HUR VATAN HAQIDA BALLADA
Jonlana boshlaydi tassavvurimda
Beg’ubor qalbimda balqqan ko’chalar.
Jonlana boshlaydi qizlar zulfidek
Buralib,
buralib
oqqan
ko’chalar…
1972 yil. Javzo
* * *
Ona, ko’zlaringda qatra yosh ko’rdim,
Ufqlar bag’rini qontalosh ko’rdim.
Izn ber, qalbimda gulxanlar yoqay,
Qo’yniga chorlagan bir quyosh ko’rdim.
Menga torlik qildi osmon vujuding,
Menga torlik qildi kindik makonim.
Keturman endi to nafas yetguncha
Qo’limda qiynalgan bir parcha jonim…
Ariqlar bo’yida qoldi yosh umrim,
Ajriqlar ustida qoldi yosh umrim.
Ayriliq ko’ksida qoldi yosh umrim
Ayriliq do’st ekan, oldi yosh umrim.
Sevgilim, sen gulim, birinchi gulim,
Sochingga yetmadi uzatgan qo’lim.
Yurakda darbadar bir to’lqin qoldi,
Tutashmas yo’lingga to’lqin-da, yo’lim…
Men ketdim, sizga ham xayr-xo’shlarim,
Osmonda charx urgan ozod qushlarim.
Ko’rishib turgaymiz tokim tanda jon.
Mening ham ko’nglim bo’sh, ko’ngli bo’shlarim…
YOLG’ON
Yuzingni oy deganim yolg’on.
Xilvatlarda kezganim yolg’on,
Qo’y, ishonma, sevganim yolg’on,
Seni izlab kelganim yolg’on.
Kunlar so’ndi, chechaklar so’ndi,
Unlar so’ndi, yuraklar so’ndi,
Chinlar so’ndi, ertaklar so’ndi
Seni izlab kelganim yolg’on.
Yuraklarda qoldi dard, naylay,
Chidab yurgan bitta mard, naylay,
Yostig’ingning yarmi band, naylay
Seni izlab kelganim yolg’on…
Nurullo OSTON she’ri,
Anvar SANAYEV musiqasi
O’ZBEKLAR
O’zbeklar uyiga kelganda mehmon
poyiga to’shaydi yurak qo’rini.
Eng avval, qo’yini so’yishdan oldin
mehmonga beradi uyning to’rini.
Ko’nlini oladi qurbi yetguncha,
keltirar taomning sarxillarini.
Mehmon tusab qolsa, bir imo bilan
topadi sharobning har xillarini.
Turkiy lug’atlardan izlab topmadim
mehmonni kamsitgan biron bir so’zni.
O’zbeklar shunday xalq,
eshikda kelsa,
do’st-u, dushmanidan ayamas tuzin…
DIYDOR
Qaydasiz…
sizlarni keldim sog’inib.
Qizlarday muloyim yurtim tonglari.
Qaydasiz, beg’ubor bolalagimning
Olislarga ketgan notinch bonglari.
Shodon quchoqlaydi qadamlarimni
Meni kutib yotgan qo’hna darvoza.
Meni onam kutar, sochlari oppoq,
Kelganim do’stlarga bo’lar ovoza.
SAMARQANDGA
Yo’lga boqib toldi ko’z qirim,
Suyagimni ezdi izg’irin,
Xush gap bilan dilni yoz qiling
Samarqandga qachon boramiz?
Unda ungan har bir giyohi,
Handalakbo’y qizlar nigohi
Tushlarimga kiradi gohi –
Samarqandga qachon boramiz?
Gulxan bo’ldi lablarimda so’z,
Dardlarimga yig’lar bunda kuz,
O’z ko’ksiga xanjar urgan do’st
Samarqandga qachon boramiz?
Yog’du edim, tongim qoraydi,
Men keng edim, olam toraydi,
Ko’ksimda bir qushcha so’raydi:
Samarqandga qachon boramiz?
Bu dunyoning asli biri kam,
Bir burji baxt, bir burjida g’am,
Ayt, ne uchun ko’zlaringda nam
Samarqandga qachon boramiz?
Andijon deb yig’ladi Bobur,
O’z yurtiga sig’madi Nosir,
Qodiriyning ko’zlari sohir
Samarqandga qachon boramiz?
O’z elingda hursan, sabosan,
Garchi shoxsan, zo’rsan, dahosan,
Yurting bo’lsin, garchi gadosan –
Samarqandga qachon boramiz?
ONAJON
Onajon ruhingizda sog’inchlar kezmadimu,
Qabringizga bosh qo’ysam chechaklar sezmadimu,
Onajon jismingizni kesaklar ezmadimu,
Onajonim giryonim, g’arib ko’ngli vayronim,
Volidai sultonim mehribon onajonim.
Samolarda sor lochin ayt, nelarni izlaydi,
Ruhi ravon zabonim faqat sizni so’zlaydi.
Yuragimda bir qushcha onajon deb bo’zlaydi,
Onajonim giryonim, g’arib ko’ngli vayronim,
Volidai sultonim mehribon onajonim.
Siz baxsh etgan mehrni endi kimdan yig’ay man,
Siz sig’magan dunyoga endi qanday sig’ay man,
Davosi yo’q bu dardga endi qanday chiday man,
Onajonim giryonim, g’arib ko’ngli vayronim,
Volidai sultonim mehribon onajonim.
G’arib dunyo, g’o’r dunyo, peshonasi sho’r dunyo,
Sitamlaring bu jonga ozor bo’ldi, ko’p dunyo.
Onam yurgan yo’llarni gulga ko’mib yur, dunyo
Onajonim giryonim, g’arib ko’ngli vayronim,
Volidai sultonim mehribon onajonim.
Sarson qushim jon ko’nglim, buncha bo’lding qon ko’nglim,
Izingizdan zar to’kib, topolmay armon ko’nglim.
Sizni bir bor ko’rishga aylagum qurbon ko’nglim,
Onajonim giryonim, g’arib ko’ngli vayronim,
Volidai sultonim mehribon onajonim.
Fasli fano o’todir hayot otliq yelkanda,
Qabringizga bosh qo’ysam, tafti yonar yelkamda.
Qalb qo’ringiz, umringiz o’g’il-qizim erkamda,
Onajonim giryonim, g’arib ko’ngli vayronim,
Volidai sultonim mehribon onajonim.
QALDIRG’OCHLAR KELDIMI?
Sarin yellar yana yeldimi,
Uzun yo'llar dilni tildimi,
Sog'inchimni bahor bildimi,
Ona, qaldirg’ochlar keldimi?
Tonda shudring to’kilgan izdan
Daraklab ko’r qizg’aldoq-qizdan
Tushlarimga gul taq yalpizdan
Ona, qaldirg’ochlar keldimi?
Barmoqlari qirmiz hinoli,
Qarashlari sirli, imoli
Oy-omonmi qizlar himoli
Ona qaldirg’ochlar keldimi?
Adirlarda maysa uyg’onmish,
Tushlarimga kirasan xomush,
Zabonimda bir nido yonmish
Ona, qaldirg’ochlar keldimi?
Umr-armon to’ldirilgan may,
Yuragimda yig’layotir nay,
Ko’z yoshingni yomg’irlarda chay
Ona, qaldirg’ochlar keldimi?
Huzuringga bir kuni uchib
Boradirman xavotir quchib
Deyman bo’m-bo’sh xonani ochib:
Ona… qaldirg’ochlar keldimi? …
Ona… qaldirg’ochlar keldimi? …
Ona… qaldirg’ochlar… keldimi? …
ADASHGAN KARVONIM
Adashgan karvonim, qayga yo’l tutding.
Sargashta sarbonim, qayga yo’l tutding,
Qay bir sabohlarda manzillaring bor
Yonmoqda bu jonim, qayga yo’l tutding.
Sorbon, sabohingda maning yodim bor,
Karvon kalominda qolgan dodim bor,
Ko’nglimda bo’zlagan parizodim bor,
Adashgan karvonim, qayga yo’l tutding.
Karvon yo’llarida chashma ko’ringay,
Qarasang, men kabi tashna ko’ringay,
Sevgi mahdudlari oshna ko’ringay
Adashgan karvonim, qayga yo’l tutding.
Tevalar o’tadi basma-bas bo’lib,
Bir nido ketadi mungli sas bo’lib,
Mening yuragimdan hech qaytmas bo’lib
Adashgan karvonim, qayga yo’l tutding.
ODDIY OILADA
Oddiy oilada oddiy bolalar
Oddiy taqdir bilan tug’ilaverar.
Ular belanchagi shoyi atlasmas,
Quyosh nuri bilan yo’g’rilaverar.
Oddiy bolalarning oddiy kunlari
Uydami, dalada o’taveradi.
Paxta qabartirar qo’lchalarini
Jabrmi-sitammi, yutaveradi.
Juda oddiy bo’lar ulg’ayganida,
Oila tebratib o’tadi kuni.
Jismida yurgizsang tegirmon toshin
Suyagi un bo’lar, chiqmaydi uni.
Tashvishi iborat bo’lar paxtadan,
Yoki, qilaverar bergan ishini,
Jag’iga bir boplab tushirib ko’ring,
Ichiga yutadi singan tishini.
Qanday hokisor u, hoki turobdir,
Ishga egni boshi yamalib chiqar.
Boshqalar jinoyat qilsa u sodda
Qilmagan ishiga qamalib chiqar.
Qulayroq joylashib oling bo’yniga
Sal niqtab qo’ysangiz ketaveradi.
Jar soling, g’oyalar sari olg’a deb,
Ularga quruq gap o’taveradi.
Biroq faromushdir xotiringizdan
Moziy tomirida yongan nolalar
Axir kim yurt uchun tig’ga jon tikkan –
Oddiy oiladan chiqqan bolalar!
AYOL BOR BO’LSIN
Zamin tinchi barqaror bo’lsin,
Chechaklari beg’ubor bo’lsin,
O’n sakkiz ming olam aylansa
Mehvarida ayol bor bo’lsin.
Jildirasa jilg’alar shoshib,
Vijirlasa qaldirg’och toshib,
Toqqa chiqsa bir ohu qochib
Ko’zlarida ayol bor bo’lsin.
Ishi olchi bo’lar erkakning,
Beshiklari to’lsa ertakning,
Bir Alpomish kelbat go’dakning
So’zlarida ayol bor bo’lsin.
Ishq nasimi tug’yona solsa,
Oshiq G’arib uyg’ona qolsa,
Bir qamishni nay qilib cholsa,
Bo’zlarida ayol bor bo’lsin…
Lolalar rang olsa ro’yidan.
Yor libosi bo’lsa shoyidan,
Sarxush bo’lsa yalpiz bo’yidan
Rozlarida ayol bor bo’lsin.
Dehqon chiqsa ketmonni qayrab,
Yuragida chirildoq sayrab,
Bolasini beshikka boylab
Ro’zlarida ayol bor bo’lsin.
Ul begunoh to’kilgan qondan,
Qizg’aldoqlar Afg’onda yongan,
Ko’rpalari taxmonda qolgan
Ruhlarida ayol bor bo’lsin.
G’ayurlarning qo’rqma kinidan,
Ogoh yurgil yolg’on, chinidan
Ayirmasin og’a-inidan
Sulhlarida ayol bor bo’lsin.
To’maris shon topdi qilichdan,
Ishq darsini tinglang Kumushdan,
Vaqt orttirib barcha yumushdan
Baxtimizga ayol bor bo’lsin!
***
Yomg’ir yog’ib o’tdi bu kecha
sochlaringday namxush, safoli,
Tunning bo’m-bo’sh qaroqlarinda
seni izlab kezdim, jafolim.
Izlarimdan xo’rsinib qoldi
o'rindiqlar xilvat va sokin.
Qadamlaring o’pgan ko’chalar
yuragimga tashlaydi choking.
Yillar qayga oqar qayg’ulim,
tun bag’rida vujudim sim-sim.
O’rik guli yongan kechada
seni izlab bog’larni kezdim...
GO’RO’G’LI
Yurgan yo’ling dor bo’lmasin, Go’ro’g’li,
Suygan eling xor bo’lmasin, Go’ro’g’li,
Bu dunyoning savdolari g’o’r ekan,
O’lsang go’ring tor bo’lmasin Go’ro’g’li.
O’tda yonsang, jonu-jahon qalqisin,
Na’ra tortsang, ahli imon qalqisin,
San inonsang, vujudda jon qalqisin,
O’lsang, go’ring tor bo’lmasin Go’ro’g’li.
Omon chiqding qancha qirg’in-barotdan,
Ro’shnolig’ing olov yolli-G’irotdan,
Haq so’raydi o’tsang puli sirotdan
O’lsang, go’ring tor bo’lmasin Go’ro’g’li.
Kenglikni ber bu beqaror suronda,
Tenglikni ber asli azal Turonda,
«Kulli» muslimin ixvatun Quronda
O’lsang, go’ring tor bo’lmasin Go’ro’g’li.
Botirim der o’z aslini bahodir,
Butun bir xalq ro’shnoliq deb borodir,
Maning ko’nglim ikki daryo arodir
O’lsang, go’ring tor bo’lmasin Go’ro’g’li.
Zar-u zo’rg’a egmading bu boshingni,
Alloh azal og’ir qilgan toshingni,
Nokaslarda tashlab ketma loshingni
O’lsang, go’ring tor bo’lmasin, Go’ro’g’li.
Bu bir maydon, ko’plar bunda jang qig’an
Kim g’olib-u kimlar holi tang bo’g’an,
Atrofingda qancha itlar sanqig’an,
O’lsang, go’ring tor bo’lmasin Go’ro’g’li.
Budun karvon, bari bir-bir yitadi
Biru og’u, biri sharob tutadi,
Yaxshilik ham, yomonlik ham o’tadi
O’lsang, go’ring tor bo’lmasin Go’ro’g’li.
SO’Z JABRI
Tushuna boshladim yomg’ir filini,
isidan gurkirab to’lganda xonam.
Tushundim tonglarning ajib mungini
tushlarimga kirib chiqqanda onam.
To’ydim qahratonda bahor isini
tinmay vijirlagan go’dak tilidan.
Tasallilar oldim, ta’nalar oldim
ko'nglimni yoritgan hayot gulidan.
Tushuna boshladim oftob tilini,
ko'rdim , ko’zlaringga jonim o’t bog’liq,
Tegrangda ko’p kezdim oftob yanglig’
qoshing kamonig’a jonim o’qlog’liq.
Men gapirmay qo’ydim sevgi haqida
qushlarga chanqovuz bo’lganda labim.
Atirgulda ko’rib bulbul jabrini
yurakda qonadi aytajak gapim.
Mingta ruh ichinda kezingan vujud
fanoliq yo’lini tanladi, netay.
Bu shirin hayotdan, og’u hayotdan
ko'ksing mehrobiga bosh qo’yib o’tay.
Endi men o’zlikdan kechmog’im ayon:
eshitganim ro’yo, ko’rganim yolg’on.
Yurakda tortaman so’zning jabrini
tillarim qavarib ketgandan buyon.
SOZIMDA QOLDI
G’uncha yanog’ingda gulning ifori,
Inja dudog’inda yelning xumori,
Erka nigohinda oyning nigori
Bahor naysonlari bo’zimda qoldi,
Sevdim degan so’zim bo’g’zimda qoldi.
Endi binafshadan panoh so’rayman,
O’zim gunohkormon, gunoh so’rayman,
Benajot qushchadan qanot so’rayman,
Bahor naysonlari bo’zimda qoldi,
Sevdim degan so’zim bo’g’zimda qoldi.
To’rt fasl – to’rt gulxan, kuydim-da yondim,
Qancha suluvlarni suydim-da, tondim,
Tunlar tushlarimda yig’lab uyg’ondim,
Bahor naysonlari bo’zimda qoldi,
Sevdim degan so’zim bo’g’zimda qoldi.
Majnun ko’ksidagi dili poraman,
Yeldim, yetolmadim nozli yora man,
Nayson bo’lib derazangdan boraman,
Bahor naysonlari bo’zimda qoldi,
Sevdim degan so’zim bo’g’zimda qoldi.
Muhabbat yo’llari g’am-firoq bo’lmish,
Majnuntol ko’zlari nam-so’roq bo’lmish,
Ul bodom gullari shamchiroq bo’lmish
Bahor naysonlari bo’zimda qoldi,
Sevdim degan so’zim bo’g’zimda qoldi…
***
Qo’y, so’zlarni ortiq qiynama,
O’z holicha quvnab yayrasin.
Ufqqa boq, bo’zarib kelar,
Olib kelar yellar nay sasin.
Endi bo’m-bo’sh ko’chalarga chiq,
Tishla martning namxush labidan.
So’zlaringni yo’lla, joy olsin
Sayrayotgan qushlar safidan.
Giyoh bo’lib tingla xilvatda
Ona yerning erkalashini
Qizg’aldoqqa to’ldirib qaytgil
Yuragingning hazing dashtini…
1988
MARSIYA
Mangu askar jiyanim Qamariddin xotirasiga
Ortimdan Toshkentga bordi bir xabar,
Yo’llar kaftlarini ochdi men uchun.
Beshotar miltiqning o’qiday uchdim,
Xayolda xavotir iloni – nechun?
Toshkent Samarqandning qadim yo’lida
Ming bitta so’rovim qoldi javobsiz.
Jonim parchalandi ming bir bo’lakka,
Bu yo’llar tuyuldi cheksiz, davomsiz.
Men keldim, Boshimda ayt ne ko’rgulik?
Kuz edi. Daraxtlar qora ridoda.
Yuragim zirqirab ketdi nogahon
Qo’shni xonadondan chiqqan nidodan.
Otang qarshiladi ko’zlarida mung,
Bu qanday musibat, bu qanday motam?
“Jonu – jigaringdan ayrilib qoldik…”
Hayqirib yig’ladi kap-katta odam…
Nega tashlab ketding bag’rim, Qamarim,
Mash’um daragingdan ko’nglim yaro, xat
Kimga tashlab ketding qadrim, tumorim,
Nega keltirdilar sendan qaro xat?!
O’n bir kun yo’l qarab tolmadi otang,
O’n ikkinchi kuni qaddini egdi.
Yog’iy qirq yil burun poylab otgan o’q
Nega uni emas, o’g’liga tegdi?!
Dushman soyasiday o’n bir qora kun,
O’n bir qora quzg’un ko’zimni o’ydi.
O’n ikkinchi kuni albini uzib
Otang jisming bilan tobutga qo’ydi
DARAGING BORMI?
Botirlar ichinda bir donam, bolam,
Baxmal sochlaringa qurbonam, bolam
Afg'onda yo'qolgan durdonam, bolam,
Hindiqush yoqlarda daraging bormi?
Sen ketding, ahdlaring yodimda qoldi,
Bitilgan xatlaring oldimda qoldi,
Bu dunyo mashhari dodimda qoldi
Hindiqush yoqlarda daraging bormi?
Bir faryod qalqadi charxi zobitdan,
Qaydasan kishvari dardli chobuk tan,
Vujudim ayrilmas temir tobutdan
Hindiqush yoqlarda daraging bormi?
Oy yuzli malakka yetmagan bolam,
Faryodi falakka yetmagan bolam.
Yot yerda yot-yakka eslagan bolam,
Hindiqush yoqlarda daraging bormi?
Soxta bu shonlarni endi ne qilay,
Temir nishonlarni endi ne qilay,
Sensiz zamonlarni endi ne qilay
Hindiqush yoqlarda daraging bormi?
Sen ketding, boyonlar o'g'li yalloda,
Vujudi dilbarda, qo'li tilloda,
Haqiqat bormi ey, hoziq illodan
Hindiqush yoqlarda daraging bormi?
Tobutni kuydirar to'kilgan ashkim,
Bolasiz qolmasin men kabi hech kim
Tiriklik shu bo'lsa, umrdan kechdim,
Hindiqush yoqlarda daraging bormi?
1989.
***
Qaytma endi ortingga,
Ortga qaytmoq or endi.
Yog'sa hamki boshingga
Yomg'ir emas, qor endi.
To'rt unsurda sinalgan
Odamizod, bilib yur,
Suyagingni g'am iti
G'ajisa ham kulib tur.
Yuragingni bayroq qil.
Aytib o'tgan oqinlar.
Olov bo'lsang, taftingdan
Taft oladi yaqinlar.
Birlashtirdi bizlarni
Bitta yo'lda qon endi.
Bitta bayroq tagida,
Bir olovda yon endi.
Yagona yo'q - haq yo'li,
Shunga sodiq qolamiz
Qolganlarni jang bilan
Safimizga olamiz!
1987.
MANSAB KO'PRIGI
Bu umr savdoli, g'o'r ishi bordir,
Bir boshda rohatu sho'rishi bordir,
El yaxshi yomonni ko'rishi bordir
Mansab ko'prigidan kibrona o'tma.
Qo'lingga ne tushsa, gul deb o'ylama,
El senga ishonsa, qul deb o'ylama,
Bu elning yozmishi shul deb o'ylama
Mansab ko'prigidan kibrona o'tma.
Bu dunyo ko'p ko'rgan kibru xo'rlarni,
Dimog'dor, basiru qalbi ko'rlarni.
Makoni lomakon bo'ldi zo'rlarni
Mansab ko'prigidan kibrona o'tma.
Amalga qo'ysalar yig'ib o'tma zar,
Dilingni oftob qil, ochiq bo'lsin dar,
Elingning ko'zini o'yma enag'ar,
Mansab ko'prigidan kibrona o'tma.
Ko'rdim ko'p kattani, elni taladi,
Birovi haqman, deb tovon yaladi,
Birovi sehrlab surnay chaladi
Mansab ko'prigidan kibrona o'tma.
Bu gapning mag'ziga bir kun yetasan,
Asl qiyofangni gizlab netasan,
Yalang'och kelgansan, shunday ketasan
Mansab ko'prigidan kibrona o'tma.
Qo'limda sovidi ko'targan bodam,
Man baroi xalqi xud-ro faryodam:
Avvalo odam bo'l, odam bo'l, odam,
Mansab ko'prigidan kibrona o'tma.
1998.
KETAR BO'LSANG
Ketar bo'lsang bir kun ulg'ayib
bosh egib o't o'sgan xonangga.
Bosh egib o't ma'yus, mung'ayib
ostonada qolgan onangga.
Bardoshlaring toshlarin yorsin,
davrlarda tanilgil oqil.
Faqat yolg'iz qolganing chog'da
yodgorgina suratga boqqil.
Suratga boq, unda kuladi
nigohlari shikasta ayol.
Chig'iriqqa solar ruhingni
ko'zlaringga tiqilgan savol.
Suratga boq, shikasta ayol
yozg'irmaydi, bir so'z ham demas.
Seni qattiq sog'ingan, ohkim,
qayta boshdan dunyoga kelmas...
1985.
KETOLMASMAN
Omon bo'ling, hey dala-dashtlab,
jo'naganlar yurakni g'ashlab
safingizda yolg'iz xatoman,
ketolmadim onamni tashlab.
Dilda azob, yallo dishonda,
oyoqlarim tillo kishanda.
ketolmasman endi nishondan
yuragimda yig'laydi Mashrab.
Ko'zim yo'lda, o'zda ranjim bor,
zabon xomush, so'zda zanjir bor,
bu dunyoda bitta gajir bor
o'z holicha o'tadi yashab.
Bir so'z chiqar qilichday qindan,
zarbasidan metinlar singan,
to'rt unsurdan yaralgan rindman
men ularni olaman asrab...
SOG'INCH
I
Ortimda sog'inib keladi qushlar-
Falakning muzaffar yo'lovchilari.
Meni izlab kelar olis qishloqdan
Musaffo bahorning sho'x tomchilari.
Ko'zimda uyg'onar isyonli tog'lar,
Uyg'onar bog'larning salqin nafasi.
Sarpoychan jo'naydi dalalar tomon
Kenglikni qo'msagan ko'krak qafasi.
Quvonch - ko'zlarimga cho'kkan qal'adir,
Kulgular jarangi-achchiq noladir,
Qafasga sig'magan qalbni olaket,
Olis paxtazordan kelgan bolakay...
II
Olib tor nimchali xonimchalarni
Tebranib o'tadi avtotulporlar.
Xiyonat - yashil yo'l, keta ketguncha
Haqini to'laydi tanti puldorlar.
Jimjima o'rinlar pinjidan oldim
Termulgan bema'no, chirik ko'zlarni.
Va bedard yo'lchining qo'ynida ko'rdim
Zang bosgan nafsiga sherik so'zlarni.
Itqitib tashladi sipo eshiklar,
Loqayd oqayotgan yo'lga sig'madim.
Beton ariqlarning o'zanlarida
Men sening qadringga umrim yig'ladim.
Quvonch - ko'zlarimga cho'kkan qal'adir,
Kulgular jarangi-achchiq noladir.
Shaharga sig'magan dardni olaket
Olis paxtazordan kelgan bolakay...
VOLIDAI MUHTARAMA BODOM SHODMON
QIZINING NEVARASIGA AYTGANLARI
Oybek dedim, oy qizlarning begi bo’l,
Tengdoshlaring qatorinda tengi bo’l.
O’z elingning o’g’loni bo’l, mardi bo’l,
O’z elingda muhabbat bo’l, sevgi bo’l.
Bul chamanda bisyor erur savdolar,
Uchragaydur yo’lda shohlar, gadolar.
Shohlarida tole yo’qdir, gadosida karomat,
Xalqingni sev, shulardadir adolat.
Hotamtoyidek saxiy bo’lsang buzarlar,
Qadamingni o’lchab, fitna tuzarlar.
Har amalda me’yorni bil, toshni bil,
Olchoqlarga to’lib ketdi guzarlar.
Omad kelar bo’lsa kimsa baxtidan,
Zarur bo’lsa, kech Sulaymon taxtidan.
Haqiqatning isyoni bo’l, qoni bo’l,
Nasiya so’z afzal nomard naqdidan.
Inson umri bir tutamdir, chaqindir,
Shul sababdan asrlar ham yaqindir.
Yonib o’tgan chaqinlarga madad bo’l,
Chaqinlarni kuylab o’tgan oqindir.
Unutma, bor Oybek degan ulug’ zot,
Sening noming shunga otdosh, ulug’ ot.
Daryodil bo’l, bo’l shu nomga munosib,
Ziyo istar yorug’likka to’liq ot.
Yana senga jigarbandim, shul o’git.
Bobolardan olgan tug’ni baland tut.
Shu tug’ni deb yashadilar, yondilar,
Elni desa, egilmaydi mard yigit!
26 dekabr, 1982 yil.
KO’NGIL FASLI
Yondim bir guli noz shikorlarinda,
Bag’rima bosildi tikonlari-da,
Maqsadsiz tentirab kezdim-da kuydim,
Sevgining gulhayo do’konlarida,
Ko’ngil osmon edi, ziyosi so’ndi,
Bu dil bulbul edi, go’yosi tindi.
Ko’zlarim ko’zlaring kaftinda qoldi,
So’zlarim so’zlaring sahfinda qoldi,
Bo’zlarim yozlaring taftinda qoldi,
Ko’ngil osmon edi, ziyosi so’ndi,
Bu dil bulbul edi, go’yosi tindi.
Naysonlar yuzlarni yuvib o’tdilar,
Fasllar yillarni quvib yetdilar,
Ko’zimga millarni qalam etdilar,
Ko’ngil osmon edi, ziyosi so’ndi,
Bu dil bulbul edi, go’yosi tindi.
Men vasl istadim, hayrona kezdim,
Sahroda bo’zlagan jayrona kezdim,
Labimni kuydirdi taloto’mlarda,
Mastona kezdim-u, sayrona kezdim,
Ko’ngil osmon edi, ziyosi so’ndi,
Bu dil bulbul edi, go’yosi tindi.
1989.
SINFDOSHLARGA
Yillar bizga ne ko’rgilik yozib ketdi,
Yelkamizga qismat yukin bosib ketdi.
Biz ishqida qalam tortgan ne-ne qizlar
Bugun endi kim-kimlarga nasib etdi.
Ul faslning sho’xliklari tumor endi,
To’rttamiz bir yig’ilmoqqa xumor endi.
Qolib ketdi bu yo’llarda sho’x navolar,
Umrimizning tashvishlari dutor endi.
Kimga mayu, kimga dunyo safo bo’ldi,
Kimga do’stlar g’animatdur, davo bo’ldi.
Har tomonga ayri ketdi turfa izlar,
Bugun yo’lda uch-to’rt do’stu vafo qoldi.
Ol qadahni, mayni sipqar, ado bo’lsin,
Do’stlik mehri umrimizga sado bo’lsin.
Shu aziz bosh egilmasin jafolarga,
Bir umrga elu-yurtga fido bo’lsin!
1983.
OCHIQ SHE'R
B.Hamroyevning xotirasini abadiylashtirishga asos yo'q deb topildi.
Voroshilov rayon ijroiya komitetining raisi N.Mirzayev.
(Gazetaga kelgan javobdan) 1986 yil.
...Prometey ko'ksini hozirgacha to
Kalxatlar cho'qirmish ulkan qoyada.
Hayriyat, adolat oftobi bordir,
Sizning ko'zlaringiz hamon soyada.
Ko'ksimni kalxatlar, cho'qiyvermang, bas,
Yetar suyuqoyoq so'zlar bozori!
Sizga ne, savdoga kirasiz oson,
Hali sovumasdan jangchi mozori.
Men esa yarador Promteyday
Ko'ksimni ochaman kalxatlar tomon.
Afg'on tuprog'ida omon yurganlar,
Aziz ukalarim, bormisiz omon?!
Nega so'zlamaydi navqiron ruhlar,
Tili sug'urilgan qo'ng'iroqday jim?
So'ylang, Baxtiyorlar, Furqatlar, ayting,
Ko'ksingiz cho'qigan u kalxatlar kim?!
...Siz esa tushmaysiz ulkan minbardan.
Ulkan rejalardan boshingiz qotgan.
Biroq tan olmaysiz, makkor kiborlik
Sizda ajiriqday tomirlab otgan.
Bilaman, ishingiz jo'yali, puxta.
Zarra e'tirozsiz bitasiz xatni.
Bir jangchi afg'onda o'lgan-da, ketgan
Nomini abadiy aylamoq shartmi?..
Onalar ne ko'yga tushdi, bilmadim...
Meni majruh qildi har bir so'zingiz.
Sizga baribir-da, bir jangchi yodi,
Loaqal sanchmaydi zarang ko'ksingiz...
Bularning
har biri,
bir Matrosovdir!
To'ychi Eryigitdek, har birin shoni
Hali yor sochiga qo'li yetmagan,
Do'stni qo'riqlagan qiynalib joni!!!
Siz esa...
sizga xos so'z topmoq qiyin...
Askarday qalmoqda so'zlarki sho'r, talx.
Albatta aytajak haqli hukmini
Sizni shu mansabga qo'ygan ona xalq!