OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Rauf Parfi (1943-2005)

Rauf Parfi (Tursunali Parfiev) 1943 yil 27 sentyabrda Toshkent viloyatining Sho‘ralisoy qishlog‘ida tug‘ilgan. O’zbekiston xalq shoiri (1999). ToshDUning filologiya fakultetini tugatgan (1960—65). Ijodi 60-yillardan boshlangan. Dastlabki she’rlar to‘plami — «Karvon yo‘li» (1968). «Aks-sado» (1970), «Tasvir» (1973), «Xotirot» (1974), «Ko‘zlar» (1976), «Qaytish» (1981), «Sabr daraxti» (1986), «Sukunat» (1991), «Tavba» (2001), «So‘nggi vido» (2006) kabi she’riy to‘plamlari nashr etilgan. Bayronning «Manfred», Nozim Hikmatning «Inson manzaralari», Karlo Kaladzening «Dengiz xayoli» kabi asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. 2005 yilda Toshkent shahrida vafot ettan.

 

Ona Turkiston (sh'erlar to'plami). Rauf Parfi 



Muallif: Rauf Parfi 

Hajmi: 111 Kb
Fayl tipi: PDF

Saqlab olish
 
 
Tavba. Rauf Parfi



Muallif: Rauf Parfi
Hajmi: 283 Kb
Fayl tipi: pdf, zip
 Saqlab olish
 

SENSIZ

1.

Sovuq. Atrof temir. Qo‘limni ochdim, 
Yelkamda chatnadi qaynoq qo‘rg‘oshin... 
Vayrona qa’ridan ko‘klarga qochdim –
Arzonga oldilar Majnunning boshin.

Rahmsiz olomon, sizga ne kerak? 
Angladim, jismimni ruhimni bog‘lar. 
Vahiy keldi menga, chirpandi yurak, 
Aks-sado berdi muqaddas tog‘lar.

Farog‘at zirvasi. Olam - bilgisiz, 
Oxiri sen kelding. Xayolga tolding.
Vodiy og‘ushida so‘zsiz, belgisiz, 
Asta od imlar-la ko‘zdan yo‘qolding. 
Faqat k;ayga ketding, qaylarda qolding, 
Oh, qanday yashayman sensiz - sevgisiz.

2.

Sohilda bir o‘zim. Dengiz qorong‘u, 
Yelkansiz kemaning ichinda shubham. 
Vahima shiviri, bo‘g‘zimda og‘u. 
Aqlim bir falokat sezadi mubham.

Rangi o‘chgan osmon xunuk g‘uldirar, 
Achchiq chirqillaydi noma’lum bir qush. 
Va yonimda qonli buloq chuldirar, 
Atirgullar, sening gullaring behush.

Feruza,. zumurrad gullaring payhon. 
Oh, tupdtsing kemadan. Karnay chaldilar, 
Va ko‘zga ko‘rinmas qo‘llar shu zamon 
Ag‘dardilar meni, kishan soldilar.

Faryodim ichimda, otma gulingni... 
Otma, slg‘izlikdan - baxtli qulingni.

3.

So‘ldirsha gulingni, ilohim, yonsin,
Yeru osmon ko‘rsin ko‘z yummay bedor.
Vaqt - ulug‘ hakam. Ruhing uyg‘onsin,
Asriy umidim - Sen. Sen borsan. Sen - bor.
Roviylar ne uchun? Haq va Haqiqat! 
Asirlik zanjirin parchalab tashla.
 
Vujudingni yoqsin alamli fikrat, 
Ayon hshqiqatga, haq yo‘lga boshla.
Fursat o‘tmaqdadir. Vaqt bu - beomon, 
Omonat dunyoda omonat odam –
Vijdon shevasi bor, mehrobi iymon –
Asl insonlarin chorlaydi bu dam.

Falakka sanchilib qolgan so‘zim bor, 
Olovlar, chamanlar ichra o‘zim bor.

* * *

Tong otmoqda. Tong o‘qlar otar, 
Tong otmoqda, quyosh - zambarak. 
Yaralangan Yer shari yotar, 
Boshlarida yashil chambarak.

Tong otmokda, musaffo tongga 
Yuragini tutar odamlar,
Shu tong uchun kelgan jahonga, 
Shu tong deya o‘tar odamlar.

Tong otmoqda...

 

BIR QUSHCHA

Bir qushcha derazam yonida
O'tirar parishon va garib.
Yig'laydi ko'zlari yonadi,
Ko'zlari ikkita marvarid.

Bir ajib navoga o'xshaydi,
Shoirga o'xshaydi bir hassos.
Miskin soz chalmoqqa u shaydir,
Dardiga bordir-ku bir asos.

Men unga qarayman ohista,
Men qushcha holiga yig'layman.
Va lekin bilmayman,ne istar,
Bilmayman, hech qachon, bilmayman...

BIRGA TUG'ILDIK-KU, YURAGIM

Birga tug'ildik-ku, yuragim,
Jahonni kezmakka piyoda
Odimlarimizdir birdir bizning,
Shu baxtli, shu badbaxt dunyoda
Odamlarimiz birdir bizning.

Birga tug'ildik-ku yuragim,
Nasib etganda ham mangulik
Sen yashayver, sen meni kutma,
Men-ku ismingman xolos,
va lek,
Yuragim, ismingni unutma.

MUNOJOT

Bag'rimda g'ildirar temirchil hayot, 
Izg'itqi chivg'inda chidamdir boshim.
Faqat sen uyquchan tomirni uyg'ot, 
Qizimning qo'liga kuch ber, Quyoshim.

Bag'rida laxcha cho'g', aylanadi Yer, 
Quvonchhim, sevinchim, kuyuk ko'zyoshim.
Faqat sen qizg'onma, bir kaft mehr ber,
Ilinjim, sig'inchim - buyuk Quyoshim.

THAKURNING OXIRGI SHE'RI
(7.05.1941)

Ayroliq kunidir, tug'ilgan kunim.
Robindranath Thakur

1. Sohir Sarasvati! Nadir bu aqlim, 
Nadir tanu, nadir dilu, nadir jon? 
Bu qanday kah kashon? Bu qaysi iqlim? 
Aldandimmi tug'ilib? Rostmi? Yo yolg'on?..
Ey, mening parishon, ey, sho'rlik xalqim, 
Bag'rim, qachon tug'ilasan, sen, qachon?!

Qorayib tirkashar o'z muztar ko'lkam, 
Izillar so'zimning ma'yus jaranggi. 
Vizillar muzlarga burkangan ko'klam, 
Ochiq poyonlarning bayonsiz ranggi.

Sovuq qorong'uning oppoq sadosi, 
Bo'g'zimda bo'g'ilar musiqam, unim. 
Hajr saharidir, hijron sahrosi, 
Al-vido kunimdir, tug'ilgan kunim.

2. Ay sen, ona xalqim, loylarga botdim, 
Pilla halovatning g'ilofidan chiq!
So'yilgan sag'rimga zahrolud qotdim, 
Kamolot so'qmog'i naqadar achchiq.

Tiriklar! Yondirmang eski ma'voni, 
Suvlarga bostirmang. Tiriklik bitar. 
Havoni qizg'onmang, ozod havoni, 
Tuproqni bulg'amang. O, Shiva, yetar!

Yerga qo'ying meni. Onamdir tuproq, 
Tobinib o'payin onamning izin. 
Onamning yuzini, oy yuzida dog'.

Yashin bering menga, chatnayin o'zim, 
Menga dengiz bering, daryolar urfoq, 
Nafas bering menga, beringiz So'zim.

3. Izg'irdim sargardon men sizni izlab, 
Tovonimning teshdi srabon, yomg'ir. 
O'zimni la'natlab, sizimni sizlab 
O'lmay turib o'ldim, siz uchun oxir.

Yonib aytdim, cheksizlikning cheki bor, 
Cheksizlikning cheklariga yetarmen. 
Mendan rozi bo'ling, tiriklar, do'st-yor, 
Bir chimdim mehringiz olib ketarmen.

Mening sog'inganim qaylarga ketdi? 
Tamom! Bor-yo'g'imni sovurib bo'ldim, 
O'limim sog'ingan dodiga yetdi.

Agar men koinot bo'lsam, Men - To'ldim. 
Xayr, xayr endi. Biz netdik? Ul netdi? 
Men bukun tug'ildim. Men bukun o'ldim.

4. O'zimni topkanda sizni qidirdim, 
Unutdim o'zimni, topdim yerimni. 
Men sizga bir dunyo dunyo qoldirdim, 
Men sizga qoldirdim qonli she'rimni.

Safarim oldidan yana o'yladim, 
Nachora? Qarzlarim ko'p edi, esiz. 
Yamaning ruhiga sokin so'yladim - 
Uyoqlarda qanday yashayman sizsiz?

O'g'ri tashlab ketgan bir tugin molim, 
Men ortib ko'chmasman, sizga, bu tugin, 
Sizsiz uyoqlarda ne kechar holim?

Sizsiz bor narsa yo'q, Tomirda tugun, 
Yuzingizda ko'rdim Alloh jamolin. 
Oxirgi safarim. Men tug'ilgan kun.

Hind asotirida: 
Sarasvati - fan va san'at ilohasi. 
Shiva - bunyod va barbod ma'budi. 
Srabon - tinsiz yomg'ir, yog'adigan oy. 
Yama - U dunyo, o'lim ma'budi.

LUTFIXONIM. "UYG'ON, BOLAM"

Yolg'iz sen uxlaysan,yolg'izim,bolam,
Maysalar shivirlar,hayqiradi tog'.
Shovullar daryolar,dalalar uyg'oq
Qasamga botirar tubi yo'q olam.

Umidning ko'zi ko'r, achchiqdir firoq,
Axir men alamman - chinqirar alam.
Bu g'olib turkuda bo'lmish edi jam,
Ona yurtim,elim,toptalgan tuproq.

Uyg'on,uyg'on,bolam,uyg'ongil, ey dil,
Uyg'ondan iborat uyg'otlik dunyo.
Inon,seni o'ylab ketmakdaman,bil.

Sengadir jon bolam,mushkilot, g'avg'o,
Uyg'on,uyg'on, deya ingraydi navo -
Senga bu Vatandir, senga turkiy til.

YOSHLIK - ZANGOR FASL,KECHDI,SARG'ARDI.

To'kildi u. Shafqat bilmas bargrezon.
Qora sovuqlarga otib yubordi,
Shamollar poyida sinmoqda xazon.
Yoshlik - zangor fasl.Kechdi. Sarg'ardi.

Harna o'tdi,mendan o'tdi,omon bo'l,
Qancha faryod qilmay qaytarib bo'lmas.
Har qalay oldinda bordir so'nggi yo'l,
Toki yetguningcha xotirot o'lmas,
Harna o'tdi,mendan o'tdi,omon bo'l.

Vido tabassumli olam,yoshligim,
Ko'zlarimda qolgan jolam,yoshligim,
Ko'klarga etmagan nolam,yoshligim,
Suvga cho'kib ketgan bolam,yoshligim,
Vido tabassumli olam,yoshligim.

AVTOBUS DERAZASIDAN QARAB KETSANG

Uzoq-uzoqlarga,
Masofalar suvratini olib ko'zlarga.
Xususan, oy bulutlar orasiga berkinib tursa.

Xususan, yulduzlar so'nganda,
Xususan, zim-ziyo tun chog'I
Ayniqsa, shaharning shovqini seni zeriktirsa,
Ayniqsa, sevgiling sevmasa seni...

Ayniqsa, g'iybatlar to'qisa
Do'stlaring:
Yiroqlarga qochar qismatlar,
Avtobus derazasidan qarab ketsang...

G'UNCHALAR

G'unchalar pushtirang va za'far
Zangori yaproqlar shahrida.
G'unchalar orzumdek har safar,
G'unchalar qalbimning bag'rida:

Qalbimning bag'rida bir jahon
G'aroyib ertaklar aytadi.
Men qaytib kelmasman hech qachon,
G'unchalar albatta qaytadi.

BITIKTOSH

Azizxon Qayumovga

Firdavsiy bir zamon aytgani kabi
Har ne o'tkinchidir,fanoning o'zi,
Faqat ikki narsa qolur abadiy -
Botirning shavkati,dononing so'zi.

Ajdodlar Vatan deb jon fido qilgan,
Behuda gap sotib yurmagan ular.
Mana,ming yillarni opichlab kelgan
Bitiktosh ona - Yer haqida kuylar.

Vaqt quyunida ne davru davron,
Bu - toshga aylangan erkdir, bardoshdir,
Bu Vatan atalgan muqaddas armon.

Unga qaraymany bir his tuyaman,
Bu yurtim timsoli mangulik toshdir...
Yuragim toshiga she'rim o'yaman.

MUNOJOT

I

Dodimni eshitgil, qodir Allohim,
Ishq sensan, oshiq ham sen, men qulingman.
Loyiqman qahringga, do'zahim - bogim,
Omonat devorman, o'tman, qulingman.

Rubbi maskun ichra sayyod, o'zim sayd,
Ortiq madorim yo'q, voqifsan ahir.
Manglayda yozilgan farmoningni ayt,
Da'vat qil, gunohkor bandangni chaqir.

Iymon ber ruhimga, jismimga jon ber,
Loyimni qorishtir, poklab ber menga.
Ojiz tomirimga pokiza qon ber,
Ravshan qil, qoramni oqlab ber menga.

Oxirat ilmidan qil meni ogoh,
Murodim shamini so'ndirma, Alloh.

II

Moziyga urilib sinar ovozim,
Umr o'tib borar benaf , benavo-
Nahotki bu-qo'lim? Bu mening sozim?
Allohdan so'rajman: - Nechun bu jafo,

Jami judoliklar jonimga yetdi,
Ol, deyman, Allohim, omonatingni.
Tavba qil?- dedi ul, bir Kitob tutdi-
Muroding mustajob, mingil otingni,

Ummonlar yo'lingda, changal yo'lingda,
Noma'lum har joyda qurilgan doring.
Olamning kalidi sening qo'lingda,
Jafo habibingdir, xiyonat - yoring?.

Allohim, lahza- men, sen ersa mangu,
Taskin berganingmi, shafoatingmi bu?!

III

Semurg' qushim, podsho qushim, hush kelding,
Etti gumbaz, etti vodiy sarvari,
Vasling ne'matidan bahravar qilding,
Intizor joningman, yo'lsiz, sarsari.

Nola aylab Semurg' dedi: - Ey bedor,
Chorlar seni Biruborim. Bor. Ishon.
Sen fano vodiysi, haq qoshiga bor,
Yeru osmon cho'kmakdadir benishon.

Vahshiy dunyo, qonho'r dunyo quturdi,
Inson faryodiga to'ldi koinot,
Nabiylar, dohiylar, shoirlar turdi,
'Chora, chora!', - deya so'rdilar najot...

Allohim, bilursen qay sori ketdim,
llohim... Men o'ldim... Men senga yetdim...

TUYG'ULAR

Rassom do'stim Shuhrat Abdurashidov xotirasiga

1

Bo'ron do'stim nechun jimsan
Nechun jimsan Chaqmoq ukam
Singlim sukunatning boshida

2

Men sening ko'zlaringga qarayman
Sen o'zgalarga
Kimning ko'zlaridan izlaysan meni

3

Tovushlarga ko'milib qoldim
Zalvor qorli tovushlarga
Junjiktirar oyning nolasi

4

Ostonamda yotar do'stimning iti
Yulduzlarga qarar Eh o'lmagur do'stim-ey
Marhum do'stimning iti

5

Seni topgunga qadar
Qanday yashadim men
Nahotki yashadim

6

kunduz chiq-chiq-chiq
kecha chiq-chiq-chiq
O'lmagan sening joning

7

Ko'zimga nechun to'r tashladingiz
Nechun arqon tashladingiz
Kiprikmi shular

8

Bir yoqlarga ketmaysanmi uchib-uchib
Yurasanmi is bosib qorayib
Sho'rlik shaharlik chumchuq

9

Nima desam ekan senga Shamol
Nima desam ekan Boychechak
Bir oz jim turish mumkinmi

10

Buncha yugurasan yelasan qo'shnimning kuchugi
Ko'zlaringga shodlik to'lib qolgan
Baxtlimisan shuncha

11

Bir aqlli-ey mana bu qurmagur
Bir chiroylikki mana bu
Bular ham tug'ilganmikin

12

Chars-chars yonaver nimjon olov
Qo'llarimni qalayman
Begona emasmiz har qalay

13

Men seni sevamanmi Bilmayman
Sen mangulik nafassan -
'Bilmayman' degan

14

Og'zimga eng xushbo'y havolarni to'ldirib
Yiqilib turib chapayapman
Sen tomon jonim

15

Har kun huzuringga kelaman
O'ltiraman soatlab
Sen meni tushunishing kerak Chinor

16

Daf'atan yomg'ir yog'ar Tinar daf'atan
Daf'atan yer yiqilib tushsa
Nahotki shu qadar dushman - daf'atan so'zi

17

Tovushlarning rangiga qarang
Qarang tez ranglarning tovushiga
Bu sho'rlik oy ham shoirmi deyman

18

Mo'ltirab qarab turibsan qushcham
Nega bunday qaraysan
Baribir menga ishonmaysan-ku

19

Oy nurlaringni yig'ishtirib ol
Qora pardangni tashla yuzingga tun
Men yorim-la vidolashgali keldim

20

Kuygan daraxt bo'yniga osilar
Oq bulut oppoq bulut
Yig'lagali ketar keyin

21

Xayol olib ketar yiroqlarga
Ko'z ilg'amas yoqlarga olib ketar
O'ziga qattiq ishonar xayol

22

Qorayib ketdi ko'ksimdagi qorlar
Maysalar uyg'ondi
Shoxlarga qo'ndi ko'klam

23

Og'zim to'la so'zlar - jigarlarim, ey
Ortiq sizni asray olmayman
Bilganingizni qilingiz

24

Sen ko'p yashading, buyuk tosh
Yashay berasan hali uzoq-uzoq
Ko'p yashab qo'yganimdan uyalaman men esa

25

To'r tashlaysan igna sanchasan
Nechun menga baqrayasan osmon
Xato qilgan bir menmi

26

Suvlar, ne deb jildiraysiz
Ne deb shivirlaysiz sabolar
Sen-da berahmsan Boychechak

27

Sevinch biror marta qayg'urganmisan
Kulgu yig'laganmisan bir marta bo'lsin
Do'st bo'lolmassis men bilan

28

Nima qilib qo'yding Quyosh nima qilib qo'yding
Eritib yubording-ku suv qilib, qurmagur
Takrorlanmas mo'jizani darchamda

29

Ha va yo'qdan iboratdir qisqalik
Tushuntirish uchun ketgan so'zlar qolgani
Ha va yo'qni tushuntirish uchun ketgan so'zlar

30

Aytmasang bo'lardi-ku shularni e voh
O'zim talab qildimmi haqiqatni
Qanday yashayman qolgan umrimni endi

31

Men hammasini Chindan aytdim eh Sizlarim
Siz nafasni mendan qizg'ondingiz-a
Qolganini baliqlar aytsin

32

Xiralashib borar kunduzning rangi
Oy ham kular mendan behayo behis
Kunduzning rangini so'rib olgan u

33

Daraxt shoxlarida silkinar
Kuzning yaydoq sariq shamoli
Chirqirar bir qushcha

34

O xayolning yo'llari oils
Yana olislarga boshlar beshafqat
Olis u yo'llarning xayoli

35

Sen kelmassan kelmassan endi
Achchiq tomchi yoshga aylanib
Ko'zimda aylanar qo'rg'oshin quyosh

36

Osmon shu qadar toza Rahming keladi
Uzoq qarab turolmayman bevafo
Sening suratingga to'lar qorayib

37

'Voh jonim voh jonim' deb hirqirar
Derazamning ortida shamol
Yulib tashlasam edim jonimni qani

38

Qor hidi dimoqqa urildi
Uxlaydi shamolning qo'ynida
Barglarini to'kmagan rayhon

39

Hayhotdek tun ichra bir o'zim
Yulduzlarning nurlari og'rir
Ko'zlarimga kelib sanchilib

40

To'xta Vijdon qayoqqa ketyapsan
Qayga qochyapsan bevafo xotin kabi
Haqqing yo'q bir o'lim haq xiyonat uchun

41

Tong sahardan o'ltiribsan daryo bo'yida
Bir fikrga kelmadingmi Ayt Ayt
Yo'qsa kech bo'ladi quyosh so'nadi hozir

42

To'kildi umidimning bahori
Bo'g'izlangan guldasta bo'lib
Sening oyog'ingga yiqildim

43

Yulduzlarning achchiq nurlariga chirmashar
Yular oyning namxush sochlarini
Falakka termilib qolgan ko'zlaring

44

Ovozingni o'parman sevgilim
Ko'zlarimga kirib muzlab qolar ovozing
Yo'qotuv hissini tuyar ko'ksim sirqirab

45

Bu qanday oroldir osmon ko'rinmas
Bu qanday daryodir ko'rinmas sohil
Biz shu qadar nochormiz eh sevgilim

46

Yer o'z o'qidan ayrilar inon
Inon osmonidan ayrilar quyosh
Agar biz ayrilsak

47

Tirnaydir sochlaringning tarog'i
Ko'zlaringning surma suyi zaharlar
Labingdagi o'qni nechun saqlaysan

48

Yo'qlik bir armondir Armon - bir yo'qlik
Armondan iborat borliq va lekin
Yerga cho'kkan osmon mening armonim

49

Jigar-bag'rimga to'ldi ushbu so'zlar
Ushbu so'zlarga aylandi-ku mening dunyom -
'Sen meni aldamaysanmi Aldamaysanmi'

50

Vujudim yallig'lanar nafasingdan
Sen shunday yaqinsanki jon qadar axir
Baribir seni sog'inaman sevgilim

YOLG'IZ SEN UXLAYSAN

Yolg'iz sen uxlaysan,yolg'izim,bolam,
Maysalar shivirlar,hayqiradi tog'.
Shovullar daryolar,dalalar uyg'oq
Qasamga botirar tubi yo'q olam.

Umidning ko'zi ko'r, achchiqdir firoq,
Axir men alamman - chinqirar alam.
Bu g'olib turkuda bo'lmish edi jam,
Ona yurtim,elim,toptalgan tuproq.

Uyg'on,uyg'on,bolam,uyg'ongil, ey dil,
Uyg'ondan iborat uyg'otlik dunyo.
Inon,seni o'ylab ketmakdaman,bil.

Sengadir jon bolam,mushkilot, g'avg'o,
Uyg'on,uyg'on, deya ingraydi navo -
Senga bu Vatandir, senga turkiy til.

YETIM

Og'zim to'la hayot.
Binafshaning shamoli,
Men sho'x bolakayman
Otasi tashlab ketgan,
Onasi tashlab ketgan,
Og'zimga to'lib qolgan hayot.

XAYR SENGA

Ko'zlarimning osmonlarida
Faqat o'zing, faqat sen o'zing
Oydan, yulduzlardan narida - 
Ko'zim ichra sening yulduzing.

Tushlarimda uchib yurardim,
Men-la birga ozod qushlarim,
Sen tushmi, deb sendan so'rardim,
Aldamchidir barcha tushlarim.

Meni kutmas endi ul bog'lar,
Meni kutmas qalam qoshligim.
Tushda qoldi ul masrur chog'lar, 
Eh, huvillab qolgan yoshligim.

Shafqat nedir - qovjiroq taqir.
Men yo'lsizman besaru somon.
Botmoqdadir quyosh ham qaxir,
Hansirar-da, bo'g'riqar osmon...

Bu yerlarga behuda keldim,
Suvga cho'kkan cho'g'dek so'zlarim.
Go'zallikning men quli edim,
Sen ollohsan, mening go'zalim.

Qaydasan, sen, bu kun behuda
Hasrat bilan kuyingda yondim.
Sening o'tli mehringdan judo
Sap-sarg'aygan sahroda qoldim.

Da'vat emas, shundoq, alvido,
Talqon bo'lar tamallar toshi.
So'nayotgan oftob nurida - 
Mening kirsiz o'n to'qqiz yoshim.

Tomog'imda qotgan so'zlarim,
Sochiling, samoga sochiling.
Mana, tong. Tonglarning go'zali.
Tong oqardi. Tong - sochim mening.

Xayr senga, otilgan ohu,
Dunyolarga vido ayturman.
Elitmoqda cho'ng qudrat - uyqu,
Tushlarimga yana qayturman.

SENI KUTDIM KUYIB OTASHDA

Oylar o'tdi va yillar o'tdi,
Lekin sendan bo'lmadi xabar.
Yolg'iz seni men yolg'iz kutdim,
Kuta berib xun bo'ldi jigar.

Mana oxir sen-da namoyon,
Muhabbatim, ko'zim, ismatim.
O'ngmi, tushmi, yo shirin armon?
Birdan yaraqladi qismatim.

Sen o'sha-ku xayolda ko'rgan,
O'sha nigoh, oshno tabassum.
O'sha ohu ko'zlar tig' urgan 
Va yurakka boshlagan hujum.

Senga juda g'alat tuyular
Balki sevging bilan yonganim,
Menga og'u kabi quyular 
Shunday buyuk ishqdan tonganing...

Oylar o'tdi va yillar o'tdi,
Yurak esa ishonch va g'amda.
Qanchadirki, o'tgan vaqt kutdim,
Seni kutdim kuyib otashda.

YOLG'IZ MENI O'YLA INTIZOR

Muncha g'amgin bo'lmasa o'ylar,
Hijron muncha bo'lmasa uzoq,
Meni o'yla, sog'inib o'yla,
Yo'lg'iz meni o'yla intizor,
Muncha g'amgin bo'lmasa o'ylar.

Hijron muncha bo'lmasa uzoq,
Holbuki, bir qadam o'rtada.
Oramizni kim buzdi, o'zi,
Inonkim, behuda o'rtadi. 
Hijron muncha bo'lmasa uzoq.

Meni o'yla, sog'inib o'yla,
Aytsalar-da sevgi uzilgan,
Shunday ishonchsizlik tufayli,
Xafa bo'lma mendan - o'zingdan,
Meni o'yla, sog'inib o'yla.

Yo'lg'iz meni o'yla intizor,
O'ylaringda men yashay yakka,
Chunki sevgi atalgan azob
Qodir emas toq yashamakka.
Yo'lg'iz meni o'yla intizor.

YOSHLIK

Yuragingda, sening qo'lingda
Toza chechak kabi o'ynadim,
Yoshligim, men sening yo'lingda 
Sevintirdim. Seni qiynadim.

Nahot xafa kunlaring o'tgan,
O'zing berdingmi beboshlikni?
Lekin meni otmading o'tga,
Naqadar yaxshisan, yoshligim!

Bir dard bo'lib, bir sevinch bo'lib.
Va bir donishmand bo'lib goh,
Ko'zlaringa qarab yurgin deb,
Etganing bor yoshligim, ogoh.

Faqat sen uchgil nafasimdan,
Sendan bahra topsin bu olam.
Aytilmagan so'zlarim sendan,
Qilinmagan zahmatlarim ham.

Men bilan bo'l doimo birga,
Ayri tutma meni, yoshligim.
Toza saqlay butun umrga,
Butun umrim, qora qoshligim.

Yuragingda, sening qo'lingda
Toza chechak kabi o'ynadim.
Yoshligim, men sening yo'lingda,
Sevintirdim. Seni qiynadim.

QAYDASAN SEN

Yomg'ir yogib chiqdi tun bo'yi,
Tong oqardi, tinmadi yomg'ir.
Buzilgandek osmon uyi - 
Yerga qarab yig'laydi og'ir.

Men xonamga kirgayman alhol,
Yuragimda ko'hna anduhlar.
Derazamga urilar shamol,
Qaydasan sen? Qayda ul ruhlar?

SENI O'YLAB...

Seni o'ylab hol-jonim og'rir,
Seni o'ylab qondir o'ylarim.
Manzilim ham yiroq va og'ir,
Tig' ustida borar yo'llarim.

Telba-otash, deb meni pinhon,
O'ylama sen, mening yulduzim
Seni o'ylay oldim-ku, inon,
O'zimni ham o'ylarman o'zim.

VIDO TABASSUMLI OLAM, YOSHLIGIM

Yoshlik zangor fasl, kechdi, sarg'ardi,
To'kildi u. Shafqat bilmas bargrezon.
Qora sovuqlarga otib yubordi,
Shamollar poyida sinmoqda xazon.
Yoshlik zangor fasl. Kechdi. Sarg'ardi.

Harna o'tdi, mendan o'tdi, omon bo'l,
Qancha faryod qilmay qaytarib bo'lmas.
Har qalay oldinda bordir so'nggi yo'l,
Toki yetguningcha xotirot o'lmas,
Harna o'tdi, mendan o'tdi, omon bo'l.

Vido tabassumli olam, yoshligim,
Ko'zlarimda qotgan jolam, yoshligim,
Ko'klarga yetmagan nolam, yoshligim,
Suvga cho'kib ketgan bolam, yoshligim,
Vido tabassumli olam, yoshligim.

KO'ZIMDAGI MA'NO

Ma'no o'qi ko'zimdan,
Men yonib muhabbatda
Gar adashsam so'zimdan,
Qoshingda xijolatda.
Ma'no o'qi ko'zimdan.

Sen jabrga ustasan,
Ammo men ortiq mohir.
Sevaman va istasam
Tark etmoqqa ham qodir.
Men-muhabbat, men-sitam.

Changal yasab boshimda,
Seni olib qolg'ayman.
G'amgin bir qaroshimda
O'z nahrimga solg'ayman,
Suzarsan ko'z yoshimda...

YODINGDAMI, SEVGILIM

Yodingdami, sevgilim, bir kun
Chiqib keldim yo'lingga.
Binafshalar terdim sen uchun
Va uzatdim qo'lingga.

Yana o'shal yo'ldan borurman,
Nigorondir bu ko'zim.
Xayolimni qonga qorurman.
Sen yo'qsan-ku… Bir o'zim...

Huv, yoshligim qolgan joylarda
Izg'igyman men yonib.
Ayt, izlayin seni qaylardan,
Qaydan topayin, jonim?

YULDUZLARGA MEN HAM QARAYMAN

Yulduzlarga men ham qarayman,
Yulduzlar - samoviy bir xayol.
Men ko'proq zaminga yarayman,
Menga kerak yerdagi hayot.

Yulduzlarga men ham qarayman,
Yulduzlar - chaqnagan orzular.
Huv miskin kezadir bir odam - 
Ko'ksida yonmagan yulduzlar.

Yulduzlarga men ham qarayman,
Ba'zida keladir havasim.
Ba'zida bosadir og'ir g'am,
Ba'zida yetmaydir nafasim.

MEN OLAMDAN O'TGANDA

Ishq-vafodan so'zlaganlarim
Yetur senga ohu-fig'onim.
Yodga tushar bo'zlaganlarim
Men olamdan o'tganda, jonim.

Qaltirarsan ajib sezgidan,
Har bir so'zim - oshkor jahonim.
Judo bo'lding buyuk sevgidan-
Men olamdan o'tganda, jonim.

Sen qoshimdan keta olmassan,
Ko'zlaringda turarman yonib.
Sevgimni rad eta olmassan
Men olamdan o'tganda, jonim.

DARPARDANI OCHAQOL, JONIM

Yorug'likni o'g'irlab sekin
Tevarakni qurshadi tuman.
Ermak qilib tun cho'kdi, lekin
Eshik ochib chiqmadingku san?

Deydilarki, sening ko'zlaring 
Afsungarmish, sehr etarmish,
Kimki ko'rsa bir bora seni 
Oyoq yetganicha ketarmish.

Sovuqni ko'r, yuzni chimchilar,
Masxaraman unga bu zamon.
O'ylarimga kelib sanchilar,
Oy emas ul - u qotil kamon.

Bunda har ne ermaklar meni
Qorong'idir axir jahonim.
Hech bo'lmasa ochgil darchani,
Darpardani ochaqol, jonim.

ALYOR

Gulga to'ldi dunyo, shodumon do'st-yor,
Go'yoki davrada faqat gul-chechak.
Bu ikki oshiqdir, ikki baxtiyor,
Bir dardga aylanar bu ikki yurak.

Sadoqat taxtida yuzlaring gulgun,
Olamni yoritgay sevging shu'lasi.
O'zgacha ko'rinar har narsa bu kun-
Kelur har narsaning senga havasi.

Go'yo bo'ston ichra ochilgan chechak -
Bu harir oq libos poklik timsoli.
Umr go'zal bo'lur: baxtli kelinchak,
Guvohlik beradir ko'zgu misoli.

Bu kun to'y kechasi, sevgi ayyomi,
Bu kun to'y kechasi, shodlik toshadi.
Bu ikki baxtiyor - dunyo salomi,
Ikki dil hayotga qadam tashladi.

Bu, barcha ko'rgulik ko'rgan hayotdir,
Hayot barchasiga qilgaydir toqat.
Umr deganlari zahmat, sabotdir,
Umr deganlari ishonch, sadoqat.

Ko'kda oy, yulduzlar kirganday so'zga
Aziz boshingizga sochar nurini.
Men yulduz shu'lasin tilayman Sizga,
Men sizga tilayman oyning umrini.

Sizni qutlar bu kun do'stu qadrdon,
Yosh bahor umringiz nurlarga to'lsin.
Bo'lmasin jafolar, bo'lmasin hijron,
Do'stlarim, ezgu Baxt muborak bo'lsin!

LAYLO

Balki o'chgan edim yodingdan,
Shirin xayolingni buzdimmi?
Laylo, Laylo, sening yoningda
Yaproq kabi ko'rdim o'zimni,
Shirin xayolingni buzdimmi?

Seni o'ylab kelmaydir uyqu - 
Qora tunning o'zga sehri bor.
Tushlarimda topay deb gulro'
Man uxlarman mangu ehtimol.
Go'zal tushlar tilayman, Laylo...

Yana paydo bo'lding yo'limda,
Yana yo'llaringda bo'zladim.
Bechora qalb sening qo'lingda,
Ko'zlaringda mening ko'zlarim.
Nechun paydo bo'lding yo'limda?..

UYG'ON, EY MALAGIM

Uyg'on, ey malagim, tur o'rningdan, tur,
Otashin muzlarda isinaylik, yur.

Yong'inli daryoda quloch otaylik,
Bu yerdan ketaylik, faqat ketaylik.

Undan ham olisroq ketarmiz hali,
Undan ham olisroq, mening go'zalim.

Qaragil, eng yorqin bir yulduz yonar, 
Yorug' bir chaman bu… ketarmiz yana.

Bugun shoh erurman, tilak tilagil,
Bugun men gadoman, tingla, malagim.

SENI MENGA BETOB DEDILAR

Seni menga betob dedilar,
Bu so'z yomon, bu so'z ko'p og'ir,
Seni menga betob dedilar,
Oqdi yoshim misoli yomg'ir.

Seni menga betob dedilar...
Menga dunyo hazin tuyuldi.
Bulutlarga to'ldi osmon -
Achchiq-achchiq yoshi quyuldi.

Seni menga betob dedilar...
Lekin kelding, kelding sen o'zing.
Qora bulut tamom yo'qoldi,
Holbuki men... yig'laydi ko'zim.

MENING YURAGIMGA KETAYLIK

Yasatib qo'yibdi senga bir dunyo,
Orziqib kutadi bugun yuragim.
Mening yuragimga kelgil, marhabo,
Mening yuragimga kelgil, malagim.

Muhabbat baxtini topadi unda,
Kelgil, afsonalar aytmoqda bog'lar,
Aziz boshing uzra yaltirab kunda
Oltinga aylanar kuychi yaproqlar.

Mehribon yellarning qanotlarida,
Qani, yur, boraylik lola tergali.
G'aroyib gullarim bordir narida,
Gulim, ko'rmagansan umringda hali.

Qaragil, naqadar tiniqdir osmon,
Uning huzuriga yurgil, boraylik.
U yerga qaro tun yo'lamas aslo,
Bulutlar qayg'udan ketmas qorayib.

Qani, qo'llaringni qo'limga qo'y-chi,
Mening yuragimga ketaylik birga.
Sira ham u yerdan ketmaylik ko'chib,
Achchiq tajribalar ortib taqdirga...

AJIB TUSHLAR

Yana ajib tushlar ko'ribman,
Tushlarimda uni ko'rdim men.
Yana ajib tushlar ko'ribman,
Huzurida yonib turdim men.

Chirmab borar olovli to'lqin,
To'lqinlarda bo'lurman abas.
Yonishlaring qo'ynidan yulqib
Koshki sudrab chiqsa bu nafas.

Alanga chaqnaydi ko'zimda,
O'tlar meni tashladi tilib.
Sevgi, sevgi mening bo'g'zimda,
Kalimaga kelmaydi tilim.

Shunday ajib tushlar koribman,
Tushlarimda uni ko'rdim men.
Shunday ajib tushlar ko'ribman,
Huzurida yonib turdim men.

Yana sevgim qoldi yurakda,
Ul qiynaydi meni beomon.
Tushlarim ham tugab bormoqda,
Bir so'z ayta olmasman hamon.

ORTIQ KO'RISHMAYMIZ

Yo'q! Ko'rishmaymiz, xayr endi,
Ortiq ko'rishmaymiz yuzma-yuz.
Sahrolarda sevgimiz qoldi,
Qor ostida qoldi sevgimiz.

Ortiq ko'rishmaymiz yuzma-yuz,
Mehr to'la yoniq yuz bilan,
Yo'q, yo'q, endi hech qaramaymiz,
O'rtalikda mash'um bir tuman.

Sahrolarda sevgimiz qoldi,
Kuygan yantoq misol quyoshda.
Xato sevgi qo'shilib tomdi
Zahar-zaqqum bo'lib ko'z yoshdan.

Qor ostida qoldi sevgimiz,
Sho'rlik sevgi topmadi omon.
Yakka-yakka bo'ldi ismimiz,
Har xil yo'ldan ketdik har tomon...

QAYTMASMAN HECH

Xayr senga, yaxshi qol endi,
Faryod urar ko'zingda sevinch.
Xayollarga bir dam tol endi
Huzuringga men qaytmasman hech...

Seni o'rtar achchiq pushaymon,
Ayrilmoqdan qo'rqmaysan mendan,
Sevgi uyi uzlatda vayron -
Bir tasalli tilamas sendan.

Bir kun ko'rib meni ko'chada,
Ana u, deb qo'lingni cho'zgin.
Yodgorlikdek so'nggi kechadan
Yo'l ustida to'xtagin bir zum.

Boshing egib kelma men tomon.
Sen ketaver… yonimga qaytma...
Ko'rib qolsang undan ham yomon,
Yo'q, yo'q, "Meni kechir" deb aytma...

Xayr senga, ketar bo'ldim men,
Ketar bo'ldim shu qop-qora kech.
Qaytmasam-da muhabbatimdan,
Huzuringga men qaytmasman hech.

ATROFDA BAHOR

Termilaman olis ufqqa,
Botgan kundan qolmishdir dog'lar.
Yomg'ir urar qorong'ulikka,
Sovuqqina shovullar bog'lar.

Yana keldim mahzun go'shaga,
Bunda bir nay yotibdi sinib.
Qo'y, sig'inma ortiq o'shanga,
Qo'y, sig'inma unga, sevgilim.

Men hech narsa so'rmasman, dilbar,
O'tmishingdan so'zlama zinhor.
Men ham bir bor sevganman, yetar...
Qarasang-chi, atrofda bahor...

AROSAT SEVGI

Juda baxtli eding u bilan,
Dunyoni to'ldirib yurarding.
Sen o'shani o'ylaysan hamon,
O'sha bilan banddir yuraging.

Uning bilan kechgan damlardan
Senga qolgan shirin xotira.
Mening esa achchiq g'amlardan
Tortib ketdi ko'zlarim xira.

Lekin sevgim joy topolmadi
Xotiralar yotgan qalbingdan.
Sen uni hech unutolmading,
Men ham kecha olmasman sendan.

XAZON QO'SHIG'I

Shivirlaydi oyog'imda yashab o'tgan xazonlar,
Ko'zlarimga igna yanglig' sanchilmoqda mezonlar.

Huvillagan qishloq uzra quyuq tuman cho'kmoqda,
Yiroqlarda nay ko'nglini so'nggi bora to'kmoqda.

Dala bo'm-bo'sh, ko'milgandek unga ko'hna savollar,
Faqatgina kezib yurar, izg'zib yurar shamollar.

Faqatgina ko'rinadir kuygan daraxt mung'ayib,
Qayda qoldi mangu bahor, qayga bo'lding sen g'oyib?

OPPOQ TUSH

Derazamga uriladi qor,
Jaranglaydi jarangsiz kumush.
Derazamga uriladi qor,
Qor singari oppoq bo'ldi tush.

Bir ajoyib qor yog'ar bu kech,
Uchib tushar mening yonimga...
Men-ku seni o'ylamasman hech,
Sen tushasan ammo yodimga...

QO'LINGNI QO'YGIL YOR

Aylanib tushar qor yo'limga,
Qo'lingni qo'ygil yor, qo'limga.

Sen qolding muhr kabi labimda,
Sen - bir dard asabiy - qalbimda.

Ko'zlarimga berkitay va lekin
Yoshday oqib ketma, sevgilim.

BENAVOSAN NECHUN

Sabolarda o'ynaydi navo, 
Ariqlarda suv oqadi shan,
Ohanglarga to'libdir havo,
Benavosan nechun yolg'iz san?

Kuzgi bog'lar shivirlashar jim,
Kuzgi bog'lar kuychi za'faron.
Kuylarmikan shunday yuragim,
Qo'llaringni qo'ygil, mehribon?

Benavosan nechun, dilbarim,
Hayot seni etmasmi maftun?
Maftun etmaydimi gul bargi,
Maftun etmaydimi she'riy tun?

Qara qanday porloq erur ko'k,
Tingla, qo'shiq aytar yulduzlar.
Bu - oy to'kkan shu'la emas, yo'q,
Bu - navoga aylangan so'zlar.

Ufqlarda yoniq afsona –
Olgin Erkin Vohid she'rlarin.
Oydin yo'llar qo'shig'in, mana,
Yo'llar o'zi aytar, dilbarim.

Sabolarda o'ynaydi navo, 
Ariqlarda suv oqadi shan,
Ohanglarga to'libdir havo,
Benavosan nechun yolg'iz san?

QANDAY GO'ZAL BU OLAM

Og'ir tun, qurir tinka,
Qanday izg'irin kecha.
Bu yomg'ir tinar qachon,
Yerga botadi tovon,
Loy yopishar etikka.

Lekin hamon kutasan
U tanish tol ostida.
Arazing bo'lar tamom,
Qari to'nka ustida
O'ltiramiz yonma-yon.

His va xayol kechasi,
Haroratli bir sovuq.
Gulxan yoqaman va sen,
Obbo, tamaki ham yo'q,
Meni asta quchasan.

Yomg'ir qorga aylanar,
Ko'zingda kular alam.
Ohista bosh aylanar,
Qayga qochib borar g'am?
Qanday go'zal bu olam?!

TUNGI SOG'INCH

Mudrar yarim kecha uyquda,
Bulut suzar va oyni yopar.
Oyni yopar, lekin behuda
Yana bir on o'tmasdan yonar.

Kecha olar uyqusida dam,
Kecha uzra posibon - chiroy.
Seni ko'rgim keldi juda ham
Ajib qo'shiq aytgan chog'i oy.

KO'Z YOSH TO'KMA, ONA

Nimadir u, ko'zingga kelgan,
Xayolingga, ona, ne keldi?
Yig'lab turib hattoki kulding,
Nimadir u, ko'zingga kelgan?

Menga juda o'xshaydi, ona,
Ko'zlaringda yaltiragan yosh.
Menda o'sha ko'zu, o'sha qosh,
Menga juda o'xshaydi, ona.

Ona, uni to'kma, iltimos?
Ko'zlaringdan to'kilay agar.
Sevinchingdan bermasam xabar,
Ona, uni to'kma iltimos.

XAFA BO'LMANG, ONAJON

Qanday go'zal, qanday lojuvard,
Xayol kabi ko'rinar jahon.
Lekin mening yuragimda dard,
Mendan xafa bo'lmang, onajon.

Uxlamasman tonggacha, ona,
Tongda yorim chiqar begumon.
Ko'zingizga uyqu begona,
Mendan xafa bo'lmang, onajon.

Sevganimning yoniga boray,
Yuragimda qolmasin armon.
Unga yig'lay, unga yolboray,
Mendan xafa bo'lmang, onajon.

Ishq yor bo'ldi munis ko'nglimga,
Meni ado etdi ul jonon.
Ko'z tutmangiz bugun yo'limga,
Mendan xafa bo'lmang, onajon.

ZAROFAT

Daryo mavjlariga yozilmish g'azal,
Maysalar egilib o'qiydir kitob.
Shodlanib xandalar otar bir lahza,
Bir lahza oh tortib qo'yadir oftob.

Qamishlar shivirlar daryo tomonda,
Ko'kda oq bulutlar kezar bemajol.
Bir tirik nafosat borliq, jahonda,
Kimgadir elanar, qilar iltijo.

Bu qadar go'zallik qaysi ochunda,
Bu qaysi kitobdir, kimning daftari,
Kimning olamidir qilich uchinda?

Qaltirab porlaydir bir chiroq g'arib,
Bir qushcha sayraydir ruhim ichinda,
Bir qushcha yig'laydir meni axtarib.

BUTUN KECHA O'YCHAN VA SOKIN

Butun kecha o'ychan va sokin,
Xona ichra qolmishdik tanho.
Bir o'ychanlik ruhimga hokim,
Shunday hokim ruhimga sen ham.

Ohang oqar, devorda suvrat:
Moviy dengiz ustida kema.
Tanholigu o'rtada hurmat 
Va sevgiga o'xshash bir nima.

Men o'ylayman: "Nedan boshlay gap?"
Sen o'ylaysan: "Ne qilay javob?"
Na kuladi, na yig'laydi qalb,
Qarashlarga yaxlagan sarob.

Butun kecha o'ychan va sokin,
Xona ichra qolmishdik tanho.
Men demadim: "Sevaman seni",
"Sevolmayman",- demading sen ham.

KEL, JIMGINA VIDOLASHAYLIK

Kel, jimgina vidolashaylik endi
Yoningdan o'taman - bu so'nggi safar,
O'tib ketmoqdaman senga to'ymasdan.
Shu gaplar, shu gaplar rost bo'lsa agar,
Nega jim turibsan, axir so'ymasdan.

Shu gaplar rost bo'lsa, yolg'izim, yig'lab,
Senga o'lim tilab qolar edim men.
Yo'q, yo'q, mozoringni o'pib, timdalab,
Qayta tiriltirib olar edim men.

Rostin ayt, men ozlik qildimmi senga?!
Ayt, bir yurak ozmi? Mana! To'ydim-ku!
O'jar sevgim bilan tegdim joningga,
Kechir, rashkim bilan qiynab qo'ydim-ku.

Kechir, endi mening quyoshim botdi.
Senga ishonmadim. Sen mendan tonding.
Bir tuban nomingni loylarga otdi,
Razil kimsalarga nechun inonding?!

Imon bormi, derdim yonib, sig'inib,
Porloq timsolingga, sevgilim, biroq,
Tashlab ketmoqlikni o'rgandik ko'proq,
Kel, vidolashaylik endi, soginib.

Menga og'ir ichmoq sening ko'zyoshing,
Boshingda g'amlarning toshlari sindi.
Ko'rib turibsan-ku, tosh bo'lsin boshing,
Kel, jimgina vidolashaylik endi.

Bu yorug' dunyoda vafo qani? Kel.
Senga inonmadim- men telba, g'arib.
Qayga olib borib ko'mayin, aytgil,
Yuragimning jasadini ko'tarib.

To vola yuragim shan libos kiysin,
Toki so'nggi bor yayrasin so'nggi bor bu jon.
Sening ko'ksing uzra bir uxlab to'ysin...
Yo'q, o'zgacha sevolmasman hech qachon.

Hech bir mozor qabul etmas, yo'llar berk,
Bugun yuragimning saslari tindi.
Sevgilim, so'nggi bor, so'nggi izn ber,
Kel, jimgina vidolashaylik endi.

MEN KIMNIDIR KUTGAYMAN MAHZUN

Men kimnidir kutgayman mahzun,
Men kimgadir yig'lamog'im shart.
Tanholik-la turibman o'zim,
Mening bilan birgina zulmat.

Yiroqlarda ingranar List ham,
Qulog'imga bo'zlaydi Furqat.
Huzurimga chiqmas bir odam,
Men baribir kutgayman faqat.

O'ksib-o'ksib axtaraman nur,
Qorong'uda bo'lgayman ado.
Qo'ng'iroqlar jarangi kelur,
Qanday mash'um bu go'zal sado.

Shilliqqurtday to'lg'anar ariq,
Suyanaman badburush tolga.
Osmon yuzi shundayin sariq 
Sovuqlikni qaylardan olgan?

Kular-da va qalqib borar oy
Ul hayosiz shundoq yalang'och.
Kimni aldab balqib borar oy - 
Tevarakda kecha qorasoch.

Men kutgayman, elitmas uyqu,
Men kimgadir yig'lamog'im shart,
Ayting, nechun tashlab ketdi u, 
Nechun tashlab ketdi muhabbat?

Tugab borar tun yanglig' toqat,
Saharlarga bergayman hisob.
Qayga ketdi, qayga muhabbat,
Yuragimda muqaddas azob.

SUNBULA (parcha)

To'lg'ongan sochlaring qora ilondir,
Vujudimga tashlar anglanmas qo'rquv,
Ochilgan bag'rimning dardi nolondir-
Sening ko'zlaringdek teran, qorong'u.

Ilon sochlaringni shamol o'naydir,
Uzilgan barg kabi qaltiraydir jon.
Ezilgan yurakni ezib to'ymaydir,
Gulim, ko'zlaringga berkingan jahon.

G'imirlar kechaning qop-qora tani,
Sochlaring iloni tanimni yoqar.
Bag'rimni ezishga yana shaylanib,

Daryo bo'lib sening ko'zlaring boqar...
Uzayib, jimirlab, suvga aylanib,
Daryoga lim to'lib vujudim oqar...

DILOROMNING KO'ZLARI (parcha)

Ma'yus edi sening ko'zlaring g'oyat,
Go'yo yo'lsiz o'rmon barglarin to'kib,
Qora yolqinlikda shivirlar oyat,
Ko'zlaringni tinglayapman entikib.

TALPINISH

U dengizni sevadi. Dengiz uni sevmaydi.
U tushida ham, o'ngida ham dengizni ko'radi.
To'lqinlari, girdoblari, to'fonlari bilan so'ngsiz va zangori dengiz tomon talpinadi uning yuragi. U dengizni sevadi. Dengiz uni sevmaydi. Dengiz: "U meni emas, u menda qirg'oq sari talpinishni sevadi", - deb o'ylaydi.
Dengiz uni sevmaydi.

HOY BOLA

Hoy bola-bola, hoy bola,
Bas qil shodlik rubobin. 
Mana, Dunyo bir piyola
Tutar senga sharobin.

Hoy bola-bola, hoy bola,
Hech qo'rqmasdan uni ol.
Bir piyola, bir piyola
Dunyo G'ami, ichaqol.

XATO QILDIM

Xato qildim, sevgilim,
Xato qildim beomon.
Yo'q endi borar yo'lim,
Bog'imda so'ldi gulim,
Bag'rimga to'ldi xazon.

Xato qildim, sevgilim, 
Xato qildim bilmasdan,
Qani yutilsa tilim, 
Qaltirab turar qo'lim.
Jigarimni yulmasdan.

Xato qildim, sevgilim, 
Xato qildim bilmasdan.
Men suyib xato qildim,
Men kuyib xato qildim.
O'lib xato qilmasman...

SATRLAR

Men sening ko'zlaringga qarayman,
Sen o'zgalarga.
Kimning ko'zlaridan izlaysan meni?

* * * * *

Hayot jomi ichra oqamiz,
Gohi xursand, gohida vayron,
Tevarakka hayron boqamiz,
Tevarakni qoldirib hayron.

* * * * *

Vujudim yallig'lanar nafasingdan,
Sen shunday yaqinsanki, jon qadar, axir,
Bari bir seni sog'inaman, sevgilim.

* * * * *

Ayt-chi, meni unutdingmi?
Gullarim qonlar yutdimi?
Unutdingmi, eh bir yo'la
Yorug' dunyodan o'tdimi
Muhabbatim ekkan gullar?!

* * * * *

Seni topgunga qadar,
Qanday yashadim men?
Nahotki yashadim?

* * * * *

Ko'nglimga qil sig'mas,
Sen esa qanday shirin,
Sen esa qanday ulkan.

* * * * *

O'pib xayolingni qonaydi dardim
Yig'lar xotiramning g'arib bog'lari
Seni tushlarimdan so'rab, axtardim,
Qaytarib bo'lmas hech o'sha chog'larni.

* * * * *

KO'NGLIMGA QIL SIG'MAS,
Sen esa bunday shirin,
Sen esa bunday ulkan.

* * * * *

BO'RON,DO'STIM,NECHUN JIMSAN,
Nechun jimsan, Chaqmoq, ukam,
Singlim sukunatning boshida?!

* * * * *

MO'LTIRAB QARAB TURIBSAN,QUSHCHAM,
Nega bunday qaraysan,
Bari bir menga ishonmaysan-ku?

* * * * *

BIR YOG'I BALAND TOG', MUDRAYDI BESAS,
Bir yoni so'ngsiz qir - uxlaydi uyqu.
O'rtada bir qabr - ko'zga tashlanmas,
Hayqirib uyg'otar dunyolarni u.

.:: BUYUKLAR YODI ::.

SHOIR QISMATI

Cho'lpon xotirasiga

So'zdin o'lukning tanida ruhi pok,
Ruh dagi tan aro so'zdin halok.
Alisher Navoiy

Shu ojiz holimda shoirmanmi men...
Cho'lpon

1.Ona tilim, Sen ruhimning qanoti,
Abut Turk nafasi, Oltoy chechagi.
Xun davridan omon keldi G'roting,
Qutlug' Enasoyning ezgu ertagi.

O'rxun bo'ylarida toshga aylanding,
Falakka sanchilding,Turon bo'lding Sen,
Mangulik safarga qachon shaylanding?
Qachon bu alamga - kuchga to'lding Sen?

Porloq osmoningda quzg'unlar uchdi.
E voh,yog'iylaring soldi yag'moni.
Yog'iylaring jigar-qoningni ichdi.

Jigar-qon jarangi tutdi jahonni.
Onasen.Kechirding.Qonidan kechding.
Biroq kechirmading yolg'onni.

2.Dunyo oq emasdir,yo'q,qora bardosh.
Kuyib,yodimizdan kechganlar aytsin.
So'zlarida zahar,ko'zlarida tosh,
Tilidan,elidan kechganlar aytsin.

Tunlar bosib kelar dunyo hasrati,
Kunlar gizli tug'yon,bosib kelar she'r.
Nechuk qismat erur,shoir qismati?!
Tushlarimni buzar hazrat Alisher...

Yillar bahorimni uchirdi chalqib,
Muzlarga ko'churdi o'tluq yozimni.
Axtardim muhitda xas kabi qalqib -

Men o'z Yulduzimni,o'z Quyoshimni...
Yulduz sen,Quyosh sen,sen,ona xalqim,
Sen uchun sindirdim sinmas sozimni.

3.O,shoir qismati,yarqiroq,gulgun,
Zavqlarga to'lar u, bir so'zni izlar.
Dunyoda hech bir kas bilmas, ne uchun
Ayricha kular u,ayricha bo'zlar.

Yo'lsizlik yo'ldoshi, tolei nigun,
Hech qachon to'yarmi axir yovuzlar.
Bu - xalq dushmani deb tutsalar bir kun,
Bari bir u xalqning nomidan so'zlar.

Boshida qora qish,oppoq bahorlar,
Yuragi yarimu butun imoni,
Talotum olamni shivirlab chorlar.

Tani omonatdir,naqd erur joni.
Ko'krak qafasida lovullab porlar
Buyuk muhabbatning qonli nishoni.

NOZIMNING SADOSI
(Parcha)

Ketdi Nozim.
Kelar Nozim ovozi:
Kipriklarim soqchiligida
Mening ko'zim - mening quyoshim.

Hasrat yanglig',
jannat yanglig' mening dunyom
fikrlarim
soqchiligida.
Atrofimda aylanar eng dardli,
Eng baxtli tiriklik sayyorasi,
Men uning o'rtasida
Jahon kabi katta va norasida.
Ko'z yoshlarim qalbimni ovutmadi,
Ko'zlarim yig'lasa
Qalbim yig'lar chorasiz,
Qalbim yig'laganda
Ko'zlarim to'kadi
achchiq yosh.
Quyosh! Quyosh - bir bosh!

...Bir sado
Nozimning sadosi -
Sochilar.
Millionlarning son ming ko'chalariga,
Dunyoning eng yorug',
Dunyoning eng qora kechalariga...

Nozim... Nozim...
Ketdi Nozim.
Qoldi Nozim sadosi.
Sadoning aks sadosi.
Aks-sadoning aks-sadosi.

Sadoga o'ralashib borar tobora
Bu dunyo.
Sado kengliklari teran boqar menga
Nozim Hikmat ko'zlari ila.

PABLO NERUDA O'LIMIGA
(Parcha)

Axir o'ldirmishdir qora mash'al tutgan mash'um shaytanat,
Qo'rqoqlar o'ldirdilar.
Sotqinlar o'ldirdilar.
Shoirni.Insonni.

Garchi mumkin emasdir aslo
Ufqning bo'yniga sirtmoq,dor tashlab
O'ldirmoq insonni,Pablo.
So'ndi ozodlikning so'nggi osmoni,Pablo.

Chatnadi yulduzlar,
So'ndilar qaqshab.
O,bugun qayg'uning qora suvratin ko'rdim.
Nafratning qoshida turdim yuzma-yuz.

Nafasin ichiga yutib yuborgan havo,
Dim,
Nafasini ichiga yutib yuborgan
Pablosiz.

Bugun tanho hasrat.Shoir va dunyo.
So'z yo'q so'zga,
Osmon toshib kirar ko'zga,sig'mas ko'zga,Pablo,
Bu buyuk hasratning mazmuni o'zga,Pablo.

Nahot Borliq - soqov.
Nahot Borliq - ko'r.
Dildirab lopillab turgan bulutlarning
Tobutida yotar jonsiz tafakkur.

U qanday sevardi.
U qanday sevardi - Dunyo - Vatanin.
Yo'q,ozodlikni otib bo'lmas,yo'q,
Na-da tuban,na-da ayanch osmonning dushmani.

Qo'llariga qaytadan qora mash'ala olgan
mash'um shaytanat -
Zulmatliklar Chilining oppoq tongini
Chil-chil sindirdilar.
Qonli sanjoq ildilar,Pablo.
Yetim qilmoq bo'ldilar ozodlikni
Faqat,
Yana o'zlarini yetim qildilar,
Pablo.

Yetar, bas, marsiya...
Ey siz,'aflat suprasida biqsib to'yganlar,
Ey siz, qurbonlikka
Quyoshni so'yganlar...

Uni o'liklar o'ldirdilar.
O'ldirdilar shoirni, Insonni.
Hayqir, hayqir, hayqir osmon -
Pablo Nerudaning osmoni.

BAYRONNING SO'NGGI SAFARI
(Parcha)

...Qontalash ufqda intiqom porlar,
Shoir - erk o'g'loni,nomus sarvari.
Go'yoki xo'rlangan hamshirang chorlar,
Yuzlanding qasos deb sen Yunon sari.
Sevgan Vataningda barchasi qolar,
Aldangan umidu g'iybatlar bari...
Dengiz hayqiradi,girdob bekaram,
Shoir ko'zlaringga dengizlar to'lar.
'...Tojdor maxluqlarga yemning o'zi kam,
Tishlamoq va qopmoq istaydi ular...'
Jang maydoni kerak jangchiga axir,
Qutlug' erkinlikning jasur farzandi,
So'ngsiz alam bilan telbarib yonding,
Ona Vataningni tark etding,shoir.

...Nahot,yovuz bo'ron xasdek uchirgay?
Qaynar tomirimda otashin qonlar.
Qahrim quyunlarning izin o'chirgay,
Poyimda yoturlar qora bo'ronlar.
Ufq o'tda yonar,dengiz ham notinch.
'Yo'q esa ko'klarga sochib hasratim,
Bosh olib ketmasdim Vatanimdan hech,
Senga qul bo'lardim,ey muhabbatim...'
O'jar xayollarga bir dam to'larman,
Bir dam so'zlaringni tinglayman sokin:
'...Kurash nechun axir?.. Men yosh o'larman,
Necha imkon bordir sevdim-ku,tokim,
Tuproqdan edim men,tuproq bo'larman,
Dunyoni tutajak mening-da xokim...'

VAN GOG

Isfandiyor Haydarga

Buyuk sevgi rangin izlab yurardi...
Yozar moviylikka rangin qasida.
Biroq hayrat ichra qalqar yuragi
Yaxshilik-yomonlik chegarasida.

Hech narsasiz, lekin mehri ziyoda,
Izlar tiriklikning sirli bo'yog'in.
Buncha g'arib,razillar ko'p dunyoda?!
Kesib bersakmikan qolgan qulog'in...

Qarindosh urug'u do'stu yor,xotin,
Uni anglamadi kibor olomon,
Yuragi bilgisiz zardobga to'ldi.

Sha'niga xiyonat qilishdan oldin,
Bilmoqchi bo'ldi u,bu qanday zamon?
Yuragin rangini ko'rmoqchi bo'ldi...

VERLEN

U haybatli ko'zga aylandi
Undan oqib chiqdi o'zi
Quvib borar qizil-yashil ko'ylak kiygan
Havoni quvib borar

Temirbeton qo'llari bilan
Qattiq taqillatar hapriqib
Yuragining pochta qutisi
Osilgan darbozasini

- Kim bor
Kirmadimi bu yoqqa
Qizil-yashil ko'ylak kiygan
Havo

Tevarakka jovdirab boqar
Tevarakka boqar mushakkal
Uyalar
Yalang'och

U - tor emas
U - tovush ehtimol
U hasrat ham emasdir hatto
U - yaradir aniq

BETXOVEN

Hozir so'ng zarb ila uzilajak tor,
Nahot,har ne abas,hammasi bitar.
O'zing qo'lla meni,ey buyuk daho,
Qanday saodatdir bu so'nggi sado?!

Shivirlar hayqirar bepoyon dengiz,
Men uni sipqormoq istayman tanho.
Faqat sen ko'zingni bag'ishla, Ziyo, 
Faqat sen,Jasorat,qo'lingni ber tez.

Balki bu osmon - Orzu sadosi,
Dengiz - xayollarin sadosidur bu,
Haqiqat qoshida qasamdir ezgu.

Suyukli insonga balki vidosi,
Hozir so'ng zarb ila uzilajak tor -
So'ng zarb hayotin yashamak darkor.

TAVFIQ FIKRAT KITOBIGA YOZUV

Nechun yo'lning so'ngida jarlik...
T.Fikrat

Men uxlayman,men uxlayman,
Ro'yolarga botaman.
Tushlarimda men yig'layman,
Bulutni uyg'otaman.

Boqmam yerlik navolarga,
Bilmam qachon qaytaman.
Men dardimni havolarga,
Shamollarga aytaman.

Men uxlayman,men uxlayman,
Asta yumgayman ko'zim.
Tushlarimda men yig'layman,
Sen kulib tur,yulduzim.

OYBEK XOTIRASIGA

Tog'lar aro oydin bir buloq,
Atrofida shivirlar o'tloq.
Buloqda sha'n va sobit chiroy.
Nur yo'lidek o'ylari yiroq
Suvda mangulikdek suzar oy...

Biroq,hayhot,bir quyun keldi...
Oydin buloq qayga berkindi?!
Qaydadir sha'n va sobit chiroy?
Falaklarga qarayman endi.
Falaklarda suzib yurar oy...

TURKISTON YODI

Ustoz Mirtemir xotirasiga

Naqadar uzundir,og'irdir bu yo'l,
Dalalar yastanib yotar ko'k kabi.
Tig'lar xotiramni osmon - cheki yo'q,
Tizginsiz bu shiddat kenglik asabi.

Bu kenglikda o'ylar meni g'ijimlar,
Ul o'z qofiyasin sudrab keladir.
Qancha qochsang shuncha qilg'ay hujumlar,
O'q singari xotiramni tiladir!

Tegramda zich havo - ona Turkiston,
Yorg'ay tomirimni ko'r hayajonim.
Bu maydon ichinda men to'kmagan qon,
Mening uni deya ayagan jonim.

Yana yiroqlarga chorlaydir moziy,
Vatan tushunchasi kelar yetaklab
Ayrilgan,xo'rlangan ulus ovozin.
Shoirning beshigi aytar ertaklar.

Yassaviy maqbari mung'aymish mag'rur.
Tovushga aylandi har bir gisht rangi.
'Dunyo mening deganlar...' Nido kelur.
'Karkas qushdek...' Qadim so'zlar jarangi.

'Yolg'on da'vo qilganlar...' So'zlar shoir.
'Oqni qaro qilganlar...' Ayting,kimlar?!
Maqbara boshimga yiqilar hozir,
Yana tovush:'Harom yegan hokimlar...'

Parchin-parchin bo'ldi yodim simlari,
Simlar - ko'zlarimga mil tortgan chizg'u.
O'tgan ulug'larni eslayman barin,
Xotirot mozori - Turkiston mangu.

Kecha sodiq o'g'ling o'tdi dunyodan,
Saxiy inson edi,u shoir edi.
Sanchilib yashaydi bir umr yodda,
Ketayotib,men yig'lab bo'ldim,dedu.

Yig'la endi,ko'zim,sen ham yig'lab ol,
To'ysin ko'z yoshingga bu turkiy sitam,
To'ysin,Vatan yodi chidar bemalol.
O,sabr daraxti - qutlug' Turkiston.

Naqadar uzundir,og'irdir bu yo'l.

ALEKSANDR BLOK

Bilurman,xun haqi,halokat haqi,
Bari bir men seni qutlayman,hayot. 
A.Blok

1.Qora bulutlarni o'ynar osmon.
Olis yulduzlarning sirli shu'lasi.
Tumonli sohildan undar begumon
Bu so'lg'in shamlarning ignalik sasi.

Tashnalik sasidir, bu - tush, bu - olam,
Kimdir tishlab olgan olovni unda.
O,Rus, sen - yorim,sen - singlim,sen - Onam,
Qanday olib chiqay men seni tundan.

Sira quvib bo'lmas bu qonli tushni,
Kuydirguvchi yulduz sapchir daf'atan.
Hech sinmas ruh ichra osmonning husni.

Tomoqqa tiqilgan ko'z yoshim - Vatan.
O't ichindan termoqdaman tovushni.
Kuyib bo'lgan narsa kuymas qaytadan.

2.Mador yo'q,qanot yo'q.Tamom.Charchadim.
Cho'qir jigarimni bu o'truk,yolg'on.
Bu ta'na qadimiy, bu so'zlar qadim,
Bu sovuq sayyoddir ko'hna palahmon.

Yolg'iz menmi axir?! Dard bor,hamdard yo'q.
Bu yolg'on dunyoda men yolg'iz emas.
Naqadar tiniqdir,zangoridir ko'k,
Naqadar shirindir,uzundir nafas.

Rusiya! Yig'lama,ko'z yoshingni sot,
So'yilgan oy kezar - u mening xunim.
Sen bilursan xolos.Boshqa hech bir zot.

Jismim sovib borar,so'nmoqda unim,
Girdob qo'ynida men,qo'lingni uzat...
Xayr! Bu kun mening oxirgi kunim.

3. Qayda,qayda qoldi o'zg'ir g'alayon?!
Nahot uning sinmas qilichi sindi.
Titra,cheksiz ummon,sen,mudroq jahon,
Temir darbozangni teparman endi.

Qara,qo'llarim qon,tirnoqlarim qon,
Turgil,g'aflatingni yotmagil bosib.
Eshikni ochsang-chi,ey yalqov posbon,
Qarshingda mana men,jahon sadosi.

Vahmzor jahonsen,qalbimni yoqib,
She'riyat qa'riga sho'ng'irman noshod.
Rusiya,Rusiya sevib,yutaqib,

Sho'rlik,omon bo'l deb topindim bedod.
Bilurman,xun haqi,halokat haqi,
Bari bir men seni qutlayman,hayot.

ISIKAVA TAKUBOKU XOTIRASIGA

Hasratimning
Suyuq toshlaridan
Dahma qurmoqchiman
O'zimga
Ichida o'z jasadim bo'lsin

YEGISHE CHARENS XOTIRASIGA

Men
Olamdan
O'tdim.

Men olamdan o'tdim,
Erkalatmang o'tgan odamni.
Yelkalarda ko'tarmang.

Atrofga
O'g'rincha
Yo'talmang.

Rahmat,o'zim borardim-ku...
Ehtiyoj bormi endi tobutga?!
Bari bir... Yondiring.
Men axir,o'ch edim o'tga...

NIKOLAY RUBTSOV XOTIRASIGA

1.Qor ostida ko'klam,tun qo'ynida tong,
O'lim haqidagi o'ylardir - hayot.
Ko'zlarimni yumsam
Ko'ringay bir nuqta
Qizarib borar tobora.

2.Sokin,og'ir she'rlar yozmak bo'laman
sha'ningga,
Yutib yuboraman so'zlarimni chaynab,
Tuflab tashlamak bo'laman qofiyasini,
Og'riqni yengib,
Sokin,og'ir she'rlar yozmak bo'laman.

3.Hech bir kimsa ayta bilmas
sen aytmay ketgan qo'shiqni,
Tushunsang-chi,buni qotillar tushunsa-chi axir,
Poyoni yo'q ulug' Rus ko'ksida bo'zlab porlar.
Rusiya,o'zingni asra,asragil -
Sening bir misra she'ring endi abadiy.

: : : : : : : : : : :

Xayr,meni tashlab ketgaysiz bir-bir,
Parda tushirildi, tomosha tamom.
Biroq,sahna uzra hal bo'lgan taqdir
Mening yuragimda qilmoqda davom...

* * *

I. Qor hidi dimoqqa urildi,
Uxlaydi shamolning qo‘ynida
Barglarini to‘kmagan rayhon.

II. Tong-sahardan o‘ltirasan daryo bo‘yida,
Bir fikrga kelmadingmi? Ayt. Ayt.
Yo‘qsa, kech bo‘ladi, quyosh so‘nadi hozir.

III. Yer o‘z o‘qidan ayrilar, inon,
Inon, osmonidan ayrilar quyosh,
Agar biz ayrilsak.

1966

MUNOJOT

Bag‘rimda g‘ildirar temirchil hayot,
Izg‘itqi chivg‘inda chidamdir boshim.
Faqat sen uyquchan tomirin uyg‘ot,
Qizimning qo‘liga kuch ber, Quyoshim.
Bag‘rida laqqacho‘g‘, aylanadi Yer,
Kulinchim, sevinchim, kuyuk ko‘z yoshim.
Faqat sen qizg‘onma, bir kaft mehr ber,
Ilinjim, sig‘inchim – buyuk Quyoshim.

1982

ADASHGAN RUH

I. Quyoshning yog‘dusi qoradir,
Yulduzlar muzlardir to‘kilgan.
Bu daryo uzangan yaradir,
Daraxtlar egilgan, bukilgan.
Yulduzlar muzlardir to‘kilgan,
Toshlardek qotmishdir tumanlar.
Yerlarga tikanlar ekilgan,
Ekilgan yolg‘onlar, gumonlar.
Bu daryo uzangan yaradir,
Hasratdir tinmagan hech qachon.
Jimirlab qaylarga boradir,
Boradir bezabon, bemakon.
Daraxtlar egilgan, bukilgan,
Yer tishlab yotibdir yaproqlar.
Toshlarga mixlangan, chekilgan
Lochinlar, kaptarlar, chorloqlar.
Quyoshning yog‘dusi qoradir,
Quyoshning sochini o‘rgayman.
Nahotki, eng so‘nggi choradir,
Adashgan Ruhni men ko‘rgayman.

II. Toshlardek qotmishdir tumanlar,
Bulutlar – falakning ohlari.
Kechmakda eronlar, turonlar,
Tubanda qorong‘i chohlari.
Bulutlar falakning ohlari,
Ingrog‘i, singrog‘i uchadir.
Tubanda musibat tog‘lari,
Qora g‘or ichindan kechadir.
Kechmakda eronlar, turonlar,
Sudralib, paypaslab, itarib.
Kechmakda bo‘ronlar, suronlar,
Eng go‘zal, eng bag‘al, eng g‘arib.
Tubanda qorong‘i chohlari,
Qa’riga chaqirar, yaltirar.
Itlari, otlari, zog‘lari
Xarsangga aylanar, qaltirar.
Toshlardek qotmishdir tumanlar,
Bilgisiz ochunning asari.
Tubanda gunohlar, iymonlar,
Adashgan Ruh kezar sarsari.

III. Yerlarga tikanlar ekilgan,
Toshlarga, xarsangga sanchilar.
Turkiston tug‘lari tikilgan,
Betlashgan jonibor yanchilar.
Toshlarga, xarsangga sanchilar
Cheki yo‘q yo‘qlikning nolasi.
Diydalar tomchilar, qamchilar
Sabrning – Odamning bolasi.
Turkiston tug‘lari tikilgan,
Vatansiz kaslarning yo‘li berk.
Xo‘rlangan, zo‘rlangan, to‘kilgan,
Erkidan ayrilgan qutlug‘ Erk.
Betlashgan jonibor yanchilar,
Tuyoqlar ostinda bo‘zlaydir.
Jangchilar, pulchilar, tankchilar,
Yog‘iylar yolg‘onni so‘zlaydir.
Yerlarga tikanlar ekilgan
Dov uchun, ov uchun, g‘ov uchun.
Turkiston tug‘lari tikilgan
Yov uchun, yov uchun, yov uchun.

IV. Ekilgan yolg‘onlar, gumonlar,
Tarixning temirdan devori.
Aqqadlar, sumarlar, yunonlar,
Bilingiz, bu Turon Diyori.
Tarixning temirdan devori,
Yilt etgan bir ziyo ko‘rinmas.
Moziyning ko‘milgan mozori,
Atrofda tirik jon urinmas.
Aqqadlar, sumarlar, yunonlar,
Turkiylar, nahotki, kechmishdir,
Ketmishdir, yitmishdir jahonlar,
Yo‘qlikning zahrini ichmishdir.
Bilingiz, bu – Turon Diyori,
Qonlari ko‘klarga sochilgan.
Yo‘q erki, yo‘q do‘sti, Haq yori,
Boblari kenglikka ochilgan.
Ekilgan yolg‘onlar, gumonlar
Bergaydir, albatta, mevasin.
Bu tunlar, bu kunlar, bu tonglar
Men va Sen, Men va Sen, Men va Sen.

V. Hasratdir tinmagan hech qachon,
Manglayga yozilmish bu oyat.
Muhaqqaq yozmishdan kim qochg‘on,
Kim ko‘rgan? Kim bilgan, nihoyat?
Manglayga yozilmish bu oyat,
Hukmdir, muhrdir, o‘chmasdir.
Zulmatda yo‘q erur hidoyat,
Zimiston ranglari ko‘chmasdir.
Muhaqqaq yozmishdan kim qochg‘on?
Barini amriga olajak.
Tiriklik tilsimin kim ochg‘on?!
Qulfiga kim kalit solajak?
Kim ko‘rgan? Kim bilgan, nihoyat?
Qorayib yaltirar lojuvard.
Shoirda bormidir rioyat?
Ko‘zida, so‘zida achchiq dard.
Hasratdir tinmagan hech qachon,
Yilt etgan ziyodan yo‘q asar.
Ul mavjud, nomavjud, jon – bejon,
Adashgan Ruh kezar sarbasar.

1991


ABDURAUF FITRAT

Nega seni chulg‘ab oldi buncha tikonlar?
Nega chiqdi yuragingdan yuzga bu dog‘lar?
Abdurauf FITRAT

I. Ajab mudhish qaro tun kafan tutar,
Bir zamon tinmaydir, izg‘irar shamol.
Daryo ko‘piradir, odamni yutar,
Ul go‘zaldir, ul irganchdir, ul xayol.
Riyozat qamchisi kabi savaydir
Ulkan yomg‘ir buzg‘un tanizorimni...
Ulug‘ Turkistonni kimlar sevmaydir?!
Fir’avnlar sevmas mening borimni.
Firoqning nag‘masin chalar nay siniq,
Isrofning ichindan silqir bu navo,
Taralar huv cho‘kkan tog‘lardan tiniq.
Riyolar, rishvatlar... Zaharli havo.
Azon tovushini tinglayman og‘ir.
Turkiston. Qora tun. Shamol va yomg‘ir.

II. Aytadir oy dardin bulut qo‘ynida,
Bulutlar hurpaygan, na-da qoradir.
Dorlari muhaqqaq azlom bo‘ynida,
Unutilgan, xo‘rlangan xalq boradir.
Raqam qildi menga manfur jaholat,
Alam ortgan karvon borar mung‘ayib.
Urinadir, surinadir bu holat,
Faqat paydo bo‘lur va birdan g‘oyib.
Fasihalar ko‘rinar sochlari olov,
Ivirsir arvohlar ko‘zu qo‘li qon...
Turkiston, Turkiston, mukarram yalov...
Rad etdimmi seni, qoldimmi bejon?
Alamim shamlari so‘ndimi, ona?
Tilagim yulduzi to‘ndimi, ona?

III. Ayriliq shamshiri boshimda sindi,
Borlig‘im chopildi, ichdim qonimni,
Dunyo tarixini o‘qib yukindim,
Uyqudan uyg‘otdim Turkistonimni.
Rizqimizni, axir, kimlarga berdik?
Axir, odam edik, muhtoj, notavon.
Ular xirmon-xirmon, biz nishxo‘rd terdik,
Faryodimiz yetib bormas hech qachon.
Falokat ustiga falokat tutdi,
Intiqom, intiqom dedim, yugurdim...
Turkiston, Turkiston, Turkiston o‘tdi –
Razolat qabrinda bosh egib turdim.
Ay ulug‘ tog‘larim, ay shonli Turon,
Tokay uyg‘onmassan, ay qonli Turon?

1991

* * *

Xayrlashdik… o‘ynar kapalak…
Biz asir bo‘lmadik lahzaga.
Xayrlashdik beso‘z, beyurak,
Bu bog‘, bu gul keldi larzaga.

Shabnamning sof qadahi sindi…
Kulimizni sovurdi falak -
Sen mendan ayrilding, men sendan.
O‘yin tushar rangin kapalak.

O‘ynar, o‘ynar, o‘ynar kapalak.
Bir lahzaning farmoni qoldi.
Xayrlashdik. Beso‘z. Beyurak.
Buyuk sevgi armoni qoldi…

Qanday go‘zal, rangin kapalak…

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.