OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shafoat Rahmatullayev (1942)

 Shafoat Rahmatullayev 1942 yil 10 mayda Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanidagi Okko‘rg‘on qishlog‘ida tug‘ilgan. Toshkent davlat konservatoriyasini tamomlagan (1965). «Janub shamoli» (1981), «Umid ostonasi» (1988), «Gulob» (1992), «Oeod so‘z» (2003, Saylanma) asarlari nashr etilgan. «Musiqa uslubiyoti», «Musiqa alifbosi» (1991—92), «Boshlang‘ich musiqa ta’limi» (2003) kabi risolalar ham yozgan. «Shuhrat» medali (1998) hamda «El-yurt hurmati» (2003) ordeni bilan taqdirlangan.

 

O’TAR DUNYO

O’tar dunyo, o‘tdi do‘stu g‘ayir o‘tdi, 
Arbob, orif, oshiq Zuhra, Toyir o‘tdi. 
Davronini yoqlar o‘tdi, koyir o‘tdi, 
Bani bashar zamoniga doir o‘tdi. 
O’taringni o‘targacha qayir o‘tdi, 
O o‘tdi-ya, bu olamdan shoir o‘tdi.

Har o‘tarning xos qismati, ko‘rari bor, 
Har sobitning turari bor, nurari bor. 
Har paykalki, pisharining o‘rari bor, 
Bir kun hosil sohibining so‘rari bor. 
So‘raringni so‘rargacha qayir o‘tdi, 
O o‘tdi-ya, bu olamdan shoir o‘tdi.

So‘rari bor: - falonchidan nima qoldi? 
Mulki foniy, boqiy, yo bir to‘‘ma qoldi, 
Yurt noriga falondin «hayt» - himo qoldi. 
Betavfiqdan zino qoldi, imo qoldi. 
Nima qoldi? Qolaringni qayir o‘tdi, 
O o‘tdi-ya, bu olamdan shoir o‘tdi.

Nima qoldi? - Boylaringmi, boying qani? 
Ajdodlarday qurgan ko‘shk, saroying qani? 
Bayt ush-sharaf, bayt ul-adib joying qani? 
Milliy bedor vijdon sari sa’ying qani? 
Qani, qani? Mehmoningni qayir o‘tdi, 
O o‘tdi-ya, bu olamdan shoir o‘tdi.

Qani desa, yurtim shu deb suyalsang-a, 
Har qadringni Makka qilib suyalsang-a, 
Tuproq o‘pib, Vatanim deb kuyalsang-a, 
Suyaksizing soxtalikdan tiyalsang-a, 
Tiyalmasang, tiling rostga qayir o‘tdi, 
O o‘tdi-ya, bu olamdan shoir o‘tdi.

Shoir o‘tdi, kunlari yo‘q, shomlari yo‘q, 
Hakdan bo‘lak kamlari yo‘q, komlari yo‘q, 
Ishqdan bo‘lak g‘amlari yo‘q, jomlari yo‘q, 
So‘zdan bo‘lak shonlari yo‘q, nomlari yo‘q. 
Yo‘q-yo‘q, yo‘qlik Shafoatga doir o‘tdi, 
O o‘tdi-ya, bu olamdan shoir o‘tdi.

BOBOTOG’DA BIR OHU KO’RDIM

Bobotog‘da bir ohu ko‘rdim, 
Tovus xirom, oy yuz, o‘t nigoh. 
Oshiq bo‘lib ergashib yurdim, 
Bir qiz bo‘lib imladi u goh.

Bir kun dedi zebo quraloy: 
«Ey, oshig‘im kelgil yonimga, 
So‘qmoqlarni yoshing qildi loy, 
Shuncha ozor berdim joningga.

Olamda ishq bo‘lardi yolg‘on,
Yetmasalar oshiq ohiga. 
Bu buloqdan suv ich, ey nolon, 
Juftim bo‘lsang, aylan ohuga».

Ohu bo‘ldim, ul suvdan tortib, 
Shirin edi visolning dami. 
Bir kun dedi yorim uyg‘otib: 
«Bunda yetdi ovchi qadami».

Kiyiko‘tni og‘zimga tutib, 
Dedi: «Endi o‘z holingta qayt». 
Odam bo‘ldim, bir bargni yutib, 
«Qardoshingta» - dedi - javob ayt».

Kiyik uyin ko‘rsataman deb, 
Uloqtirdim merganni jarga. 
«Sayyodingni ketdi sorlar yeb» -
Ohu bo‘lib so‘zlardim yorga.

U nozlandi: «Sevging bo‘lsa rost, 
Tozalaysan tog‘ni mergandan». 
Shundan beri olaman qasos 
Ohularga ozor bergandan.

Odam bo‘lib, ovchi ovlayman, 
Ohu bo‘lib, oq kiyikka yor. 
Ertaknamo bu qismat ekan, 
Majnunona taqdirimda bor.

ULAR OLAM UYIN DERAZALARI

Tun qo‘ynida o‘lkam qishloq, shahari, 
Oyna ko‘zlar porlar, uyg‘oq uy bari. 
Shu choq yulduzlarga boqsam ko‘nglim der:
- «Ular olam uyin derazalari».

SIZKIMU MENKIM

Sirtimga qarab siz chiqarmang hukm, 
Bilmasdan dilimda nimalar hokim.
Davrada vaqt degan bir donishmand bor, 
U hali aytadi siz kimu men kim.

KEKSALIK

Sochim zanjirida ajabo oq zang, 
Ko‘z demish ko‘zgumdan arimaydi chang. 
Vaqt degan egovdan tirnalgan yuzim, 
Charxlangan aqlimning tig‘iga qarang.

ORZU

Oppoq bulutlardan belanchak qilsam, 
Hilol ipagidan halinchak qilsam. 
Bobotog‘ kelbatli kuyov bo‘lsamu 
Bahorni o‘zimga kelinchak qilsam.

DARAXT

Ko‘nglimning rangdoshi do‘stim-a, daraxt, 
Darchamning tubida o‘sding-a, daraxt, 
Erkim yo‘lboshisi shu darcha edi, 
Shuni ham ko‘zimdan to‘sding-a, daraxt.

VAQT BOR DEB

Uzimga vaqt bor deb dalda beraman, 
Doimmas uni har galda beraman,
Asli zuvolam shu yolg‘on dunyodan 
Shuning-chun o‘zimni aldayveraman.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.