To‘rabek Bo‘ronov 1943 yil 5 noyabrda Xorazm viloyati, Yangibozor tumani, Uyg‘ur qishlog‘ida tavallud topgan. Uzoq yillar matbuot sohasida ishlagan. “Paxtakorlar ovozi”, “Urganch haqiqati”, “Do‘stlik bayrog‘i” (hozirda nomlari o‘zgargan) gazetalari redaktsiyasida muxbir sifatida faoliyat yuritgan.
Keyinchalik nafaqaga chiqqunga qadar viloyat yong‘in xavfsizligi boshqarmasida turli lavozimlarda mehnat qildi.
“Hayot hikmatlari” she’riy to‘plami muallifi.
2014 yil 3 fevral kuni vafot etgan.
* * *
Dunyoning ishlari turli va qiziq:
Yolg‘onchi dunyo der, derlar bevafo.
Jiyda daraxtini qiyshiq deydilar-
Mevasini esa deydilar da’vo.
* * *
Dunyoning ishlari turli va qiziq:
Chuqur o‘yga tolib, ko‘p fikr qildim.
Bir bola o‘n yoshda donoday so‘zlar,
Sakson yosh johilni bola deb bildim.
* * *
Dunyoning ishlari turli va qiziq:
Yo‘qotib bo‘lmaskan barcha illatni.
Ba’zilar haq yo‘ldan adashsa atay,
Qayoqdan olaman unga hurmatni?!
* * *
Dunyoning ishlari turli va qiziq:
Yechimin topolmay ne boshlar g‘ovlar.
Hayvonot olamin taqdiri shunday,
Inson-chi?! Vo ajab bir-birin ovlar!
* * *
Dunyoning ishlari turli va qiziq:
Bor ekan qanchalar yechimsiz mavzu-
Go‘dak tezroq katta bo‘lsam der ekan,
Chollar go‘daklikni qilarkan orzu.
* * *
Dunyoning ishlari turli va qiziq:
Ba’zilari sodda, ba’zisi mubham.
Vatanin sevar, deb, ishonolmayman,
O‘z ostonasini unutgan odam.
* * *
Dunyoning ishlari turli va qiziq:
Hurmatim bo‘lmasa ota-onamga,
Dovrug‘im ketsa ham butun olamga,
Ishonish mumkinmi menday odamga?
* * *
Dunyoning ishlari turli va qiziq:
Ming yil umr kerak uni yechmakka.
Birov yomg‘ir yog‘sa rizq deb quvonar,
Birovni bezovta qiladi chakka.
* * *
Dunyoning ishlari turli va qiziq:
Yechmmin topolmay bo‘ldim ko‘p karaxt.
Nodon donolikni qilarmish da’vo,
Qachon butun bo‘lgan qiyshaygan daraxt.
* * *
Dunyoning ishlari turli va qiziq:
Necha kundan beri yuribman xomush.
Dunyo, bag‘ring g‘amga to‘liq ekansan,
Nechun sen yaralding muncha faromush?!
* * *
Dunyoning ishlari turli va qiziq:
Bo‘lmag‘ur ishlarga sarf bo‘pti vaqtim.
Evoh, kech angladim, afsus, ming afsus,
Vaqt bilan birga ketibdi baxtim!
* * *
Dunyoning ishlari turli va qiziq:
Ot bosh bermas jilov bo‘lmasa mahkam:
Yorini aldagan biror nokasga
Kafil yo‘q, aldaydi Vatanini ham.
* * *
Dunyoning ishlari turli va qiziq:
Bir kun alaf, bir kun gullar uzarman.
Cho‘qqiga chiqibman qay yo‘llar bilan,
Tushishga narvon yo‘q, qulab tusharman.
* * *
Dunyoning ishlari turli va qiziq:
Inson qalbi ekan goh taftli, goh muz.
Ko‘klarga ko‘tarsa misoli bir par,
Eh, o‘ldirar ekan ba’zida bir so‘z!
* * *
Dunyoning ishlari turli va qiziq:
Hayotda uchrarkan har turli qiliq.
Yuzidan nur yog‘ar uchrashganida,
Izimdan tosh otar o‘sha munofiq.
* * *
Dunyoning ishlari turli va qiziq:
Arpa ekan olar, albatta, arpa.
Lekin bir jumboqqa tishim o‘tmadi,
Xoin qaydan paydo bo‘larkan, tavba?!
* * *
Dunyoning ishlari turli va qiziq:
Bir otaning tutdi ko‘kni nolasi.
Farzandi noqobil emish, vo ajab!
Ko‘kdan tushmagan-ku uning bolasi?!
* * *
Dunyoning ishlari turli va qiziq:
G‘am ekan quvonchning doim yo‘ldoshi.
Johilning burnini osmonda ko‘rdim,
Negadir egikdir dononing boshi.
* * *
Dunyoning ishlari turli va qiziq:
Limmo-lim to‘liqdir sirlarga buncha.
Oltin zanglamaydi ming yil zaxda ham,
Yaltiroq qog‘oz-chi? Suvga tushguncha.
* * *
Dunyoning ishlari turli va qiziq:
Qancha kirib borsang olisdir ancha.
Mevasiz daraxtga qaramas hech kim,
Mevali daraxtga tosh otar qancha!
* * *
Dunyoning ishlari turli va qiziq:
Qanchalar yuksakka yetsa ham boshing-
Kibrlanib ketma, baland-balanddan
Shiddat-la tushadi har tomchi yoshing.
* * *
Dunyoning ishlari turli va qiziq:
Buncha chigal qilding, ey Parvardigor?
Yolg‘onchi dunyoda yuz yillar yashab,
Bir kuncha chin umr ko‘rmaganlar bor.
* * *
Dunyoning ishlari turli va qiziq:
Yechimin topolmay bo‘ldim ko‘p karaxt.
Nodon donolikni qilarmish da’vo
Qachon butun bo‘lgan qiyshaygan daraxt.
* * *
Dunyoning ishlari turli va qiziq:
Arziydi ming marta qoyil qolsalar.
Oddiy bolarini ko‘ring, beradi
Siylaganga asal, tekkanga zahar!
* * *
Dunning ishlari turli va qiziq:
Hayotning o‘ngi gul, chap yoni tikan.
Ketingdan bir iz qolmasa, bilki,
Bekor minglab yil yo‘l yurganing bilan.
* * *
Dunyoning ishlari turli va qiziq:
Aqlim qosir qoladi barchasiga ham.
Kunlik ehtiyojim-nozu ne’matning
Ko‘pi og‘u ekan, ozrog‘i malham.
* * *
Dunyoning ishlari turli va qiziq:
Inson o‘z halolin qilmaydi pisand.
Yoningdagi olov isitar,axir,
Olisdagi cho‘g‘dan kim bo‘lgan xursand?
* * *
Dunyoning ishlari turli va qiziq:
Qabristonga borib lol qoldim butkul-
Hashamdor qabrni tosh bosib yotar,
Oddiy bir qabrdan ko‘karibdi gul.
* * *
Dunyoning ishlari turli va qiziq:
Anchagina yerni ayladimi gulzor.
Atay bir tikanni yulmagan edim,
Vaqt kelib tikani berdi ko‘p ozor.
* * *
Dunyoning ishlari turli va qiziq:
Salomimga rahbar berdi qo‘l uchin.
Nogoh bir kattakon tashrif qiluvdi,
Yugurdi qo‘shqo‘llab ko‘rishmoq uchun.
* * *
Dunyoning ishlari turli va qiziq:
O‘y surib tagiga yetmaysan harchand:
Dehqon yetishtirar turli noz-ne’mat,
O‘zi och qoladi, o‘zga bahramand.
* * *
Dunyoning ishlari turli va qiziq:
Kovlab oxiriga qani kimi yetdi.
Bir qushcha tutuvdim, boqdim ko‘p yillar,
Darchani ochuvdim, uchdi-yu ketdi.
* * *
Dunyoning ishlari turli va qiziq:
Tavof qilib yurdim yosh qiz izini.
Ul pari aytdiki:-
- Ko‘rmaysanmi, chol
-Soqoling ichida ajal inini?
* * *
Dunyoning ishlari turli va qiziq:
Har soating yo‘qlik sari bir qadam.
Foydali ishlaring bo‘ladi qanot,
Qilgan yomonliging mutloq jahannam.
* * *
Dunyoning ishlari turli va qiziq:
Fikrim qamroviga sig‘maydi ular.
Birov xandon kular, birovi yig‘lar,
Ajabo, birovi ham yig‘lab kular?!
* * *
Dunyoning ishlari turli va qiziq:
Turli o‘yi bori-yo‘q aqlim kemirdi.
Dunyoni bol deya totdim tinmasdan,
Vodarig‘, bildirmay umrim yemrdi!
* * *
Dunyoning ishlari turli va qiziq:
Pishiq to‘qilmasa yirtilar mato.
Inson qilgan ishni qildim-ku men ham,
Hayhot barcha ishim bo‘libdi xato!
* * *
Dunyoning ishlari turli va qiziq:
Hovuz ham bijg‘iydi chiqmasa suvi.
Hunar o‘rgandimu sarf etmabman a,
Bildim, tushganida hovuzning kuni.
* * *
Dunyoning ishlari turli va qiziq:
Ba’zan g‘amgin yurdik, ba’zida xandon.
Hayot shunday deya, yashayveribmiz,
Na bir kofirdurmiz, na bir musulmon.
* * *
Kim amal qilmas ozodalikka- sog‘ligi ketar,
Farzandlarining suyanchig‘i-tog‘ligi ketar.
Suv bilan olov o‘z o‘rnida hurmatga loyiq,
Hayot rishtalarin uzviy bog‘ligi ketar.
* * *
Odam bo‘lay desang, hayot kitobin o‘qi,
O‘zing ham hikmatli doston, hikoyat to‘qi!
Odam o‘qish, ijod uchun kelar dunyoga,
Bir nafing bo‘lmasa, yaxshi boringdan yo‘g‘i!
* * *
Hayotda doim bor qonun-qoida,
Joning poyondoz qil otang poyiga,
Farzandlarim odam bo‘lsin desang gar,
Otangning izzatin qo‘ygin joyiga.
* * *
Olahakkada bor chiroyli quyruq,
Tovus chiroyiga mutlaqo gap yo‘q.
Bezagi yo‘q, oddiy bo‘lsa ham menga,
Hammasidan afzal uydagi tovuq.
* * *
To‘g‘rilik insonga xos bir muddao,
Obro‘ying ko‘klarga ko‘tarar hatto.
Bir egri ko‘rmadim to‘g‘ri yo‘l olgan,
O‘q nishonga tegmas sal ketsa xato.
* * *
Ishingda, so‘zingda bo‘lmasa yolg‘on,
Turmushing ziynatli, xushhol, farovon.
Yolg‘on aralashsa tuganmas hech ish,
Bu holni atarlar oxiri zamon.
* * *
To‘g‘rilikni dilga e’tibon payvand,
Obro‘-e’tiborim oshgandi harchand.
Bugun barisidan mosuvo bo‘ldim,
Bir egri qadamim berib qo‘ydi pand.
* * *
Qo‘y, do‘stim, achinma, malham kerakmas,
Vafosi bo‘lmasa sanam kerakmas.
Dildagi dardimni yoza olmasa,
Ming marta sinsin-ey, qalam kerakmas.
* * *
Ba’zan xayol olib qochar yiroqqa,
Inson nafs deb yurar doim qiynoqda.
Agar aylanishin tushunsa edi,
Tuproqdan yaralib, yana tuproqqa.
* * *
Yursam yurdi, tursam turdi bu soyam,
Na nafasi qisdi, na horib-toldi.
Yorug‘ kunlarimda ajralmas do‘stim,
Tun tushgan zamono darhol yo‘qoldi.
* * *
G‘aflat uyqusida allani netay,
Bir chimdim aqli yo‘q kallani netay,
Zar bilan bezasang foydasi yo‘qdir,
Bu tovuq kallaga sallani netay.
* * *
Johillar yo‘limga doim g‘ov bo‘ldi,
Zehn-zakovatimga bir go‘rkov bo‘ldi.
Bu dunyodan o‘tdim. O‘sha nodonlar
Dono, deb uyimga serqatnov bo‘ldi.
* * *
Oy, desam yuzingni kamlik qiladi,
Nigohingyuz mingta shamlik qiladi.
Boqishlaringga tob berolmay ko‘zim,
Sevinchdan o‘zini namlik qiladi.
* * *
G‘ariblar bir burda non topsa shoddir,
Go‘yo butun olam cheksiz,oboddir.
Nafsi balolarga minglab bersang ham,
Oz ko‘rib, chekkani fig‘onu doddir.
* * *
Turli libos kiyib, men hurman deydi,
El ichra pokdomon, mashhurman deydi,
Har kecha o‘ralib ayshu ishratga,
Ishim shu, men shunga majburman, deydi.
* * *
Men nimjon tanaman, madad bo‘laqol,
Bu g‘amnok ko‘nglimga hamdard bo‘laqol,
Izmingdaman, qo‘lim ko‘ksimda doim,
Men oddiy bir banda, sen mard bo‘laqol!
* * *
Uzsang ham roziman, ra’no gulingman,
Hijron otashidan qolgan kulingman,
Sening bir amringga jonim sadaqa,
Buyruqqa muntazir oddiy qulingman.
* * *
Meni so‘raganga omon, deb qo‘ying,
Nayrang, aldov bilan javlon, deb qo‘ying,
O‘zim tanlab oldim bu yo‘lni axir,
Beayb shayton, o‘zi shayton, deb qo‘ying.
* * *
Bir fotiha bergin,ey, dono odam,
Hech kimdan hech qachon bo‘lmay sira kam.
- Fotiha nimasi, haq yo‘ldan yur sen,
Shunda faxr etar jumlai jahon!
* * *
Hayot deganlari asli bir katta bozor,
Achchiq ham, chuchuk ham istagancha bor.
Shodlik bir burchakda mung‘ayib turar,
G‘am sotilgan yerda gavjum xaridor.
* * *
Qo‘llari ko‘kka cho‘zgancha ona,
Xudoga yolvorib qiladi nola-
-Ne yomon ishlarni qildim buni deb,
Nechun berding menga betayin bola?!
* * *
Odamzod fe’liga tushunib bo‘lmas,
O‘zini sanaydi hech qachon o‘lmas.
Zaminni bersang ham baqrayib turib,
Osmonni so‘raydi,hech ko‘zi to‘ymas.
* * *
Otang moli besh kunlik, merosingga kerilma,
Bosar-tusaring bilmay, manmanlikka berilma.
Bu hayotda har ishning hisob-kitobi bordir,
Bir kun vaqti kelganda xas-xashakday terilma.
* * *
Razil, qora ishlaring jonimga tegar,
G‘iybatu bo‘htonlaring bo‘ldi, bas, yetar.
Nimani talashamiz bu keng jahonda,
Ikkimiz uchun ham parcha yer tegar.
* * *
Doni bor, suvi bor bir qafas ichra,
G‘amdanmi, quvonchdan sayraydi qushcha.
Men hayotqafasi ichra bandiman,
Ne qilay, sayrashga holim yo‘q qilcha.
* * *
Qilmishimiz ig‘vo, tuhmatu bo‘hton,
Shayton ham yoqasin ushlaydi hayron.
Hech qolipga to‘g‘ri kelmas ishimiz,
Insonmiz, ammo yo‘q insondan nishon.
* * *
Yalang‘och yurishing qilmay hech kanda,
Yirtig‘imga kulding, befahm banda.
O‘zing insof bilan ayt-chi, ey, g‘ofil,
El ichra menmi, sen, bo‘ldik sharmanda?
* * *
Dunyo jumboqlardan titraydi bedor,
Nojo‘ya qilig‘i, aldovi bisyor,
Bir inson jon olish qasdida yurar,
Birovi jonidan kechishga tayyor.
* * *
Ko‘rdik, ko‘rayapmiz, ko‘ramiz hamon,
Molu davlat deya berganlarni jon.
Toat-ibodatlar bir chetda g‘arib,
Zang bosgan temirday tashlandiq iymon.
* * *
Yelib-yugurib o‘tar umrim kun aro,
Keksalik botqog‘iga botib tobora.
Bir yetim boshini silamabman-ey,
Oxirat yaqin, biroq, yuzlarim qora.
* * *
Rizq deya qo‘l cho‘zdik, samoga bizlar,
Ish qilmay kuchandik duoga bizlar,
Hayvondan farqimiz ko‘p-ku, birodar,
Nima uchun keldik dunyoga bizlar!
* * *
Sendek ma’shuqani ko‘rmagan jahon,
Nogoh ko‘rganda ham aqli lol-hayron,
Buncha makr-hiylani qaydan olgansan,
Tavba, deb yoqasin ushlaydi shayton.
* * *
Ishlov berilmasa hechdir javohir,
Maromga yetmasa meva ham taxir,
Kim ilmu odobdan bebahra bo‘lsa,
Tirik o‘liklardan farqi yo‘q axir.
* * *
Birov lof uradi keng deya bag‘rim,
Birovi osmonga chiqarar narxin.
Xushomad maqtovgauchsam mabodo,
Bormikan ahmoqdan zarracha farqim.
* * *
May ichsam yondirar gulgun yuzimni,
Mardlarga o‘xshatib qo‘yar o‘zimni.
Evoh, bilmayman, may qachon bog‘ladi-
Ichgandami yoki keyin ko‘zimni?
* * *
Nola-fig‘on qilar har o‘tgan damdan,
Olgan nafasi-yu, bosgan qadamdan.
Qorilgan ekanmi bundaylar loyi-
Ko‘z yoshdan suvi-yu, tuprog‘i g‘amdan.
* * *
Mehnatkash odamdan kelmaydi ziyon,
O‘shalar tufayli turmush farovon.
Agar shu zaxmatkash bo‘lmasa edi,
Ag‘dar-to‘ntar bo‘lib ketardi zamon.
* * *
Qanot qoqib o‘ynar mitti kapalak,
Bir kunlik umriga xursand bir malak.
Yuz yil umr ko‘rgan inson dodini
Ba’zan sig‘dirolmay qoladi falak.
* * *
Qachon paydo bo‘lgan bilmayman olam,
Lekin shundan bun yo‘ldosh qayg‘u-g‘am.
Birni oz ko‘radi, ikkini ko‘proq,
Bir inson ko‘rmadim yurgan xotirjam.
* * *
Muhabbat o‘tida kuymasa dilim,
Oshiqlik qo‘shig‘in aytmasa tilim.
Bahridan kecharman bunday vujudning,
Yurak-bag‘rim bo‘lsin ming tilim-tilim!
* * *
Salanglab yurishni qo‘ygin,ey o‘rtoq,
Insonga xos emas yurmoqlik sayoq.
Fikringni bir joyga jamlab o‘ylagin,
Turmushda bo‘lmayin desang o‘yinchoq.
* * *
Turmush degani bu – yog‘dasan ba’zan,
Gohida adirda, bog‘dasan ba’zan.
Yolg‘on so‘zlaringga tahsin aytarlar,
Haq so‘zni aytolmay dog‘dasan ba’zan.
* * *
Yo‘liqib qolganda notanish ayol,
Turli ko‘chalarda kezadi xayol.
Begonadan kelar do‘zaxning hidi,
Jannat-ku uydagi ul jufti halol.
* * *
Ajratmay yaxshi-yu yomon hammani
Yaltiroq narsaning tortadi dami.
Qalampir, olmaning ranglari bir xil,
O‘xshash bo‘lsa hamki, hech birmas ta’mi.
* * *
Behuda vaqt sarflab, tavofni netay?
Foydasi tegmasa, savobni netay?
Donolar dedikim:-Sal insofga kel!-
Ko‘zlarim och bo‘lsa, insofni netay?
* * *
Mol-davlat aqlini olgan ey, ovsar,
Diyonat, ro‘shnodan bo‘libsan abgor.
Ajalning otiga mingandan keyin,
Boyligini olib ketgan qayda bor?
* * *
Dilbar, seni bir umr sevganim bo‘lsin,
Senga atab ming she’r bitganim bo‘lsin.
Agar u dunyoga ravona bo‘lsam,
Ismingni yod etib ketganim bo‘lsin!
* * *
Boy edi. Qo‘l cho‘zdi, yetdi Farangga,
Dunyo qalloblari unga berdi tan.
Vaqt yetib Azroil keldi, attang-a,
Nasibasi bo‘ldi bir quloch kafan.
* * *
Hayronman, yolg‘onchi dunyo ishidan,
Shamollar ba’zida teskari essa-
- O‘g‘lim sog‘ligingga zarar,-deb otam,
Nosvoy otib olib – chekmagin, desa.
* * *
Sog‘man, deb yurganlar qimtinar nechun?
Ocholmaydi sira dilin daftarin...
Sog‘larda ko‘rmadim birorta erkni,
Telbalarda ko‘rdim hurlikning barin!
* * *
Kuz. Xazon boshlandi
Sap-sariq yaproq-
Daraxtning tagiga ohista qo‘ndi.
Ba’zilar chetlarda yuribdi qandoq-
Yaproqcha bo‘lolmay?!
Yuragim to‘ngdi.
* * *
Qidirdim, topmadim bir dardsiz odam,
G‘am-alam domiga tushmagan inson.
Bir yoqda qayg‘ular yopishar mahkam,
Bir yoqda Azroil so‘rab turar jon.
* * *
Mening o‘tmishimni bilay desangiz,
Qalb daftarim ochib bo‘lmang ovvora.
G‘amning izi tushgan yuzimga qarang,
Yuz mingdan birini bilsangiz, zora.
* * *
Aytdi, to‘yga bordim, hech kim mensimas...
Bir rahbar ketida ko‘rdim o‘nini.
Shu paytda Afandi tushdi esimga,
Yangilab kelsammikan to‘nimni?
* * *
Bir banda jonini berdi Jabborga,
Tobutning qoshida boshimiz egik.
Ko‘pchilik yopishib, qo‘ymas ko‘mishga...
Xayolimdan o‘tdi:- Demak, u tirik!
* * *
-Tabiat, ishingga qoyil emasman,
Jonzodni qarama-qarshi qo‘yasan.
-Tana qilma, odam, o‘zlaring axir,
Bir-biring ko‘zingni cho‘qib o‘yarsan!
* * *
Do‘stlaring ko‘p bo‘lsa, bir jonu bir tan,
Har kuning bayramdir, har on tantana.
Do‘st deb yurganing gar chiqsa dushman,
Mag‘lubsan, mag‘lubsan, mag‘lubsan yana!
* * *
Va’dangda vafo yo‘q biror marta ham
Hech ishing tushganmi ahdga, subutga?!
Do‘st achitib aytar, dushman kuldirib,
Ranjima, o‘xshatsam yog‘mas bulutga.
* * *
Yolg‘onchining ishi bo‘lgaymi daroz,
So‘zida, ishida subut bo‘lmagay.
Bunday odamlarni tolga o‘xshatdim-
Na korga yaragay, na-da gullagay.
* * *
Yosh niholning soyasi yo‘q,
Soyaga mo‘l qari tollar.
Yosh yog‘duda ko‘rmaganni,
Qorong‘uda ko‘rar chollar!
* * *
Mendan salom, sendan alik...
Bo‘lsak doim xushkalom.
Shu oddiylik bo‘lmasa-chi,
Hayot qurir batamom.
* * *
Qachon jinoyatga bo‘libdi shafqat?
Bejo qiliqlaring keltirar nafrat.
O‘zingdan qidirgin barcha gunohni,
Aksingni ko‘rasan ko‘zguda faqat.
* * *
Yaxshilar bor – qalbing ichra otashdir,
Ko‘ngil uzugiga bebaho qoshdir.
Hayotda hamohang ko‘rar ko‘zingdir,
Nurini beminnat sochgan quyoshdir.