OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Oygul Asilbek qizi (1983)

Oygul Asilbek qizi 1983-yili Zarkent qishlog’ida tug’ilgan. O’zbekiston Milliy Universitetini tamomlagan. She’rlari bir necha bayozlarda nashr etilgan .


* * * 

Tushimmi o’ngimmi eslay olmayman ,
 Faqat yodimdadir seni ko’rganim .

Osmonni to’ldirgan yorug’ nur kabi , 
O’sha senmi yonimda turgan ,
O’sha menmi ming jur’at bilan ,
Qo’llaringdan mahkam ushlagan .

Haqiqat xayolot o’rtasidagi 
Sarhadlar bir muddat buzilib ketdi .
Senu men ikkimiz oramizdagi 
Qismat zanjirlari uzilib ketdi .

Qara ,ko’zlarimga qattiqroq qara ,
Ellarga sovurma oniy lahzani .
Meni yuragingga shunday muxirla ,
Kaftingga chizilgan taqdiring kabi ,

Tushimmi o’ngimmi eslay olmayman ,
Faqat yodimdadir seni ko’rganim


 * * *

 Eshikni ochaman ichkari …
 Qarshimda sukunat boqadi.
 Umrimga mengzagan qumsoat,
 Bildirmay quyiga oqadi.

 Kunlarim to'kilar, tunlarim,
 Yillarni to'ldirib o'ynaydi.
 Afsuski, umrni soatday,
 Teskari ag'darib bo'lmaydi 


 * * *

Qo’ng’iroq chaladi qizg’aldoq bargi ,
Gulkosa labida shabnamning sozi .
Yalpiz yanog’ida yomg’irning gardi ,
Uzoqdan bulbulning kelar ovozi .

Uxlar oftob ufqqa boshini qo’yib ,
Asta qaddin rostlamoqqa urinar .
Hali butun qishloq uyg’onmay turib,
Uch kunlik kelinchak hovli supirar. 


 AROSAT 

 Bir yonimda dunyoning turar hushro’y surati ,
 Bir yonimda namoyon olamning bor kulfati .
 Saodatga savobim bir yonda iqror qilar,  
Bir yonimda gunohim yomon sharmisor qilar .
Bir tomondan jahannam ,do’zax sasi keladi ,
Bir tomondan jannatning xushbuy isi keladi .
Bir yelkamda Rahmonning sano aytgan elchisi ,
Bir yelkamda shaytoning menga qo’ygan soqchisi .
Bir oyog’im rahmatning ko’chasidan o’tadi ,
Bir oyog’im la’natning ko’chasiga tortadi .
Bitta qo’lim beshikni ushlamoqqa chog’langan ,
Bitta qo’lim tobutning dastasiga bog’langan .


SIZDA NIMA BOR 


Siz hayol surmaysiz yomg’irga qarab ,
Bahor keladimi sizga farqi yo’q .
Faqat yashayapsiz bir o’zni ayab ,
Go’yo bu olamning sizga daxli yo’q .

Bilmadim ,azizim sizda nima bor ,
Umrida bir bora kuymagan yurak .
Kechiring ,boshqa hech narsa ko’rmadim ,
Qorong’u, zaxlagan ko’ngildan bo’lak .


SHE’RIYATGA QADAM 

Osmon chayqaladi suvning sozida ,
Quyosh parchalanib ketganday go’yo .
Bu zaminda ayni bahor kezida ,
Tog’larning poyiga qulaydi samo .

 * * *

Ikki olam zavqin birday axtarib ,
Vale ishqdan bo’lak zavqni ko’rmadim .
Dunyo dardlarini bir joyga yig’ib ,
Sevgidan ortiqroq dardni ko’rmadim .

* * *

Qatra ishq so’radim taqdirdan ,
Ko’piga jur’atim etmasdi .
Qo’rqaman bugungi baxtimdan ,
Ko’pikday yorilib ketmasmi .

* * *

Ko’nglimni ulashdim ,to’zimni topdim ,
Hikmat g’aznasidan so’zimni topdim .
Boshimda charx urar taqdiri azal ,
O’zni qurbon qilib, o’zimni topdim .

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.