OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Oybek (1905-1968)

Oybek – 1905 yilda 10 yanvarda Toshkentning Govkush mahallasida tug'ilgan Muso Toshmuhammadning adabiy taxallusi. “Bolalik xotiralarim” (1963) asarida bolaligini: ota-onasi, qarindoshlari, 20 asr boshidagi Toshkent va uning atrofidagi qishloq, kentlarni, ilk sabog'i, saboqdoshlarini tasvirlaydi. 

1922 yildan unrining oxirigacha Oybek she'r, dostonlar yozdi. “Onamning mozorida” (1924), “Ovchiga” (1924), “Yoshlik xotiralaridan” (1925), “Gunafsha” (1927) singari she'rlarida yosh shoir ruhiyatining holatlari tasvirlanadi. “Fanga yurish” (1930), “Fikr” (1931), “Tansiq” (1935), “Dala yo'lida” (1935), “Qishloq qizi student” (1933), “Brigadir ayol” (1935) singari she'rlarida ijtimoiy hayot aks ettiriladi. Shoir “Dilbar – davr qizi” (1932), “O'ch” (1932), “Navoiy” (1947), “Qizlar” (1947), “Davrim jarohati” (1965) singari poemalar yozgan. 

Oybek poemalarining qahramonlari “Qutlug' qon” (1940), “Navoiy” (1944), “Oltin vodiydan shabadalar” (1949) singari romanlariga ham o'tgan. “Quyosh qoraymas” (1954), “Ulug' yo'l” (1963), “Nur qidirib” (1955), “Bola Alisher” (1967) – Oybekning muhim asarlaridan. U nosir sifatida xalqning boy, murakkab tarixini aks ettirdi. 

Oybek 1943 yilda O'zbekiston Fanlar Akademiyasiga haqiqiy a'zo bo'ldi. Olim “Adabiyot qoidalari haqida” (1926), “Abdulla Qodiriyning ijodiy yo'li” (1936), “Tanqidchilikda savodsizlik va ur-yiqitchilikka qarshi o't ochaylik” (1939), “Muqimiy asarlarida sotsial tiplar” (1939) singari tadqiqotlarni, Navoiy haqidagi maqolalarni yozdi. 

A. S. Pushkinning «Yevgeniy Onegin» she’riy romani, M. Yu. Lermontovning «Maskarad», Molerning «Tartyuf» dramalarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. 1968 yil 1 iyulda Toshkentda vafot etgan. Vafotidan so‘ng «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan taqdirlangan (2001).

 

NA' MATAK

Nafis chayqladi bir tup na'matak
Yuksakda, shamolning belanchagida,
Quyoshga ko'tarib bir savat oq gul,
Viqor-la o'shshaygan qoya labida,
Nafis chayqaladi bir tup na'matak...

Mayin raqsiga hech qoniqmas ko'ngil,
Vahshiy toshlarga ham u berar fusun.
So'nmaydi yuzida yorqin tabassum,
Yanoqlarni tutib oltin bo'sa-chun
Quyoshga tutadi bir savat oq gul!

Poyida yig'laydi kumush qor yum-yum...
Nafis chayqaladi bir tup na'matak...
Shamol injularini separ chashmadak,
Boshida bir savat oq yulduz-chechak,
Nozik salomlari naqadar ma'sum.

Tog'lar havosining feruzasidan
Mayin tovlanadi butun niholi,
Vahshiy qoyalarning ajib ijodi:
Yuksakda raqs etar bir tup na'matak,
Quyoshga bir savat gul tutib xursand!

SOZIM

Uyg‘ongach umrning ilk bahori, 
Soz bo‘ldi ko‘nglim samimiy yori. 
Hamshira kabi yaqin va dilbar, 
Tong yulduzidek umidga undar.

Soz bilmadi hech mahal arazni, 
Nurlatdi yurakni jonli bazmi. 
Ul qo‘rqmadi duch kelsa tikanzor, 
Ofatli bo‘ron, qutursa sel, qor...

Gar egsa qaddimni cho‘ng mashaqqat, 
Bir onda uchirdi - misli ul pat. 
Qishlarni bahor aylagan ul, 
Udir bog‘imda xilma-xil gul.

Gullarning tusi bag‘ir qonimdan, 
Mast nozi sevgining tongidan. 
Men u bilan ayladim tarannum, 
Har so‘zda quyosh qilur tabassum.

Dillarda chaman ochar bu so‘zlar, 
Sof his bilan yashnamasmi ko‘zlar? 
Nur, haqqa chaqirdi xalqni sozim, 
Xalqimnikidir so‘zim - ovozim!

* * *

Oy nurining mavjlari yoyilar mayin, 
Jimjitgina soyalar qochar panaga. 
Ko‘qda yulduz gullari ochilgan qalin, 
Yozning yelpug‘ichini tindirmas kecha.

Uyqusi yo‘q barglarning chuchuk yallasi 
Qalblarimizga tegib, hislarni yoqar. 
Yonar ko‘zlarimizda yoshlik nash’asi, 
Yaltirar boshimizda kumush olmalar...

Atlasday tovlanadi ranglar chamanda, 
Oltin yomg‘ir yuvadi gullar tojini. 
Jaranglab tin havoda nozli bir xanda, 
Qalbga bog‘laydi tunning ipak sochini.

* * *

Tun. Shamollar kezar betinim 
Goh ishkomda, goh derazada. 
Cho‘miladi bir to‘p yulduz jim 
Jildiragan bir ariqchada...

Suqtoy kuchuk izg‘iydi tanho –
Suyak tishlab sakrar paxsadan. 
Nurlanadi bir chetda samo: 
Oy - o‘rtada singan zar lagan.

O’tiradi shoir ayvonda, 
Xayollari tushlarda sarson. 
Qayg‘uradi o‘tgan har onga, 
Oqar daryo - oqadi zamon!..
 
DENGIZDA OQSHOM

Suvlarda sekin o‘ynar, 
Oltin qayiqchalardek, 
Quyosh alangalari...

G’urub yong‘ini qoplar, 
Samo yuzi anordek, 
Bulutlar atlas kabi...

Ufqlar quchog‘iga 
Sig‘magan buyuk dengiz 
Chayqalar sekingina.

Suvlar quyosh sochiga 
O’ralishib tinimsiz, 
O’par qirg‘oqni asta...

* * *

Shamol, bir ertak o‘qi! 
O’zganda tog‘ ustidan. 
Ichib buloq boshidan, 
Shamol, bir ertak o‘qi!

Archalar shoxidan tush! 
Ko‘k ipakda qil jilva, 
Sochlarimda g‘ivilla, 
Kel, qalbimga shivilla!

Tog‘lar ro‘yosini ayt, 
Yulduz salomini ayt, 
Shivilla hayot kuyin, 
Sevgi maqomini ayt!

* * *

Yor ketdi, ko‘zim bulog‘i qoldi, 
Siynamda tirik firoqi qoldi. 
Ishq xotirasi kabi sochimning 
Yoshlikda ko‘paygan oqi qoldi...

Har lahza dilu xayol parishon, 
Bir xo‘rsinishimda dardlar ummon. 
Yulduz kabi tunda yarqirar jon. 
Tundek sochi ishtiyoqi qoldi...

XASTAMEN

Xastamen...Fikrga,tuyg'uga to'lib,
Oy menga hamqadam - sokin yuramen.
Sog'aysam bir kuni yozamen to'yib,
Hislarga qalbimni qo'shib yozamen.

Kechalar yururmen telbaday horib,
Boshimda oy borur,menga hamqadam.
Xayollar uchadi mash'alday yonib,
To'yib yozajakmen bir kun sog'aysam...

OLTIN QUYOSH

Oltin quyosh nuridan,
Yaproqlar sururidan
To'qilgan xotiralar
Ketmas mangu men bilan.
Yoshliging mash'allari
Ko'zlaringda yonardi,
Bahor gunafshalari
Yosh ko'ksingni o'pardi.
Moviy uzoqlik bilan
O'pishgan to'g'ri yo'lda
Kezardik: kapalakdan,
Guldan o'yinchoq qo'lda.
Ipak qanotli bahor
Sochlaringni yozardi,
Siynaga qo'lin solar
Tuyg'ungni qo'zg'atardi.
Har ko'klamda men seni
Seni yo'qlayman faqat.
Ay,nozkb yor! Ko'nglimga
Hijroning soldi hasrat.
Oltin quyosh nuridan,
Yaproqlar sururidan
To'qilgan xotiralar
Ketmas mangu men bilan.

YURAMEN

Yuraman,toshadi sevinchim,
Bu sevinch qaerdan,bilmayman.
Kechaning og'ushi latif, jim,
Yulduzlar chamani gullagan.

Toshlar ham,qushlar ham uxlaydi,
Shamollar uchganda ep-engil,
Oy nuri mavjlanib titraydi,
Barglarga kiradi shirin til.

Koinot sevgisi gul kabi
Qalbimda ochilar, xayol - hur.
To'ladir sevinchning qadahi,
Yulduzlar tomchilar oltin nur...

QORAXAT

Bexosdan uzilgan shoda dur kabi,
To'kildi umidning rangli barglari.
Osildi bir onda qo'llar madorsiz,
Yer qochdi,qoraydi quyosh zarlari...

YIG'I KELMAYDI SIRA

Yig'i kelmaydi sira,
G'azabdan qaqragan ko'z.
Bu yo'llarning yaxidan
Labimda qotipti so'z.

Qoshlar, kipriklar qirov,
Yuraman hushsiz, hayron.
Qornim och, esga kelmas
Xaltamdagi g'ishtdek non.

Kuygan uylarda uvlar
Qish quyuni betinim.
Tanho kezaman.Yig'lar
Yuragimda Vatanim.

TOSH EKAN BOSHIM

Tosh ekan boshim,
Hech yorilmadi -
Yog'ildi ming tosh.

Qalam hamdardim,
Bir sirqimadi
Ko'zdan qatra yosh.

Gar qoldim nonsiz
Va bosh panohsiz -
Darz ketmadi qalb.

Ko'nglimda haqiqat
Bir on so'nmadi,
Go'yo zo'r quyosh!

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.