OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nodira Barotova (1969)

1969 yilda tug‘ilgan. ToshDUning o‘zbek filologiya fakultetini tugatgan. Ayni paytda Toshkent Pediatriya tibbiyot instituti qoshidagi 2-son akademik litseyi o‘qituvchisi. Uning “Yuragimning zangori rangi” nomli she’riy to‘plami nashr etilgan.

 * * *
 
Bu yo‘llarning yo‘qday oxiri,
Yuraverdim kuz bog‘larida.
Xayolimni sochib yubordi,
Tanish anhor irmoqlarida.

Quyosh chiqdi bugun ertaroq,
Shabbodalar shoshib qoldilar.
Qo‘llaridan to‘kilib maktub,
Daraxtlar ham qotib qoldilar.

Maysalarda yaltirab shabnam,
Quyoshidan charchadi aqrab.
Ikkimizga intiq yo‘llarda,
Chinor qoldi nomimiz saqlab.

Unutildi hatto yo‘laklar,
Qalbimizga cho‘kdi iztirob.
Oramizda sochilib yotar,
Ayriliqlar yozgan bu kitob.

Bu yo‘llarning yo‘qday oxiri,
Ketib borayapmiz besamar.
Bir umid bor, yer-ku aylana,
To‘qnash kela ololsak agar.
Bu yo‘llarda...

 * * *
 
Daraxt yaprog‘iga maktublar bitdim,
Qo‘llarimda uxladi yulduz.
Kutdim seni, ko‘p uzoq kutdim,
Keldingmi yo ma’yusginam kuz?

Novdalarni tebratdi sabo,
Kuyladilar kuylarida so‘z.
Bog‘laringda tentirab yurdim,
Keldingmi yo ma’yusginam kuz?

Poyimizda xazon shivirlar,
Ariqlarni tark etdi yalpiz.
Sochlarimga oraladi oq,
Keldingmi yo ma’yusginam kuz?

Majnuntollar sochini yoyib –
Ostonada yo‘l qaragan qiz.
Men yuribman javzodan horib,
Keldingmi yo ma’yusginam kuz?

Sen hijronlar faslimisan yo,
Yo bog‘lardan to‘kilgan afsus?
Sokinlikning go‘zal manzili –
Keldingmi yo ma’yusginam kuz?
Keldingmi yo ma’yusginam kuz?

 * * *
 
Yomg‘irlar shivirlaydi quloqlarimga,
Chala boshlaydi kuy, derazam chertib.
Go‘yo, eshitmadim uning ovozin,
Sukut saqlayverdim pardani tortib.

Chertaverma yomg‘ir deraza romin,
Shundoq ham yuragim daraxt yonida.
Axir, sezmadingmi, sabrimni sinab,
U kutib turibdi... Soyabonida?!.

Yomg‘ir shivirlaydi, yomg‘ir – xayolim,
Qup-quruq jismni qamadim uyga.
Qara, yuragim ham jo‘r bo‘layotir,
Faqat sen boshlagan alyorga, kuyga.

Yomg‘ir shivirlaydi, har tomchisida
To‘kila boshlaydi firoq unlari.
Yomg‘irmi, hijronmi, ayriliqlarmi
Asrlarga teng deb aytgan kunlarim?
Yomg‘ir shivirlaydi...

  * * *
 
Nihoyat, to‘ldimi sabr kosasi,
Daraxtlar bo‘ldimi yana za’faron?
Qaysi ro‘molingni izlab yuribsan,
Xazonlar tagidan, pushaymon?

Endi tunu kunning yo‘qmi yo farqi,
Yana aldadimi yo loqayd g‘aflat?
Yoki sochlaringga oqlar tushdimi,
O‘zidan-o‘zi ham zerikkan, toqat?

Taqvim varag‘iday to‘kildi yaproq,
To‘kildi, to‘kildi oyog‘imga kuz.
Nega tushmayapman g‘urur otidan,
Kutib charchadingmi yo‘limni, afsus?

Horigan bog‘larga yetaklaydi dil,
Yutinib qo‘yadi go‘zal favvora.
Orzular ovozin eshitar ko‘ngil,
Pushaymon, toqat va afsus – bechora!..
Nihoyat...

 * * *
 
Har kuni shabboda olib keladi
Visolning kechikkan izhorlarini.
Har kuni namozshom olib ketadi
Ayriliqning zilday g‘uborlarini.

Har kuni saharlar olib keladi
Umidimning oppoq poyandozini.
Har kuni oqshomlar olib ketadi
Ishqning biz eshitgan pok ovozini.

Har kuni takrordir dilda bir tuyg‘u,
Qishdan o‘pkalanmang, ma’yus maysalar.
Bizni shom-saharlar chorlayveradi,
Hayot karvonida umr chayqalar...
Har kuni...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.