* * *
Qadrlasang insonligingni,
Vafo qilsang o‘zingga o‘zing,
Faqat-faqat shunda men bilan
To‘gri kelur taqdir - yulduzing.
CHO’LI IROQ
Tarixni so‘zlama menga, ey odam,
Bitta chalib bergin «Cho‘li iroq»ni.
Bitta chalib bergin, toki yana ham
Yaxshiroq ajratay qorani, oqni.
Bu kuy asrlarning baridan tortib
Cho‘llarda toliqqan horgin karvonday
Ming xil taqdirlarni ustiga ortib,
Qalbimdan jimirlab o‘tadi qonday.
Tarixning eng olis qatlamlarida
Armonda uxlagan orzu-alamlar.
Dunyo manglayiga ajin tushirgan,
Dardni, qarilikni yaratgan g‘amlar.
Sahro chechagining ayanch kulgusi,
Yomg‘irdan jon kirgan tuproqning isi,
Hammasi o‘tadi qalbimni o‘yib.
Tuya bo‘ynidagi qo‘ng‘iroqlarning
Tashnalik eslatgan jarangi bo‘lib
Hammasi o‘tadi qalbimni o‘yib.
Tarixni so‘zlama menga, ey odam,
Bitta chalib bergin «Cho‘li iroq»ni.
Bitta chalib bergin, toki yana ham
Yaxshiroq ajratay korani, oqni.
Haddidan oshganga uni chalib ber,
Do‘stlar diydorini g‘animat bilmay,
Sarobga shoshganga uni chalib ber!
Chalib ber, chalib ber, andisha qilmay.
O’tmishni so‘zlama, o‘git kerakmas,
Shu kuyni bir marta chalib bersang bas.
* * *
Anhor labida juft-juft soyalar,
Jilmayib o‘taman ko‘z qirin tashlab.
Goh xayol qurmagur olib ketadi,
Bahona topganday yoshlikka boshlab.
Yo‘q-yo‘q, men turmadim oydin tunlarda,
Suvlar yoqasida ishq o‘tida mast.
Men bunday damlarni yo‘lga termulib,
Intizor o‘tkazdim har on, har nafas.
Yoshligim, umrimni, halovatimni
Mardona topshirib vafo qo‘liga,
Oylarni, yillarni minutlab sanab,
Tunu kun qaradim yorning yo‘liga.
Hali begonaydik ajralishganda,
Ko‘rishdik juda ham qadrdon, inoq.
Yulib olsa hamki hijron yor vaslin,
Qilib ketgan ekan unga yaqinroq.
* * *
She’r o‘qigim kelar,
Quyma satrlardan
Yuragimga tushsa jimgina larza.
Meni boshlab ketsa ajib tuyg‘ular
Yashillik yugurgan qir, adirlarga,
Yalang oyog‘imni silasa maysa.
She’r o‘qigim kelar,
Charchoq hislarga
So‘lim va musaffo havo purkasa.
Qalbdagi bo‘shliqni to‘ldirib.
Olamni muattar islarga,
Yana chamanlarga burkasa.
She’r o‘qigim kelar,
Notinchlikka chanqoq,
Qanotli o‘ylarga tashna yuragim.
Sergak etsa ohanglar, kuylar,
O’tkazdirib tunlarni uyg‘oq,
Tashna labga o‘xshar yuragim.
She’r o‘qigim kelar...
* * *
Maysa nish uribdi ariq bo‘yida,
Birinchi sevgidek biram beg‘ubor.
Quyoshga talpingan qiyoqlarida
Birinchi sevgining soddaligi bor.
Ko‘rmagan saraton oftobini yeb,
Kuzning to‘zonlarin mutlaqo bilmas.
Bulut ko‘z yoshidan taltayib, ishq deb,
Bahor yellariga ko‘z tutadi mast.
Maysa nish uribdi ariq bo‘yida,
Birinchi sevgidek biram beg‘ubor...
* * *
Yo‘qlamagan har kuning yilcha bo‘lurmi, hay-hay,
Shunchalik shafqat bilmas dilcha bo‘lurmi, hay-hay.
Xush surating bir nafas tark etmas xayolimni,
Ko‘z shahlo-yu, qosh esa nilcha bo‘lurmi, hay-hay.
Har so‘zda yuz andisha qilg‘um donolig‘ingdan,
Ko‘nglingning nozikligi qilcha bo‘lurmi, hay-hay.
Goh xanjar, goh asaldek so‘zlaringdan dog‘damen,
Jon olib, jon berguvchi tilcha bo‘lurmi, hay-hay.
Vaslingning umidida dunyodan o‘tib borgum,
Qanoatda Saida filcha bo‘lurmi, hay-hay.
* * *
Gullar yuzida xanda - bu bog‘dan yor o‘tdimi,
Odatin qilmay kanda, yana bedor o‘tdimi?
Yellar nechun sarsari, ketolmaydilar nari,
Ko‘nglimning moh paykari ko‘zi xummor o‘tdimi?
Rayhonga rashk qilib gul, bag‘ri qon bo‘pti butkul,
Yana rayhon hidlab ul, bundan takror o‘tdimi?
Har narsada nur, viqor, hatto tuproq baxtiyor,
Bir-bir bosib beozor, ul beozor o‘tdimi?
Dilda takrorlab otin, tilab umru davlatin,
Soyasi bo‘lib tag‘in Saida zor o‘tdimi?
QIZLARJON
Sevgi o’t tashlasa yuragingizga,
Oydin tun bermasa tinchlik va uyqu.
Olam kuylaganday ko’rinsa sizga
Hamda asir etsa ajib bir tuyg’u
Tasalli izlaysiz hislaringizga,
G’azallar yodlaysiz varaqlab kitob.
Guldek qalbingizni yashnatar shunda
Sevgi satrlari bo’lib oftob.
Shunday kezda, qizlar, pok ishqingizga
Tarjimon bo’lolsa bironta baytim,
Sirdosh bo’lib qolsam hamisha sizga,
Shu mening orzuyim, shodligim, baxtim.
* * *
Yoshimni so’rama, bema’ni bu oq
Oralay berarkan sochlarga har vaqt.
Shu o’tgan ozgina umrimga biroq,
Hech vaqt achinmayman, shuning o’zi baxt.
Xiyonat, g’ybatni bilmadim sira,
Nodonlik yo’liga qo’ymadim oyoq.
Ishqim bo’lsin, dedim, nurdek pokiza,
Balki shuning uchun sochimdagi oq.
* * *
Sira chidolmayman, quvnoq chehrangda
Qayg’uning sharpasi kezsa bir nafas.
Ko’nglimga tikandek og’ir botdi,
Sening yo’llaringda ko’rsam xoru xas.
Men uni sochim-la supurib olgum,
Poyandoz deb yo’lga jonimni solgum.
Xoh bilgil, xoh bilmagil,
Sadoqatda bir umr qolgum.
Xoh bilgil, xoh bilmagil,
Hammasiga men bo’lay rozi.
Axir nima qilay, axir ne qilay,
Ishq uchun yo’q ekan toshu tarozi.
* * *
Hayotdan nolisa birov, suymayman,
Ayniqsa, sog’ bo’lsa qo’li oyog’i.
Hayot siylar bizni quvonch, baxt bilan,
Ne ajab bo’lsa goh alami, dog’i.
Kurashsiz, mehnatsiz shodlik, kulguni
O’g’irlik mol deyman, qilaman hazar.
Qalbimning parchasi singmasa agar
Rozimasman birov hadya etsa zar.
G’amimni aytmasam, toki o’zganing
Ko’ngliga bir on ham g’ashlik solmasam,
Baxtimni do’stlarga xushnud yoysamu
Lekin uni hech vaqt yig’ib olmasam.
Hayot to’lqinida bir xasdek ojiz,
Uvol atalishga qilmasman toqat.
Umrimning bir oni o’tmasa beiz,
Xuddi ana shunday yashasam faqat.
QALB
Har narsaga kuyma, deyishar menga,
Kuymagan yurakni nima qilaman.
Ortiqcha yuk qilib uni tanaga,
Yonmagan yurakni nima qilaman.
Men-ku, shoir axir, har bir inson ham,
Bebaxtdir qalbining qo’ri bo’lmasa.
Chiroq ardoqlanmas edi dam-badam,
Parpirab yonmasa, nuri bo’lmasa.
SO'NGGI YO'L
Qadamlar, sharpasiz og’ir qadamlar,
Ko’zlar pardasiga qalqqan achchiq yosh.
Ens so’nggi safarga kimni uzatar,
Hamkasbmi, qo’shnimi yoki qarindosh?
Gullar husni shuncha sovuqmi asli,
Visol damidagi ko’rki qayerda?
Bugun tabiatning qanaqa fasli,
Hech kim payqamaydi, ko’zlari yerda.
Mayliga, ranglar ham o’chsin bir nafas,
Mayliga, oftob ham berkinsin bir dam.
Mayliga, bir zum yo’qolsin havas,
Mayliga, zil yukday tuyulsin qadam,
Axir oramizda ketmoqda odam!
Motam sukutidan yurak qiynoqda,
Yurak qiynoqdaki, bermagunday tob.
Ammo, men istardim, yurak shu topda
O’z-o’ziga shunday berolsa hisob:
Dardin eshitdingmi tirikligida?
Biron shodlik kuni gul tutganmiding?
Yoki o’sha kunni unutganmiding?
Qadriga yetdingmi tirikligida?
Shu so’roqqa tutsa ko’nglimiz bizni,
Balki o’lim yana ketardi yiroq.
Odamlar! Qadrlang bir-biringizni,
Gul ham, muhabbat ham tirikka kerak.
* * *
Dutor yig’lar emish, har pardasida,
Yellarga yuz tutgan chog’larin qumsab,
Ba’zan sevishganlar o’yib tanasin
Ochgan jarohati – dog’larni qumsab.
Bir vaqt shoxlarini yashnatgan barglar –
Shiviri torlarin kuylatar emish.
Shundan u insonni vafoga chorlab,
Sog’inchga o’rgatib o’ylatar emish.
* * *
Aqlim tanibmanki, minnatsiz bir baxt,
Minnatsiz umrni qilaman orzu.
Kam-ko’stsiz hayotni etaman ddeb taxt,
Tanho tashvish cheksang, dilim ezilar.
Yo’q, sira yuk bo’lmay, bo’layin mador,
Toki ravon bo’lsin men-la yo’llaring.
Yiqilsang yiqilgum demasman zinhor,
Turg’izmoqqa cho’zgum nozik qo’llarim,
Yo’q, sira yuk bo’lmay, bo’layin mador.