim zo‘r?
Chiranaverma, Botir,
Agar bo‘lsang zo‘r, botir.
Ana, qaynagan suvga
Qo‘lingni bitta botir.
Hayvonot bog‘ida maymun
Konfet otdik bittalab,
Cho‘chaytirdi bitta lab.
Qashinib ho‘p kuldirdi:
– Qo‘ymayapti bit talab.
Nima yoqadi o‘zi?
– Sen yaxshisan! Aytgandim shunigina,
Ketdi qoldi, qilgancha shuni gina.
Qiz bolaga”yomonsan, demayman-ku,
Sizga aytsam, g‘alati shu Nigina.
Bu qaysi fasl?
Bir pasda sochlarim ketdi oqarib,
Bobomdek qoldimmi men ham , o, qarib?
Yaxshiyam uy issiq, chopib kirdimu,
Bir pasda yoshardim, boshdan oq arib.
Kimga qanday?
Bahor yomg‘ir yoqqani
Maysaga eng yoqqani.
Chumoli der:
– Bas, oftob
Chirog‘ingni yoq, qani...
Ustoz va shogird
Bu doira, bu rubob, bunisi nay, dedi,
Changni ham ko‘tar (ustoz buni sinay dedi).
Mashshoq bo‘lish oson emas ekan, dod der shogird,
“Voy, belim, (qaerga qo‘yay buni) sinay dedi.
Yomg‘ir yoqqanda
Shiftdan sizib tomchilar,
Chak-chak etib tomchilar.
Xona hovuz bo‘p ketdi
Qaerdasiz “tomchi”lar.