OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ochil Tohir (1955)

1955 yilda tug‘ilgan. Toshkent Davlat universitetining jurnalisitika fakultetida tahsil olgan. “Qarz”, “Sog‘inch sohili”, “Ko‘nglim bilan suhbat” kabi she’riy kitoblari nashr etilgan. Ayni paytda, “O‘zbekiston” teleradiokanalida bo‘lim boshlig‘i vazifasida xizmat qiladi.


“O‘tkan kunlar” kitobi taassurotlari

“Siz o‘shami?” – Qodiriyga xush yoqqan kalom,
“Siz o‘shami?” – Otabekka tikilgan nigoh.
“Siz o‘shami?” – Ikki jumla aro jamuljam,
Jindek araz, jindek gina, og‘riqli bir oh.

“Siz o‘shami?” – To‘zg‘ib ketar xayolim parday,
“Siz o‘shami?” – Yuragimda junbish jaranggos.
Tuyg‘ularim bamisoli sozlangan torday
Chertiladi, kuy o‘rniga yangrar ehtiros.

“Siz o‘shami?” – O‘zgalardan o‘zgacha bu so‘z
Duo yanglig‘ maftun qilar oshiq dillarni.
Yalang‘ochlik o‘zin qancha qilmasin ko‘z-ko‘z:
“Siz o‘shami?” – Sadoqatning oydin yo‘llari.

“Siz o‘shami?” – “O‘tkan kunlar” zarvarag‘ida
Ko‘ngillarga ertak aytgan ilohiy sog‘inch.
Oshiqona bitiklarning sal pastrog‘ida
Zaynab bo‘lib o‘krab chiqqan rashk otli o‘kinch.

“Siz o‘shami?” – Marg‘ilonning ko‘chalarida
Otabekning yo‘llariga ko‘z tikkan Kumush.
“Siz o‘shami?” – Qadim Shoshning kechalarida
Turib bolish tepasida alla aytgan tush.

“Siz o‘shami?”. “Siz o‘shami?” – Beadoq savol
Izlab yurar yuraklardan oqsoch vafoni.
Simirarmiz Tosh shaharni kezib ehtimol,
Sadoqatning bo‘ylarini – namchil havoni.

“Siz o‘shami?” – Qodiriyga xush yoqqan kalom,
“Siz o‘shami?” – Hayajondan hapriqar yurak.
Muhabbatning iforiga qorilib mudom
Bu dunyoda yashamoqning o‘zi baxt demak.


 Yaproq

Novdasidan uchgan yaproq
Suvga tushdi, oqib ketdi.
Vujudimga solib titroq,
Bag‘rim o‘rtab, yoqib ketdi.

Chirt uzilgan sariq yaproq
Bilar, qaytmas shoxiga u.
Barchamizga ona tuproq
Joy berar qo‘ynidan mangu.

Tark etdi bandini yaproq,
Kecha durkun, yashil edi.
Bizga rostin so‘zlar shu choq:
“Kelgan edim, ketdim”, dedi.


 Uch kunlik oy

Uch kunlik oy – hilol ersa,
O‘n to‘rt kunda badr bo‘lgay.

Ko‘zlar husningga lol ersa,
Dilda bir oh sodir bo‘lgay.

O‘ymoq lablaring bol ersa,
Ichda tug‘yon nadir bo‘lgay.

Yonoqda nuqra xol ersa,
Soching bo‘yi atir bo‘lgay.

Alif qadlarki dol ersa,
Dardlari – pinhon, sir bo‘lgay.

Bu holdan tillar lol ersa,
Qaynoq hislar satr bo‘lgay.

 
Zebo tonglar

 1
 
Zebo tonglar dilga soldi hayrat,
Qushlar chug‘urlashar toshadi zavqim.
Tonggi shudring go‘yo bargda inja bayt,
Bu damni shoirdek his qilmas hech kim.

Borliqni yoqimli, dilbar hissiyot
Chulg‘ab olayotir baayni damda.
Meni maftun qilar go‘zal bir bayot,
Sira g‘am qolmagan go‘yo olamda.

O‘zin anglaganga xeshdir diyonat,
E’tiqod qalbiga sodiqdir doim.
Ruhiga yot aldov, makru xiyonat,
Azal loyin shunday qorgan Xudoyim.

Mavjli tuyg‘ularim berar aks-sado,
Oppoq tong yaxshisan, yaxshisan juda.
 
 2

Kerak so‘zni aytolmadim yuragim yutib,
Garchi ta’qiq mening uchun mutlaq begona.
Tasodifan duch kelsakmi, o‘zni yo‘qotib,
Yosh boladay izlar edim turli bahona.

Ostonangga qadam qo‘ysam, bilmayman nechun,
Aytishim shart bo‘lgan so‘z unutilar, yo rab?!
Yetar edi, shu paytgacha, aytaman bugun,
So‘zlar go‘yo qasamyoddek ketadi yangrab.

Rosti gap, men tushunmayman qanday sinoat,
So‘zamol til soqov yanglig‘ g‘o‘ldirar arang.
Qaytarilar har kun bu hol topmayman jur’at,
Shu tariqa gazaklaydi yurakda yaram.

Parvonaday kuydim, olovdan istab panoh,
Roziman yonishga – sevmoq sanalsa gunoh!..

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.