OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Sadriddin Salimov (1947-2010)

 Sadriddin Salimov 1946 yil 16 sentyabrda Buxoro shahridagi Cho‘pboz guzarida tug‘ilgan. Buxoro pedagogika institutining nemis tili fakultetini tamomlagan (1972). «Oqqushim», «Erka qushim» (1979), «Yorug‘lik odami» (1983), «Ro‘molcha» (1988), «Buxoroga Buxoro keldi» (1999), «Durdonalar» (2005) kabi she’riy to‘plamlari nashr etilgan. Bir nechta tarixiy-ma’rifiy kitoblar ham yozgan («Bahouddin Naqshband yoki yetti pir», 1993; «Uch avliyo», 2000; «Hazrat Abu Kafs Kabir», 2006; «Ikki yuz yetmish yetti pir», 2006; «Hazrat Bahouddin Naqshband», 2006; «Hazrat Ka’bul Axbor Valiy», 2007 va boshqa). I. V. Gyotening «G’arbu Sharq devoni»ni o‘zbek tiliga tarjima qilgan. «Mehnat shuhrati» ordeni (1999) va «Fidokorona xizmatlari uchun» (2005) ordeni bilan mukofotlangan.


BUXOROGA BUXORO KELDI
(Shu nomli turkumdan)

Buxoroning obidalari 
Ming yillardan beradi xabar: 
«Xor bo‘lasan, mute’ bo‘lasan, 
Buyukliging unutsang agar!»

Buxoroning obidalari 
Hikmat erur moziydan, inon: 
«Buyuklarni buyuk aylagan 
E’tiqodu erk hamda iymon!»

Buxoroning obidalari 
Har kun yangi hikmat aytadi, 
O’tmishni-da, kelajakni-da 
Men tomonga olib qaytadi.

RUH MEHROBGA TALPINAR

1. 
Ruhga parvoz aslida xosdir, 
Uni qamab bo‘larmi yohu! 
Ruh oyoqlar ostida qolib, 
Nechun bo‘lmish munchalar majruh?

Ruh tashnadir, ochdir va lekin 
Unga ozik bo‘lgaymi sarob? 
Ruh mehrobga qarab talpinar, 
Yiqitilgan muqaddas mexrob...

2. 
Buxoroning muqadtsas bag‘ri 
Ne sababdan muncha toptalmish? 
Tiriklar jim, obidalar jim, 
Tug‘lar xomush, qabrlar xomush...

Foxiranimg faxri qaydadir? 
Bu sukunat asli sirmasmi? 
Tiriklari xomush bo‘lgan yurt –
O’liklari tilga kirmasmi?!

BUXOROYI SHARIF

Bu shoh asar, buni ko‘rmoqqa 
Farang kelar, olmoni kelar. 
Uzoq-yaqin yurtning shoh-faqir, 
Yaxshi hamda yomoni kelar.

Bu shoh asar, buni ko‘rmoqqa 
Zax kelmokda, sho‘rob kelmokda.
Paxtazori bilan bostirib 
Shior bilan xitob kelmoqda.

O’zining shoh asarlarini
Aylab qo‘yib yer bilan yakson -
Sen!
Ne uchun kelmayapsan, Sen -
Ka’basini yo‘qotgan Inson?!

MILLAT

Qaydan aniqlagaysan 
Havoning millatini? 
Quyoshning millatini, 
Daryoning millatini?

Daho misli quyoshdir, 
Ol zebu ziynatini, 
oshingta urasanmi 
Dahoning millatini?!

Etmagayman hech qachon 
Gumrohlar g‘iybatini, 
Gumroh tekshirmish 
Odam Atoning millatini.

Ma’lum emish hammaga 
Alar past tiynatini, 
Past kimsa qaydan bilsin 
Samoning millatini.

* * *

Qanday sendan olayin xabar, 
Boshlanadi qaydan ostona? 
Qay imloda yozsam xat yetar, 
Arabiymi yo sugdiyona?

Maysalarda yo‘q erur zabon, 
Maysalarning tilida titroq.
Etolmaydi holingni bayon, 
Garchi mendan senga yaqinroq.

Bo‘zlagayman yuragim to‘lib, 
Qayda eshik, qayda erur yo‘l? 
Koshki, eshik yo maysa bo‘lib, 
Cho‘zolsaydim sen tomonga qo‘l...

XAT

Yurakni qiynagan bu sog‘inch, 
Yurakka sig‘magan hayajon, 
Bir parcha qog‘ozga ilashib, 
Ketmokda yurt tomon.

Maktubda ne hikmat bor ekan, 
Ne xislat maktubda namoyon? 
Bir parcha qog‘ozga ilashib, 
Yuragim ketmokda yurt tomon.

* * *

Orifo, jondin kechib jon istagil, 
Zohido, dardingga darmon istagil. 
Oshiqi zorni ko‘ring diydor talab, 
Istaging shu ersa Rahmon istagil.

* * *

Farosat ahliga ibrat zamona, 
Dili ko‘rlar uchun ishrat zamona. 
Dilini poklamoq bo‘lganlar aytur, 
Ki zikri Haq uchun fursat zamona.

* * *

Illat izlaganga illatdur dunyo, 
G’urbat izlaganga g‘urbatdur dunyo. 
Kim neni izlasa, topar begumon, 
Hikmat izlaganga hikmatdur dunyo.

* * *

Na sharaf, na shon istadim,
Na sadaf, na kon istadim,
Bari o’tkinchi, shu bois
Gavhari imon istadim.

***

Gulob bilan chaygandan
Halol bo’lmas yolg’on so’z.
Savun bilan yuvgandan
Nuroniy bo’lmaydi yuz.

***

Dard kelsa, g’am kelsa yutdik biz,
Kutdik biz, kutdik biz, kutdik biz.
Qabr deb atamang bu joyni
U uydan bu uyga o’tdik biz…

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.