OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Sulton Jo‘ra (1910-1943)

http://ziyouz.com/rasmlar/poets/sulton_jura.jpgSulton Jo‘ra 1910-yilning 15-yanvarida hozirgi Buxoro viloyatining Shofirkon tumanidagi Qag‘altom qishlog‘ida dehqon oilasida tug‘ildi. 1930-yilda Buxoro Pedagogika bilim yurtini bitirdi.
Sulton Jo‘ra 1931-1938-yillarda Buxoro rabfagida, 1938-1941-yillarda Andijondagi o‘qituvchilar ilmgohi va Pedagogika bilim yurtida til va adabiyotdan dars berdi.
1942-yilda Sulton Jo‘ra harbiy xizmatga chaqirildi. 1943-yilning 14-noyabrida Belorussiya tuprog‘ida nemis-fashist bosqinchilariga qarshi janglarning birida jangchi-shoir qahramonlarcha halok bo‘ldi.
Sulton Jo‘raning dastlabki she’rlari 1933-yilda Buxoro yosh shoirlarning „She’rlar“ to‘plamida nashr etildi. Uning 1939-yilda „Fidokor“, 1941-yilda „Moskva“ she’riy to‘plamlari, 1942-yilda „lroda“ nomli pyesasi nashr etildi. Shoir vafotidan so‘ng 1951-yilda rus va o‘zbek tillarida „Tanlangan asarlar“, tinch qurilish yillari davrida iste’dodli shoirning „Havorang qalam“, „Zangori gilam“, „Bmno“, „Parvoz“, „Qaldirg‘och“ kabi kitoblari bosilib chiqdi.


TINISH BELGILARINING MAJLISI

Besh-oltita tinish belgi kelib bugun,
O‘tkazmoqqa qaror qildi jiddiy yig‘in.
Rais bo‘ldi undov belgi — mirzaterak,
Dedi: — Har kim o‘z rolini aytmoq kerak.
Tushuntiring nedur sizning vazifangiz?
So‘z vaqtini ko‘proq beray oz desangiz.
O‘z joyida ishlatmasdan Turg‘un, G‘ani,
Balki sizni xafa qilgan? So‘zlang, qani.
Birinchi so‘z nuqtavoyga — U bosh, katta, —
Nuqta chiqdi bir dumalab misli koptok:
— Fikrlarning bekatiman — Nuqtadirman,
Har darak gap oxirida to‘xtaydirman.
Boshqa fikr boshlanajak mendan keyin,
Ba’zan quloq solmasalar men ne deyin?
Paravozlar suv olgandek bekatlardan,
Menga yetgach, olmoq kerak to‘liq bir dam.
O‘zimdan so‘ng qo‘ymoq zarur zo‘r bosh harf,
Biroq ba’zan unutadi bizni Zarif.
Har bir bosh harf yonimdagi bir soqchidir,
Qaysi bola buni qo‘ysa zap yaxshidir.
Gapim tamom, bundan bo‘lak menda ne bor?
O‘ylaymanki, so‘zim qolmas bee’tibor.
— Endi sizga gap navbati, o‘rtoq „So‘roq“, —
Ana, chiqdi so‘roq belgi, misli o‘roq.
U qoqilib ketmay qoldi arang qulab,
Yo bu belgi yoki zirak taqqan quloq.
— Sen singari rolim aytsam, nuqta, do‘stim,
Har so‘roq gap bitgan joyda mening postim.
Mendan so‘ng ham katta harf qo‘ymoq shartdir,
Bunga odat qilinmasa, yomon darddir.
Uqdingizmi? Yetadimi? Bormi savol?
Yoki o‘zim so‘rayinmi sizdan savol?
Undov novcha o‘zi oldi so‘z galini,
Mixday turib bayon qildi o‘z holini:
— Mazmunidan undov, sevinch, nafrat, g‘azab,
Yo hayajon ma’nosini anglatsa gap,
Shunday jumla adog‘ida bo‘lar joyim,
Mendan so‘ng ham bosh harflar kelar doim.
Eh... Naqadar soz bu kungi yigilishimiz!
Bu yaxshi ish, har choq shunday yigilishingiz!
— O‘rtoq rais, endi menga navbat bering, —
Deb so‘z oldi kichik to‘qmoq — bizning vergul.
O‘rnim tengdosh boiaklarning orasida,
Fikrlarning „razyezdi“ men: menda birpas
Olib o‘tar har o‘quvchi yarim nafas.
Undalma so‘z kelib qolsa gap boshida
Undan keyin men turaman yonboshida.
Gar undalma gapda kelsa qoq o‘rtada,
Uning ikki yonboshida men jo‘rttaga:
„Qani, endi, undalmaxon, qochib boq-chi“ —
Deb bo‘lurman, yubormayin unga soqchi.
Gar undalma gap so‘ngida kelsa, u choq,
Undan oldin qo‘yilurman, tushun, o‘rtoq!
Sirkdagi qiziqchidek qo‘shtimoqlar
Bir mahalda kulib chiqdi xushdimog‘lar:
— Korxonalar, xo‘jaliklar, gazeta, jurnal —
Hokazoga ot qo‘yilgan bo‘lsa darhol
Uni qurshab oladirmiz ikki yondan...
Ko‘chirma gap ketolmaydi bizdan qochib,
Uni doim olamiz keng quchoq ochib.
Mana rais „Vaqt tamom, to‘xtatingiz“, —
Deb qoldi-ku. Mayli, endi yo‘q gapimiz.
Eng oxirda shoshib-pishib, nari-beri
Jindakkina sayrab qoldi gugurt-tire:
— Dialogda mening eng ko‘p turar joyim.
Yana ma’no takrorlansa, men bor doim.
Goho bir so‘z sig‘may qolsa to‘lib xatga,
Ayamasdan bo‘g‘inidan qirqib hatto
Qolganini ko‘chirarman bo‘lak yo‘lga,
Biroq shartim — so‘z qolmasin o‘lda-jo‘lda.
— Ko‘p cho‘zdingiz, anglaysizmi, o‘rtoq, tire?
— Mayli bitdi, qaror bo‘lsa o‘qib bering.
Shunda rais dedi: — Endi majlis yopiq!
Har bir vakil jo‘nab ketdi yo‘lin topib.


OY NECHTA

I

Yulduz, Qunduz, singil va opa
Boshladilar katta tortishuv.
Yulduz dedi: — Oy bitta faqat
Qunduz dedi: — Yo‘q, ikkita-ku!
— Kech bo‘lsin-chi, ko‘ramiz, qani,
Kimning gapi rostga chiqarkan?
— Yulduz bo‘lsang oyni ko‘rgani
Undan ilgariroq chiqarsan?..

II

Ana keldi kutgan kecha ham,
Yonib chiqdi qizil shirmon oy.
Chopib ketdi Yulduz ko‘chaga,
Qunduz dedi: — Hovlidan boqay.
Ikkovi ham ko‘rarkan oyni,
Bir-biridan olishdi darak:
— Unda bormi?
— Ha, bittasi bor.
Qaysisining oyi kattaroq?
Ishonmadi biri-biriga
Va dedilar:
— Oy nechta, oyi?
— Yoting endi.
Faqat bitta osmonning oyi!
Katta boigach, aylanaylarim,
Oyning o‘zin minib ko‘rarsiz.
— O‘shanda-chi, oyijon, bizga
Katta shoti olib berarsiz?

III

Men ham shunday bolaligimda
Oyni ikkita deb yurardim.
O‘sha paytim tushib esimga
Shu she’rni yozib yubordim.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.