Oygul Suyundikova 1957 yilda Samarqand viloyati Payariq tumanida o‘qituvchi oilasida tug‘ilgan. 1985 yilda Moskvadagi Adabiyot institutini tugallagan. «Ufqlar yonganda» (1986), «Umr kuylari» (1986), «E’tiqod» (1990), «Men tug‘ilgan yurt» (2007), «XX asr jahon adabiyoti»( tarjimalar, 2009), «Mullanafas» (tarjimalar, 2010) kitoblari chop etilgan.
1974 yildan buyon, tuman, viloyat va respublika matbuotida she’rlari, tarjimalari va maqolalari bilan muntazam qatnashib kelmoqda. 1989 yildan buyon O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining a’zosi.
Ayni paytda «G‘uncha» jurnalida katta muharrir bo‘lib ishlamoqda.
SAMARQAND
Samarqand — tun ardog‘ida,
Yulduzlar namoyishi.
Qadim poytaxt quchog‘ida
Oylarning oroyishi.
Samarqandning ko‘chalari,
Qadim-qadim va o‘lmas.
Taraladi kechalari
Minor, gumbazlardan sas.
Misli qadam tashlaydi
Olis yo‘llarning yodi.
Mushoira boshlaydi
Registon xayoloti...
* * *
So‘limlashdi tungi Samarqand,
Chiroqlarning tiniq yog‘dusi.
Minorlarning o‘ylari baland,
Yulduzlarning kelmas uyqusi.
Yuzlaringga urilar nafis
Yozning salqin, xushbo‘y shamoli.
Oy shahardan uzolmaydi ko‘z,
Ko‘zlarimda — yulduz xayoli...
SHOHIZINDA
Sig‘ingali keldim, sirli zinalar,
Olis moziy ila uyg‘un kelajak.
Har bitta zinada umrim sinalar,
Hislarimga guvoh bo‘lmoqda falak.
Sizni sanayverib sanaldim telba...
Barcha gunohlarim aylandi yoshga.
Oyatlar inmoqda titragan labga,
Toliqqan ruhimni beray bardoshga.
Madad so‘rab keldim, tosh sag‘analar,
Ulug‘ ajdodlarim muqaddas ruhi.
Tilsiz sukunatning bag‘rida bedor
Eshitilmas hatto shamollar uhi.
Namlandi xayollar nuridan kiprik,
Bunda har bir odim so‘z kabi tirik.
Iztirobday mangu, iztirobdan tik,
Ikki olam aro bir qadam ko‘prik!
Hayotning tuganmas baxt nafasida,
Kurashim — ibtidom, intihomda ham.
Ushalgan, ushalmas orzu sasida,
Hech kimda aytilmas iltijomda ham.
Mehrobga singidi borliq-nigohim,
Olloh inoyati his etdi yurak.
Shu jannatga to‘kkil bezabon ohing,
Haq yo‘liga boshlar uzun tosh yo‘lak...
Naqshin maqbaralar, viqorli devor,
Gumbazlar — tarixning palaklaridir.
G‘amlardan mosuvo chamanlarim bor,
Unsiz ibodatim — chechaklarimdir.
* * *
Eng yaxshi qo‘shiqlar aytib bo‘lingan,
Eng ajib g‘azallar bitilgan desam...
Nega gullayverar tuyg‘ular gulgun
Quyosh chiqmasdanoq shabboda essa...
Chalinib bo‘lingan boqiy navolar
Yashamoqda desam g‘amni o‘ldirib.
Nega kuylayverar to‘lg‘in daryolar
Bu ko‘hna dunyoni zavqqa to‘ldirib...
Rangin bo‘yoqlarda hamon beg‘ubor
Jilolanar desam orzu, o‘tli his.
Nega yana qaytib keladi bahor,
Nega ufqlarga boqamiz olis...
Poyimizga umr umid va bardosh,
Oltin qo‘shiqlarni ketarkan to‘shab.
Nega oy vasliga yetolmas quyosh,
Nega yulduzlarni bo‘lmaydi ushlab...
Ikki olam ishqi yashirin nayda,
Daryolar yastandi, yuraklar oqdi.
Ona allasidan ulug‘ so‘z qayda —
Kim uni tinglamay osmonga boqdi!
Hamon bolalikning sog‘inchi olov,
Qarichlab bo‘lmaydi cheksiz samoni.
Yurak, o‘kindingmi, Vaqtmi beayov,
Sen ham mehmonisan mezbon dunyoning...
Angladingmi — har bir lahza betakror!
Ortiga qaytmaydi, qayta olmaydi.
Yer tinmay aylanar, aylanar bedor,
Quyoshga bulutlar soya solmaydi.
Yoniqlashib borar oydin xayollar,
Toki davomlidir, davomli hayot.
Izlarimdan qolmas uchqur shamollar,
Hayrat tugamaydi, tugamas hayrat...
TONGGI SHUDRING
Yulduzlarning nolasimisan,
Tunning billur tolasimisan,
Tabassumning bolasimisan,
Tonggi shudring,
Ay, tonggi shudring!
Oydin kecha murodga yetdi —
Daryolarda oy oqib ketdi.
Shu’la oqqan kenglikka yetdim,
Tonggi shudring,
Ay, tonggi shudring!
Bolalikdan ko‘kni quchgandik,
Tongni hovuch-hovuch ichgandik,
Yana qaytib yerga uchgandik,
Tonggi shudring,
Ay, tonggi shudring!
Oy osmonga uchib ketdimi,
Yo ko‘zimga cho‘kib ketdimi,
Yellar ohim ichib ketdimi,
Tonggi shudring,
Ay, tonggi shudring!
Shu oy o‘g‘lim qabriga keldi,
Shu oy ko‘nglim sabriday to‘ldi,
Shu oy armonlari dil tildi,
Tonggi shudring,
Ay, tonggi shudring!
Umr qaytmas uzun yo‘l ekan,
Orzu yo‘lga to‘la gul ekan,
Bu dunyoda osmon bo‘l ekan,
Tonggi shudring,
Ay, tonggi shudring!
Sen kechirgan oniy umrga —
Ko‘zim to‘ldi limillab nurga.
Men ham sendek lab qo‘ydim yerga,
Tonggi shudring,
Ay, tonggi shudring!
To‘kil, to‘kil, otam boshiga,
Aylan, aylan, ko‘zim yoshiga,
Qara, qara, ichim-tashimga,
Tonggi shudring,
Ay, tonggi shudring!
Qushlar bedor tongni kutadi,
Shamol sarxush boda tutadi,
Bu kunlar ham o‘tib ketadi,
Tonggi shudring,
Ay, tonggi shudring!
Bir lahzada butun dunyoni
Ko‘rajaksan — tunni, ziyoni,
Ruhimisan Momo Havoning,
Tonggi shudring,
Ay, tonggi shudring!
Seni har kun kutib olaman,
Kiprigim-la tutib olaman,
So‘ng qalbimga she’rday solaman,
Tonggi shudring,
Ay, tonggi shudring!
Sipqor, sipqor o‘kinchlarimni,
Rayhon isli o‘tinchlarimni,
Onamga ayt sog‘inchlarimni,
Tonggi shudring,
Ay, tonggi shudring!
Yo‘lga tushdim, quyoshli yo‘lga,
Aylanaman tong chog‘i gulga,
Bosar yo‘lim o‘xshaydi mo‘lga,
Tonggi shudring,
Ay, tonggi shudring!
Mening bilan tog‘, o‘rmondan o‘t,
Mening bilan bog‘, sayhondan o‘t,
Ichim to‘la dard, armondan o‘t,
Tonggi shudring,
Ay, tonggi shudring!
Jonimga kir, jonlarimga kir,
Nurdan toza qonlarimga kir,
Yurakdagi bonglarimga kir,
Tonggi shudring,
Ay, tonggi shudring!
Oy sochini xayolim o‘rdi,
Tong qayg‘uni, o‘, yomon ko‘rdi!
Quyosh men-la suhbatga kirdi,
Tonggi shudring,
Ay, tonggi shudring!