Shavkat Rahmon 1950 yil 12 sentyabrda O’sh viloyatining Qorasuv tumaniga qarashli Pomir mahallasida tug‘ilgan. O’zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi (1996). Moskvadagi Adabiyot institutini tugatgan (1975). Dastlabki she’riy to‘plami — «Rangin lahzalar» (1977). «Yurak qirralari» (1981), «Ochiq kunlar» (1984), «Gullayotgan tosh» (1985), «Uyg‘oq tog‘lar» (1986), «Hulvo» (1988), «Saylanma» (1997) singari she’riy kitoblari e’lon qilingan. F. G. Lorka («Saylanma», 1979), X. R. Ximenas, A. Alberti she’rlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. 1996 yil 2 oktyabrda Toshkent shahrida vafot etgan.
"...Shavkat Rahmon 46 yashar paytida (1996 y. 2 oktabr) olamdan o`tdi. Ruh - birlamchi, deymiz, jism - ikkilamchi. Borliqning intihosi yo`qligini va aksincha, yo`qlikning ibtidosi bo`lmasligini aqlan his qilib turamiz. Xayolan esa Shavkat Rahmon go`yo jisman hayotdek, O`sh pirimning bahavo tog`larida ko`m-ko`k osmonga tikilib, maysazorda ag`anab yotgandek tuyulaveradi." Nabijon Boqiy xotiralaridan.
YORILGAN HARAKAT BAYONI
Bir odam izladim...
izladim g`arib,
jufti yo`q burgutday xunuk qishladim.
Kezdim armon to`la bir jom qidirib,
malaklar yig`ladi,
itlar tishladi...
Umring uzoq bo`lsin,
ey daryojonim,
husningga hirs bilan nazar solmadim.
Zanjirlar tovshiga to`lganda yodim
o`zingdan o`zga bir dildor qolmadi.
Qolmadi bir ilinj,
ishonch qolmadi,
vahshiy daholarning makri bilindi.
It bazmi qizigan oysiz shomlardan
qizg`onib opqochdim daryo dilimni.
Bu chirkin og`izlar...
singan kallalar...
ig`vodan, bo`htondan osilgan tillar...
hirslar lashkarlari bosgan pallada
shohlarin bo`g`izlab tishlagan dillar.
Bu quyosh xo`rlangan...
bu oy zo`rlangan...
zarlari talangan bu sodda jabal.
Qon, aroq, peshobni emib to`ralgan
buvaklar bo`kirib yig`lagan mahal
yo xudo dedimu
nurlar o`ynagan
peshonam ilk bora tuproqqa tegdi,
yo xudo dedimu
erkin gullagan
daryodil samoga dilimni berdim.
Umring uzoq bo`lsin,
ey, daryojonim,
kechalar qa'rida bir gul yig`ladi,
yuzimga sachradi bir bulbul qoni.
ko`nglimga bu dunyo
nechuk sig`madi?!
Nechuk bag`ringdaman,
kimning ishqida?
Nechuk yolvoraman umringni tilab?
Ulkan jasadimni toshlar ichida
yuvarsan eng nozik qo`llaring bilan.
Aytgil, ey darojon,
bormidi zulm?
Tog`lar silsilasin buzvordi nola:
"Gullarning bargini emagan, gulim,
bulbullar qonini ichmagan, bolam".
Nahot, she’rlar aytdim
bo`shliqqa qarab,
nahotki, sovrildi olov so`zlarim,
nahotki haq bo`lsa, el-u yurt asli,
quruq so`zlar degan gumroh do`stlarim?!
Nahot, bekor o`tdi
gulday umrimning
ming yilga tatirlik oltin choqlari,
nahot biror ruhni uyg`otolmadi
shoir yuragimning qaldiroqlari?!
Nahotki, birorta dilga yetolmay,
behuda sarflanib qancha kuch-chidam,
kelib ketaverar yorug` dunyoga,
kelib ketaverar menday kuychilar?!
Menga minbar emas,
unvonlar emas,
latta chechaklaru
ehsonlar emas,
olov bir sahroni,
yurtim xayoli
nurga gurkiragan sahro bering, bas.
Erku muhabbatning muxtor elchisi —
yotmasman tuproqqa do`nib, tinchlanib,
jasadim tirikdir yorug` dunyoda,
oyning sinig`iday chaqnar sinchlarim.
Agar yetti qavat yerning qa’rida
yotsam-da larzaga solib havoni,
elimning yuragin
topar baribir
jismimni kuydirib uchgan ovozim.
Kuylolmadim,
yaqroqlar kabi,
quruq shoxday titrar ovozim —
so`lib qoldi bahorim tag`in,
suvga cho`kdi yana bir yozim.
Kuzak keldi
bag`rimni dog`lab;
qo`lin cho`zdi giyohga, gulga,
sayradilar so`ng bora, bog`lar
to`lib qoldi o`lik bulbulga...
Qorlar yog`di,
og`ridi jonim,
uxlayotgan bog`lar poyida
kuylolmasdim, undan yomoni
yashil edim qantar oyida...
Umr — qumsoat ham
yarimlab qoldi,
ko`nglim to`lgani yo`q bilganlarimdan.
Yodimni og`ritar kechirganlarim,
ko`pdir qilmaganim qilganlarimdan.
Kechalar tobora oydinlashadi,
ko`zingda quyoshning chechagi so`lmas,
yashaging keladi,
faqat umrni
qumsoat singari to`nkarib bo`lmas.
Go`zallar yodimdan o`chdilar bir-bir,
do`stlarim bag`rimdan ko`chdilar bir-bir,
yillarim uzlib tushdilar bir-bir,
faqat bu ko`ngilni
to`ldirib bo`lmas.
Kun keldi,
ohlaring uchadigan kun,
yuraging olamga sig`maydigan kun,
yuzingni bosgancha yerning yuziga,
silkinib-silkinib yig`laydigan kun.
Kimni baxtli qildim,
kimni umidvor,
kimlarga ko`nglimni yorib so`yladim.
Qo`limni berdimmi moziy qa'ridan
cho`zilgan sanoqsiz ojiz qo`llarga?!
Quyosh daldasida egilganlarning
yengilroq qildimmi og`irligini?
Aytdimmi kimlarning asl do`stligin,
kimlarning haqiqiy yog`iyligini?!
Kun keldi,
boshingni egadigan kun,
hattoki o`zgalar gunohi uchun
yuzingni bosgancha yerning yuziga,
silkinib-silkinib yig`laydigan kun.
Mendan nima qolur,
abadiy nurlar
barq urib yashnagan dunyo tomonda?
Urinib-surinib, sira to`lmagan
bir ko`ngil qoladi
qolsa ham mendan.
Sodiq qoldim tabiatimga,
yashamadim yuz xil turlanib —
ko`rgan edim bir paytlari
himoyasiz atirgullarni.
Garchi gullar ko`rkini to`kib,
qovjiratib, to`zg`itsa-da, kuz
atirgullar ichiga o`tkir
pichoqlarni joylayman hanuz.
Dunyoga sig`madim,
sig`madi dunyo
g`urbatdan toraygan tabiatimga,
qop-qora chechakday sochilmish hulyo
jo`mardlar ko`milgan tariqatimga.
Mayliga,
chechaklar qop-qora bo`lsin,
yiqitsa shu yo`lda yiqitsin taqdir,
qurtlagan istaklar shu'lasi so`lsin,
xudoyim siylagan hurligim yaxshi.
Bichilgan qullarning,
qulzodalarning
malak siymolarin o`ynatgan dunyo,
yaralgan lahzadan hur odamlarni
iblislar tilida so`ylatgan dunyo.
Chiroyli ermaklar mahzanidir ul,
mag`izi qayg`udan,
po`stlog`i zardan,
sarg`arar ochilmay turib qizil gul,
tuprog`i jimgina qusgan zahardan.
Chayqalar jaholat og`ochlarida
necha ming Mashrabu
Mansuri Halloj...
hamon yuksaladi yo`l boshlarida
odamzot qoniga to`ymagan jallod.
Tokay bu iblislik,
tokay bu yolg`on,
tokay tig` ko`tarar qora guruhlar,
tokay bijg`ib yotar g`arib alamon
ichiga tiriklay ko`milgan ruhlar.
Zulfiqor ruh kerak,
kerak chin yog`du,
chin ishq yolqinlari bag`rimga to`lsin,
jismimni toblasin faqat chin og`riq,
chechaklar qop-qora bo`lsa-da bo`lsin.
Bag`rikeng xudoyim
kechirib qo`yar,
yiqilsam yetmay ul haqiqatimga,
ko`milsam, ko`milay o`limi go`zal —
jo`mardlar ko`milgan tariqatimga.
So`zlarni qayraylik,
obdon toblaylik,
idrok-la sovutib tag`in qayraylik,
O`zbekning qorako`z bolalariga
bitta dunyo qolsin hayratlik.
Bitta dunyo qolsin mustahkam,
eshilgan po`latday daryolar qolsin,
Chaqilmas toshlarday bir tog`lar qolsin,
musaffo xayollar,
samolar qolsin.
So`zlarni qayraylik,
do`stlar, jo`ralar,
g`aflat to`shagida yotmay, shoshaylik:
yashamoq, kurashmoq, o`lmoq sirlarin
bolakaylar uchun ochaylik.
Bitta dunyo qolsin mustahkam,
unga posbon bo`lsin o`tkir she'rimiz,
tokim bu daryolar bemalol oqsin,
bolalarga qolsin jannat yerimiz.
So`zlarni qayraylik,
tag`in qayraylik,
tokim keskir bo`lsin bamisli olmos.
O`tkir so`z qolmasa shoirlaridan,
o`tkir so`z qolmasa...
hech narsa qolmas.
Qarsak nima o`zi?
Ikkita kaftning
orasidan potrab chiqadigan sas,
xohlasam chalaman, xohlamasam yo`q,
qarsak menikidir, sizniki emas.
Qarsaklar hozircha qo`ltiqlarimda
mitti mushuklarday mudraydi taftdan.
Axir, o`zbekning bir o`jar shoiri
qarsak chalarmidi bema'ni gapga.
Vijdonsiz shoirlar ko`paygan juda,
yurakni so`z bilan yondirguvchi kam,
xalqimas,
shuhratni o`ylab so`ylagan
ahmoqqa bermayman qarsagimni ham.
Qarsak nima o`zi?
Arzimagan gap,
kerak bo`lsa topilar qoplab,
Titroqqa to`ldirib osmon gumbazin,
qarsaklar chalishni bilaman boplab.
G`irromlik qilmasa notiq agarda,
yolg`on she'r aytishdan qaytsaydi shoir,
miltiq o`qlariday gumbirgum qilib
havodan qarsaklar yasardim doim.
O`jar shoirlikni tashlab o`shal payt,
epchil bir yugurdak kabi zamonda
qarsak chaladigan xizmatchi bo`lib,
ishga kirar edim O`zbekistonga.
Qirg`in keldi
vabo kelganday,
murdalar ham turdi go`rida —
ko`piklangan qora sellarday
urchib ketdi qonxo`r bo`rilar.
Ochlik o`rgan turkiy o`lkada,
ofat chiqqan makonlarda ham
parchalangan zulmat ko`lkasi
paydo bo`lar edi daf'atan.
Kunlar —
ochiq yaraday qonli,
tunlar —
oydin xarobazorlar,
jasadlarga to`la tonglarni
sirqiratar faryodi borlar.
El qirildi turkiy o`lkada,
er qolmadi — keldi ajali,
kim qoniga botdi yo`lkada,
kim g`ijildi namoz mahali.
Yillar o`tdi.
Go`yo hammani
chalg`itganday vaqtincha kulfat,
qonga tashna milyon sharpani
yashirganday qa'rida zulmat.
Ahli muslim,
endi ogoh bo`l,
qonxo`r gala hali tirikdir,
o`lar bo`lsang ozodlarday o`l,
qolar bo`lsang endi birikkin.
Tokim yovuz tumshug`in suqsa,
ajdodlarning aziz go`riga,
jim turmasin qo`y mijozli xalq,
bas kelolmay bitta bo`riga.
Ko`rsam deyman —
qahru g`azabdan
go`rlarida tursin murdalar,
ruhi ozod bo`lsin azobda
gullarini suyib yurganlar.
Tokim
har bir muslim qabriga
hech yashirmay ko`zda yoshini,
avlodlar ham la'nat lavhimas,
qo`ysa deyman qabr toshini.
Go`zallik, poklikdan uyalib,
qisilib, qimtinib turasan,
qop-qora devorga suyanib,
yop-yorug` xayollar surasan.
Iloham, tong kabi yuzingga
hirslanib, hezlanib boqarlar,
ko`zlarin qoqarlar ko`zingga,
qalbingni azoblab yoqarlar.
Yiqilma, o`zingni ushlagin,
otsinlar jaholat toshini,
labingni qattiqroq tishlagin,
ko`rsatma ko`zlaring yoshini.
Kel, yashirib qo`yayin seni
yurakning eng chuqur yeriga.
Keyin sen ham yashirgin meni
yurakning eng chuqur yeriga.
Topolmasin bizlarni birov!
Muhabbat — chiroyli kapalak,
qo`rqaman sho`rlikni tutgani.
Kapalak quvganim yonimda,
yodimda yo`q ammo yetganim.
Yuragim ranjigan boladay
na ermak, taskinga ko`nadi.
Muhabbat — chiroyli kapalak,
hali ham gullarga qo`nadi.
Ortidan halloslab chopaman,
xijolat bo`laman go`rlikdan —
qanchalik yugurmay, baribir
orqada qolardim sho`rlikdan.
Xazonga aylandi kunlarim...
Motamda turganday boqaman.
Fasllar to`qnashgan lahzada
xazonlar to`pini yoqaman.
Ko`zlarim achishar, bexosdan
yuragim, qo`llarim tutraydi.
Alanga olmaydi kunlarim,
tutaydi, oh, muncha tutaydi.
Men, shubhasiz, parchalanaman, —
shunday tugar buyuk xizmatim.
Kimga, ko`zim, kimga peshonam,
kimga tegar qiziq qismatim.
G`alayonga to`la vujuddan
oxir dunyo bo`ladir xalos.
Yer ostiga kirib ketarman
barcha mo`min bandalarga xos...
Biroq yerda mangu yashaydir
ko`hna yuzim, o`ychan ko`zlarim, —
demak, o`lmas bu dunyoda hech
xudo bergan ezgu so`zlarim.
Ular yangrab tinmay aylanar
razolatning tevaragida.
Men-chi, mangu kulib yotarman
quloq solib yerning tagida.
Surilar bu temir pardalar,
istibdodning tog`lari qular,
mog`or bosgan qora qa'rlardan
milyon ozod ruhlilar turar.
To`sib bo`lmas soxta vahiy-la,
yolg`on shior,
safsata bilan,
hur fikrni bosgan vahima,
dabdaba-yu as'asa bilan.
Qular qonda suzgan qasrlar,
judab yitar sangin saltanat,
so`qir bo`lar asriy nahsdan
bino bo`lgan yovuz shaytanat.
Kelar,
kelar buyuk mehrdan
kiftlat kiftga bosilajak kun,
g`amdan forig` jez kallalar ham
ko`kraklarga osilajak kun.
Porlar toshga do`ngan so`zlarim,
porlar mangu odamiy ruhim,
porlar Haqqa tashna ko`zlarim,
xudo bergan mangu anduhim,
yorug` anduhim...
Jangda o`lgan emas
biror bahodir,
bari halok bo`lgan xiyonatlardan,
toshday uxlaganda to`shlarin ochib
yo zahar qo`shilgan ziyofatlardan.
Biror asotirda
bahodirlarni
hattoki yuzboshli ajdar yemagan,
ming bir sinoatli yalmog`izlar ham,
tog`larni o`ynagan, devlar yengmagan.
Bari halok bo`lgan xiyonatlardan,
bariga orqadan sanchilar xanjar.
Shunday bo`lib kelgan azalu azal
mana shu jafokash,
ko`hna Vatanda,
Har gal bahodirlar yiqilar ekan
kurakka sanchilgan nomard tig`idan,
qayta tirilganda bo`lardi nogoh
har bir bolakayning qorachig`ida.
ishongil,
hech qachon seni aldamas
sofdil elatlarning asotirlari,
birorta bahodir o`lganmas jangda,
qo`rqoqlar o`ldirgan bahodirlarni.
Endi jim turasiz,
sira iloj yo`q —
dunyo o`zgarmadi siz aytgan so`zdan,
siz qurgan qasrlar vayrona bo`ldi,
alaflarga to`ldi siz oqqan o`zan.
Endi jim turasiz,
og`ir, bilaman,
ammo har kimsaga taqdir nasibdir,
bilmoqchi bo`lsangiz agar, shoirlik
jasorat so`zining tarjimasidir.
Endi jim turasiz,
eshiting elni,
el aslo demaydi, zog`lar kuylasin,
endi kengliklarda haq so`ramasdan,
yerni bezab yotgan bog`lar kuylasin.
Kuylasin,
keldi-da kuylamoq gali,
kuylasin mangulik qo`shiqlarini,
buzsin-da siz kabi aqli qisqalar
xatarsirab turgan to`siqlarini.
Ana... quloq soling...
eshityapsizmi,
kuylar shoir shamol, kuylar shoir qor,
shoir qorong`ilik, shoir tog`larda
shoir daryolarning shovillashi bor.
Yurtdan omad yuz burmish,
shoh saroyi — sukutgoh.
Kecha-kunduz o`y surmish
adolatli, dono shoh.
Yurt to`libdi gadoyga,
el ahvoli og`irdir.
Shunday choqda saroyga
qasidalar yog`ilmish.
Bari to`la hamd-sanoi,
bari yolg`on, g`amzada.
Tinglayverib tasanno,
shoh bo`libdi darg`azab.
Vaziriga, bermay sir,
bir kun kulib dono shoh,
buyuribdi, qani bil,
yurtda necha shoir bor.
Jarchilar ishlapti soz,
biror lahza olmay dam.
Yurtning barcha xushovoz
shoirlari bo`pti jam.
Vazir, — ulug` shohim, — der,
ta'zim qilib muloyim, —
yurtingizda bor ekan
bir ming bir yuz bir shoir.
Vazirdan kulibdi shoh
ham tag`in jahli kepti.
Shoirlarni hoziroq
zindonga tashlas, depti.
Bir yil o`tib oradan,
shoh so`rapti vazirdan,
bilgin, baxtiqoralar
she'r yozarmi hali ham.
Vazir zindon aylanib,
shohga bir so`z aytibdi,
mingta shoir, naylayin,
she'r yozishdan qaytibdi.
Qolganlari sham tutib,
kezib xuddi bemorday,
bor olamni unutib,
yozmish hatto devorga.
Shoh kulibdi miyiqda:
ming shoirni ozod qil,
qolganlarin siylagin,
ne istasa, bajo qil.
Ko`chir saroy bog`iga,
mayli, sinov bahona,
biror yil bu shoirlar
yashab ko`rsin shohona.
Yil o`tibdi,
dono shoh
debdi bir kun vazirga:
bahra olsak bugunoq
shoirlarning nazmidan.
Barcha shoir jam bo`pti,
davra hangu mang bo`pti,
yuzta p`orim shoirning
og`ir boshi xam bo`pti.
Turar faqat bir shoir,
turar shohga tik qarab,
bir taraf bo`pti dunyo,
shoir esa — bir taraf.
She'r aytganda qilviri,
imonsizlar titrabdi.
El dardini bilmagan
vijdonsizlar titrabdi.
Qolmapti el armoni,
sho`rishlardan aytibdi.
Zumda haqsiz dunyoni
bir aylanib qaytibdi.
Titrabdi dov ovozdan
saltanatning sadlari,
guldirabdi ravoqlar,
ko`payibdi darzlari...
Dudoqlardan uchar oh,
jimlik cho`kar qasrga.
G`olibona so`ylar shoh
o`sal bo`lgan vazirga:
bir paytlar shoshilib,
menga xato so`ylarding,
yig`sam barcha shoirni,
ishonar, deb o`ylading.
Ammo vazir
ko`p bekor
shoirlarning hisobi.
Yurtda bitta shoir bor
mana, senga isboti:
mingta shoir shunchaki
she'r yozardi ermakka,
injiq qalbning kundalik
nafsiga dam bermakka.
Mana, zindon bahona
sinab ko`rdik kuchini,
bir yildayoq zindonda
ma'lum bo`ldi puchligi.
Yuzta shoir taqdirdan
alamzada she'r yozgan,
iste'dodni tahqirlab,
izzat-obro` deb yozgan.
Berdim unvon, e'tibor,
tillo qildim toshlarin,
mana, bari bo`ldi xor,
quyi soldi boshlarin.
Biroq bitta shoir bor,
turlanmagay har joyda,
aslo o`zin qilmas xor,
zindonda ham saroyda.
Azaliy ishq, nafratdan
aytmoq unga joizdir.
Saltanatni g`aflatdan
ogoh qilgan shoirdir.
Demak, vazir, unutma,
bir umrga eslab qol,
bundan buyon bu yurtda
bir shoiru bir shoh bor.
Shundoq qilib xayolga
berilar shoh nihoyat.
Xuddi mana shu joyda
tamom bo`lar rivoyat.
Xo`sh, shoir-chi, qayerda,
shoh yo mehr qo`ydimi?
Biron makr tayyorlab,
qarqiratib so`ydimi?
Keling, endi oh urib,
yarashar bir jilmaysak.
Ne qilaylik, oxirin
hanuzgacha bilmasak...
Kecha o`g`ri bo`ldi,
bugun vahshiydir,
endi butun dunyo bilar bu haqda.
Qanday mo`min edi,
qanday yaxshiydi
anqayib jimgina terganda paxta.
Qayta qurish o`zi chiqdi qaydanam? —
yuksak qal'alardan boqqan o`g`rilar
ulkan mamlakatning butun aybini
sodda o`zbeklarga qo`ydi to`g`rilab.
Shunda buyuk dengiz chayqalib ketdi,
maydonlarni bosdi bir yuvosh zulmat.
Shoirlar uyg`ota olmagan elni
uyg`otib yubordi malomat, tuhmat.
Kecha o`g`ri bo`ldi,
bugun vahshiydir,
bo`htonga ko`milib turar asabiy.
O`zin maydonlarga sig`dira olmas,
bolalar qoniga o`tar g`azabi.
Yaxshilik tugadi, yomonlik ham goh.
bo`lmasa ozgina qo`ysalar maqtab,
bugun ham sahardan qaro shomgacha
jimgina iljayib terardi paxta.
Qilichin tashladi beklar nihoyat,
bosildi tulporlar,
tig`lar suroni,
urhoga aylangan tillarda oyat,
turkiylar tanidi komil xudoni.
Qlichlar zangladi...
falokat hushyor,
turkiylar quvvatin berdi yerlarga.
Hiylagar do`stlarday yaqinlashdi yov
komillik qidirgan jasur erlarga.
Ilvasin yigitlar,
bobir yigitlar,
sajdaga bosh qo`ydi yovga ters qarab,
gullarni kemirib, yig`ladi itlar,
buyuk boshni kesdi qilich yaraqlab.
Turkda bosh qolmadi...
qolmadi dovlar.
Xotin-xalaj qoldi motam ko`tarib,
"bizga tik qarama" buyurdi yovlar,
yovlarga ters qaran yashadi bari.
Talandi samoviy tulpor uyuri,
talandi zarlari,
zeru zabari,
ters qarab o`ling deb yovlar buyurdi,
yovlarga ters qarab jon berdi bari.
Lahadga kirdilar o`zlarin qarg`ab,
qolmadi arabiy,
turkiy xatlari,
tug`ingiz dedi yov teskari qarab,
yovlarga ters qarab tug`ildi bari.
Tug`ildi,
tug`ildi,
tug`ildi qullar,
qirqida qirilgan — imdodga muhtoj,
yovlarga ters qarab itlarday hurar,
bir-biriga dushman,
bir-biridan koj.
Jo`mardlar qirilgan Turonzaminda
do`zaxiy tajriba pallasin ko`rdim:
eshshak surati bor qay bir qavmda,
qay birida to`ng`iz kallasin ko`rdim.
Bu holdan buvaklar bo`g`ilib o`lar,
qul Bilol ezilib yig`lar falakda...
O`zlarin yondirar borliqdan to`ygan
Badaxshon la'liday asl malaklar.
Mo`minlar besh bora Allohni eslar
sajdaga bosh qo`yib jallod toshiga.
O`grilib sal ortga qarayin desa,
boshiga urarlar,
faqat boshiga.
Bormi er yigitlar,
bormi er qizlar,
bormi gul bag`ringda jo`mard nolalar,
bormi gul tufroqda o`zligin izlab,
osmonu falakka yetgan bolalar.
Bor bo`lsa,
alarga yetkarib qo`ying,
bir boshga bir o`lim demagan ermas,
shahidlar o`lmaydi,
bir qarab to`ying:
Yovga ters qaragan musulmon emas!
Yovga ters qaragan musulmon emas!
Yovga ters qaragan musulmon emas!
Yovga ters qaragan musulmon emas!
Yovga ters qaragan musulmon emas!
Bu osmon osmonmi,
temir pardami,
bu yog`du sinchlari tizizlgan dormi?
Munchalar egildi qora gardani...
juvonmarg bo`lgurlar,
jo`marding bormi?!
Bu zamon kimniki,
makon kimniki,
qatron-la yopilgan yo`llar kimniki?!
Anorday sochilgan qonlar kimniki,
bu qonli bilaklar,
qo`llar kimniki?!
Vahshat kechasida dillar to`kildi,
yuzming bag`ri vayron birdan o`kirdi,
jasadga yolg`ondan kafan to`qildi,
juvonmarg bo`lgurlar,
jo`marding bormi?!
Moviyrang ravoqli zindon arshidan
oyatlar marjoni uzilib ketdi,
tag`in qon sachragan tunning avjida
chirqirab yig`ladi bir to`da yetim.
Vaqtning sharpaday gung g`assollari
soylarning yo`llarin burib yubordi,
tarqadi tamug`ning shum dajjollari,
juvonmarg bo`lgurlar,
jo`marding bormi?!
G`aflatda kulganlar,
ko`ksin kerganlar,
yorlarin zulmatga qo`yib berganlar,
farishta buvaklar kulin terganlar
nomus dog`in yuvar mayxonalarda.
Mol-dunyo ishqida chandon o`lganlar,
ishratdan yuzlari salqib so`lganlar,
zanglagan kishanga mehr qo`yganlar,
dimog`in xushlaydi rayhonalardan.
Imonim deganlar,
Millat deganlar,
yovga ters qaragan illat deganlar,
o`zlikka xiyonat qilma deganlar
zor qaqshab yig`laydi vayronalarda.
Yig`lasin —
so`ngaklar qisirlagan payt —
dahshatdan sarg`aygan o`t-o`lanlarday,
jon qushi baylangan issiq lablarda
lahzani muzlatgan go`yandalarday.
To`rt fasl qorishib o`tdi yorug`dan,
bag`rimni chayonlar chaqdi anduhim,
jo`mardlar deganim kechgan og`riqdan
darveshga aylandi zulfiqor ruhim.
Necha bor munojot qildim xudoga,
nechun sen munchalar yolg`iz yaratding,
dilimga baxsh etib toshday iroda,
ko`zimni bahaybat dardga qaratding.
Nechun o`zgalarning shandir xayoli —
nastarin ochilgan,
sayrar qumrilar?!
Nechun yetimlarning o`tkir faryodi
shajarday chayqalur tasavvurimda?!
To`rt fasl —
osilgan kulfat arshiga,
go`yoki mudhish bir manzilga keldim.
Kuygan kechalarning qaltis avjida
chirqirab yig`laydi bir to`da yetim.
Ulug`vor daranglar
davron soati,
soatin millarin unga to`g`rilar.
Qizl shinaklardan cho`chib boqadi
halokat shamolin sezgan o`g`rilar.
Bu shamol yomondir,
yillar qa'rida
ko`milgan milyonlab murdani ochar,
sochar jinoyatning milyon sirlarin,
la'natlar yog`ilar,
qarg`ishlar bosar.
"Siyosat qilinmas toza qo`l bilan,
kurashda har qanday usullar yaxshi.
Tag`in bir chidaydi avval o`q bilan,
Keyinroq do`q bilan olingan mashriq".
Shundoq boshlanuvdi kecha falokat,
siyosiy fitnalar guvohi — xoliq,
sassiq bir jaladay bosdi malomat,
tag`in bir chidadi sho`rlik xaloyiq.
"Buhronga duch keldi iqtisodiyot,
taqchillik kuchaydi,
qadri yo`q pulning,
mablag`ni to`plagan ichki savdo bor,
suvning xlori ko`p,
hidi yo`q gulning.
Kalbasa yo`qoldi,
qoldik g`aflatda,
gurillab yonadi qipchoq dashtlari,
bostirib kelmoqda buyuk davlatga
marg`ilon do`ppilik Temur lashkari".
... Sho`rlik xaloyiqning yarmi qamalar,
kun sayin ko`pirar o`zbeklar ishi,
nomusdan yarmisi o`lar qamalda
boshga qon quyilib,
jigari shishib.
Fosh bo`lib qolganda qora jinoyat,
qizil shinaklardan boqqan o`g`rilar,
Tag`in bir nayrangni topib nihoyat
O`zbeklar boshiga qo`yar to`g`rilab.
Siyosat —
o`zingga kelgan zarbani
o`zgaga burvormoq san'ati bo`lsa,
qulday xalq boshiga tushgan g`alvani
qaysi bir yoviga burvorsin, ko`rsat!
Yovlik yovlik chorlar
qahat — qahatni,
hattoki bolalar davlatni so`kar,
o`zbeklar o`g`rilar otgan axlatni
oshirib-toshirib markazga to`kar.
Nachora ... uyg`onish ...
g`aflat g`aflat-da,
zo`r kelsa manglayga kifoya bir o`q.
Ming afsus, yashaymiz shundoq davlatda
jinoyatlar ko`p-u, jinoyatchi yo`q.
Dushmanim ko`paydi,
hatto, o`liklar
bahorni sog`ingan qutlug` oylari,
xilvatda yig`ilib yurdi sho`rliklar
changalda bo`htonu ig`vo loylari.
Odamday yashasa bo`lar-ku yayrab,
ularni qiynardi g`alati bir dard,
birorta mardi yo`q ko`zingga qarab,
yuraging tagiga tig` uruvchi mard.
Bor aybim,
haqiqiy yovni ko`ra bil,
adolat toblasin dedim burdlarni,
Shayboniy lashkari sengari bedil,
o`zimga tashlandi millat qurtlari.
Bular obro`y izlar,
manfaat izlar,
ig`volar to`qiru kutar barakat,
yo`qsa bir shoirni tuhmatlar bilan
og`zini yopishga muncha harakat,
necha bor o`zimga
g`azabingdan kech,
pastkashlar arzimas dedim o`ylashga,
aslida, xudodan haqim bormi hech
birorta munosib dushman so`rashga.
Axir kimman o`zim,
mangulikka sal
agar qiyoslasak Shavkat Rahmon kim?
Kim deya borliqdan so`rayman har gal,
makon jim,
zamon jim, parvardigor jim.
NODIRAJON, SHOIRAJON
eng oxirgi she'rlaridan
Nodirajon, Shoirajon,
tanam qimir etmaydi,
olis-olis vohalardan
tog`larimni chaqiring,
osmon to`la havolar
faqat menga yetmaydi.
Nodirajon, Shoirajon
tanam qimir etmaydi,
ko`zimda bir tomchi yosh,
soylar yuvsa ketmaydi.
Nodirajon, Shoirajon,
tanam qimir etmaydi,
peshonamning sho`ridan
bino bo`lgan bu daryo...
osmon to`la havolar
faqat menga yetmaydi.
Nodirajon, Shoirajon,
tanam qimir etmaydi,
boring, qorli tog`larga:
bir shoir yotibdi deng,
Xudoning hovlisida...
Osmon to`la havolar
faqat menga yetmaydi...
XASTA BULBULIM
eng oxirgi she'rlaridan
Ayt, ey, xasta bulbulim,
O`shga qachon yetamiz?
Yashil bog`lar sarg`ardi,
Mag`iz bo`ldi g`ujumlar.
Oh, voy, muncha yo`l og`ir,
Bulbulim...
Ulkan soat o`rtasida
Madorim yo`q yurmoqqa,
Qashqirlar davrasida
Sudralaman turmoqqa.
Shunda qolib ketsam gar
netamiz?
Abadiyat oralab
O`shga qachon yetamiz?
Qorli tog`lar bag`rida
Begim — O`shim ko`rindi,
Sulton — O`shim ko`rindi...
Cholu kampir
shoshilmay salkam
bir asrni ham yashab qo`yishdi.
Kunjaraga, zog`ora, patir,
tomoshaga rosa to`yishdi.
Kampirini eshitmaydi chol,
eshitmaydi cholni kampiri.
Bir-biriga suyanib qolgan,
biri ketsa,
yiqilar biri.
Lek ko`zlari hamon kuladi,
yuzlarida aylanar ziyo.
Buziladi dunyo tasviri
cholu kampir bo`lmasa go`yo.
Har narsaga qodir tabiat
asramagin bunday qarishdan!
Ikkisining kiftidan ketmas,
sakson yildir
ikki farishta.
Oyog`imga
botmon toshlarni
bolalikdan bog`lab qo`ydi kim?
Endi xalos bo`lmoqqa yetmas
yovuzlardan asragan umrim.
Xudo bergan soniyalarni
xarob qildi qaysi g`alamis?
Agarda shu tog`lar bo`lmasa,
Uchar edik samolarda biz.
Kimdir ot yetaklab o'tar azonda:
Uzilar ko'chaning sahargi tushi.
Ot kishnab yubordi, bu sirli holdan
Shoshilib eshikni ochdi bir kishi.
Tongda ot etaklab o'tib borar kim,
Olovday lovillar qop-qora yollar.
Kampirlar alanglab quloq soldi jim,
Seskanib ketdilar nuroniy chollar.
Bolalarning ko'zlari kerak,
Juda kerak hayratli cho'g'lar -
Bu dunyoning bor go'zalligin
Faqat so'zlar u qora ko'zlar.
Bolalarning qo'llari kerak
Daraxtlarga,yerga,maysaga,
Bolalarning tillari kerak
Dunyodagi har bir narsaga.
Oftob chiqar bolalar uchun,
Bolalar-chun yashaydi shamol.
Dunyo turar bir bandi kabi,
Ko'ksida g'am,ko'zida malol.
Dunyo faqat bolalarniki:
Hayot qilgan ularga tortiq.
Faqat zo'rlik bilan dunyoni
Bolalardan olmangiz tortib!..
Gang daryosi bo`yida
hindu qizlari
ko`zlarin muzlatgan tog`larga qalab,
bir qo`shiq aytadi qadim-qadimdan,
bir qo`shiq aytadi dunyoga qarab.
Ulug`vor,
nuroniy tog`lar ortida
teran tomirlarin uzgan gunohkor —
zilol buloqlardan benasib dunyo,
adashgan, yig`lagan
bitta dunyo bor.
Mehru muhabbatga, sog`inchga to`liq
qo`shiqlar uchadi tog`lardan oshib —
adashgan dunyoni chaqirar qizlar,
larzaga tushadi tog`larning toshi.
Necha ming yillarkim
hindu qizlari
tangrilar tug`ilgan hind tuprog`ida
bir qo`shiq aytadi,
ishonib faqat
qo`shiqlar dunyoni asramog`iga...
Azaliy ko`zlari
it ko`zlariday...
Yuzida azaliy dardi bor edi.
Qomati hamisha kaltabinlarga
egilgan boshiga sayyor dor edi.
Har nokas kelaru borini olar,
qo`ynida to`lg`ongan yorini olar,
qovushgan qo`liga kulib qararu
og`ir nigoh bilan jonini olar.
Sarboz etiklari ostida dunyo —
dunyo kelajakka kirmakda yonib.
Turar u qo`llarin qovushtirgancha,
oqar sanjoqdagi ruhidan qoni.
Jonim-jigarimsan,
sen-da odamsan,
loaqal ko`zingda bir yosh ko`rsaydim,
loaqal qovushib qolgan qo`lingda
yovlarga atalgan bir tosh ko`rsaydim.
Qay bir qaro kunda tug`ilgan eding,
seni chetlab o`tar ishqdir, iqboldir.
Ummon cho`lga do`nar,
cho`llar ummonga,
tog`lar qumga do`nar,
faqat sen qolding.
Turasan kelajak bo`sag`asida
bulg`ab pok quyoshning ziyolarini,
o`z suvrating bilan buzmoqlik uchun
baxtli bolalarning dunyolarini.
E, yo`g`-ey,
men seni bo`g`ib tashlarman,
kelajak ko`rmagan senday beorni.
Nimadir qars etdi,
bir oh dedimu
yuztuban yiqildim
changallab qorni.
Bo`rilar hidsirab keldi dunyodan...
Yuztuban yotganim ko`rmadi hech kim —
o`z qo`lim o`zimni mahv etdi bugun,
o`z yerim o`zimninh qonimni ichdi.
Qotilim bilmadim,
ko`rdim hammadan —
yuz bora, ming bora botdim gunohga.
Sen o`tding kelajak bo`sag`asidan,
mendan-da kerakroq eding dunyoga.
Seni alqadilar,
kiftingga qoqib,
maqtovlar yog`ildi oqqush pariday,
men esa yig`ladim ena yerimning
toptalgan qorong`i og`ushlarida.
Ena-ey,
Ena yer,
qonimni ichgil,
tezroq ado bo`lsin jismimda xo`rlik.
Eshitdim tog`larning guldirosini,
ko`katlar ko`kkacha o`sganin ko`rdim...
Hali biror ishni uddalamadim,
hali hech kimsani qilmadim rozi,
behuda o`tibdi go`zal umrimning
qanchalab chiroyli bahori, yozi.
Farog`at borligin unutib qo`ydim,
bag`rimga chaqinlar tegdi daf'atan,
Sendan-da ulug`roq narsa yo`qligin
sochim oqarganda angladim, Vatan!
Buncha kech angladim,
nega muncha kech...
anglasam loaqal o`ttiz yil avval,
loaqal tug`ilmay turib anglasam...
Ko`rgan bo`larmidim seni mukammal.
Hali asl Vatan bo`lmog`ing uchun
ovozi toshlarni yorar kuychilar,
qanchalab sehrgar shoirlar kerak,
qancha bilim kerak,
qancha kuch-chidam.
Umrim ko`chkilarday jimjit, shiddatli,
butkul tinmoq uchun bir kun bemalol
faqat yaxshi bo`lmoq judayam kamdir,
juda kamlik qilar yashamoq halol.
Naqadar kechikib angladim seni,
chaqinlar yo`q qilsa meni daf'atan,
ayt, qandoq chidayman bunday xo`rlikka,
ayt, qandoq yotaman qa'ringda, Vatan!
Shavkat Rahmon degan
bir o`jar shoir,
bir kuni qaytadan yaraladimi?
Hayotim ma'nisin juda ko`p o`ylab,
sayladim so`zlarning
saralarini.
Har bir so`z
yuz so`zning o`rnini bosar —
Vatan, Xalq, Jasorat, Kurash, Ozodlik.
Har bir so`z yetajak yuzta umrimga,
har biri baxy etar
ruhimga shodlik.
Hozirlik ko`rarkan buyuk safarga,
pushtirang pardali minglab darchadan
mo`ralab o`tirgan go`zal so`zlarni,
qoldirib ketaman endi barchaga.
Aslida atirgul bo`yin taratgan
bu o`ynoqi so`zlar menikimasdir.
Menga nonday zarur, qilichday keskir,
zaharday mard so`zlar bo`lsayoq basdir.
Sayladim so`zlarning saralarini,
kurashlar shamoli kirdi nazmimga.
Yurtimni kezaman,
endi har narsa —
egilgan narsalar tegar g`ashimga.
Endi ishlash kerak bu kengliklarda,
tokim so`ylamasin yolg`onni hech kim,
tokim buyuk tog`lar saltanatida
egilgan boshlarni
qilichlar kessin.
Essiz, shundoq umr,
uqib yetmabsiz,
azaldan nodonga dunyo torligin,
loaqal keksani hurmat qil ddegan
oddiy bir maqolning borligin.
Kecha itlik qilib,
donoligidan
sizdayin nodonga pastdan qaragan
nuroniy odamni abgor qildingiz,
qildingiz nodonga xos bir harakat.
Endi xavfsiraysiz orqaga qarab,
ne bo`ldi, boshdan yo humo uchdimi?
Yursa, yuribti-da izlaringizdan
sanoqsiz bolalar
tigib mushtini.
BAHORNING ILK KUNIDA AYOLINI KO`RGAN SHOIR KECHINMASI
Bu ayol...
Ko`zimga qushday ko`rindi,
musicha, kaptarday — surganda xayol.
Qaydanam sozladim tasavvurimni,
qushga o`xshayverar hadeb bu ayol!
Go`yo xob elitgan...
Suvrati so`lg`in,
sezdirmay jilmayar go`yo humoylik.
So`lish yo giryami — g`alati to`lqin,
ko`zlari hazinlik yoxud xumorlik.
Bahorga o`xshatsam...
bahor yarashmas —
bu ayol bahordan ming bora go`zal.
Poyiga tashlashga — qalbni tarashlab,
yoniq so`zlar kerak,
samimiy so`zlar.
Bahorning bir zumrad bo`sag`asida
kaftlari qushlarday...
Ovozsiz so`ylar.
Dunyo, bu ayolga o`xshatadigan
bormi biror timsol qushingdan bo`lak.
Hadikli nigohni sirli qirida
osmonni chog`larkan qushday beg`ubor,
sezaman,
ayolning nozik kiftida
qanday og`ir so`zlar,
g`amgin so`zlar bor.
Ko`rinmas so`zlarni ayol kiftidan
birma-bir olaman sehrgar kabi.
Qo`llari titraydi ayolning birdan,
ko`zlari titraydi,
titraydi labi...
Go`yoki parvozdan oldingi holat;
nozik kaftlarida eng so`nggi malol —
go`yoki so`nggi so`z,
og`ir so`z qolgan,
so`nggi so`zni olsang,
uchguday ayol...
Tobora tushlarim qiziq tus olar,
tobora qiqarar qush tushlariday.
Ko`pincha uchaman,
uzoq uchaman
shundoq teraklarning uch-uchlarida.
Sezaman,
tig`dayin shoxlar jismimni
o`zimning qonimga bo`yar, alhazar.
Yuragim qamalgan qushday potirlar,
quvar qon hidini olgan kalxatlar.
Shundoq bir shum holat iskanjasida
yerning tortish kuchin yengmoqchi bo`lib,
silkiyman qontalash qanotlarimni,
ming bor tirilaman,
ming bora o`lib.
Yuksakda bir olam — moviy ranglarda,
ozod ruhlar uchun boshpana bergan.
Uchib ketolmasdim,
go`yo jismimni
ko`rinmas rishtalar bog`lagan yerga.
Shundoq bir shum holat iskanjasida
yurak o`ynog`idan sovuq ter bosib,
uyg`onar ekanman,
oylab o`ylayman
g`aroyib tushlarning ta'bir, ma'nosin.
Nega men uchaman,
qayga uchaman,
nega takrorlanar g`aroyib tushlar?
Demak, qachonlardir qanotim bo`lgan,
demak ajdodlarim to`ralgan qushdan.
Haftalab o`ylayman,
oylab o`ylayman,
ne uchun qushlarga tortar qonlarim?
Qachondir bahaybat qush edim, desam,
nega siz kulasiz, og`ajonlarim!
Qush edim,
o`t bilan o`ynashgan bir qush,
balki o`t kuydirgan qanotlarimni.
Shu xolos, yillarcha urindim bekor
o`qiyman deb, kuygan yodim xatini.
Men qushman,
qachondir yerga qulagan,
keyincha zaminga moslashgan jismim.
G`aroyib tushlarim esa, shubhasiz,
yodimning kuymasdan qolgan bir qismi...
Goh esa o`ngimda
kuymasdan qolgan
xotiram parchasi sabab bo`larmi,
gavjum shaharlarning ko`chalarida
qanotday yozilib ketar qo`llarim.
Qayga uchis kerak,
bilmayman, ammo
bilarsiz bemalol uxlayotganlar —
silkinib-silkinib kulayotganlar?!
Bilsangiz,
shu tobda jismu jonimni
zaharga aylanib, yoqar qonlarim.
Qushday bo`zlab uchdim boshlaringizda,
qushligin unutgan, og`ajonlarim!
Zora eslasangiz,
zora tilagim,
balki nasib bo`lar sizlar-la uchmak.
Hozircha kechirdim, saqlamadim kek,
chunki men odammas,
chunki men qushman.
Tuhmatdan yiqilsa
birorta do`stim,
men-chi xilvatlarda berkinib yotsam.
Bu ham yetmaganday ancha vaqt o`tib,
poklikdan so`ylasam,
xotira sotsam.
Yo`q, bo`lmas,
yashardim boshimni egib,
kezardim umrbod yurtma-yurt oshib.
Odamzot ko`ziga qarolmasam tik,
ko`ksimga osilgan bo`lardi boshim.
Yo`q, yo`q, yo`q...
Albatta birga bo`lardim
tamug` malaylari ishga tushgan choq.
Do`stimla yonma-yon turib o`lardom,
ehtimol, o`lardim undan oldinroq.
Bu qanday kun o`zi,
qanday kun o`zi,
hattoki mushuklar, itlar ishshaydi.
Soxta qahramonlar ketdilar to`zib,
yolg`on daholarning og`zi qiyshaydi.
Elning boshiman deb yurgan kaslarda
bosh o`zi yo`qligi xo`b bo`ldi ayon.
Pokiza ko`ringan ne-ne dastlardan
parron bir yog`duda yolqinlandi qon.
Bu qanday kun o`zi,
qanday kun o`zi,
joy-joyiga qo`yar hamma narsani,
qay bir munofiqning o`ynatib ko`zin,
bir necha yuziga tortar tarsaki.
Chekka-chekkalarda qilgancha g`iybat,
ishratni omol deb bilgan o`ysizlar
qo`ymijoz bu elning tili yo`q derdi,
og`zingni och elim,
ko`rib qo`ysinlar.
Filodim bu kunning sasin eshitib,
soxtalar zirillar — panoh topilmas.
Narhi ko`tarilar sichqon teshigin,
hayratdan og`izlar endi yopilmas.
Ey, dilim,
dunyodan ozurda bo`lma,
kelajak kunlarga ishonmoq xo`bdir.
Bitta katta kunni ko`rding hozircha,
bu elning kattakon kunlari ko`pdir.
Yoz kuni,
katta yo`l.
Go`zal alanglar
go`yoki nimadir yetmayotganday.
Quyosh imillaydi,
go`zalni ko`rib,
go`yoki atayin ketmayotganday.
Go`zal orolanar,
lablarin bo`yar,
qiyiq ko`zlariga suradi surma.
Chakkada bir dasta sadarayhoni,
tirnog`i bo`yalgan qo`lida jurnal.
Munchalar ko`rkamdir supermoshinlar:
oq, qizil, ko`k, sariq, jigarrang, moviy...
Qilichday yigitlar bir zumga to`xtar,
go`zalga tikilib juda ijobiy...
Oq mashina to`xtar: "Oyimqiz, ketdik".
oyimqiz bo`yalgan lablarin burar.
Yashili to`xtaydi: "Oppoq iqz, e hayy".
Oppoq qiz qaramas —
go`yo o`y surar.
Yarqirab to`xtaydi qizili, mana:
"Gaplashib ketaylik, e mayli, attang".
Tovlanib to`xtaydi moviy ranglisi:
"Muncha chiroylisan, joningdan akang".
Bariga noz-firoq,
karashma qilar,
go`yo mana, hozir yo`laydiganday.
Barini kuydirib, mazaxlab qolar,
go`yo bir shahzoda keladiganday.
Quyosh ketib qoldi zerikkanidan,
bunday lanj tomosha yoqmadi chog`i.
O`tar kulrang, nosrang, qora moshinlar,
ko`rinay demasdi ammo zo`rrog`i.
Endi nur o`ynamas sho`x ko`zlarida,
birpasda olam ham qoldi torayib.
Oy chiqqan mahali
silkinib, tutab,
bir balo ko`rindi ko`zga qorayib.
Go`zal qo`l ko`tarar o`zidan o`zi,
oldingi o`ringa o`tirar shoshib.
Haydovchi keksaydi,
tag`in ko`saydi,
kal ham garang edi, shrpaydi ojiz.
Na iloj,
ketish ham kerak edi-da,
lablari so`ligan: yuzida — surma,
o`yida oq, sariq, ko`k, qizil, moviy,
xinoli qo`lida ezilgan jurnal...
Kecha davlat tuzdim,
uncha kattamas,
turar metindan-da qattiq tamalda —
muztasar qonunlar faqat xatdamas,
butun afzalligi,
erki amalda.
Go`yo kim ataylab suvga bosgan bir
koptokday balqidi rangin savlati,
ko`rdi yuksalganin bir fitna olg`ir
o`zi b`og`ib qo`ygan o`zbek davlatin.
Ammo g`arazgo`ylar taxmin qilganday
gurkirab o`smadi yurtda vahshiylik,
to`qnashib qolganda kuldi itlar ham,
shikor-qatag`onga chiqmas dahriylik.
Axir, o`zbeklar ham uchalik go`lmas,
baliq boshdan degan gaplar to`xtadi,
rahbarlar ko`ksini changallab o`lmas,
pinhona xusumat,
zarblar to`xtadi.
Shoirlar nolimas,
sochlar oqargan...
Notiqlar esdalik aytar avlodga:
bir payt, azizlarim,
Masko`p orqali
borib kelar edik qo`shmi afg`onga.
Bundagi elatlar izzt-hurmatda,
ko`zlari chaqchaymas yakkatillikdan,
ko`ngilga yaqinroq bo`ldi g`urbatlar,
hech kimsa o`lmaydi mustaqillikdan.
Yetar shuncha ta'rif,
nozik zamonda
agar aytib qo`ysam ta'rif adog`in,
yonib ketishingiz mumkin armondan,
armon — bu og`ir dard,
judayam og`ir.
Umr ham o`tganday...
go`yo bir kunda
nastarin guliday ochilib so`ldik.
go`yo bir nafaslik ravshan quyunda
qalbi so`qirlarga asfsona bo`ldik,
qushlarni muzlatgan qora buyuqda
soyamiz qo`shilib devona bo`ldik.
Marmari qo`rg`onlar oyoqlarida
umrini yondirgan darvozabonlar...
quturgan jaholat tayoqlaridan
sillasi qurigan daryozabonlar...
dunyoning qayroqtosh taboqlarida
kimlarga yig`ladi pari sabolar.
Otlarning chirigan kallasi kabi
mohiyat raftori ko`ringan chog`lar,
oylarning uvalib tushgan pallasi,
yuraklar gulini kuydirgan dog`lar,
kimlarga atalgan edi faylasuf
qoyalar boshida qoraygan dorlar.
Ig`vo chechaklari...
fitna bog`lari...
saltanat poyidan oqqan bazmlar,
tuhmatni shopirgan kunlar novlari,
raqqos libosini kiygan nazmlar,
vaqtning milyonta kar kar go`rkovlari
ezilib kimlarga lahad qazdilar.
Umr ham o`tganday...
nahot bir kunda
nastarin guliday ochilib so`ldik?
Bir nafis gul ko`rdik yovuz jununda,
orzulab ismni armona qo`ydik,
ismi jismiga mos armona bo`ldi,
bu gulga tikilib vayrona bo`ldik.
Zulm moshinlari...
shayton sorlari...
shahvat girdobida suzgan sadolar,
ko`zlari toshlarday qattiq yorlari
javharin nisholda qilgan gadolar...
valilar o`qchigan buyuk tonglarni
qay go`rga yashirib qo`ydi razolat?
Dunyoni tebratgan ziyobonlar ham
kafanga burkanib falakka o`rlar,
o`tlardan chinqirib biyobonlarda
vahshiylar og`ziday ochilgan go`rlar...
haqorat soylari qo`shilgan joyda
tokay qonimizni ichar qonxo`rlar?
Sahro egalari —
g`am tepalari...
zulmatda yig`lagan chechaklar dardi,
moziyga yo`l solgan kun tevalari,
yurakning tuyg`udan yorishgan qa'ri,
vaqtning shafqatsiz nevaralari
qaylarga oborar bizlarni ayrib?
Umr ham o`tganday...
oftob so`lganday...
qayg`uli xarsanglar xayolni ezar,
jannatni sog`inib yotgan cho`llarda
qashqirlar galasi qonsirab kezar.
Ey, gulim,
ko`zlarga yoshlar to`lganda
soyamiz qo`shilgan damlarni eslang!
Zog`lar orasida bulbulni ko`rdim,
besh-o`n qo`tir zag`cha boshin cho`qigan,
yuragi yorilib o`lsin deb sho`rlik,
bulbul haqida ko`p ig`vo to`qilgan.
Emishki,
xonishi doim arazli,
yo`qotish kerakmish soxta bulbulni,
sahar chog`larida vaysab g`arazli,
atay uxlatarmish necha qizgulni.
Bu ham yetmaganday komil zamonda
saltanat qasriga peshob to`karmish,
tag`in ul millatchi emish ashaddiy,
qayda sayrasa el isyon ko`tarmish.
Ig`volar yog`ilur,
besh-o`n qo`tir zog`
yangi arslonshohga tinmay xat tashir.
Shotirlar ishidan yurar kayfi chog`
qora ko`zoynakni taqqan kattasi.
Arslonshoh almashar,
vazir almashar,
borliqni qaytadan qurmoqda avom.
Zog`lar qag`illashib biram yayrashar,
tag`in ig`voxatlar yozilar ravon.
Emishki,
bu bulbul aybin yashirar,
har nahor o`n kaklik go`shtini yermish,
palon yil pismadon kavakda birdan
sakkizta ayiqni zo`rlagan emish.
Tag`in bir aybi bor,
o`qirmish namoz,
islom bayrog`iga qilarmish sajda,
har qanday jazoni bersangiz ham oz,
hammani qon qilib bo`ldi bu ajdar.
Ig`volar yozilur,
besh-o`n qo`tir zog`
yangi arslonshohga tinmay xat tashir.
Shotirlar ishidan yurar kayfi chog
qora ko`zoynakni taqqan kattasi.
Ajab hangomalar bo`lar qaytadan,
zog`larning ko`zida qaynar ajina.
Zog`lar orasida sayrar ataylab,
bu bulbul o`ziyam juda g`ajir-da.
Hoy, bulbul,
O`zingga bir oz rahm qil,
bo`lmasmi damingni chiqarmay tursang.
Axir qayta qurish...
bo`lmasmi bir yil
zog`lar orasida zog` kabi yursang...
Rubobiy she'r yozsam...
qaytsam bir nafas...
hamisha musaffo chashmani ko`rsam,
qoraygan cho`qqilar qoriga qarab,
bir nafas xayolchan o`snirga do`nsam.
Voh, o`shal lahzalar...
o`tdimi butkul
gunafsha atirli tansiq tuyg`ular,
sahargi bog`larni uyg`otgan bulbul,
oylarning nurlarin elagan suvlar.
Yashil shajar edim...
Qandoq sog`indim...
ko`zimni yashnatsa rubobiy ranglar.
Qaysi bir dunyoga buncha og`rindim,
dilimni qaritdi besamar janglar.
Men jangchi emasdim,
men shoir edim,
nihoyat shoirdan ko`ra zobitman,
har nafas musulmon millatim dedim.
nafsiga kuyganlar keldi oqibat.
Haromni xush ko`rgan malakfurushlar
zig`irday himmatin qilganda minnat,
yaproqday sarg`ordim buyuk urushda
musulmon yo`q edi,
yo`q edi millat.
Bas, qushlar sayroqi,
yaproqlari mo`l
yashil shajar kabi turay mushakkal,
ilhomim haqida so`ylasinlar xo`b,
zaharli tilimdan to`kilsin shakkar.
Rubobiy sabolar ruhimdan esing,
qaytadan uyg`onsin ilohiy tug`yon.
Voh, yalang shoxlarim qilichday keskir,
bir yaproq qolmaptir shivirlayturg`on.
Qurshovda
yurtimning qabristonlari,
qabrlar og'zida to'xtagan paxta,
go'yo sho'rliklarning arzon jonlarin
qutqarib qolganday milyonlab lahad.
Sho'rliklar
bir umr yomg'ir, qor kechib,
faqat qabrlardan halovat topdi.
Uyaldim tunov kun ko'ylagim yechib,
paxta ekilmagan badanim qopti.
Men ham go'l odamman,
birgad ukalar,
poshsholar uxlasin deyman xotirjam,
mengayam ozgina bering shu darddan,
endi paxta eking, badanimga ham.
Faqat badanimga ishlatmang kimyo,
kimyo kirib bo'lgan xonu monimga,
butifos, kataran,
qisqasi, sonming
zaharli dorilar oqar qonimda.
Qo'rqmasdan ekvoring,
tezroq borasiz
yuqori belgilab bergan mo'ljalga,
paxta ochilganda hech bir dorisiz
barglarin to'kvorar
eski g'o'zalar.
Joylashgansan shunchalar chuqur:
O'z tubiga asragan yurak.
Senga yetib bormaklik uchun
Uzun umrim yetmasa kerak.
Men kelaman novbahor bo'lib,
Gulga to'lar tanho so'qmoqlar.
Men kelaman soylarday to'lib,
Etilganda saraton, bog'lar.
Men kelaman,kelaman so'zsiz,
Ko'zingizni yashirmang zinhor.
Peshvoz chiqing yo'llarimga siz,
Bahor bo'lib kelaman, bahor.
Odam uzoq yashar,
Judayam uzoq,
Agar do'sti bo'lsa suyanadigan,
Agar do'sti bo'lsa har qutlug' sahar
Bahaybat quyoshday uyg'onadigan.
Bugun men umrimning qoq o'rtasida
Dil-dildan tuygancha bir haqiqatni,
Sevinib,sog'inib yashay boshladim
Soatga cho'zilgan har daqiqani:
Umrim uzaygani muborak bo'lsin,
Rost bo'lsin oylarday teran kunlarim,
Umrday bahorlar,
Bahor bo'ylarin
Taratgan o'zgacha rangin kuzlarim.
Osmonday dalani to'ldirib nurga
Bebaho tilsimlar o'stirgan,do'stim,
Yuz ming yelkalarim,
Yuz ming qo'llarim,
Yuz ming yuraklarim seniki bo'lsin!
Bag'rida ezgulik urug'lari-la
Asrdan-asrga o'tayotgan, do'stim,
Sen uchun jonim ham jismimni yorib,
Yuz mingta xanjarday
Jaranglab o'sdi.
Umrim uzaygani muborak bo'lsin,
Oqari rost bo'lsin to'kin daryoday.
Endi kunlarimning qat-qatlarida
Also o'limlar yo'q,
Faqat hayot bor.
Sahar turdim,quyoshni kutdim,
Shudringlarda chaydim yuzimni.
Buloqlarga labimni tutdim
Va borliqda ko'rdim o'zimni.
Ko'zlarimdan toshdi shuurim,
To'lib ketdi bag'rimga navo.
Mangulikday tuyuldi umrim,
Mangulikday tuyuldi dunyo.
Unutganim yo'qdir hali
O'rikzorni,asov soyni.
Soy bo'yida ovloq, xoli
Baqaterak o'sgan joyni.
Unutmadim hali-hali
Muzdakkina zilol suvni,
Tol tagida shom mahali
Unutilgan ikki kuvni.
Yodimdadir iliq pichan,
Kulgularing edi so'lim.
Bo'salarga to'lgan kecha:
Soch silagan titroq qo'lim:
Sog'inyapman to'yib-to'yib
Baqaterak o'sgan joyni,
Oppoq kecha, yalpiz bo'yi,
Yarqiragan to'lin oyni.
Ajoyib kunlarning birida
Uyg'onib ketaman uyqudan -
Yurakning eng chuqur yerida
Og'riqqa aylangan tuyg'udan.
Men qo'shiq bo'laman daryoday
Yurakning eng chuqur yerida.
Boqaman dunyoga dunyoday
Ajoyib kunlarning birida.
Men yo'g'imda:
Gullar ochilar
Tashna bo'lib salqin ellarga.
Mayin,tiniq bo'ylar sochilar
Yolg'izoyoq,
sokin yo'llarga.
Men yo'g'imda:
Tikilib yo'lga
Xo'rsinmoqda yalang qoratol,
Xotirlardan faromush bo'lgan
Buloqlarning ko'zida malol.
Men yo'g'imda:
Yovqur shamollar
Og'ushida rayhon kuladi.
Guzarlarda mudragan chollar
Bir kechada g'oyib bo'ladi.
Men yo'g'imda:
Fig'on etarmish
Ko'kka qarab karnay-surnaylar.
Men yo'g'imda tashlab ketarmish
Farg'onani oppoq turnalar.
Yelkam uzra mayin, sas, sado -
Yog'iladi shomurut qori:
Meni qiynar bu oppoq navo
Va ul qora sochlar ifori.
Shomurutlar oppoq gulidan
Peshvoz chiqar oq olov yoqib:
Yulduzlarning muzdek selida
Biz qaygadir ketyapmiz oqib:
Sira tinmas bo oppoq yog'in:
Qo'llaringda titraydi qo'lim.
Muhabbatning o'kir pichog'in
Yuraklarga sanchamiz,gulim.
Mastu alast tuyg'ular ichra
Sahargacha yuramiz daydib.
Kelarmikan bu oppoq kecha,
Kelarmikan dunyoga qaytib?!
Tug'ilgan oy, qadimgi
Fanorsan, anor.
Yoqut to'la qip-qizil
Qanorsan, anor.
Goho qorol, gohida
Pushtisan anor.
Yerning qonga bo'yalgan
Mushtisan, anor.
Bag'ri yomon battolllarga bor,
Qahri yomon qattollarga bor;
Qon yalagan qassoblarga bor,
Co'z o'ynagan kazzoblarga bor;
Imonidan kechganlarga bor,
Bor-yo'g'ini echganlarga bor;
Nega menga kelasan, ey dard,
Nega menga kelasan,ey g'am!
Ertaga yomg'irlar keladi,
Gurkirab yashnaydi havolar,
Hulvolar keladi, hulvolar,
Oylarga etajak navolar.
Ertaga bolalar bahaybat
Kunlarni o'rnidan jildirar.
Shu qadim dunyoning shamoli
Yuraging yonida jildirar.
Kelajak bor hali bag'rida
Yuz mungta quyoshi porlagan,
Ishonma hech qachon, ishonma
Qo'lida quroli borlarga.
Javshanlarin echmayoq,
Echmay qurol-yarog'in,
Uxlab yotar botirlar
Vodiylarda qorayib:
Ochsanggina kitobni
Nogoh bari uyg'onar,
Uyg'onar bulut yolli
Yashindayin tulporlar.
Bir g'rurmi yo hayrat
Paydo bo'lur ko'zingda,
Botirlarni uyg'otib
Uyg'onasan o'zing ham.
Uyg'onasan, o'zgacha
Yolqinlanar tonglaring,
To'qson ikki tomirda
Potirlaydi qonlaring.
Ammo ketar chog'ingda
Unutmagil insofni -
Bolalarning oldida
Ochiq qoldir kitobni.
SHE'RLARINGDA "BAXT" SO'ZI KAM UCHRAR DEGAN DO'STIMGA
Baxtiyorman degan birgina so'zni
Aytish uchun kerak qancha kuch,chidam,
Garchi 'Baxt' so'zlarning eng yoqimligi,
Garchi tursa hamki tilning uchida.
Og'ir botmasmikin
bu so'z kimgadir,
tegib ketmasmikin oh-vohlariga,
Qandoq bardosh berib yashayman keyin
Baxtsiz kimsalarning nigohlariga.
Avvalo,bu so'zni o'zgalar aytsin,
Aytsinlar ko'zlari quvonchga to'lib.
Elning baxti uchun umrini tikkan
Shoirlar aytmasin birinchi bo'lib.
Bu so'zni bir umr aytmay yashadim,
Har shodlik kelganda yurdim sekinroq,
G'am so'zin elimdan avvalroq aytdim,
Baxt so'zin aytaman
Eldan keyinroq.
URUSH SUVRATI
Suv o‘rniga qon shimayotgan
Halovatsiz, bechora zamin.
Hasrat bilan yerga qaraydi
Chiqarmasdan xudolar damin.
Qonga botgan dunyoni ko‘rib,
Azoblarga berolmasdan dosh,
Ulkan, qizil quyoshcha har kun
Olib ketar uzoqlarga bosh.
Ketayotir tubsiz moziyga
Ko‘lankasiz yigitlar safi.
Qizlar qolar kuz og‘ushida
Unutilgan mevalar kabi.
***
Chaqin bo‘lma,
Bo‘lma guldirak,
Yerdan ko‘pam uzoqlab ketma.
Ovozingni yirtmagin bekor.
Yerni quchma — quloching yetmas.
Undan ko‘ra biror odamning
Makoni bo‘l — irmoqli, soyli,
Shamollarni to‘sgan tog‘i bo‘l.
Osmonli bo‘l — yulduzli, oyli.
MINORAI KALON
Ming yillar qa’ridan keladi,
Kulfatga yo‘liqib ming bora
Tinimsiz toshbo‘ron, qirg‘inga,
Xo‘rlikka duch kelgan minora!
Necha bor to‘plarga tutildi,
U judo bo‘ldi bosh qismidan,
Va lekin jon qoldi sharqona,
Bezaklar bitilgan jismida.
Tasanno aytaman tuproqning
Metindan kuchliroq doshiga,
Har yili in qurar laylaklar
Minorning kuragan boshiga.
Bu yil ham minorda, xayriyat,
Sharqona bezaklar so‘nmapti,
Minorning boshiga bu yil ham,
Xayriyat, qarg‘alar qo‘nmapti.
SULAYMON TOG‘I ETAGIDA O‘YLAGANLARIM
Diyonatli, orli ajdodlar
Bu haybatli toshlar tagida.
Biror lahza hayol surmagan,
Soxta shuhrat, ta’ma haqida.
Yashirganlar yurtga sargardon,
Kezakkanlar g‘urbatda yoxud,
Sulaymon tog‘ poyida bir kun,
Ko‘milmakni qilganlar orzu.
Bundan ne-ne alloma o‘tgan,
Ne jahongir nechalab shoir.
Biroq aziz tog‘ toshlariga,
Yozdirmagan hech biri nomin.
Sulaymon tog‘ yuksalib turar
Bir elatning buyuk yodiday.
Hayron bo‘lib poyiga bugun
Kelguvchilar e’tiqodidan.
Bugun kelar istagan kimsa,
Berib ta’ma ilinjiga zeb,
Nomin yozar tog‘ toshlariga,
Palonchilar kelib ketgan deb.
Kuzatarkan orsiz, vijdonsiz
Kimsalardan tuygan kunlarni,
Bir hayajon,
Titroqda tuydim
Yer tagidan kelgan unlarni,
Sulaymon tog‘,
Muqaddas yodim.
Ko‘rsam yurak-bag‘rimni dog‘lar,
Betayinlar nomin ko‘tarib,
Soat sayin o‘sar qoyalar.
YOSH TOG‘LAR
Kuch yog‘ilgan gavdalarini
saratonning o‘tiga toblab,
ochib qo‘yib xazinalarin,
uxlab yotar o‘spirin tog‘lar,
Go‘yo mangu safarga chiqqan
Yo‘lovchilar horgan ko‘yicha
o‘tirganu birpas mizg‘igan
sirqiragan suvlar bo‘yida.
Bir nafasga ko‘z yumgandilar,
Million yillar o‘tdi oradan,
uxlab yotar yurakni o‘rtab,
uxlab yotar sodda bolalar…
QIZIL OLMAGA QASIDA
Yiqildim kuzakning qoralig‘ida,
Tun-da bir chayqaldi,
asta tinchlandi.
Borlig‘u yo‘qlikning oralig‘ida
ko‘zimga ko‘rindi olam sinchlari.
Yotardim toshdayin jimlik tubinda,
xayolim - bemahal so‘lgan g‘unchadir.
Voy, ko‘nglim, desammi
jimlik suvinda,
ayt, ko‘nglim,
kimlarga kuyding bunchalik?
Vaqt ham tun bo‘yi yulduz qoni-la
ularkan ko‘nglimning siniqlarini,
tirildi bir dilbar saboh yonida
tolg‘in qush galasi -
xo‘rsiniqlarim.
Shunda dimog‘imga bo‘ying urildi,
tag‘in yurilmagan yo‘l bo‘ldi olam -
ulkan bir sayyora kabi ko‘rinding,
menday bir faqirga, olmajon, olma!
Manim kichik ko‘nglim,
Ay, shoir ko‘nglim,
nokaslar ra’yiga tushmagan ko‘nglim,
dunyoning million xil noz suvratidan
bir qizil olmani xushlagan ko‘nglim!
Olmajon,
Tushdingmi osmon bogidan,
Qaysi bir dunyodan elchi bo‘p kelding.
Ko‘nglim so‘lar chogi tun qiynog‘idan,
nahotki, fazoda olovday yelding.
Manim kichik ko‘nglim,
ay, shoir ko‘nglim,
tagan kunduzlarning ishqida bedor.
Olmani olamga otaman to‘lib,
bormisan,
bormisan bu dunyoda, yor...
* * *
Titroq sezdingmi hech
bir shum lahzada -
xatar-la yuzma-yuz turgan chogingda.
Tubsiz jar labida oniy larzadan
titrab kelganmidi joning ogzingga.
Nopoklar poklarga qilganda tuhmat,
titramay aytdingai keskir so‘zingai.
Bolangning yodiga ne qilding tuhfa,
asrab qololdingmi o‘zing o‘zingni?!
Qaltis lahzalar bor -
dosh bermak mushkul,
biroq chidaganlar tirik xotirda,
goho elitarlar - nafasi mushkin,
goho ko‘rinarlar ko‘zingga tig‘day.
Osmondan kelganda tuban odamlar -
biri chinorkesar,
biri kesar til.
Butun qilmishlarin qarasang jamlab,
namoyon bo‘ladi suvrati qotil.
Qaltis lahzalar yo‘q,
Qaltis umr bor,
mo‘r-malax nom aro yolg‘iz noming bor.
Lahzada titroqqa aylanib tursang,
demakki, ichingda bitta xoin bor.
O’ldir,
ichingdagi xoinni o‘ldir,
volida ko‘ziga boqishdan avval,
ma’shuqa qo‘ynida yotishdan avval,
zulmat ummoniga botishdan avval.
Yo‘ldir bu,
nafsning botqog‘i emas,
qilichning damiday chaqnagan yo‘ldir.
Bu yo‘lga yuzingni burishdan avval,
o‘ldir, ichingdagi xoinni o‘ldir.
XO’RSINIQ
Tog‘ xo‘rsinib yubordi og‘ir –
Vodiylarga yugurdi shamol,
Yuzlarini yashirdi hilol.
Tog‘ xo‘rsinib yubordi og‘ir,
Teran xobdan uyg‘ondi yurak,
Tog‘lar kabi xo‘rsinmoq kerak.