She’r yozishni bolaligidan boshlagan Rustam Nazar (Jumanazarov) 1949-yilning 8-sentabrida Xorazm viloyatining Hazorasp tumanidagi Otaliq qishlog’ida ishchi oilasida tug‘ilgan. Otasi Jumanazar Avaz o‘g‘li oddiy kasb egasi bo‘lsa ham adabiyot va musiqaga ixlosi baland, shoirtabiat odam edi. O‘rta maktabni tamomlagach, Rustam 1969-1974-yillarda Respublika rus tili va adabiyoti institutida tahsil oldi. Keyin bir yil o‘rta maktabda o‘qituvchilik qildi. 1975-yildan to shu kungacha „Hazoraspnoma“ tuman gazetasi tahririyatida ishlab kelmoqda.
Uning „Yashasin quyoshli kun“, „Rangli favvora“, „Mo‘jiza“ nomli she’riy to‘plamlari bosilib chiqqan. 1989-yildan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.
O‘RIMDAN SO‘NG
Quyosh botdi, shom cho‘kib
Bug‘doyzorni yashirdi.
— Uyga qayting! — deb otam
Bizni qistab, shoshirdi.
Eshakda kim jo‘naydi? —
Boisa hamki u yuvvosh —
Nimagadir xo‘mrayib,
Akam keskin tortdi bosh.
Darrov mindim eshakka,
Yo‘q uyatli bir joyi.
Ovul tomon yo‘rttirdim
Qilganimcha xirgoyi.
Akam qoldi orqada,
Qadamlari edi sust.
Yayov yurgandan ko‘ra,
Eshak mingan ham durust!
VATAN TUYG‘USI
Nedir Vatan tuyg‘usi? —
Emas mavhum tushuncha.
Ma’nosini anglaymiz,
No‘noqmasmiz biz uncha!
Muallimning qoiida
Gazeta-yu kitoblar.
— Yurtni sevmoq iymondan! —
Deb qiladi xitoblar.
Misollarni keltirgay
Goh hadis, goh Qur’ondan.
So‘zlar buyuk zotlaming
Dilidagi surondan!
Har ibora — hikmatli,
Har ibora — murakkab.
Ba’zan mag‘zin chaqolmay
G‘ulu tushar yurakka.
Kimdir aytgan mashhur gap
Darsda kelmas xotirga —
O‘xshamaymiz yurtparvar
Va fidoyi botirga!
Muallimga qaraymiz
Javdiragan ko‘z bilan.
Qoniqmaydi gapirsak
O‘zimizning so‘z bilan!
Nedir Vatan tuyg‘usi? —
Xayollarga tolarmiz.
O‘zgalarning fikrini
Aytib maqtov olarmiz!...
YERDAGI QUYOSH
Jingalak soch qizaloq,
Dilda ortib jur’ati —
Asfalt yo‘lka yuziga
Chizdi quyosh suratin!
Mamnun edi ishidan,
Ko‘zlarida zavq, surur,
Qanday yaxshi, yerda ham
Tursa quyosh sochib nur!
Shoshiladi qaygadir
Ola-bula xaloyiq.
Boqmas oyoq ostiga:
Yuki og‘ir, vaqti ziq!
Yomon ekan loqaydlik,
Sodir bo‘ldi ayanch hol —
Uning jajji quyoshin
Toptashmoqda bemalol!
Xafa edi qizaloq,
Jim turardi bir yonda.
Yaxshi hamki odamlar
Yurishmaydi osmonda!
Yo‘qsa, shoshib beparvo,
To‘rxalta-yu qop tashib —
O‘tishardi haqiqiy
Quyoshni ham toptashib!...
GULLAGAN OLCHA
Olcha sevar gullashni,
Yashnab erta bahorda —
Ziynatini olamga
Ko‘z-ko‘zladi nahorda!
Shamol esa qasdlashib,
Bilgani yo‘q haddini —
To‘kdi uning gullarin,
Egib zaif qaddini!
Zabun edi ahvoli,
Ko‘rgan afsus etardi.
Axir, asray olmasa,
Olcha gullab netardi?!
QALTIS O‘YIN
Bu dunyoda eng ashaddiy
Ikki rang bor — qora va oq.
Ular raqib azaldan ham,
Orasida yo‘q ittifoq.
Jang qilishar bemurosa
Ta’qib aylab, rahna solib —
Bir-birini ayashmaydi
Chiqish uchun mutlaq g‘oIib.
Boshqa ranglar — tomoshabin,
Qaltis o‘yin ishqibozi.
Gij-gijlashar ikkovini
Durangga hech bo‘lmay rozi!