OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Qambar Ota (1941-2016)

http://ziyouz.com/images/poets/qambar_ota.jpgQambar Ota (O'tayev) 1941-yili Kattaqo'rg'on shahrida tug'ilgan. 1961-yili Samarqand gidromelioratsiya texnikumini, keyin Samarqand davlat universitetining filologiya fakultetini tamomlagan. Qambar Otaning bolalar va kattalar uchun mo'ljallangan "Kitobcha va buzoqcha" (1970), "Chinor" (1976), "Bizning koinot" (1980), "Yoshlik quvonchi" (1974), "Vatan tuprog'i" (1976), "Qiyofa" (1981) kabi to'plamlari nashr etilgan. 2016-yil 31-iyul kuni vafot etgan.

SADOQATNI ODAT QILDIM

Do‘st-yoronni yonib sevdim,
Do‘st-yoronni yonib sevdim,
Yurakdan o‘rtanib sevdim.
Sadoqatni odat qildim,

O‘zimga zo‘r madad qildim.
Yomonlik bahridin kechdim,
Nafratni tashladim, qochdim.
Omadga keng eshik ochdim,

Ezgulik sharbatin ichdim.
Bashar ahli aziz menga,
Uni sevmoq laziz menga.
Har bir ona onam qadar.

Unutilmas ustoz padar.
Mehrlardan kamol topdim.
Ishqdan sohibjamol topdim.
Muhabbatni odat qildim,
O‘zimga zo‘r madad qildim. 

SHE’RIYAT


She’riyat — ilohiy kalom javhari,
Kamolotda tanho,
Hikmatda tanho.
Adabiy muzaffar haqning sarvari,
Hukmi zo‘r, yengilmas, qudratda tanho.
Halol lafz Allohdan shoirga qismat,
Umr nasibasi goh lazzat, goh tig‘...
Hech kimda uchramas bu kabi xislat,
Kuychining hayoti — lovullagan cho‘g‘.
Toshlarning ko‘ksida o‘t bo‘lib do‘ngan
Bitiklar adabiy umringga asos.
Yurak guli misol qalblarda óngan
Buyuk muhabbatsan — lutfi muqaddas.
Senga sig‘inganlar bo‘lmadilar kam,
Har oshiq so‘zing qalb to‘riga bitdi.
Sen sabab atalib haqiqiy odam
Sevishni o‘rgandi — murodga yetdi.
Zo‘rlarning yoniga kirib ketmading,
Hech qachon nohaqni qo‘llamagansan.
Yig‘ilganni aslo bosib o‘tmading,
Hech kimga yomonlik yo‘llamagansan.
Dunyoni pokiza ko‘rmoq istading,
Xalqning dil dardini himoya qilding.
Eng toza odamni yonib izlading,
Beayov makkorlar bag‘rini tilding.
Johilu zolimlar badtar tutaqib,
Hissiz o‘lik ko‘zi alanglayverdi.
Sen esa ularni etgancha ta’qib,
G‘olib yurak bilan jaranglayverding.
Ming yillik she’riyat, jur’ating ko‘rib,
Ne qattol jallodlar mag‘lub bo‘ldilar.
Sezdilar o‘zlarin nobakor, g‘arib,
Qonlari ko‘pirib, qaqshab so‘ldilar.
Najot istaganlar topishdi chora,
Sendan shifo oldi ko‘ngli yaralar.
Qilmishidan bag‘ri bo‘lib yuz pora,
Tub-tubidan sindi ichi qoralar.
Ilohiy ilhomli ko‘ngil bog‘isan,
Muxlislar sevarlar kuyingda yonib.
Ezgu yuraklarning suyanch tog‘isan,
Yasharlar taqdirin senga ishonib.
Iymonli satrlar — yurakdan cho‘g‘lar
O‘tlarda kuymagay, suvlarda cho‘kmas.
Yetuk she’r atalmish baxti ulug‘lar,
Har qachon tik so‘zlar, qaddini bukmas.
Senga teng kelguvchi haqiqatparast,
Senga teng kelguvchi mangulik yo‘qdir.
Nazaring nishonga aniq tegar, rost,
Sening har bir so‘zing otilgan o‘qdir.
Senga jo‘sh uradi himmatu shafqat,
Bag‘ringda jamul-jam pokiza tuyg‘u.
Har neki istasang bo‘lgay ijobat,
Xohishing dunyoning ishiga uyg‘un.
Yomonlar istagin aylaroq barbod
Tilak et xalqingga eng ezgu hayot.
Dunyoni haqiqat qilgaydir obod.
Mangulik timsoli Ota she’riyat.

QIZNING ISHI QIYINCHOQ

Qiz bola sirli bir tuguncha misol,
Gulshanda tengi yo‘q gulg‘uncha misol.
Ulg‘aygach, chiroyin ko‘rib quvnarsan,
Tunu kun ertasin, baxtin o‘ylarsan.

O‘g‘il bola ishi misli o‘yinchoq.
Qiz bola tashvishi jumboq-qiyinchoq,
Vaqtida tengiga to‘y bo‘lib ketsin.
Quyosh bo‘lib ketsin, oy bo‘lib ketsin.

Go‘shangdan uchganda palahmon toshi,
Iloyo tosh bo‘lsin qizingning boshi.
Manguga tosh qotsin tushgan joyida,
Palak otib, gul unsin qadam-poyida.

Qizing hayotingda jondan kuyunchak,
Tog‘dan-da qudratli tayanch-suyanchiq.
Bag‘ringdan chiqqanda ko‘ngling buzilib,
Jonginang ketganday bo‘lar uzilib.

Dilbanding mehrini sog‘ingan damlar,
Boshing osmondadir, desa odamlar —
Koshonada baxti halinchak ekan.
Peshonasi kulgan kelinchak ekan.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.