Norqobil Jalil 1961 yilda Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanida tavallud topgan. Toshkent Davlat universiteti (hozirgi O‘zMU) ning o‘zbek filologiyasi fakultetini tugatgan.
“Sog‘inchning rangi”, “Quyoshga tik qarab bo‘lmas” kitoblari chop etilgan. Hozirda “Oila va jamiyat” gazetasi bosh muharriri. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.
MINGGA BO‘LINDIM
Ming o‘lib tirildim men shu ming yilda...
Matnazar Abdulhakim
Elliginchi ostona – elakdan o‘tdim,
Ko‘nglimning qorlari erib ketyapti.
O‘zimni azoblab o‘zimni kutdim,
Ohu nolalarim qayga yetyapti?
Ming o‘lib tirildim, mingga bo‘lindim.
Yurakni o‘rtaydi ayriliq, hijron,
Muhabbat bog‘ida sarg‘aydim, kuydim.
Shunchalar tormikan, bu falak, osmon,
Vo darig‘, men Seni o‘ylamay qo‘ydim,
Ming o‘lib tirildim, mingga bo‘lindim.
Ellikta chig‘iriq, ellikta zina,
Ellikka ajralgan yo‘lga aylandim.
Sahroyi sabr bu – sendagi tana,
Men esa gullagan cho‘lga aylandim,
Ming o‘lib tirildim, mingga bo‘lindim.
Samoga termulsam, yulduzlar uchdi,
Oyga dardim to‘kib, yig‘lab topindim.
Ikki dunyo aro armonlar quchdi,
Sen meni, men seni juda sog‘indim,
Ming o‘lib tirildim, mingga bo‘lindim.
Ortimga boqaman Somon yo‘liday,
Sochilgan yillarim, alamlar yutdim.
Taqdir – uzatilgan sening qo‘lingday
Elliginchi ostona – elakdan o‘tdim,
Ming o‘lib tirildim, mingga bo‘lindim...
AKAMGA
Vijdon azoblari – nurli iztirob.
Yevgeniy Yevtushenko
“Kechir...” – shu so‘zni ham qiynalib aytdim,
So‘roqqa to‘ldi-ku umrim daftari.
Bosh egib, kechirim istagan paytim,
Falak ham yig‘ladi, falak teskari.
Ko‘ksimga sig‘madi yurakning zarbi,
Men uning ustiga mushtimni qo‘ydim.
Bugun vujudimda yolg‘izlik dardi,
Bugun azob chekar ezilgan tuyg‘um.
O‘ttiz yil umrimdan ketdi uzilib,
Zardobli yurakni qoplaydi tuman.
Faqat sen bilmaysan, ukang ezilib,
O‘ttiz yil yashadi yolg‘izlik bilan.
Mayli, tumanlar ham tarqalar ayon,
Osmon ham yorishib to‘lmoqda nurga.
Faqat tiz cho‘kaman qarshingda vijdon,
Faqat sig‘inaman yuragim – she’rga!
HAYOT GULI
O‘g‘lim Javharbekka
Ko‘zlarimda nurlar so‘nsa gar,
Yuragimni otashga to‘ldir.
Ikki daryo oralig‘ida
Xazonlar yo‘q, xazonlar guldir.
Termulasan osmonga uzoq,
Qay yulduzni izlaysan bolam?
Olisni qo‘y, sen zaminga boq,
Quchog‘ingda yashnasin olam.
Hali kular toleing sening,
Dunyosiga alishma vaqtni.
Topajaksan bir kun bilaman,
Yo‘qotganim – ismsiz baxtni.
Endi yillar shamolday o‘tar,
Xotiralar yuvar ko‘ngilni.
Yuragingga ekib qo‘y, bolam,
Hayot degan so‘lmas bir gulni...
MUHABBAT
Ozar shoiri Jobir Navro‘zdan
Yuraklarda bir jahonni yaratib,
Yeru ko‘kda bir osmonni yaratib,
Inson uni, u insonni yaratib,
Hayotning ilk Alifbosi muhabbat,
Bu dunyoning nur-ziyosi muhabbat!
Har umrda bir yulduzga tunar u,
Goh yorishib, birdan chiqar, so‘nar u,
Goho suvday loyqalanib tinar u,
Jonga nafas, tomirda qon – muhabbat,
Ming xil dardga shifo-darmon – muhabbat!
Daryodir ul – yuragingda toshganida,
Olmosdir ul – uzuklarning qoshida,
Mening uchun bir dunyodir boshimda,
Ham haqiqat, ham afsona – muhabbat,
Goh aqlli, goh devona – muhabbat!
OLIS XOTIRALAR
Yana keldim bag‘ringga qishloq,
Armonlarim senga ko‘milgan.
Eski tandir, o‘t bosgan o‘choq,
Uyimiz ham tekis surilgan.
Ko‘zlarimda miltiraydi yosh –
Xotiralar yerga to‘kilar.
Zor qalbimda tugaydi bardosh,
Mening yigit qaddim bukilar.
Ketib borar yo‘llarim ham chang,
To‘zonlari urar ko‘krakka.
Eh, changlardek qolmay ortimdan,
G‘am cho‘kadi yetim yurakka...
O‘TTIZ YIL SOG‘INCHI
Daftarlarda qoldi kunlarim,
Xotiramni ko‘mayotir vaqt.
Sen qaytmagin, qaro tunlarim,
Sen qaydasan, men izlagan Baxt?!
O‘tinib yolvordim falakka,
Ko‘rsatma, ko‘z yoshu alamni.
O‘ttiz yil yashadim – dil yara,
O‘ttiz yil sog‘indim onamni.
Olis qishloq yana chorlaydi,
Tushlarimda oqshomu sahar.
Sog‘inchim quyoshday porlaydi,
Meni tushunmaydi tosh shahar.
Ko‘ngilginam, toshga aylanding,
Unutdingmi, uyni, qishloqni?
O‘zimdan o‘zgaga boylanding,
Onamday sog‘indim tuproqni.
Endi qayga borasan ko‘ngil,
Qay bir yurak tinglar so‘zimni?
Izlayapman seni o‘ttiz yil,
O‘zimga qaytargin o‘zimni...
* * *
Kulgular o‘ynaydi, kulgular,
Lablarida qizaloqlarning.
Dimog‘imga islari kelar
Dalalardan ismaloqlarning.
Qantar og‘ib, asta eriydi,
Hisortog‘ning oppoq qorlari.
Shodligidan qo‘shiq to‘qiydi,
Oyoqchining bug‘doyzorlari.
Gumburlaydi momaqaldiroq,
Boshlanadi yomg‘irli kunlar.
Adirlarda yana qaltirab
Uyg‘onadi qo‘ziqorinlar.
Odamlarning qo‘llarida gul,
Uylariga kulib qaytadi.
Quvonchini yashirolmay el
Har kuni qo‘shiqlar aytadi...