* * *
Ko‘ngilga bir dard tushdi,
Dardmand qani-kay?
Jism uyidan hush uchdi,
Uchar u tokay?
“Qur’on” o‘qiyin desam,
Ustod topilmas.
O‘qimayin desam, u
Sira yopilmas...
* * *
Xush bo‘ylarin tuyar edim bahorning,
Nafasidan to‘yar edim nahorning.
Kunduz zilol ko‘rinardi loyqa suv,
Tunlar kulib boqar edi Oy — suluv.
Na hidini sezdim bu yil bahorning,
Na nafasin to‘yib so‘rdim nahorning.
Tiniq suvning tinganini tuymadim,
Hatto, qoshga gul inganin suymadim.
Yo ko‘zlarim to‘sib olgan bir riyo,
Birga-birga qaridi yo bu dunyo?..
O‘G‘LIMGA
She’r yozsang, so‘zlarni so‘zlarga yedir,
Ko‘nglingni gulga yo bulbulga dedir.
So‘z topmay qiynalsang, bilganim aytay:
“Buxoro” so‘zining o‘zi bir she’rdir.
BESHLIKLAR
SOG‘INCH
Mayli, ista, ko‘zlaring bo‘lay,
Aytolmagan so‘zlaring bo‘lay,
Suvlar tutay, hovuching bo‘lay,
Hassang bo‘lay, kovushing bo‘lay —
Tushimga kir, ona, onajon!..
OMONAT
Qo‘l yuvib kelguncha kosamni yalab,
Ichiga tosh solib qo‘ysalar, axir,
Qo‘liga topshirsam Mo‘min Mirzoni,
To‘rvaga bosh solib qo‘ysalar, axir —
Men kimga ishonay omonatimni?..
SIRDARYO
Sirdaryo, otamday qariding,
Ingichka ilonning iziday.
Ne bo‘ldi senga, ey Bobosuv,
Chuquring chaqaloq tiziday —
O‘zanda so‘zondir Qizilqum.
XORAZM
Bu asriy qumliklar aro Xorazm,
Gohida xor bo‘ldi, gohida — azim.
Harchand yig‘lasam ham, ko‘zyoshim yetmas,
Samolyotdan turib solganda razm.
Ko‘zing och, atrofda qum qilar bazm.
QORAQALPOG‘IM
Tubi — bir va lekin shoxi ming bo‘lar,
Millat deganining, bilsang, qarog‘im,
Senda Pomir tog‘i yuksak ruhi bor,
Orolim, qardoshim, qoraqalpog‘im —
Yuzingni tog‘ sari burmasang — bo‘lmas!
UMR
Umrim mening shunchalar qisqa,
Vaqt topmasman boshim qashlashga.
Ne-ne quyuq ziyofatlar ham
Sabab bo‘lar ko‘ngil g‘ashlashga —
Uzayarmi o‘tganimdan so‘ng?
G‘ASHLIK
Bu qishloqqa ne bo‘lgan o‘zi —
Odamining ko‘zida zavq yo‘q?!
Topganini bir shisha mayga
Yetkazishdan boshqa bir shavq yo‘q.
Bu qishloqdan ketaylik, ko‘ngil!
KIMGA QIYIN?
Kimga qiyin bu dunyoda,
Kimga oson — bilmadim.
Mushkulotning qaysi og‘ir —
Buni shoyon qilmadim.
Xulosaga keldim oxir,
Aytgan emas bir noqil:
Beaqlning ishlarini
Ko‘rib tursa bir oqil —
Shundan og‘ir azob bo‘lmas,
Bundan dushvor sazo yo‘q,
Aqlliga mukofotu
Beaqlga jazo yo‘q.